Pissuardan banangacha

yoki rassom ijodini besh yoshli bola qoralamalaridan qanday ajratish mumkin

Nega kimlardir kunni tunga ulab ishlaydi, boshqalar esa, matoga ikki bor bo‘yoq surtib, boyib ketadilar?

Bolangiz ham bir o‘tirishdan undan chiroyliroq chizishi mumkin bo‘lganda, asarning yuksak san'at ekanligini qanday bilsa bo‘ladi?


Bu savollarga javob olish uchun oldin zamonaviy san'at nima va uni qanday tushunish kerakligini aniqlab olish lozim.

«Zamonaviy san'at» (inglizcha contemporary art; 19990- yillarda “dolzarb san'at” deb tarjima qilinardi) bizning zamonamizda yaratiladigan san'atni anglatibgina qolmaydi. Aniqroq aytilsa, hozirgi zamonaviy san'at zamonaviylikning o‘z mohiyatini taqdim etish uslubini namoyish qiladi – u voqyelikning namoyishidir.  

San'atga nisbatan contemporary / “zamonaviy” iborasini birinchi bor Rozalinda Krauss (ehtimol, hozirda hayot bo‘lgan zamonaviy san'at tahlilchilarining eng obro‘lisi, Klement Grinbergning shogirdi) o‘zining Devid Smit faoliyati haqidagi dissertatsiyasida qo‘llagan, bu orqali san'at tarixiga oid bir qancha da'volarga qarshi chiqqandi.

San'at qachondan bunday tushunarsiz bo‘lib qoldi?

Dastlab bu klassik an'ana, klassik etalonlardan chetlanish bo‘lib, XIX asrning 60- yillarida, impressionizmdan boshlangandi. Fotosuratlar rivojlangani sari, rassomlar akademik uslubdan tobora chetlana bordilar va voqyelikni aks ettirishning yangi usullarini izladilar.

Zamonaviy san'at, biz uni taniydigan hozirgi holatida, taxminan XX asr ikkinchi yarmida shakllandi.

Birinchi jahon urushi jumladan tasviriy san'atda ro‘y bergan o‘zgarishlar nuqtasi va evrilishlar charxpalagi bo‘ldi. Bunchalik qisqa muddatda shunchalik ko‘plab yangi badiiy konseptlar yuzaga keladigan holatlar anchayin noyob sanaladi. Rassomlarning urushga munosabati ikki xil bo‘ldi. Ko‘pchilik dastlab urushni ma'qulladi, boshqalar keyinroq o‘z fikrlarini o‘zgartirib, urushdan nafratlana boshladilar. Nima bo‘lganda ham, urush barchaga bevosita ta'sir ko‘rsatdi. 

O‘sha davr zamonaviy konseptual san'atning yorqin vakillaridan biri Marsel Dyushan (1887–1968yy.) bo‘ldi, u jahon san'atiga ready-made janrini, ya'ni “ko‘rgazmalarda ommaviy ishlab chiqarishning o‘zgarish kiritilmagan ob'ektlarini taqdim etish” imkoniyatini hadya etdi.

Marsel Dyushanning yuz yildan ko‘proq vaqt oldin dunyoga kelgan «Favvora» asari san'at olamidagi o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi.

Bu chinni pissuar bo‘lib, uni Dyushan hazillashib to‘ntarib qo‘ygan, sirli taxallus bilan imzolagan va «Favvora» deb atagandi.

Bamisoli grossmeyster shaxmat donasini asta surib dohiyona yurish qilgandek, Dyushan o‘zining «Favvora»si bilan san'atni tushunishni shoh va mot qildi. Uning yuzaga kelishi bir o‘yinning nihoyasi va boshqasining ibtidosini anglatdi.

Lekin eng taniqli rassom  rus avangard-rassomi Kazimir Malevich (1879–1935 yy.) sanaladi.

1910–1914 yillarda Malevichning neoprimitiv ijodining e'tirof sahifalari boshlandi. U Moskvada o‘tgan ko‘plab ko‘rgazmalarda (masalan, «G‘ishtin sallot»da) qatnashdi, Myunxen galereyasida taqdim etildi. Aynan o‘sha paytda u M. Matyushin, V. Xlebnikov, A. Morgunov va boshqa avangard-rassomlar bilan tanishdi.

1915 yilda u eng mashhur asar – «Qora kvadrat»ni chizdi.

Zamonaviy san'atning eng boy va mashhur rassomlari

Demen Xyorst – ingliz rassomi, tadbirkor, san'at asarlari kolleksioneri, shuningdek, 1990- yillardan buyon san'at sahnasida yetakchilik qilayotgan Young British Artists guruhining eng taniqli vakili.

Xyorstning formaldegiddagi akulasi biologiya darsida ko‘rsatiladigan formaldegiddagi jonzotdan nimasi bilan farq qiladi? Nega birinchisi – san'at, ikkinchisi – yo‘q?

«Chunki birinchisi galereyadan joy olgan, ikkinchisi – yo‘q» (s) Xyorst

Zamonaviy san'atni tanqid qilayotganlar har qanday san'at qachonlardir zamonaviy bo‘lganligini unutib qo‘yadilar.

Demen Xyorst

 

Demen Xyorst, «Lullaby Spring», 19,2 million dollar

Jeff Kuns – amerikalik rassom. O‘zining kitch, ayniqsa haykaltaroshlikka mayli bilan mashhur. Uning asarlari zamonaviy rassomlarning eng qimmat asarlari sirasiga kiradi.

Jeff Kuns, «Rabbit», 91,1 million dollar

Mauritsio Kattelan – zamonaviy italyan rassomi, Nyu-Yorkda yashaydi, asosan installyasiya janrida ijod qiladi.

Mauritsio Kattelan, «Him», 17,2 million dollar

Mauritsio Kattelan. Komediant. 2019.

Nega bunchalik qimmat?

Zamonaviy san'at bozoridagi vaziyat o‘ta murakkab. Tan olish kerakki, qadimiy fond – oldingi yuz yilliklar rassomlarining ijod namunalari anchayin ishonchli investitsiya ob'ekti sanaladi. Va ko‘pincha, suratning o‘zi katta qiymatga ega bo‘lmasa ham, qiziq bir tarix uning narxini osmonga ko‘tarib yuborishi mumkin. Dolzarb san'at murakkabroq. XXII asrda bizning zmondoshlarimizdan kimni dohiy deb biladilaru, kimni iste'dodsiz mahmadona deb hisoblaydilar, kimni esa umuman unutib yuboradilar – biz bilmaymiz. Shu sababli, iqtisodiy inqiroz paytida kolleksionerlar avvalgi mo‘yqalam ustalarining asarlarini sotib oladilar, bozor qiziy boshlaganda esa, zamonaviy asarlarga pul tikishdan cho‘chimaydilar.

Demak, hammasini kolleksionerlar hal qilarkan-da?

Ha. Hafsalangizni pir qilish niyatim yo‘q, lekin, biz dongdor ko‘rgazmalarga kirishga navbatda turishimizga o‘sha yerdagi asarlarni oldinroq kimlardir baholaganligi sabab bo‘ladi. U asarlar salohiyati pulda o‘lchanganligi bizga turtki bo‘ladi. Bugungi kunda san'at tanqidchisining so‘zlari deyarli hech narsani anglatmaydi. Bilgich haq emas, xaridor haq.

Zamonaviy san'at modaga o‘xshaydi. Bugun bir narsa modadami – shu trend uchun (ish bajarilishi texnikasi uchun) katta pul to‘laydilar, ertaga butunlay boshqasi modaga kiradi. Asar narxi tanqidchilar bahosi, rassomning obro‘li ko‘rgazmalarda qatnashishi, asar yoshi, o‘lchami va ko‘plab boshqa omillarga bog‘liq bo‘ladi. Shu kunlarda mashhur biror rassomning qandaydir olabo‘jisi uchun xaridor yaxshigina pul to‘laydi. Bu o‘ziga xos kelajakka pul tikishdir: vaqti kelib, bu surat yana modaga kirganda, omad kelib, uni yanada qimmatroqqa sotish mumkin bo‘ladi, Malevichning «Qora kvadrat»i bunga yaqqol misol.

АвторQVANT tahririyati tahlil guruhi

Комментарии

Hamkorlar