Viktor Abramovich DUXOVNIY

 

(Foto Albert Palvanov)

Yaqinda atoqli rahbar, ustoz, olim Viktor Abramovich Duxovniy olamdan o‘tdi. U barchamiz uchun ulkan meros va o‘gitlar qoldirdi, u ham bo‘lsa – hayotiy tamoyillarga qat'iy rioya etish va Markaziy Osiyo xalqlari farovonligiga erishish yo‘lida mehnat qilish.

V. A.Duxovniy – Markaziy Osiyodagi meliorativ va suv xo‘jaligi qurilishi sohasidagi atoqli olim va tashkilotchi, Xalqaro irrigasiya va drenaj komissiyasi faxriy vise-prezidenti, ShEKMO suv xo‘jaligi tashkilotlari tarmog‘ining ijrochi kotibi, Rossiya Federatsiyasi suv xo‘jaligi fanlari muammolari akademiyasining akademigi, texnika fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo SXKDM IAM direktori.

Uning mehnat faoliyati Mirzacho‘lni keng ko‘lamda o‘zlashtirish boshlanishi haqida xabar bergan huumat qarori chop etilgan kundan boshlandi.

Mirzacho‘l quruvchilari va cho‘lquvarlari qo‘shiniga qo‘shilgan yuzlab yosh mutaxassislar orasida u eng faol va tashabbuskorlardan bo‘ldi. U A.A.Sarkisov, I.Ya.Kaminskiy, Ye.I.Ozerskiy kabi qobiliyatli tashkilotchilar bilan, shuningdek qo‘riqning ilmiy asoslanishida qatnashgan V.V.Poslavskiy, V.A.Kovda, N.M.Reshetkin bilan hamkorlik qilish sharafiga muyassar bo‘ldi.

V.A.Duxovniyning butun ko‘p yillik ishlab chiqarish faoliyati mana shu “suv daholari” bilan birga 1960-1970 yillarda “yirik mavzelarda yerlarni sug‘orish va o‘zlashtirishning kompleks uslubi”ni ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq bo‘lgan. Oldin bu Mirzacho‘l bo‘lgan, keyin Qoraqum kanali, Jizzax va Qarshi dashtlari, Tojikistondagi Asht va Qizil mavzelari, Qirg‘izistondagi Laylak, Qoraqalpog‘istondagi sholikorlik hududlarini qamrab olgan.

“Mirzacho‘ldashtqurilish”, keyin “O‘rta Osiyo boshsho‘roxo‘jaligiqurilish” bosh muhandisi sifatida, u quruvchilar va cho‘lquvarlarning minglab kishilardan iborat jamoalarini boshqarishda katta tashkilotchilik ishini amalga oshirdi, ularni industrial va ilg‘or texnik usullar asosida birlashtirdi, yerlarni kompleks sug‘orish va o‘zlashtirishning prinsipial ilmiy asoslarini ishlab chiqdi. U o‘z tajribalari bilan uchta monografiyasida o‘rtoqlashadi. Mirzacho‘l, keyin Qoraqum va Qarshi kanali hududlari V.A.Duxovniy rahbarligida va ishtirokida vertikal, yopiq gorizontal va kombinasiyalangan drenaj, yopiq quvurlar, lotokli kanallar, qoplamalar, jumladan uning rahbarligida yaratilgan “kombinasiyalangan qoplama”ning ilg‘or usullari, shuningdek ushbu murakkab muhandislik tizimlaridan foydalanish texnologiyalari hayotga yo‘llanma oldi. Mirzacho‘lda o‘tkazilgan paxta xom ashyosini mashinada terishni tashkil etish tajribasi mutlaqo noyob sanaladi, uning natijasida 1970-1973 yillarda bu yerda jami hosilning 95 foizigacha mashina yordamida terildi.

Bularning bari unga 1972 yilda nomzodlik dissertasiyasini himoya qilish va 1973 yilda mamlakatdagi eng yirik V.D.Jurin nomidagi O‘rta Osiyo Irrigasiya ilmiy-tadqiqot instituti (O‘OIITI)ga direktor bo‘lish imkonini berdi.

O‘OIITIga rahbarlik qilib, u institut faoliyatini ishlab chiqarish ehtiyojlariga javob beruvchi ilmiy tadqiqotlarga, ularni yangi yerlarni o‘zlashtirishda va suv xo‘jaligi tizimlarini rekonstruksiya qilishga, yerlarning melioratsiyasiga, yangicha sug‘orish texnikasini joriy qilishga yo‘naltiradi.

Uning taklifi bilan O‘OIITI yirik ko‘p profilli ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga aylantiriladi, uning tarkibiga BIKB, Muhandislik markazi, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi korxonalari kiradi, u yerda qat'iy ilmiy-ishlab chiqarish sikli shakllanadi: “tadqiqot – konstruksiyalash, ishlab chiqarish, tatbiq etish”. Bu qisqa muddat ichida yangi texnologiyalarni, yangi texnikalar namunalarini, uskunalar, yangi qurilish materiallari, konstruktiv elementlar va boshqalarni joriy etish imkonini berdi.

O‘OIITI va shaxsan uning direktori Orol dengizi muammosi bo‘yicha ko‘plab hukumat komissiyalari ishida, “SSRIda yerlar melioratsiyasi” dasturida, Sibir' daryolari suvlarining bir qismini O‘rta Osiyoga yo‘llash loyihasida faol qatnashadi.

Bevosita V.A.Duxovniy tomonidan Orolbo‘yi dasturi va mintaqada suvdan foydalanishni takomillashtirish dasturi bo‘yicha qator prinsipial qoidalar joriy etilgan. Uning tashabbusi bilan SSRI Suv xo‘jaligi vazirligi O‘OIITIga “Sirdaryo” BBAT va “Amudaryo” BBAT bazasini tashkil etishni topshiradi, ular ushbu daryolar baysseynlaridan bo‘lg‘usi suv xo‘jaligi birlashmalari (BSXB)ga asos bo‘ldi.

1969 yildan Viktor Abramovich Duxovniy xalqaro tashkilotlar ishida faol qatnashadi. U 1966 yilda Irrigasiya va drenaj sho‘ro qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan. 1969 yilda Meksikada o‘tkazilgan Xalqaro irrigasiya va drenaj komissiyasi (XIDK) sakkizinchi kongressida ma'ruzachi sifatida qatnashdi va u yerda Mirzacho‘lni kompleks o‘zlashtirish bo‘yicha ma'ruza qildi. Shuningdek, ushbu komissiyaning 1975 yildagi Moskvadagi, 1978 yildagi Afinadagi va boshqa kongresslarida ham qatnashdi. U Toshkentda birinchi bor 1976 yilda o‘tgan XIDK Afrika-Osiyo konferensiyasi ilmiy qo‘mitasining raisi bo‘lgan. Uning maqolalari 1978 va 1982 yildagi XIDK ilmiy maqolalar to‘plamining 1- va 2- jildlaridan joy olgan. U XIDK jamoasi orasida ushbu tashkilotga beshta Markaziy Osiyo mamlakatlarini jalb qilganligi uchun katta hurmatga ega bo‘ldi. Uning Maslahatlashuv qo‘mitasida ishtirok etishi irrigasiya va Irrigasiya va drenaj sohasida xalqaro texnologik tadqiqotlar dasturi (IPTRID) tarmog‘i rivojlanishiga olib keldi. DSXKM IAM ham IPTRIDning markazlaridan biri sanaladi.

V.A.Duxovniy XIKDning Orol basseyni bo‘yicha ishchi guruhi vise-raisi va drenaj bo‘yicha ishchi guruh a'zosi sanaladi. Kanadada o‘tgan XIKD kongressida unga “Mukammallik mukofoti” taqdim etildi.

1990 yilda V.A.Duxovniy doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoyalaydi. O‘sha yili unga professor unvoni beriladi.

Mintaqadagi besh mamlakat mustaqillikka erishgandan boshlab, V.A.Duxovniy boshchiligidagi O‘OIITI daryolar bo‘ylab davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishda faol qatnashadi, bu 1992 yilda Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi – DSXMK IAM yuzaga kelishiga xizmat qiladi.

DSXMK qoshida ijroiya organ sifatida Ilmiy-axborot markazi (IAM) tashkil etiladi, u dastlab O‘OIITI qoshida faoliyat yuritib, 1996 yilda, DSXMK qarori bilan mustaqil tashkilotga aylantiriladi va uning direktori etib V.A.Duxovniy tayinlanadi.

DSXMK IAM uning rahbarligi ostida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi va DSXMKning Markaziy Osiyoda suv xo‘jaligini istiqbolli rivojlantirish tamoyillari va yo‘llarini ishlab chiqish, transchegaraviy suv resurslarida mintaqa mamlakatlarining davlatlararo hamkorligi asosi bo‘lmish basseyndagi ekologik vaziyatni boshqarish va yaxshilashni takomillashtirish borasida tahliliy va axborot organi sanaladi.

V.A.Duxovniy rahbarligi ostida Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish, Markaziy Osiyo mintaqasini suv bilan barqaror ta'minlash va ekologik tanglikni yumshatish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi. U transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, suv va yer resurslari hamda suvni tejash to‘g‘risidagi rivojlangan axborot tizimini yaratish sohasidagi qator qo‘shma xalqaro loyihalarning rahbari sanaladi.

Duxovniy 400 dan ortiq ilmiy maqolalar, 17 ta monografiya muallifi, 37 ta mualliflik guvohnomasiga ega, u xalqaro konferensiyalar va simpoziumlarda 150 dan ziyod ma'ruza qilgan, 11 nafar fan nomzodini tayyorlagan.

2003 yilda Rossiya Federatsiyasi Suv xo‘jaligi fanlari muammolari akademiyasi akademigi etib saylangan.

Viktor Abramovich Duxovniyning mehnati ikkita Mehnat Qizil bayroq ordeni, Xalqlar Do‘stligi ordeni va qator medallar bilan taqdirlangan. U Beruniy nomidagi davlat mukofoti (1973 y.), SSRI Vazirlar Kengashi mukofoti (1978 y.) laureati, SSRI Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Oliy Kengashi Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

 

 

АвторDSXMK IAM jamoasi

Комментарии

Hamkorlar