Inklyuziya – innovatsion rivojlanish garovi

Mehnat bozoridagi inklyuziya va innovatsiyalar qanday bogʻliqlikka ega? Nega axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi inklyuzivlik nafaqat nogironligi bor odamlar uchun, balki butun jamiyat va biznes uchun ham amaliy ahamiyat kasb etadi?

 

Ushbu savollarga javob berish uchun Google, Microsoft, Amazon, Apple va Facebook kabi texnologik gigantlar tajribasini oʻrganish kifoy. Ularning barchasini turli nogironlik shakllariga ega odamlarni ishga olish va har bir inson, qanday oʻziga xoslikka ega boʻlishidan qatʼi nazar, kompaniyaning umumiy ishiga muhim hissa qoʻsha olishiga ishonish birlashtirib turadi. Bunday yirik korporatsiyalarning asosiy tamoyillaridan biri turfaxillik va inklyuzivlik (inglizcha: diversity and inclusion) yoki oʻzgachalikni hurmat qilish, individual xususiyatlarni hisobga olish va har bir xodim uchun teng imkoniyatlar taqdim etish sanaladi.

 

Masalan, Googlening karyerani rivojlantirish portalida nogironligi bor odamlarni ishga qabul qilish dasturlari haqida maxsus sahifa bor.[1]  Kompaniya eʼtirof etishicha, butun dunyodagi milliardlab foydalanuvchilarga IT-echimlar ishlab chiqish va tatbiq etishni davom ettirish uchun bu mahsulotlarni ishlatadigan odamlarning vakillari boʻlgan kadrlar kerak boʻladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining 15 foizi yoki 1 milliard inson u yoki bu turdagi nogironlikka ega va ularning 80 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi.[2]  Bu dunyodagi eng yirik “ozchilik hamjamiyati” sanaladi va uning ehtiyojlarini eʼtiborga olmay boʻlmaydi. Ular, ham IT-xizmatlar va mahsulotlarning ulkan bozori foydalanuvchilari, ham ishtirokchilari sanaladi.

 

Ozchilik uchun mos – barcha uchun qulay

 

Googlening insoniy turfa xillik va tajribani ishlab chiqarishga jalb qilish borasidagi yondashuvi nogironligi bor insonlar xalqaro harakatining shioriga toʻliq mos keladi: “Biz uchun bizsiz hech narsa” (Nothing about us without us). Boshqacha qilib aytganda, nogironligi bor foydalanuvchilar uchun mahsulot va xizmatlar doimo bevosita ularning ishtirokida ishlab chiqilishi kerak. Darhaqiqat, nogironlarning alohida ehtiyojlari haqida ularning oʻzlaridan koʻra kim yaxshiroq biladi? Dastlab hammaboplikni taʼminlash va nogironligi bor foydalanuvchilar uchun ishlab chiqilgan texnologiyalar keyinchalik ommaviy joriy qilingani va nogiron boʻlmagan odamlar orasida ham keng muomalaga kiritilganiga koʻplab misollar bor

Buning yaqqol misollaridan biri matnni nutqqa aylantirib berish tizimi (text-to-speech, TTS) yoki nutq sintezi sanaladi, u dastlab koʻrish qobiliyati buzilgan odamlar uchun ishlab chiqilgandi. Hozirda bu assistiv texnologiya inson hayotining koʻplab sohalarida keng qoʻllanilmoqda. Koll-markazlarda nutq sinteziga murojaat qilinadi – jonli operator oʻrniga oldindan rejalashtirilgan savollar va javoblarga ega nutq sintezatori tizimi oʻrnatiladi.

Speechify[3]  mobil ilovasi disleksiya, diqqatni jamlash tanqisligi sindromi (DJTS), koʻrishning buzilishi va boshqa xususiyatlarga ega odamlarga mavjud matn asosida kompyuter tomonidan generatsiyalangan nutqni tinglash imkonini beradi.

Bunda Speechify faqat oʻqishga qiynaladigan foydalanuvchilargagina yordam berish bilan kifoyalanmaydi. U yoʻl-yoʻlakay kitob tinglab ketishi mumkin boʻlgan oddiy odamlar uchun ham qulay. Speechify sunʼiy intellekt (AI) bazasida matnlarni tinglash boʻyicha yordamchi boʻlishi, hatto matnli kitoblarni osonlik bilan audiokitobga aylantira olishi mumkin. Aqlli texnologiyalarni rivojlantirishga dasturchilarning avval-boshda koʻzi ojiz insonlar hayotini yengillatishga intilishlari boʻldi. Hozir esa, undan butun dunyoda foydalanmoqdalar.

 

Yana bir misolni nutq sintezining ziddi boʻlgan funksiya – real vaqt rejimida nutqni avtomatik tanish texnologiyasida koʻrish mumkin. Live Transcribe[4]  (jonli transkripsiya) mobil ilovasi Android kompaniyasi va Vashingtonlagi Gallodet universiteti – barcha oʻquv dasturlari eshitish qobiliyati buzilgan oʻquvchilarga moslashtirilgan, dunyodagi birinchi va yagona kar va eshitish qobiliyati past insonlar uchun moʻljallangan OTM tadqiqotchilari hamkorligida atayin eshitish qobiliyati buzilgan foydalanuvchilar uchun ishlab chiqildi. Endi karlar, eshitish qobiliyati past va yaxshi eshitadigan odamlar ham, smartfonning oʻzi yordamida dunyoning 70 dan ortiq tillari, jumladan oʻzbek tilida ham oson gaplasha oladilar.

 

Live Transcribe ilovasi Google nutqni tanish texnologiyasiga asoslangan, u nafaqat eshitishi buzilgan odamlar kommunikatsiyasining assistiv texnologiyasi sifatida, balki akademik sohada ham, jurnalistikada ham – audio- yoki videointervyuni tez matnga tushirish, televizion koʻrsatuvchilarni yugurik satrlar bilan taʼminlash uchun, shuningdek YouTubeda avtomatik ravishda subtitrlar qoʻshish hamda nutqni real vaqt rejimida turli tillarga tarjima qilish uchun qoʻllaniladi. Aynan nutqni sintez qilish va tanish kombinatsiyasi, shuningdek sunʼiy intellekt uygʻunligi Siri, Google Assistant, Amazon Alexa yoki Yandeks kompaniyasidan Alisa[5]  kabi virtual raqamli yordamchilar  (intelligent virtual assistant (IVA) or intelligent personal assistant (IPA))ning asosini tashkil qiladi.

 

Xayriya obyektlari emas, innovatsiya subyektlari

Qizigʻi shundaki, yuqorida tavsiflangan barcha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish jarayoniga insoniy turfa xillikni jalb qilmay turib, biz uchun odatiy boʻlib qolgan mobil telefonlardagi koʻplab dasturlar va ilovalardan foydalanib boʻlmasdi. Agar Google Gallodet universitetidagi kar tadqiqotchilarni jalb qilmaganda edi, nutqni tanish funksiyasi karlar hamjamiyatining hayotini yengillatmagan boʻlardi va hayotimizning turli sohalarida kundalik ishlatishda foyda keltirmasdi. Boshqacha qilib aytganda, inklyuziya – bu innovatsion rivojlanish garovi. Turli koʻrinishdagi nogironlikka ega insonlarni jamiyatimizga qoʻshmay, biz ularning iqtidorini, koʻnikmalarini va kreativ tafakkurini – har qanday innovatsion korxona va startaplar uchun havodek zarur neʼmatni boy beramiz.

Afsuski, mamlakatimizda nogironligi bor insonlarga munosabatlar mutlaqo xayriya yoki tibbiy yondashuvlarga asoslanadi. Koʻp hollarda nogironlikka imkoni boricha davolash kerak boʻlgan patologiya sifatida qaraladi, IT-sanoat gigantlari esa bunda inson salohiyatining turfa xilligini koʻradilar va ushbu resursdan innovatsion rivojlanish maqsadlarida foydalanish imkoniyatini qoʻldan chiqarmaydilar. BMT vaziyatlar tahlili maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bor insonlarning faqat 5 foizi ish bilan taʼminlangan[6]   va ularning ishga joylashish imkoniyatlari nogiron boʻlmagan odamlarnikiga qaraganda toʻrt barobar kamdir.

Nogironligi bor odamlarda bandlik koʻrsatkichining bunchalik past ekanligi mahalliy mehnat bozoridagi koʻplab salbiy stereotiplar, toʻsiqlar va ochiq-oydin kamsitish bilan bogʻliq. Qonunda[7]  yozib qoʻyilgan ishga olish boʻyicha 3 foizlik kvota qogʻozda qolib ketgan, inklyuziv ishga olishdagi kafolatlangan imtiyozlar, preferensiyalar va afzalliklar haqida esa koʻplab ish beruvchilar bexabar. Bundan tashqari, koʻpchilikda, hatto oʻziga xos rivojlanishga ega odamlarning oʻzlarida ham, nogironlik toʻgʻridan-toʻgʻri mehnatga layoqatning yoʻqotilishi olib boradi, degan notoʻgʻri tasavvur oʻrnashib qolgan. Natijada nogironligi bor odamlar koʻpincha oʻz insoniy salohiyatlarini roʻyobga chiqarmay, davlatning nomutanosib ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashi sharoitida vaqtinchalik xayriya yordami oluvchi passiv fuqarolarga aylanadilar.

 

Oʻziga xos xususiyatlaridan qatʼi nazar barchaga teng imkoniyatlarni taqdim etmay, biz koʻp narsani boy beramiz. Autizm va disleksiyasi boʻlgan Eynshteynni yoki yonlama amiotrofik skleroz va uning oqibati oʻlaroq, falaj boʻlgan Stiven Xoking, amerikalik koʻr-kar yozuvchi, voiz va siyosiy faol Xelen Kellerni va insoniyat tarixidagi boshqa koʻplab dongdor olimlarni eslaylik. Aynan turfa xillik va inklyuzivlik tamoyillari ular ijod qilishlari va aql bovar qilmas gʻoyalarini hayotga tatbiq eta olishlari uchun sifatli taʼlim olish va kasbiy koʻnikmalarni egallashlari yoʻlida teng sharoitlar va imkoniyatlar yaratish imkonini berdi.

Soʻzim yakunida, imkoniyatdan foydalanib, QVANT oʻquvchilariga – tadbirkorlar, ilmiy va hukumat muassasalari rahbarlari va xodimlariga murojaat qilib, “Maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bor insonlarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bila taʼminlash” loyihasi[8] ning hamkori boʻlishlarini soʻrayman. Loyiha BMTning ijtimoiy himoyaga oid qoʻshma dasturi doirasida Sharoit+[9]  NNT tomonidan amalga oshirilmoqda. www.ishplus.uz[10]  maxsus rekruting portalida siz nogironligi bor insonlar uchun munosib boʻsh ish oʻrinlari, stajirovkalar va oʻquv kurslarini taklif etishingiz va dunyoimizni yaxshiroq qilish uchun insoniy turfa xillikni ishga solishingiz mumkin.

 

 

Dilmurod Yusupov,

Nogironlik va inklyuziv rivojlanish muammolari tadqiqotchisi, Sasseks Universiteti Rivojlanish muammolari tadqiqot instituti doktoranti (Buyuk Britaniya).

 

[1] [1]https://careers.google.com/programs/people-with-disabilities/

[2] https://www.who.int/disabilities/world_report/2011/report.pdf

[3] https://www.speechify.com/

[4] https://www.android.com/accessibility/live-transcribe/

[5] https://yandex.ru/alice

[6] https://www.unicef.org/uzbekistan/media/3616/file/Brief_PWD_SitAn_RUS.pdf

[7] https://lex.uz/ru/docs/5049549

[8] https://sharoitplus.uz/ru/rekrutingovyj-veb-portal/

[9] https://sharoitplus.uz/

[10] Ишлаб чиқиш босқичида. www.ishplus.uz махсус рекрутинг порталини ишга тушириш 2021 йил март ойи бошларига режалаштирилган

Автор

Комментарии

Hamkorlar