Kitoblar va nafaqat ular haqida...

2012 yildan boshlab, mashhur tarixiy blog – A Writer of History (“Tarixnavis” – tarixiy badiiy adabiyotni o‘qish, yozish va tadqiq qilish to‘g‘risidagi blog) muallifi M.K. (Meri) Tod tarixiy adabiyot borasidagi o‘quvchilarning odatlari, nimani afzal bilishlari va qiziqishlariga bag‘ishlangan xalqaro tadqiqotlar o‘tkazadi.

Bu g‘oya qaerdan yuzaga keldi? Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil oldin, «Sukunatda so‘zlangan yolg‘on» (Lies Told in Silence)   ni yozayotganida, Merining xayoliga bir savol keladi: «Nega o‘quvchilar tarixiy adabiyotni tanlaydilar?». Buning javobini hech qaerdan topa olmaydi, ammo aynan mana shu tasodifiy savol 2012 yilda tarixiy-badiiy adabiyot o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan ilk so‘rovga va mashhur-u yangi mualliflar, blogerlar va o‘quvchilar bilan interv'yularga sabab bo‘ladi (undan keyin 2013, 2015 va 2018 yillarda yana uchta so‘rov o‘tkaziladi).

Olingan ma'lumotlar birlamchi va qo‘shimcha savollarga qiziqarli javoblar beradi. Bundan tashqari, o‘quvchilar tarixiy adabiyot yo‘nalishidagi sevimli mualliflar reytingini tuzadilar va qiziqarli tarixiy romanlarni taklif etadilar. So‘rovda muntazam ravishda dunyoning turli chekkalaridan besh mingdan ziyod odam qatnashadi.

2018 yilda o‘tkazilgan so‘rov qiziq faktlarni aniqlash imkonini beradi. Ma'lum bo‘lishicha, ayollar erkaklardan ko‘proq o‘qiydi – ayollarning 60 foizi va erkaklarning 29 foizi yiliga 30 tadan ko‘proq kitob o‘qiydi. Afsuski, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar (49%) katta yoshlilarga qaraganda (61% dan 75%) gacha kamroq kitob o‘qir ekanlar. Qolaversa, ayollarga (22%) qaraganda ko‘proq erkaklar (34%) yildan-yilga kamroq kitob o‘qishlarini aytganlar.

Janrlarga kelsak, erkaklar orasida eng keng tarqalgan janrlar – bu tarixiy badiiy adabiyot, detektiv/triller, ilmiy fantastika va harbiy adabiyot. Bunda fantastika va dahshatlarga qiziqish yosh o‘tgan sari kamayib boradi. Biroq, detektivlarga bo‘lgan qiziqish yosh ulg‘aygani sayin ortadi. Aksariyat hollarda 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan odamlar romanlar o‘qishga beriladilar.

Tarixiy-badiiy adabiyot haqida to‘xtalsak, 20- va 19- asr voqealari eng katta qiziqishga ega. Bunda erkaklar, ayollarga qaraganda, 18- va 19- asrlarga kamroq qiziqadilar. Ularni ko‘proq eramizdan 3000 yil oldin nimalar bo‘lgani qiziqtiradi.

Nobadiiy adabiyot borasida esa, ayollarga qaraganda, erkaklar o‘rtasida tarix va siyosatga qiziqish kuchli. Bundan tashqari, ikkala jins vakillarida biografiyaga qiziqish yosh ulg‘aygani sari kuchayadi.

 

So‘ralganlar kitob o‘qishning asosiy sabablari sirasida «ko‘ngil ochish», «voqelikdan qochish» va «vaqt o‘tkazish»ni ko‘rsatganliklari hayratlanarli emas. Bunda o‘qish jarayonida «ish ishtaha ochar» - o‘quvchilar shunday xulosaga kelishgan. Boshqacha aytganda, qancha ko‘p o‘qisangiz, shuncha ko‘p o‘qigingiz keladi.

Xaridorlik odatlariga kelsak, erkaklar kitob do‘konlarida xarid qilishni afzal ko‘radilar, ayollar esa kitoblarni onlayn sotib olishni yoqtiradilar. Shu bilan birga, kutubxonalarga ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq qatnaydilar.

So‘ralganlarning 75 foizi kitobni imkon topildi deguncha o‘qiydilar, bunda ishga ketishda ayollarning 15 foizi va erkaklarning 9 foizi kitob o‘qiydi. Albatta, odamlarning 90 foizi kitobni yolg‘iz holda o‘qishni sevadilar.

Va nihoyat, menga yoqadigan natija – kitob formati borasida. So‘ralganlarning 75 foizi tez-tez yoki mutlaqo qog‘oz shakldagi kitoblardan foydalanadilar. Bunda ayollar ko‘proq elektron kitoblarga berilgan bo‘lishsa, erkaklar qog‘oz kitoblarni ma'qul ko‘radilar. Yosh toifasida 30-50 yoshlilar smartfonda kitob o‘qishni ko‘proq yoqtiradilar.

Albatta, ushbu tadqiqotning natijalarini O‘zbekiston sharoitiga va bizdagi kitobxonlar auditoriyasiga ko‘r-ko‘rona ko‘chirib bo‘lmaydi, biroq ular o‘quvchilarning nimalarni afzal sanashlari borasida «pardani ko‘tarish» imkonini beradi. Shaxsan men mamlakatimiz aholisi o‘rtasida bunday so‘rovlarni o‘tkazish juda foydali bo‘ladi va umuman millatning «kitobxonligi»ni ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Darvoqe...

Mamlakatimizda mashhur biznesmenlar nimalarni o‘qiyotganini ijtimoiy tarmoqlardagi tavsiyalardan bilishimiz mumkin. Ammo, amaldorlar, siyosatchilar va deputatlar nima o‘qiyotganlarini bilishni ham istardim. Kitoblarni tanlashga qanday yondashadilar? Rolli modellar hali ham ish beradi. Posthaqiqat davrda faqat sog‘lom mantiqqina axborot shovqiniga qarshi tura oladi. Mutolaaning buyuk sir-asrori aynan u “nozarur” bilimlar orqali manqurtlashuvdan mutlaq emlashida namoyon bo‘ladi.

Psixologlar qayd etishlaricha, mutolaa bir vaqtda bosh miyaning uchta tizimini ishga tushiradi. Nutq ko‘nikmalarini rivojlantirib, mutolaa bevosita tafakkurni, tasavvurni, xotira, ijodiy ko‘nikmalar va e'tiborni yaxshilaydi, bu hozirgi “klipli tafakkur” davrida ayniqsa ahamiyatlidir.

Afsuski, qadriyatlar va jamiyatdagi “o‘qishga muhabbat”ning o‘zgarishi haqida hatto turar joy mavzelarida kutubxonalarning mavjudligidan kelib chiqib ham xulosa qilish mumkin. Masalan, 2000 yillar oxirlarida bolalarim aviasiya bilim yurtidagi kutubxonaga muntazam qatnardilar, lekin mana, 10 yilki, uning o‘rnida “Avtomaktab” va “Alko-market” savlat to‘kmoqda. Afsuski, bu yagona misol emas. Kutubxonalar hammabop, qiziqarli, jozibador va bepul bo‘lishi loz To‘g‘risini aytganda, men yoshlar va bolalar o‘rtasida faol mutolaani ilgari surmagan bo‘lardim (ulardan doim nimadir talab qilaveramiz!). Men aynan erkaklar va otalar o‘rtasida mutolaani ilgarilatgan bo‘lardim! Yoshlar va bolalar ularga intilgan bo‘lardi, chunki ular ota-onasiga taqlid qiladilar. Darvoqe, Finlyandiyada otalar kuni bilan birga har yili «Erkaklar haftasi» o‘tkaziladi. Haftalikka bag‘ishlangan tadbirlar kutubxonalar e'lonlarida aks etadi: musiqa va adabiyot kechalari, bolalar tadbirlari, komp'yuter va stolusti o‘yinlari, kar'era va texnikaga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkaziladi.

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, quyidagi dialektik silsila mavjuddir: o‘qimaydigan ota – o‘qimaydigan o‘g‘il – o‘qimaydigan nabira va h.k.; o‘qimaydigan erkak – o‘qimaydigan rahbar – kutubxonaga bee'tiborlik (qoidaga ko‘ra, deputatlar, rahbarlar, amaldorlar – erkaklar).

Bir so‘z bilan aytganda, mutolaaga (amalda – intellektual va ma'naviy rivojlanishiga) befarq erkak ham oilasi uchun, ham jamiyat uchun muammo, chunki ota sifatida ham, rahbar sifatida ham u bolasining rivojlanishini, tegishli jamoat tuzilmalari taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlamaydi. 

Nima deysiz? 

АвторNargiza Aliqulova

Комментарии

Hamkorlar