Tibbiy kadrlar tayyorlash ta'limga yangicha yondashuv

Bugungi kunda, umuman didaktikada kuzatilganidek, ta'lim uslubiyoti ham murakkab vaziyatni boshidan kechirmoqda. Oliy tibbiy ta'lim maqsadlari o‘zgardi, yangi o‘quv rejalari, alohida olingan fanlar emas, balki integratsiyalangan ta'lim sohalari orqali mazmunni aks ettirishga yangicha yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. Amaliy yondashuvga asoslangan ta'limning yangi konsepsiyalari yaratilmoqda. Ma'lumki, bilimlar sifati o‘quvchi ular orqali nimalar qila olishi bilan belgilanadi.

 

Afsuslar bo‘lsinki, talabalarni passiv-axborotli o‘qitish shakllari o‘quv fanlari nazariy materiallarini o‘zlashtirish va talabalarda ijodiy klinik tafakkur va tadqiqotchilik mahoratining yetarlicha shakllanishi darajasi o‘rtasidagi tafovutni yengib o‘ta olmasligini vaqtning o‘zi ko‘rsatdi. Bugun biz ta'lim amaliyotida keng tarqalgan izohli-illyustrativ va reproduktiv uslublarning o‘zigagina tayana olmaymiz. Ta'limni yangilash ta'limni tashkil qilishning noan'anaviy, jumladan, integratsion uslublari va shakllaridan foydalanishni talab qiladi. Integratsiya nafaqat fanlar bo‘yicha o‘zaro aloqa nuqtai nazaridan, balki integratsiyalangan ta'lim texnologiyalari, uslublari va shakllari sifatida ham ko‘rib chiqilishi lozim. Integratsiyalangan ta'limga murojaat qilishni qator ob'ektiv sabablar taqozo qiladi: o‘qitilayotganlarda fanlarga qiziqishning sezilarli susayganligi; amaldagi dasturlarning yetarlicha o‘ylanmaganligi va ishlab chiqilmaganligi; talabalarda bilimlar shakllanishi, ularda umumlashgan malaka va ko‘nikmalar yuzaga kelishi bosqichlarining o‘zaro muvofiq emasligi, tarqoqligi.

Amaliyot ko‘rsatishicha, qator holatlarda bitta tushuncha yoki atamaning o‘zi, alohida olingan fanlarda turlicha ta'riflanadi, bu esa, o‘z navbatida, o‘qitish jarayonini qiyinlashtiradi. Ishchi dasturlarning yetarlicha muvofiqlashtirilmaganligi turli fanlarda bitta mavzu turli vaqtlarda o‘tilishiga olib keladi. Bu ziddiyatlarning barchasini integratsiyalangan o‘qitishda oson bartaraf etish mumkin. Integratsiyalangan o‘qitish tamoyillari asosiy maqsad klinik tafakkurni rivojlantirishga qaratilgandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 maydagi “Tibbiyot va farmatsevtika ta'limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida tibbiyot va farmatsevtika ta'limi va ilm-fanini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilangandi. Ushbu qarorga muvofiq, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, tibbiy va farmatsevtik kadrlarni o‘qitish va tayyorlash hamda uzluksiz kasbiy ta'lim jarayonlari kredit-modul tizimida o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda keyingi yillar davomida ta'lim tizimi bosqichma-bosqich ta'limning kredit-modul tizimiga o‘tmoqda va hozirdayoq ijobiy natijalar ko‘rsatmoqda. Respublikadagi chet el OTMlari filiallari va xalqaro standartlarni joriy etgan holda ta'lim jarayonini amalga oshirayotgan mahalliy OTMlar misol bo‘la oladi.

Modulli ta'lim – bu o‘quv axboroti modullar (tugallangan va mustaqil birliklar, axborot qismlari)ga taqsimlanib taqdim etiladigan ta'lim jarayonini tashkil qilishdir.

Modul – o‘quv materialining mantiqiy tugallangan birligini, harakatlar maqsadli dasturini va oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishishni ta'minlovchi uslubiy boshqaruvni o‘z ichiga oluvchi axborot blokidir. Modul tushunchasi “biror-bir muayyan ishni bajarish uchun ayrim nazariy va amaliy ko‘nikmalarni birlamchi o‘zlashtirishni ta'minlash imkonini beruvchi o‘quv materiali hajmi”ni qamrab oladi.

Modulli o‘qitishning mohiyati o‘qitishning mazmuni muxtor tashkiliy-uslubiy bloklar – didaktik maqsadlar, o‘qiyotganlarning profil va darajali differensiatsiyasiga, istagiga, o‘quv kursi bo‘yicha individual harakatlar traektoriyasini tanlash bo‘yicha o‘quvchilarga qarab farqlanishi mumkin bo‘lgan mazmun va hajmga ega modullar asosida tarkib topishidan iborat.

Modulli ta'lim dasturi – bu malaka berilishi uchun zarur bo‘lgan muayyan salohiyatlarni o‘zlashtirishga qaratilgan modullar jamlanmasidir. Salohiyat – bu talaba tomonidan o‘qish jarayonida, muayyan sohadagi muvaffaqiyatli faoliyat uchun o‘zlashtirilgan bilimlar, ko‘nikmalar va kasbiy tayyorgarlik (salohiyatlar)ning yalpi darajasidir.

Kredit-modulli tizim – bu talabaning mazmunli modullarni o‘zlashtirish uchun zarur o‘quv yuklamasini o‘lchash birliklari o‘laroq, o‘qitishning modulli texnologiyalari va ESTS sinov kreditlari uyg‘unligiga asoslanuvchi o‘quv jarayonini tashkil etish modelidir. O‘quv jarayonini tashkil etishning kredit-modulli tizimi quyidagilarni ko‘zda tutadi: ta'lim dasturining modulli tuzilmasi; mehnat sig‘imini baholash uchun sinov birliklari (kreditlar)dan foydalanish; bilimlarni baholashning balli-reytingli tizimlaridan foydalanish; talabaning individual o‘quv rejasini shakllantirishda ishtiroki; ta'lim jarayonida mustaqil o‘qish ulushini oshirish; ta'lim dasturlarining moslashuvchanligini oshirish.

Kredit-modulli tizimni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad ham mazmunan, ham o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha moslashuvchan, “hozirda mavjud ehtiyojlar qondirilishini kafolatlovchi va yangi manfaatlar vektorini belgilovchi” ta'limiy tuzilmalarni yaratishdan iborat.

Ta'limning kredit-modulli tizimida asosiy vazifa shunchaki kerakli bilimlarni berish emas, balki talabani uzluksiz kasbiy ta'lim va mustaqil o‘qish tizimiga qo‘shish imkonini beruvchi yangi o‘qitish shakllari va uslublarini saralab olishdan iborat. Ta'lim dasturini o‘zlashtirishdan maqsad talaba tomonidan muayyan salohiyatlarning kasb qilinishi, modul, ta'lim dasturining mustaqil birligi sifatida, ularni shakllantirish vositasi deb, har bir modulni o‘zlashtirish uchun hisoblanadigan sinov birliklari (kreditlar) esa, o‘qitishning mehnat sig‘imini hisobga olish tizimi deb hisoblanadi.

 

O‘qitishning modulli tizimi afzalliklariga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • kursning aniq tuzilmasi va uning tartibga solinganligi;

  • tinglovchini o‘qitishga individual yondashuv;

  • mahsuldor tafakkur rivojlanishi; ma'rifiy faoliyat faollashuvi;

  • axborot taqdim etishning moslashuvchanligi;

  • o‘qishni talaba tomonidan mustaqil nazorat qilinishi imkoniyati;
  • talaba faoliyatini baholashning jamg‘arib borish tamoyili;

  • nafaqat o‘zini o‘zi nazorat, balki o‘zini o‘zi baholash imkoniyati ham mavjudligi;

  • mustaqillikning shakllanishi;

  • o‘quv faoliyatida sub'ektiv pozitsiyaning shakllanishi;

  • malaka talablariga mazmunning moslashuvi imkoniyati;

  • o‘rganilayotgan fanlar mazmunini o‘zlashtirishning moslashuvchan grafigi;

  • o‘zini o‘zi baholashda jamg‘arib borish tamoyili.


Asosan bilimlarni yetkazishga asoslangan ta'limga an'anaviy yondashuvdan farqli o‘laroq, modulli yondashuv mustaqil faoliyat yo‘li bilan muayyan kasbiy salohiyatga erishishga qaratilgandir.

O‘qitishning kreditli-modulli tizimida OTM talabalarida o‘qituvchi va boshqa talabalardan doimo yordam va maslahat, kerak bo‘lsa o‘z faoliyatiga baho olish imkoni bo‘ladi. Bu talabalarda jamoaviylik kabi sifatni rivojlantirish imkonini beradi va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini kasb etishga xizmat qiladi.

O‘qitishning modulli tizimi (O‘MT) modullarni o‘rganishdan iborat. Modul – O‘MTning asosiy tashkiliy-mazmuniy birligi bo‘lib, nisbatan mustaqil ahamiyatga ega va, qoidaga ko‘ra, mazmunan bir-biriga yaqin mavzular yoki kurs bo‘limlarini o‘zi ichiga oluvchi o‘quv materialini qamrab oladi. Modul birligi – bu modul mazmunidagi yaxlit va mustaqil qism. O‘quv elementi – bu o‘quv materialining kasbiy yoki boshqa vazifanining biror-bir jihatini aks ettiruvchi qismidir. U o‘quv axborotining asosiy tashuvchisi hisoblanadi.

O‘rganilayotgan fan ishchi o‘quv dasturining tuzilmaviy birligi sifatida, modulning maqsadi talabalar tomonidan bilimlar, mahorat va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, shuningdek talabalarning vrach sifatida kelgusi faoliyati uchun zarur kasbiy-shaxsiy xislatlarning shakllanishi uchun sharoitlarni yaratishdan iborat. Modulli o‘qitishning mohiyati o‘qitiluvchi o‘ziga taklif etilgan, harakatlarning maqsadli rejasini, axborotlar banki va oldinga qo‘yilgan didaktik maqsadlarga erishish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmani o‘z ichiga olgan individual o‘quv dasturi bilan mustaqil ishlay olishida aks etadi.

O‘qitishning kredit-modulli tizimi hal qilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifa – bu axborot-xabar beruvchi o‘qitishdan modellovchi va bo‘lg‘usi kasbiy faoliyatni shakllantiruvchi o‘qitishga o‘tish, shuningdek o‘zgaruvchan shart-sharoitlarga tez moslasha oladigan, tibbiyot rivojining muammolari va yo‘nalishlarini ko‘ra biladigan, optimal yechimlarni ishlab chiqib, professional qo‘llay oladigan vrachni tayyorlash imkonini beruvchi faol shakllarga o‘tishdir.

O‘qitishning kredit-modulli tizimi ta'lim dasturlarini tibbiy ilm-fan talablariga muvofiq ravishda tezkor va adekvat to‘g‘rilash imkoniyatini, avvaldan mavjud dasturlar bazasida yangi dasturlarni yaratish va ularni talabalarning mavjud tayyorgarligi darajasiga moslashtirish imkoniyatini ta'minlaydi. Bu tizim nafaqat talabalar faolligi (ularning bilimlar olishga rag‘batini oshirish orqali), balki, o‘z pedagogik mahoratini takomillashtirishga undash orqali, o‘qituvchilarning faolligini ham oshirishga xizmat qiladi. O‘qitishning kredit-modulli tizimiga bilimlarni o‘zlashtirishda yanada samarali natijaga erishishga, bo‘lajak vrachlarda kasbiy va shaxsiy xislatlar shakllanishiga yo‘naltirilgan va oliy tibbiy o‘quv yurtlaridagi ta'lim jarayonini takomillashtirish istiqboli sifatida qarash lozim.

Kredit-modulli tizimning joriy etilishi O‘zbekistonda oliy tibbiy ta'limning muhim vazifalarini hal etishga ko‘mak beradi:

  • o‘qitish jarayonida talabalarning mobilligini va milliy hamda xalqaro mehnat bozoridagi talablarning tez o‘zgarishiga qarab mutaxassislar tayyorlashning moslashuvchanligini ta'minlash maqsadida, ECTS (yevropa kredit-transfer va akkumulyasiya tizimi)ning g‘oyalarini O‘zbekiston oliy ta'lim tizimiga moslashtirish;talabalarni buyurtmachilar talablari va talabalarning istaklari bo‘yicha shakllantirilgan individual dastur bo‘yicha ta'lim olish imkoniyati bilan ta'minlash, bu ularning mustaqil rivojlanishi va erkin demokratik davlatda yashishga tayyorgarlik ko‘rishiga yordam beradi;

  • oliy ma'lumot olishning yuksak sifatiga erishish maqsadida ta'lim jarayoni ishtirokchilarini rag‘batlantirish;

  • talabaning mehnat bozoriga muvofiq keluvchi kasbiy malaka olishi tartibini standartlashtirish.

Kredit-modulli o‘qitish tizimida talaba, ish rejasi va axborot bankiga, shuningdek o‘qitishning oldinga qo‘yilgan maqsadlariga erishish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarga ega bo‘lgan holda, o‘quv dasturining muayyan bo‘limlarini mustaqil egallashi mumkin. Shu tariqa, o‘qitishning kredit-modulli tizimiga o‘tishda, oliy tibbiy ta'lim muassasasida o‘quv jarayonida mustaqil ishlashning ahamiyati o‘sishi kuzatiladi, bu esa, o‘z navbatida, bo‘lajak vrachlarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorlik va faollligi o‘sishini talab qiladi.

АвторTo'ychiev L.N., tibbiyot fanlari doktori, professor Boymuradov Sh.A., tibbiyot fanlari doktori, professor Holmatova B.T., tibbiyot fanlari doktori, professor

Комментарии

Hamkorlar