Muqobil energiya manbalari – Oʻzbekistonda ulardan foydalanish va rivojlantirish istiqbollari

Maʼlumki, insoniyat suv, quyosh, shamol va boshqa tabiiy hodisalar energiyasidan foydalanishni, tabiiy resurslar – koʻmir, neft va gazni qazib olish va yoqish orqali energiya olish boshlangan vaqtdan ancha avvalroq oʻrgangan. Oʻsha davrda suv, quyosh, shamol energiyasidan foydalanishda ularning miqdorlari, bunga ehtiyoj boʻlmaganligi sababli,  hozirgi kundagidek muhim rol oʻynamagan.  

Jamiyatlarni industriyalashtirish davrida energiyaga boʻlgan talab jadal surʼatlarda oʻsib bordi. Bunday sharoitda barqaror va uzluksiz energiya taʼminotiga esa koʻmir, neft va gazdan foydalanish tufayli erishildi. Energiya resurslaridan foydalanish miqyosining ortib borishi bilan birgalikda ommaviy tarzda elektr energiyasi ishlab chiqarishining tabiatga va ekologiyaga salbiy taʼsiri ham kuchayib bordi. Lekin insoniyat foydali, qazib olinadigan yoqilgʻi ham chegaralanganligini, ular yer yuzining ayrim joylarida, maʼlum miqdorlarda mavjudligini, ularning zahiralari esa yaqin vaqtlar ichida tugashini tushunib yetdi.    

Elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy resurslarning yetishmasligi hamda uning tabiatga va ekologiyaga salbiy oqibatlarining mavjudligi kabi omillar – resurslar va energiyani tejashga asoslangan texnologiyalarni yaratish boʻyicha texnikaviy taraqqiyotga va yaqin kelajakda muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini chuqurroq va atroflicha oʻrganish uchun kuchli turtki berdi. 

Muqobil energetika – qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻlmish cheksiz tabiiy resurslar va hodisalardan energiya olish maqsadida foydalanishdir. Bugungi kunda muqobil energetika manbalariga suv energetikasini, shamol energetikasini, quyosh energetikasni, vodorod energetikasini, atom energetikasini va boshqalarni kiritish mumkin. Hozirgi kunda dunyo miqyosida cheksizligi va atmosferaga tashlanadigan zararli chiqindilarining yoʻqligi borasida energiyaning anʼanaviy manbalariga nisbatan katta ustunlikka ega boʻlgan shamol va quyosh energiyalaridan foydalanish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) hisobotiga koʻra, agar 2008-yilda dunyo boʻyicha

muqobil energetika loyihalariga $140 milliard, koʻmir, neft va gaz qazib olishga $ 110 milliard miqdorida  investitsiyalar kiritilgan boʻlsa, 2018-yilga kelib muqobil energetikaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi $288,9 milliardni tashkil etdi (bunda 2018-yilda quyosh energetikasiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi $139,7 milliardni tashkil etdi). Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, muqobil manbalardan olingan elektr energiyasi miqdori (yirik gidroelektrstansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi quvvatlarini hisobga olmagan holda) 2019-yil davomida jahon miqyosida jami generatsiya qilingan elektr energiyasining 10,4 foizini tashkil etib, jahon atom energetikasini ortda qoldirdi.

Hozirgi kunda jahon miqyosida quyosh va shamol energetikasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarining oshishida asosiy rolni oʻynamoqda, bunda 2019-yilda ushbu turdagi energetika quvvatlari oʻsishining ulushi jahondagi jami qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlari sof oʻsishining 90 foizini tashkil etdi.

Xitoy va AQSH shamol energetikasi rivojini jadallashtirish boʻyicha yetakchi mamlakatlar boʻlib, 2019-yil davomida quyosh energetikasi boʻyicha Xitoy, Xindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Vyetnam eng yuqori quvvatlarga erishdilar. Quvvatlarni oshirish borasida qitalar miqyosida Osiyo yetakchilik qilmoqda – 2019-yilda jami quvvatlar oʻsishining 54 foizi uning ulushiga toʻgʻri kelib, ushbu koʻrsatkich uning umumjahon miqyosida oʻrnatilgan jami quvvatlardagi ulushini 44 foizga yetkazdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarining 2019-yildagi oʻsishi Yevropa va Shimoliy Amerika boʻyicha mos ravishda 6,6 va 6 foizni tashkil qildi. Shu sohada jadal rivojlanayotgan mintaqalarga Yaqin Sharq va Okeaniya mamlakatlari ham kirib, quvvatlar oʻsish surʼatlari mos ravishda 18,4 va                               12,6 foizni tashkil etdi.

“Haqiqatdan ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi kunda jadal surʼatlarda rivojlannayotgan elektr taʼminoti manbasi hisoblanadi, lekin ayni paytda shu narsaga alohida eʼtibor qaratish lozimki, energetikaning ushbu sohasi hissasiga jami isteʼmol qilinayotgan energiyaning 20 foizi toʻgʻri kelmoqda. Qolgan energiya esa qazib olinadigan yoqilgʻilardan – koʻmir, neft va gazdan foydalanish evaziga ishlab chiqarilmoqda” – deydi YUNEP energetika boʻyicha eksperti Mark Radka. 

Bugungi kunda mutaxassislar oldida turgan asosiy vazifa – quyosh va shamol elektr stansiyalarida oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyentini (KIUM) maksimal darajada oshirish uchun texnologiyalarni takomillashtirish turibdi, chunki energetikaning ushbu sohalari afzalliklari (cheksizligi, ekologik jihatlari, kelajakda energiya ishlab chiqarishda past tannarxga erishish imkoniyatlari mavjudligi) bilan birgalikda, quyidagi qator sezilarli kamchiliklarga ham ega hisoblanadi:  

1)  iqlim-havo sharoitlariga va kunning vaqtiga bogʻliqligi;

2)  foydali ish koeffitsiyentining pastligi;

3)  texnologiyalarda qimmatbaho materiallarning (kremniy, alyuminiy) foydalanilishi natijasida tannarxning yuqoriligi;

4)  oʻrnatilgan quvvatlar birligining pastligi.

 

Oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti (KIUM) elektroenergetika korxonalari faoliyatining eng muhim koʻrsatkichi boʻlib, u maʼlum vaqt oraligʻidagi oʻrta arifmetik quvvatlar darajasining oʻrnatilgan quvvatlarga nisbati boʻyicha aniqlanadi. Ushbu koeffitsiyent elektr stansiyasining texnologik jihatdan takomillashtirilganligi  nuqtayi nazaridan uning umumiy samaradorligini belgilab berish bilan birgalikda, stansiya boshqaruvini tashkil qilish hamda elektr stansiyasi xodimlari malakasi darajasini koʻrsatadi.    

 

Agar dunyodagi atom elektr stansiyalarida oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti oʻrtacha 82 foizni tashkil qilsa, shamol elektr stansiyalarida – 34 foiz, quyosh stansiyalarida esa 24,5 foizni tashkil etadi (shu jumladan, quyosh fotoelektrik stansiyalarida – 13-15 foiz, quyosh issiqlik stansiyalarida – 28-33 foiz). Taqqoslash uchun, issiqlik elektr stansiyalarining oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti oʻrtacha 40 foizdan 63 foizgacha tashkil qilmoqda. Lekin bunda turli tipdagi elektr stansiyalarining manevr qilish imkoniyatlarini inobatga olish zarur. Masalan, atom elektr stansiyalari reaktori ish rejimini oʻzgartirishda katta xavf mavjudligi sababli ular eng past darajada manevr qilish imkoniyatiga egadirlar. Qattiq yoqilgʻida (koʻmir) ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari ham kam manevrli hisoblanadi, suyultirilgan yoqilgʻida yoki gazda ishlaydigan elektr stansiyalari esa ish rejimini oʻzgartirish uchun yetarli darajada manevr qila oladi, lekin bu turbinalar foydali ish koeffitsiyenti darajasini keskin pasaytirib yuborishi mumkin.

Ayrim olimlar, mutaxassislar doiralari orasida, oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyentini ishdagi prostoylarni bartaraf qilish va elektr stansiyasi toʻliq quvvatidan foydalanish orqali oshirish mumkin, degan fikr mavjud boʻlib, aslida bunday emas. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari stansiyalarida oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyentining sezilarli darajada cheklanganligi haqiqiy energetik manbaning (quyosh, shamol) nobarqaror ekanligi bilan bogʻliqdir.  

Quyosh energetikasi.

Bugungi kunda gelioenergetika, yaʼni quyosh energiyasini generatsiya qilish qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning eng istiqbolli yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, chunki mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, butun insoniyatni taʼminlash uchun 0,0125 foiz quyosh nuri, oʻsib borayotgan kelgusi ehtiyojni qondirish uchun esa 0,5 foiz quyosh energiyasi yetarli boʻladi. Mutaxassislar fikriga koʻra, quyosh energiyasi beqiyos salohiyatga ega boʻlib, uning hajmi yerdagi neft, koʻmir, gaz va boshqa resurslar jami zahiralaridan ancha koʻp hisoblanadi. Yer kurramizdagi insolyatsiya darajasini inobatga olgan holda, gelioenergetika muammoli tomonlarining hal qilinishiga toʻgʻri yondoshuv boʻlsa, elektr energiyasini ishlab chiqarishning anʼanaviy manbalaridan butunlay (yoki qisman) voz kechish uchun shart-sharoitlar yuzaga kelishi mumkin, bu bilan esa sayyoramizdagi tabiiy resurslar zahiralarini nafaqat tejash, balki ularni koʻpaytirishga ham imkoniyat yaratiladi.  

Insolyatsiya – sayyoramizning turli geografik nuqtalaridagi yer yuzini quyosh issiqligi bilan nurlanishi jarayoni boʻlib, bu koʻrsatkich yer sharining aniq bir joyida quyoshning faolligini bildiradi. Quyosh eng faol boʻlgan yer sharidagi hududlar bu – Saxroyi Kabir, Afrika janubi bir qismi, Avstraliyaning shimoliy qismi. Ayrim mutaxassislar fikriga koʻra, 9 million kvadrat kilometr hududda yastanib yotgan hamda yiliga har bir kvadrat maydonga 2000 dan 3000 kVtgacha  quyosh energiyasini qabul qilayotgan Saxroyi Kabir bir yilda 22 milliard GVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish salohiyatiga egadir.      

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha xalqaro agentlik (IRENA) maʼlumotlariga koʻra, quyosh stansiyalarining jahon miqyosida oʻrnatilgan quvvatlari geometrik progressiya koʻrinishida muttasil oʻsib bormoqda. Agar ularning umumiy quvvatlari 2000-yilda 1,4 GVt (gigavatt) tashkil etgan boʻlsa, 2005-yilda esa – 5,3 GVt, 2010-yilda – 40,6 GVt, 2013-yilda – 138,9 GVt, 2015-yilda – 192,1 GVt, 2018-yilda – 514 GVt, 2019-yilda – 629 GVt, 2020-yilda – 771 GVt tashkil etdi. Agar 2010-yilda dunyo boʻyicha 34 yirik quyosh elektr stansiyalari loyihalari mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 100 dan ortiq stansiyani tashkil qilmoqda. Bugun dunyoning 40 ortiq mamlakati umumiy quvvatlari bir gigavattdan yuqori boʻlgan fotoelektrik tizimlarga egadir. 

Shuning bilan bir qatorda, quyosh energetikasining jadal rivojlanishi kontekstida boʻlajak salbiy oqibatlar ham koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, quyosh elektr stansiyalari rivojlanish uchun yaqin istiqbolda katta yer maydonlariga ehtiyoj sezmoqda, bu esa oʻz navbatida shu hududlar ekologiyasi, flora va faunasi uchun xavf tugʻdirishi muqarrar.

Bundan tashqari, tadqiqotlar koʻrsatdiki, quyosh batareyalari tagidagi temperatura 5 gradusga past – bu qishloq xoʻjaligi rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Quyosh panellaridan foydalanish shuningdek, oʻrnatilgan quvvatlar birligiga nisbatan, atom elektr stansiyalaridan ham yuqori boʻlgan, zaharli chiqindilar paydo boʻlishiga olib keladi. Quyosh energetikasining boshqa sezilarli kamchiligi unumdorlik bilan bogʻliq boʻlib, u ishlab chiqarilgan energiyadan foydalanishdagi muammoga borib taqaladi. Quyosh stansiyalariga katta hajmdagi maydonlar zarurligi tufayli, ularda ishlab chiqarilgan mahsulotni katta shaharlar isteʼmolchilariga yetkazib berilishi mushkullashadi, bu oʻz navbatida ishlab chiqarilgan energiyaning yoʻqotilishiga olib keladi. Masalan, Xitoyda quyosh energiyasining oʻrtacha 30 foizi yetarli elektr uzatish infratuzilmasining yoʻqligi tufayli yoʻqotilmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga koʻra, maksimal qulay sharoitlardagi quyosh nuri oqimining zichligi bir kvadrat metrga 250 Vt tashkil qiladi. Zarur miqdordagi elektr energiyasini olish uchun quyosh kollektorlarini katta hududga - 130 ming kvadrat metr maydonga joylashtirishga toʻgʻri keladi.      

 

Elektr energetikasi sohasida milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quyosh energetikasini rivojlantirish zaruriyati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kun tartibida ham turibdi. Oʻzbekistonda energetika sohasining ushbu tarmogʻini rivojlantirish istiqbollarini batafsil oʻrganish masalalariga sobiq sovet tuzumi davridan boshlab, yaʼni fundamental va amaliy tadqiqotlar asosida quyosh energiyasi tabiatini oʻrganish uchun Toshkentda fizika-texnika instituti hamda quyosh konsentratorlari yordamida ilmiy izlanishlar oʻtkazish uchun “Fizika-quyosh” instituti tashkil etilgan vaqtdan buyon yaqindan eʼtibor berib kelingan. Lekin Oʻzbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish istiqbollari yuzasidan izlanishlar olib borish maqsadida “Fizika-quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida maxsus boʻlinma “Geliopoligon” 2003-yilda tashkil qilindi.  2013-yilning noyabrida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Quyosh energiyasi boʻyicha Osiyo anjumani xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, mutaxassislarni Oʻzbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish istiqbollarini koʻrib chiqish hamda sherik-mamlakatlarda qoʻshma energetik loyihalarni amalga oshirish uchun toʻpladi.

Shu davr mobaynida mamlakatimizda quyosh panellarining muhim komponentlari – kremniy, quyosh batareyalari, quyosh konsentratorlarini ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil qilish boʻyicha bir qator loyihalar amalga oshirildi. Xalqaro quyosh energiyasi institutining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2014-2017-yillarda  Namangan viloyati Pop tumanida fotoelektrik tajriba stansiyasi (quvvati 130 kVt), Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatida (112 kVt), Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti Maydanak observatoriyasida (27 kVt), Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida joylashgan Qandim gazni qayta ishlash kompleksida (1,2 MVt), Toshkent davlat texnika universiteti energetika fakultetida (20 kVt), Xalqaro quyosh energiyasi institutida (28 kVt) quyosh stansiyalari qurildi va ishga tushirildi.  

Yuqorida taʼkidlanganidek, har bir hududning salohiyati insolyatsiya (er yuzining quyosh issiqligi bilan nurlanishi jarayoni) koʻrsatkichi darajasi bilan belgilanadi. World Bank Group, Global Solar Atlas internet maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich Oʻzbekistonning turli geografik nuqtalarida bir biridan farqlanadi (kamaygan holda):

Oʻzbekiston janubi - Qashkadaryo va Surxondaryo viloyatlari shimoli-gʻarbiy hududlari (1);

Zarafshon vohasi - Samarkand, Buxoro, Jizzax viloyatlari, Navoiy viloyati janubiy hududlari (2); 

Oʻzbekiston shimoliy qismi - Qoraqalpogʻiston janubi, Xorazm viloyati, Navoiy viloyati shimoliy qismi (3);   

Fargʻona vodiysi - Andijon, Namangan i Fargʻona viloyatlari (4).

«Solnechnaya radiatsiy. Tablitsa insolyatsii» sayti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning alohida aholi punktlari gorizontal yer yuzasiga tushadigan umumiy (toʻgʻridan-toʻgʻri va yoyilgan) quyosh radiatsiyasi MDj/kv.m (kvadrat metrga tushadigan quyosh radiatsiyasi birligi) haqiqiy bulutli sharoitda quyidagicha tashkil qiladi:

 

Geografik joylar/oylar

I

II

III

IV

V

VI

VII

VIII

IX

X

XI

XII

Oʻrtacha birlik

Termiz

245

312

457

601

783

867

865

787

643

463

300

220

545

Tomdibuloq

218

295

461

582

758

850

859

781

605

411

235

174

519

Taxiatosh

205

283

425

582

771

838

834

754

582

406

245

163

507

Samarqand

222

263

373

524

708

825

854

784

620

423

243

189

502

Toshkent

191

247

383

526

714

802

836

752

574

373

222

153

481

Fargʻona

193

266

387

517

706

792

808

739

578

383

228

151

479

 

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston quyosh energetikasini rivojlantirish boʻyicha salohiyati mutaxassislar va olimlar tomonidan anchadan buyon oʻrganib kelinmoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetik resurslari tuzilmasida neft va gazning ulushi (97 foiz) salmoqli hisoblanadi, koʻmir – 2.3 foiz, gidroenergetika - 0,7 foiz, bu elektr energiyasi ishlab chiqrishning muqobil turlarini rivojlantirish zarurligini anglatadi. Oʻzbekistonning yangilanadigan energiya manbalari salohiyati 51 milliard tonna atrofida neft ekvivalentiga, shu jumladan quyosh energiyasi salohiyati 50,973 milliard tonna neft ekvivalentiga teng baholanmoqda.

Hisob-kitoblarga asosan, quyoshli kunlar soniga koʻra Oʻzbekiston Ispaniya mamlakatidan yaqqol ustunlik qiladi. Oʻzbekistonda yil davomidagi bulutsiz kunlar 250-270 kunni, quyosh nurlanishi davomiyligi esa yiliga 2850-3050 soatni tashkil qiladi. Soʻnggi yillarda dastlabki jiddiy qadamlar qoʻyilib, quyosh energetikasi sohasida salmoqli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishlar faollashdi. Jumladan, 2021-yil mart oyida Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida (“Nuri Zamin” mahallasida) Koreya energetika agentligi mablagʻlari evaziga 40 kVt quvvatga ega boʻlgan, yiliga 100 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kichik fotoelektrik quyosh stansiyasini barpo qilish ishlari yakunlandi.

Mendeleyev nomli Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filialida 2021-yil fevral oyida 100 kVt quvvatli, yiliga 220 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan,  akkumulyatorsiz, tarmoqli quyosh stansiyasi ish boshladi (1,2 ming kvadrat metr maydonga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan 288 ta quyosh batareyalari oʻrnatildi).

Namangan shahridagi yangi qurilgan toʻrtta koʻp qavatli uyning tomlarida 2021-yil may oyida 58 kVt quvvatga ega boʻlgan, 96 ta xonadonni elektr toki bilan taʼminlaydigan  quyosh panellari (192 ta batareya) oʻrnatildi. Qiymati 1,32 milliard soʻmga teng boʻlgan ushbu loyiha PROON tomonidan amalga oshirilgan (har bir xonadon uchun oʻrta hisobda 13,75 million soʻmga toʻgʻri keladi). Shunga oʻxshash loyihalar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.    

Oʻzbekiston Hukumati va Osiyo rivojlanish banki oʻrtasida imzolangan memorandum doirasida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida 2023-yilgacha quvvati 300 MVt boʻlgan fotoelektrik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi. Bu stansiya quvvati 200 MVt teng boʻlgan Sherobod 1-loyihasi yonida amalga oshirilib, ularning bir yilda ishlab chiqaradigan jami elektr energiyasi hajmi 1,1 milliard kVt.soatni tashkil etadi, bu esa hudud bir yillik ehtiyojining 30 foizini taʼminlash imkinoyatini beradi (ehtiyoj yiliga 3,2 milliard kVt.soat). Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi mazkur loyihani amalga oshirish uchun  $ 260 million toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilib, mazkur loyiha doirasida 220 kVt quvvatli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasi bilan birlashtiruvchi uzunligi 52 kilometrga teng boʻlgan yangi elektr uzatish liniyasini qurish ishlari koʻzda tutilgan. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida yiliga 340 million kubmetr tabiiy gaz tejaladi, 120 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi, 300 ming uy xoʻjaliklari elektr toki bilan taʼminlanadi.  

2021-yil may oyida Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri 200 MVt quvvatga ega boʻlgan fotoelektrik quyosh stansiyalarini qurish loyihalari boʻyicha tanlov gʻolibi aniqlandi. Ikkita quyosh elektr stansiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy Company” kompaniyasi tomonidan 1 kVt.soat elektr energiyasi tarifi                        1,791 sent boʻlgan taklif asosida barpo etiladi.

Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida davlat-xususiy sherikchiligi asosida quriladigan, umumiy quvvati 500 MVt teng boʻlgan uchta quyosh elektr stansiyasi boʻyicha tanlov eʼlon qilindi.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy shahridan                      35 kilometr uzoqlikda (Karmana) qiymati $100 million, quvvati 100 MVt teng boʻlgan Oʻzbekistonda birinchi geliostansiya qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda (268 gektar maydonda 300 ming fotoelektrik panellar oʻrnatiladi). 2021-yil oktyabrida birinchi quyosh elektr stansiyasining ishga tushirilishi bilan yiliga 31 ming uy xoʻjaliklarini elektr toki bilan taʼminlashga yetarli boʻlgan 270 GVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Kompaniya tomonidan, bundan tashqari, 25-yil davomida har bir kVt.soat elektr energiyasini isteʼmolchilarga 2,679 sentdan yetkazib berish majburiyati olingan. 

Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar quyosh elektr stansiyalari umumiy quvvatini 5 GVtga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyihalar qiymati xususida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakili taʼkidlaganidek, bu “investorning masalasi”, shuningdek “shartnomada Oʻzbekiston sotib oladigan elektr energiyasining hajmi, investor esa oʻz mablagʻlari hisobiga va oʻz javobgarligida belgilangan koʻrsatkichlar va sifat standartlari asosida stansiyani qurish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi koʻzda tutiladi. Oʻzbek tomoni loyihani moliyalashtirishda ishtirok etmaydi”. 

       

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Shamol energetikasi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, yer yuzidagi shamol energiyasi global salohiyati  1200 TVt tashkil qilib, uning zahiralari sayyoramizdagi barcha daryolar gidroenergiyasi zahiralaridan 100-marta koʻpdir. Shamol energetikasi 80 dan ortiq mamlakatlarda yaratilgan boʻlib, ularning uchdan bir qismi 1 GVt yuqori boʻlgan oʻrnatilgan shamol energetikasi quvvatlariga egadir. 2019-yil davomida oʻrnatilgan shamol generatorlarining oʻrnatilgan quvvatlari 600 GVtdan oshib ketdi. Bunda 2009-yildan buyon dunyo miqyosida oʻrnatilgan jami shamol generatorlarining umumiy quvvatlari AQSH, Xindiston, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shamol energetikasining jadal rivojlanishi hisobiga  yiliga oʻrtacha 38-40 GVt ortib bordi.   

Dunyoning bir qator mamlakatlarida, hisob-kitoblarga koʻra, shamol stansiyalari yordamida generatsiya qilinadigan elektr energiyasi ulushi anʼanaviy energetika tarmogʻi bilan real tarzda raqobat qilmoqda. Wind Europe maʼlumotlariga asosan, 2019-yilda Daniyada shamol generatorlari yordamida mamlakatda yalpi ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 48 foizi ishlab chiqarildi,  ushbu koʻrsatkich Irlandiyada – 33 foiz, Portugaliyada – 27 foiz, Germaniyada – 26 foiz, Buyuk Britaniyada – 22 foiz, Ispaniyada – 21 foiz, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boʻyicha oʻrta hisobda – 15 foizni tashkil etdi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, shamol generatorlarining quvvati generator pichogʻining harakatlanishi uchun maydon kengligi va uning yerdan balandligiga bogʻliq boʻladi. Masalan, «Vestas» (Daniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 3MVt quvvatli turbinaning umumiy balandligi 115 metr, minoraning balandligi 70 metr i pichoqlar diametri 90 metrni tashkil etadi. Shamol generatori elektr tokini shamol tezligi sekundiga 3 metrga yetganda ishlab chiqarishni boshlaydi hamda sekundiga 25 metrdan oshganda toʻxtatadi. Shamol tezligi sekundiga 15 metrga yetganda maksimal ravishda elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, shamol tezligi ikki barobar oshganda, yaʼni sekundiga 5 metrdan sekundiga                        10 metrga yetganda, shamol generatori quvvati 8-marta koʻpayadi.

Shamol oqimlarining tezligi yuqori boʻlmagan hududlarda vertikal oʻq atrofida aylanadigan shamol generatorlarini (rotorli yoki karusel koʻrinishidagi) qoʻllash eng samarali konstruksiya hisoblanadi. Bunday shamol rejimida generatorlarning vertikal qurilmasi katta samara berishi mumkin. Bundan tashqari, vertikal koʻrinishdagi shamol generatorlarining yana bir ustunlik tomoni – ularning shovqinsizligi hamda 20-yil xizmat muddati davomida xizmat koʻrsatish zaruriyatining mavjud emasligidadir. 1 MVt quvvatli shamol generatori 20-yil xizmat muddati davomida taxminan 29 ming tonna koʻmir yoki                         92 ming barrel neftni tejash imkonini beradi.   

Oʻzbekistonda sanoat miqyosida shamol energetik qurilmalaridan foydalanish borasida amaliy tajriba shakllangan. Masalan, 2010-yilda Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori yaqinida Koreyaning «Doojin Co» kompaniyasi tomonidan quvvati 170 kVt va qiymati $ 2 millionga teng boʻlgan dastlabki shamol energiyasi qurilmasi oʻrnatildi. Ikkinchi va Markaziy Osiyodagi eng yirik - 750 kVt quvvatga ega, shamol aylanasi 50 metrga va minora balandligi 65 metrga teng boʻlgan shamol energiyasi qurilmasi (Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan) 2012-yilda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Yubileyniy” poselkasida oʻrnatildi. 

Germaniyaning GEO-NET i INEC-GOPA kompaniyasi mutaxassislari tomonidan shamolning oʻrtacha yillik tezligi sekundiga 5,5 metr boʻlgan sharoitda sanoat miqyosida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha 2014-2015-yillarda oʻtkazilgan tadqiqot-izlanishlar koʻrsatdiki, Oʻzbekistonning shamol energetikasi boʻyicha texnik salohiyati 520 GVtdan ortiqdir, bu maʼlumot 2015-yil aprel oyida Toshkent shahrida shamol energetikasini rivojlantirishga bagʻishlangan milliy konferensiyada ochiqlandi. Oʻzbekistonning asosiy iqtisodiyot idorasi hisob-kitoblariga koʻra, “2030-yilgacha mamlakatni  iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga muvofiq elektr energiyasi isteʼmoli ikki marta oshib – 105 milliard kVtga yetadi, bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish rivojlanishning bir yoʻnalishi emasligini, balki dolzarb zaruriyat ekanligini bildiradi”.  

Energetika sohasidagi taniqli mutaxassisning fikriga koʻra, “amalga oshirilgan hisob-kitoblar hayratga soladi: shamol energetikasi sohasi boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 17 ming kvadrat kilometrga joylashtiriladigan 520 ming MVt oʻrnatilgan quvvatlar yordamida yiliga 1,07 trillion kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mumkin, bu faqat dastlabki taxminiy baho”. 

Germaniya mutaxassislari tomonidan shamol energetikasi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlarni ustivor darajada avvalo eng yuqori salohiyatga ega boʻlgan Navoiy viloyati va Qoraqalpogʻistonga hududlariga yoʻnaltirish zarur deb tavsiya berilgan. Mutaxassislar tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlari ham shamol energetikasini rivojlantirish boʻyicha salohiyatga ega hududlar sifatida tavsiya qilingan. 

Ushbu mutaxassislar fikriga koʻra, “anʼanaviy energetika jami ehtiyojni qondira olmaydi, bunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi emas, balki elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish muammosi koʻzda tutilmoqda. 20-30 xonadon istiqomat qiladigan aholi punktlariga 50-yil davomida ham oʻzini oqlamaydigan koʻp kilometrli elektr uzatish liniyalarini tortish maqsadga muvofiq emas. Kichik aholi punktlari katta va keng maydonlarda toʻplangan boʻlib, ularga lokal energiya taʼminoti qurilmalarini oʻrnatib berish foydaliroq boʻladi – shamol va quyosh energiyasi manbalari bu yerlarda bemalol anʼanaviy elektr manbalari bilan raqobat qila oladi, chunki, birinchidan, ular yangilanib boradi, ikkinchidan, sarf-xarajat qilinmaydi, uchinchidan, energiyani transportirovka qilish shart emas”.    

Germaniya tadqiqotchilari xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston sharoitida, texnikaviy jihatlarni inobatga olgan holda, 3 MVt quvvatli 100 metr diametrdagi rotorli shamol qurilmalaridan foydalanish eng optimal yechim hisoblanadi.

Birlashgan Arab Amirliklari «Masdar» kompaniyasi tomonidan 2021-yil aprel oyida Zarafshonda quvvati 500 MVt hamda loyihaviy qiymati $ 600 millionga teng boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish ishlari boshlandi. Mazkur elektr stansiyasini 2024-yil oxirida foydalanishga topshirish natijasida 500 ming uy xoʻjaliklarini taʼminlash uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishiladi, yiliga 1,1 million tonna karbonat angidridning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi. Imzolangan kelishuvga binoan shamol elektr stansiyasi quvvatlari 500 MVt dan 1,5 GVt yetkaziladi, bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini uch marta oshirish imkoniyatini beradi. Kompaniyaning shuningdek, kelgusida Oʻzbekistonga shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadli koʻrsatkichlarini 2030-yilga borib 3 GVt yetkazishda hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga 26 foiz elektr energiyasini ishlab chiqarishda yordam koʻrsatishi kutilmoqda. 

Hisob-kitoblarga koʻra, 1 MVt shamol elektr qurilmalari quvvatini yaratish uchun sarflanadigan kapital qoʻyilmalar ulushi $1,5-2 millionni tashkil qilib, bu esa bugʻ-gaz qurilmalarini qurishga sarflanayotgan mablagʻlar bilan tengdir, shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan 1 kVt.soat elektr energiyasi tannarxi esa 3 sent va undan yuqori narxlarni tashkil qilmoqda.

Xulosa va takliflar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining dunyo miqyosida joriy qilinishi va foydalanilishi holati yuzasidan oʻtkazilgan tahlil koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston sharoitida hozirgi vaqtda muqobil energiya manbalarini keng koʻlamda rivojlantirishning maqsadga muvofiqligi hamda samaradorligi toʻgʻrisida aniq javob mavjud emas. Fikrimizcha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni hisobga olgan holda Oʻzbekiston energetika tarmogʻini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish eng optimal va maqbul yechim hisoblanadi.     

Uzoq muddatli strategiya quyidagi asosiy yoʻnalishlarni qamrab olishi zarur:

  1. Energiya samaradorligi va energiya tejamkorligini oshirish. Barcha sohalarda, yaʼni elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilaridan tortib oxirgi isteʼmolchigacha energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmas ekan, energetika sohasi uchun qilinayotgan barcha harakatlar va kapital qoʻyilmalar samara bermaydi va bekorga boʻladi, deb hisoblanadi.
  2. Gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy manbayi sifatida foydalanish. Oʻzbekistonning hozirgi sharoitida, ishlab turgan issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish hamda qoʻshimcha 2-3 ta zamonaviy yangi elektr stansiyalarini ishga tushirish mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlashning yetarli darajadagi samarali yechimi boʻladi.
  3. Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish. Oʻzbekistonning mavjud real imkoniyatlaridan (tabiiy-iqlim, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik va inson resurslari) kelib chiqqan holda, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishda Bangladesh tajribasidan foydalanish eng samarali va maqbul yechim boʻladi, yaʼni aholini elektr energiyasi bilan taʼminotini davlat energetikasi tizimini chetlab oʻtgan holda peer to peer uslubida muqobil energiya taʼminotiga oʻtkazish. Buning natijasida, birinchidan, davlatning elektr energiyasi yetkazib beruvchi sifatidagi ishtirokiga barham beriladi, ikkinchidan, isteʼmolchilar intellektining (idrokining) oʻsishiga koʻmaklashiladi, uchinchidan, issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining boʻshagan qismi sanoat sektori ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltiriladi.
  4. Atom energiyasidan foydalanish. Istiqbolda atom energetikasi boʻyicha loyihani amalga oshirish zarur.
  5. Elektr energiyasi bilan trans-chegaraviy savdo. Trans-chegaraviy hududlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida qoʻshni mamlakatlar bilan energetika tizimi aloqalarini tiklash va mustahkamlash.
  6. Energetikaning oqilona va samarali infrastrukturasini yaratish. Bularga energetika sohasi boʻyicha samarali ishlaydigan normativ-huquqiy bazani yaratish, elektr stansiyalari, yordamchi obyektlar va inshootlarning moddiy-texnika taʼminotini rivojlantirish, zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv va hisob tizimlarini joriy qilish, malakali kadrlar salohiyatini tizimli ravishda tayyorlab borish kiradi.
  7. Uglerod chiqindilarining tarqalishini kamaytirish. Texnologiya jarayonlarini takomillashtirish, atmosferaga uglerod chiqindilari tarqalishini kamaytirishning zamonaviy usullarini joriy etish, ekologik muvozanatni saqlash uchun xarajatlarni moliyalashtirish hajmlarini koʻpaytirish.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy qilish va riavojlantirishning qonunchilik asoslari yaratilgan. 2019-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kiritilgan (OʻRQ-539). 2019-yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda Oʻzbekiston sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish normalari koʻzda tutilgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar qonunchilik asosida mustahkamlangan, shuningdek Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy etish boʻyicha ustivor yoʻnalishlar va aniq vazifalar belgilangan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida mamlakatning energetika tarmogʻining joriy holati atroflicha tahlil qilingan. Yoqilgʻi-energetika tarmogʻining amaldagi quvvatlari energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojning taʼminlay olmayotganligi, mamlakat iqtisodiyotidagi energiya sarfi dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha yuqoriligi taʼkidlangan. Mamlakat boʻyicha ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi umumiy hajmining atigi 10 foizi asosan gidroelektrostansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushiga toʻgʻri kelayotganligiga alohida urgʻu berilgan.  Qulay tabiiy-iqlimiy sharoitlarga qaramay, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlari yetarli darajada foydalanilmayapti. Iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha energiya samaradorligini oshirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bilan birgalikda, hozirgi kundagi davlat siyosatining dolzarb yoʻnalishlaridan biri sifatida qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishni keng koʻlamda rivojlantirish zarurligi taʼkidlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida koʻzda tutilgan ustivor yoʻnalishlarni amalga oshirish va Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy qilish va rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarning bajarilishini taʼminlash, qayta tiklanuvchi  manbalar energiyasidan foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida, nazarimizda, amaldagi qonunchilik hujjatlariga ayrim qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilishi maqsad muvofiq boʻladi. 

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni 14 moddasi birinchi qismida quyidagilar koʻzda tutilgan: 

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi”.

Bu yerda aniqlik zarur – qaysi ishlab chiqaruvchilar (yuridik shaxslar va (yoki) jismoniy shaxslar).

Ushbu Qonunning 14-moddasi ikkinchi va uchinchi bandlarida quyidagilar koʻzda tutilgan:

“Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi solinmaydi.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi”.

Nazarimizda, 14-moddaning mazkur bandlarida qayta tiklanuvchi manbalar elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisida soʻz yuritilyapti. Agar yuridik shaxs, masalan, mehmonxona sifatida qayta tiklanuvchi manba elektr energiyasidan foydalanayotgan (ishlab chiqarmayapti) boʻlsa, unga imtiyoz beriladimi yoki yoʻqmi, ushbu masala ham ochiq qolmoqda.  

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, imtiyozlar va preferensiyalarni, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi manbalari elektr energiyasidan foydalanuvchiga (ham ishlab chiqaruvchi sifatida, ham isteʼmolchi sifatida) berilishi zarur hisoblaymiz, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni 14 moddasining esa quyidagi tahrirda bayon qilinishini taklif qilamiz:

“14-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt dan kam) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran besh yil muddatga ozod etiladi.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar (maqomidan qatiy nazar) qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk uchun mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan uch yil muddatga ozod qilinadilar.

Energiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan berilgan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan imtiyozlarni berish uchun asos boʻladi”.

Oʻylaymizki, soliq imtiyozlaridan tashqari, davlat tomonidan jiddiy ravishda qoʻllab-quvvatlanishiga (maqsadli kreditlar, loyihalar uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratish, davlat-xususiy sherikchilik tizimini joriy etish) hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish afzalliklarini targʻib qilish boʻyicha kuchli reklama faoliyatiga muqobil energetikaning rivojlanishi uchun zaruriy ehtiyoj sifatida qaralishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida (2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli) ushbu chora-tadbirlar u yoki bu shaklda koʻzda tutilgan.

Muqobil energetikadan sanoat miqyosida foydalanish bilan birgalikda, qayta tiklanuvchi manbalar elektr energiyasidan individual foydalanishni rivojlantirish zarur, chunki bu davlat elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi maʼlum qismining individual foydalanuvchilaridan boʻshashiga hamda uni sanoat sektori hamda ijtimoiy soha ehtiyojlarini toʻlaroq qondirishga yoʻnaltirilishiga imkoniyat yaratadi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunida koʻzda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan tashqari, ikki asosiy toifaga boʻlgan holda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish yordamida rivojlantirish maqsadga muvofiq hisoblanadi: 

davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning 1-toifasi – tadqiqotlar va ishlanmalar uchun mablagʻlar ajratish, sotuvni subsidiyalash, kichik foiz stavkalari asosida qarz va kreditlar berish, soliq imtiyozlari va boshqalar); 

 

davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning 2-toifasi – mukofotlar mexanizmini joriy qilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish.  

Bu mexanizm shundan iborat boʻladiki, quyosh va shamol elektr qurilmalari egalari har bir kVt.soat elektr energiyasi uchun, yaʼni elektr energiyasini sotishdan olingan tushumga qoʻshimcha ravishda qatiy belgilangan mukofotlar beriladi.  

 

Mukofot stavkasi qurilma turi, yaʼni foydalaniladigan energiya turi, qurilma quvvati va foydalanishga topshirish muddatiga bogʻliq boʻladi. Elektr energiyasini sotishdan olingan tushum va mukofot stavkasi oʻrtasidagi farq oxirgi isteʼmolchi narxiga qoʻshiladi, ragʻbatlantirish koʻrinishidagi ushbu qoʻshimcha kompensatsiya toʻlovlari – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash instrumenti boʻlib hisoblanadi.      

 

Muqobil elektr energetikasini rivojlantirish sohasida koʻzda tutilgan maqsadlarga erishish uchun, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil                          22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilgan barcha tashkilotlar, korxonalar va muasssalar tomonidan quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalari bilan jihozlash ishlarining, istisnosiz tarzda, ustivor ravishda bajarilishiga erishish. 

Bu muqobil energetikani rivojlantirish borasida taʼsirchan tashviqot hamda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy turtki boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonda muqobil energetikani rivojlantirishni quyidagi bosqichlarga boʻlish mumkin:   

birinchi bosqich - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi                         PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash.

ikkinchi bosqich – davlat subsidiyasi va maqsadli kreditlash, shuningdek davlat-xususiy sherikchilikni joriy qilish yordamida, amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan uzib qoʻyilgan holda, uzoq aholi punktlarini va yakka infratuzilma obyektlarini, dacha uchastkalari, dam olish zonalari va boshqa shu kabilarni muqobil elektr energetikasi bilan qamrab olish;     

uchinchi bosqich – shaharlar, poselkalar va aholining zich boʻlib yashaydigan boshqa aholi punktlaridagi koʻp qavatli uylar, xususiy maorif va maktabgacha tarbiya muassasalari tomlarida davlat subsidiyasi va davlat-xususiy sherikchilik instrumentlarini qoʻllagan holda fotoelektrik stansiyalar oʻrnatish;  

toʻrtinchi bosqich – shahar va qishloq joylarida yakka holda joylashgan tarzda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik tuzilmalarini (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilmagan marketlar, doʻkonlar, kafelar, boshqa savdo nuqtalari) qayta tiklanuvchi energiya manbalariga ommaviy  tarzda oʻtkazish;

beshinchi bosqich – shaharlar va qishloqlardagi bir qavatli uylar (mahalla, qishloq va ovul), shu jumladan, xususiy issiqxonalar, fermalar, nonvoyxonalar va boshqa obyektlarni muqobil energetikaga oʻtkazish. Qishloq xoʻjaligidagi juda koʻp sonli irrigatsiya nasoslari hamda oliy taʼlim muassasalarini muqobil energetikaga oʻtkazish. 

Eʼtiborga loyiq va muqobil energetikani rivojlantirishga koʻmaklashuvchi yana bir muhim masala – bu malakali mutaxassis-muhandislarni tayyorlash.    

Oʻylaymizki, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish:

1) ishlab chiqarilayotgan va foydalanilayotgan elektr energiyasi hisobining lozim darajada yuritilishi taʼminlangan holda, Oʻzbekistonda quyosh va shamol energetikasi generatsiya quvvatlarining oshishiga hamda mamlakat boʻyicha ishlab chiqarilayotgan umumiy elektr energiyasi tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalari elektr energiyasi generatsiyasi ulushining sezilarli darajada oshishiga yordam beradi;   

2) energiya samaradorligini oshirish  va energiya tejamkor texnologiyalarning joriy qilinishi bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat ijtimoiy soha muassasalarini anʼanaviy elektr energiyasi manbalaridan barqaror va uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun sharoitlar yaratib beradi.

 

АвторRavshan Mirsaidov, iqtisod fanlari nomzodi, “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi” Matbuot kotibi

Комментарии

Hamkorlar