Innovatsion rivojlantirish vazirligi 3 yoshga to‘ldi

Joriy yil 3 dekabrda Innovatsion rivojlantirish vazirligida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni arafasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha qilingan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdim etildi.


Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar yarmarkasi tashkil etildi. Tashrif buyuruvchilar yurtdoshlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion mahsulotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular qatorida zararsizlantiruvchi qurilma, havo tozalagich, immunomodulyatorlar, titan implantlar va ilm-fanni ommalashtirish platformasi – QVANT mavjud edi. Tadbir ishtirokchilari o‘z loyihalarini qiziqish bildirgan mehmonlarga taqdim qildilar hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi o‘z yutuqlari bilan bo‘lashish imkoniga ega bo‘ldilar.


O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi – innovatsiyalar va ilmiy-texnik rivojlanish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi.  Vazirlik tarkibiga 5 ta markaz, 1 ta nashriyot, Innovatsion rivojlantirish va novatorlik g‘oyalari fondi, chet ellik konsultantlar guruhi, Ilmiy-texnik kengash, Yoshlar akademiyasi kiradi.


Mamlakatda innovatsion ekotizimni shakllantirish va rivojlantirishning qonunchilik va normativ bazasi takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasining «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi hamda «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi Qonunlari, 2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi va 2030 yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. 


2018–2020 yillarda tarmoq vazirliklari va korxonalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va OTMlar, tadqiqot markazlari takliflari va ehtiyojlari asosida 147 ta loyihaga 117,2 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Ilmiy tashkilotlar o‘rtasida raqobat muhiti yaratildi, loyihalar doirasida mablag‘larning 40 foizi ilmiy tashkilotlar uchun zamonaviy laboratoriya jihozlari, reagentlar va materiallar sotib olishga yo‘naltiriladi.


Xorijiy mamlakatlar bilan ilm-fan va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihaviy dasturlarni amalga oshirish kengaydi. Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belorus bilan birgalikda umumiy qiymati 17,4 mlrd so‘mlik 44 ta qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Xitoy, Hindiston, Turkmaniston, Eron, Belorus, Rossiya va yeITQA (yevroosiyo hamjamiyati) bilan hamkorlik doirasida 2021–2022 yillarda 95 ta xalqaro tadqiqot loyihalarini jami 79,6 mlrd. so‘mga moliyalash rejalashtirilgan.


Innovatsion rivojlantirish va novatorlik g‘oyalari fondi tomonidan 2018–2020 yillarda ilmiy-tadqiqot va oliy o‘quv muassasalari ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini 95 turdagi zamonaviy jihozlar bilan jihozlash uchun 52,3 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.


Mamlakatda birinchi marta startap-loyihalar tanlovini e'lon qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi, birinchi bosqichda qo‘llab-quvvatlashga va bozorga chiqishga asoslangan moliyalash tizimi joriy etildi. Bugunga qadar jami 33 mlrd so‘mlik 35 ta startap-loyiha moliyalandi.


2018–2020 yillar yakunlariga ko‘ra tijoratlashadigan innovatsion ishlanmalar umumiy soni 132 taga yetdi, ulardan 49 ta innovatsion ishlanma tijoratlashdi, 92 ta ishlanma bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda jami 73,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va umumiy qiymati 59,4 mlrd so‘mlik mahsulot sotilgan.


Vazirlik qoshidagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidentlari tomonidan jami qiymati 33,6 mln AQSh dollariga teng investitsion loyihalar doirasida 337 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan, 147,6 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, eksport hajmi 1,1 mln AQSh dollarini tashkil qildi.


Mintaqalarda innovatsion ekotizimni shakllantirishga ko‘maklashish maqsadlarida yangi innovatsion infratuzilma ob'ektlari yaratildi. Jumladan, Farg‘onada Yoshlar innovatsion markazi, Urganch davlat universiteti qoshida Xorazm innovatsion texnoparki, Sirdaryo viloyatida Business Accelerator o‘quv-amaliy markazi, Andijon tajriba-ko‘rgazma markazi, Mo‘ynoqda teletibbiyot klinikasi ochildi.


Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirus infeksiyasiga test olish amaliyoti muvaffaqiyatli o‘zlashtirildi. Ushbu maqsadlarda Markaz qoshida SARS-Cov-2 virusini aniqlash maxsus laboratoriyasi tashkil etildi.


Iqtidorli yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish maqsadida vazirlik qoshida Yoshlar akademiyasi va Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etildi, bugunga kelib Akademiya a'zolari soni 1800 kishiga yetdi. Fond tomonidan 3,8 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ shakllantirildi, 83 ta yoshlar loyihasi amalga oshirilmoqda. 2020–2023 yillarda mamlakatning 13 ta mintaqasida bosqichma-bosqich “Yoshlar texnoparklari” tashkil etish rejalashtirilgan.

АвторQVANT tahririyati

Комментарии

Hamkorlar