Statistik maʼlumotlar ochiqligi va shaffofligi – barqaror rivojlanish garovi

Mamlakatimizda soʻnggi toʻrt yilda boshqa sohalar qatori milliy statistika sohasini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Amaliyotga xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy etish, statistik maʼlumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini taʼminlash – sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berildi. Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoev taʼkidlaganlaridek: “Statistika tizimi qanchalik haqqoniy va ochiq boʻlsa, islohotlar shunchalik toʻgʻri va natijador boʻladi”.

Mazkur siyosat doirasida qisqa davr ichida statistika sohasida avvallari tasavvur etish xam qiyin boʻlgan oʻzgarishlar roʻy berdi. Jumladan, aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik mavjudligi tan olinishi mazkur masalani davlat tomonidan tizimli yechishga zamin yaratdi. Xususan, barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddat ichida bu tizim orqali 500 mingdan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Sohadagi olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasi oʻlaroq bugun mamlakatimizning halqaro moliya bozoridagi mavqeyi ham sezilarli ortdi. Yaqin-yaqingacha Oʻzbekiston dunyoda suveren reytingga ega boʻlmagan kam sonli mamlakatlar qatoriga kirar edi. Bu esa mamlakatimiz tijorat banklari, sugʻurta kompaniyalari, boshqa xoʻjalik tashkilotlarining yuqoriroq moliyaviy reytingga daʼvo qilishini qiyinlashtirar edi. Mamlakatimiz 2018-yilda ilk bor xalqaro kredit reytingini qoʻlga kiritgani, hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, davlatimiz iqtisodiy tarixida yangi davrni boshlab berdi. Suveren kredit reytingi qoʻlga kiritilishining birinchi yiliyoq mamlakatimiz jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10-yilda birinchi marta yaxshilandi.

Bugun qolgan sohalarda ham statistik maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini hamda xalqaro me’yor talablariga mosligini taʼminlash borasida ishlar davom etmoqda. Xususan, ishsizlikni aniqlashni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga toʻliq moslashtirib, soʻrov oʻtkazish tartibini takomillashtirish va qamrovni kengaytirish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar tomonidan aniq ishlar amalga oshirilmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimida kasalliklarni davolash xarajatlari boʻyicha xalqaro hisob mexanizmi joriy etilmoqda. Bu esa kelajakda tibbiy sugʻurtani amaliyotga kiritish imkonini beradi.

Milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijadorligi bugun halqaro tashkilotlar tomonidan ham tan olinmoqda va yuqori baholanmoqda. Xususan, mamlakatlarning milliy statistika tizimini rivojlanganlik darajasini baholab boradigan Jahon banki tomonidan oxirgi chop etilgan “Statistika salohiyati indeksi”da Oʻzbekiston 67,8 ball bilan 154 ta davlat orasidan 67 – oʻrinni egalladi. Vaholanki 2016-yilda Oʻzbekiston mazkur indeksda  48,9 ball bilan 133-oʻrinni egallagan edi.

Mamlaktimizning “Statistika salohiyati indeksi”da oʻz oʻrnini muttasil ravishda yaxshilab kelishining asosiy omillari sifatida quyidagilarni koʻrsatish mumkin:

—  avvalambor soʻnggi yillarda Davlat statistika qoʻmitasi veb-saytida 20 ta boʻlimda 279 ta jadval koʻrinishida 2 mln dan ziyod statistik koʻrsatkichlar toʻplami va metamaʼlumotlar eʼlon qilinmoqda;

—  Xalqaro valyuta jamgʻarmasining kengaytirilgan Maʼlumotlarni tarqatishning umumiy tizimida 24 ta yoʻnalish boʻyicha 422 turdagi Oʻzbekiston Respublikasining makroiqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy statistik koʻrsatkichlar toʻplamlarini eʼlon qilib borilishi yoʻlga qoʻyildi;

—  Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Milliy Barqaror Rivojlanish maqsadlariga erishishni monitoring qilish boʻyicha veb-sayt (nsdg.stat.uz) ishlab chiqilib, oʻzbek, rus va ingliz tillarida ishga tushirilgan.

Mamlakatimiz erishilgan yutuqlar bilan albatta cheklanib qolmoqchi emas va 2020–2025-yillarda statistikani rivojlantirishining milliy strategiyasi doirasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali, 2025 kelib Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da birinchi 10 talikka kirishni koʻzda tutgan.

Tabiiyki bu muvaffaqiyatlar oʻz-oʻzidan boʻlib qolayotgani yoʻq. Uning zamirida davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoev tashabbuskorligi va rahnamoligida olib borilayotgan puxta oʻylangan siyosat yotganligini eʼtirof etish lozim. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori, 2017-yil 12-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoyishi hamda 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori, shuningdek, ularning ijrosi yuzasidan qabul qilingan hukumatning 30 dan ziyod qarorlari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga taʼkidlash joizki, yaqin yillargacha milliy statistika tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan yagona hujjat yoʻq edi. Shu bilan birga, 2002-yilda qabul qilingan “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi Qonun ham  yangilanishni taqozo etardi.

Aynan shu maqsadlarda, xalqaro tajribalarni oʻrganib, milliy statistika tizimining mavjud holati tahlil qilindi, muammo va kamchiliklar aniqlandi, rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi va statistika idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda butun milliy statistika tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi  “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4796-son Qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi bilan milliy statistika tizimini rivojlantirishning, hech mubolagʻasiz, yangi bosqichiga qadam qoʻyildi desa boʻladi.  Chunki, qarorda milliy statistika tizimi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator muhim normalar oʻz aksini topdi.

Birinchidan, davlat statistika organlari mustaqilligini yanada mustahkamlash yuzasidan Davlat statistika qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining mahalliy hokimiyat organlaridan mustaqilligi belgilab qoʻyildi hamda mazkur boʻlinmalar rahbarlarining bundan buyon bevosita Davlat statistika qoʻmitasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanishi tartibi joriy qilindi.

Ikkinchidan, Davlat statistika qoʻmitasining milliy statistika tizimidagi muvofiqlashtiruvchi roli mustahkamlandi. Xususan qoʻmitaga statistika maʼlumotlarini shakllantiruvchi barcha vazirlik va tashkilotlar statistik metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan oʻtkazish vakolati berildi.

Uchinchidan, statistik maʼlumotlarni shakllantiruvchi barcha vazirlik va tashkilotlarda alohida statistika boʻlinmalarining tashkil etilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Toʻrtinchidan, statistika tizimini rivojlantirishda faol ishtirok etishi uchun Statistika kengashi va Jamoatchilik kengashining faoliyati qayta tiklandi.

Beshinchidan, statistika sohasiga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, rasmiy statistika maʼlumotlarini shakllantirishni optimallashtirish maqsadida vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini integratsiya qilish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, qaror bilan mamlakatimiz tarixida ilk bor, statistika tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlar uchun dasturiy amal boʻlib xizmat qiluvchi – 2020-2025-yillarda statistikani rivojlantirishining milliy strategiyasi tasdiqlandi[1].

Strategiyada 6 ta yoʻnalish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan boʻlib, uni amaliyotga joriy etish maqsadida 200 dan ziyod tadbirni oʻz ichiga oluvchi “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar oʻlaroq, foydalanuvchilarga taqdim etiladigan statistika maʼlumotlari sifat va hajm jihatidan tubdan takomillashtirildi. Statistik nashrlar va toʻplamlar xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirildi. Avvallari olish imkoniyati boʻlmagan asosiy makroiqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar ochiqligi taʼminlandi.

Statistika sohasida maʼlumotlar ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, foydalanuvchilarga dolzarb boʻlgan statistika maʼlumotlarini erkin olish imkoniyati yaratilganligi nafaqat mamlakat ichidagi foydalanuvchilar, balki xorijiy foydalanuvchilar va eng asosiysi xalqaro statistika hamjamiyati tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda sohadagi islohotlarning muhim yoʻnalishi sifatida bugun xalqaro moliya tashkilotlari bilan statistikani shakllantirish va axborot almashinuvi boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bugungi kunda, 20 ga yaqin xalqaro moliya tashkilotlari bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, jumladan, 2018-yilning may oyidan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro valyuta jamgʻarmasining kengaytirilgan Maʼlumotlarni tarqatishning umumiy tizimida 24 ta yoʻnalish boʻyicha 422 turdagi makroiqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy statistik koʻrsatkichlar toʻplamlari eʼlon qilib borilmoqda.

Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizni yana bir muhim xalqaro statistik tadbir – Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) “Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021” (XTD-2021) da munosib qatnashishini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning muhim ahamiyati shundaki, bunda mamlakatimiz BMTning statistika sohasi boʻyicha eng keng qamrovli va muhim global dasturida ilk bor rasman ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021” global tadbiridagi ishtiroki rasman 2021-yil yanvar oyidan boshlanib, jumladan, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan har chorakda 2211 turdagi tovarlar va xizmatlar, shu jumladan 710 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, 1039 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari va 462 turdagi xizmatlar narxlarini oʻrganish yuzasidan kuzatuvlar oʻtkazib kelinmoqda. Toʻplangan narx maʼlumotlari MDH Statistika qoʻmitasiga xarid qilish qobiliyati paritetini hisoblash uchun taqdim qilib borilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda soʻnggi 4 yil davomida amalga oshirilgan ishlar pirovardida, shak-shubhasiz, mamlakatimizda zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan, taraqqiy etgan ilgʻor milliy statistika tizimini shakllantirishga va oʻz navbatida mamlakatimizning barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratadi deb hisoblaymiz.

 

[1] Maʼlumot uchun: Strategiya Jahon banki ekspertlari texnik koʻmagi asosida ishlab chiqilgan va uni hayotga tadbiq etish jarayonida davlat byudjeti mablagʻlaridan tashqari Jahon bankining 50 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarini jalb etish koʻzda tutilgan.