AYOL MAʼNAVIYATI - JAMIYAT RAVNAQI YOʻLIDA

Hap qaysi millatning oʻziga xos maʼnaviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir. Chunki, insonning eng sof va pokiza tuygʻulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bagʻrida shakllanadi. Bolaning xarakteri, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan maʼnaviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Shuningdek, ijtimoiy hayotda ayol ilmiy salohiyatining yuksak boʻlishi – jamiyatda barqarorlik va hamjihatlikning mustahkam boʻlish omillaridan biridir.

Oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlodning kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya oʻchogʻidir. Asosiy qonunimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, — deya belgilab qoʻyilgan. Mazkur tamoyil asosida mamlakatimizda oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, unga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish choralari koʻrilmoqda.

Yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeyi yanada mustahkamlandi. Davlatimiz rahbarining har yili 8-mart bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston xotin-qizlariga yoʻllagan tabriklarida inson tom maʼnoda erkin, ozod va farovon yashaydigan fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida jonkuyar va fidoyi xotin-qizlarning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayotganini taʼkidlar ekan, jumladan shunday degan edi: “...oldimizda yangi-yangi muammo va sinovlar paydo boʻlayotgan hozirgi gʻoyat murakkab davrda siz, muhtarama opa-singillarimiz hayotning turli soha va tarmoqlarida – bu davlat va jamiyat qurilishi, sanoat yoki qishloq xoʻjaligi boʻladimi, taʼlim-tarbiya yoki sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport boʻladimi – bularning barchasida biz bilan yonma-yon turib, fidokorona mehnat qilib kelayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi”.

Bugungi kunda xotin-qizlarning ilm-taraqqiyotidagi oʻrnini kengaytirish, ularning iqtidorlarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jamiyatimizda xotin-qizlar jamoat tashkilotlarining huquqiy vakolatlarini kengaytirish, faoliyat samaradorligini yanada oshirishga ham katta eʼtibor berilmoqda. Hozirda xotin-qizlarning salmoqli qismi taʼlim muassasalarida, nodavlat notijorat tashkilotlarining taʼlim, ayollar huquqlari, reproduktiv salomatlik, kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof-muhitni himoyalash kabi sohalarda samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Har qanday tuzum va har qanday ijtimoiy muhitda ayollar ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish orqali oila farovonligiga erishiladi. Oila farovon boʻlsa, bu oʻz navbatida, jamiyatning ravnaqiga olib keladi. Shuning uchun xotin-qizlar masalasini olib chiqish orqali jamiyat miqyosida tahsinga loyiq juda koʻp vazifalarni bajarish mumkin. Ayolga xos boʻlgan maʼnaviy fazilatlar uning tabiatga, odamlarga yaqinlik, doimo yaxshilikni oʻylab yashash, halol mehnat qilish, dunyoning tengsiz neʼmat va goʻzalliklaridan bahramand boʻlishida namoyon boʻladi. Ayol maʼnaviyati ijtimoiy hayotning yorqin koʻzgusidir. Chunki ayolda ham oilaviy turmush, ham iqtisodiy va siyosiy hayot oʻz aksini koʻrsatadi. Ayol maʼnaviyatining har bir qirrasi jamiyat ijtimoiy siyosiy hayoti bilan uzviylashadi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019-yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi nutqida: “Meni kishilarimizning ongida paydo boʻlgan stereotip koʻp oʻylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qoʻrgʻonining qoʻriqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, toʻgʻri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham boʻlishi kerak,” — degan edi.

Albatta, bizning davlatimiz mustaqillikka erishgan kunidan boshlab, yurtimizda ayollarning  ijtimoiy muammolarini hal etish uchun ularga ish oʻrinlarini yaratish, xotin-qizlarning iqtisodiy sohada, tadbirkorlikda, fan va texnika taraqqiyotida hamda  davlat qurilishidagi  nufuzini koʻtarish, oʻrnini kengaytirish kabi masalalar davlat siyosati darajasida ulugʻlandi. Ayolni ulugʻlash va uni himoya qilish borasida qabul qilingan muhim hujjatlar ayollarning barcha qatori mehnat va ijod qilishi, ijtimoiy hayotda va davlat qurilishida ishtirok etishi lozimligini isbotlab berdi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, hukumatimiz muhim hujjatlarining mohiyatida jamiyatdagi ijtimoiy va maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, yosh avlodni oʻtmishimizga munosib vorislar qilib tarbiyalash, xalqimizning qadriyatlarini qadrlash, yoshlarimizni turli oqimlardan himoya qilish, xotin-qizlarimizning ijtimoiy, huquqiy  manfaatlarini muhofaza qilish kabi  masalalar oʻrin egallagan.

Oʻzbekistonning buyuk kelajagini bunyod etish asosan bugungi yosh avlodning zimmasida ekan, ularni bilimli, madaniyatli, mehnatsevar, tashabbuskor, izlanuvchan etib shakllantirish hayot tajribasiga ega, qiyinchiliklarda toblangan yoshi ulugʻlarimiz, faxriylarimizning, shu bilan birga mazkur ishga daʼvat etilgan tarbiyachilar, muallimlar, olimlarning va umuman barchaning asosiy vazifasi boʻlib qoladi. Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi ham fikrimizning dalilidir. Bu borada yoshlar tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Yoshlarni maʼnaviy va jismoniy shakllantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, ragʻbatlantirish borasida davlatimiz olib borayotgan siyosatning namunasidir. Shu boisdan ham kelajak borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturida yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor berish, ularni jamiyatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy taraqqiyotida faol ishtirok etishlarini taʼminlash har bir fuqaroning burch va vazifalari hisoblanadi. Mazkur holatda eng avvalo,  yoshlarimiz ongida maʼnaviyat va axloqiylik kabi yuksak fazilatlarni tarbiyalashimiz zarur boʻladi, yaʼni yoshlar tarbiyasi sohasidagi siyosatni keng jabhada olib borilishi, jumladan, oiladagi  tarbiya poydevorini taʼlim maskanlarida ham uygʻun ravishda mustahkam qoʻyilishiga eʼtibor qaratilishi zarur.

Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

 Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoev taʼkidlaganidek: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”.

Hozirgi kunda ushbu maqsad yoʻlida yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʻmak berish — barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʻlishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi. Bunda ham oila va onalarimiz oʻz tarbiyalari orqali maqsadga yetaklaydi.

Tarixdan maʼlumki, butun dunyoda ilgʻor fikrli insonlar hamisha, asrlar osha xotin-qizlar masalalariga juda katta ahamiyat qaratib kelganlar. Buning sababi, ayolning tabiatan goʻzalligi, donologi, oqilaligi, bunyodkorligi, yaratuvchanligi, mehnatsevarligi, yurtparvarligi, adolatliligi, mehr-shafqatliligi, eng muhimi, uning nozik jismiga hattoki juda kuchli erkakning ham qoʻlidan kelmaydigan ogʻir, oʻta masʼuliyatli, shu bilan birga, sharafli, muqaddas vazifaning — onalik vazifasining yuklatilganligida boʻlsa, ajab emas. Chunki ayol kishigagina onalik va oiladagi bosh tarbiyachilik rolini birvarakayiga olib borish, amalga oshirish tabiatan inʼom etilgandir.

Bugungi kun oʻzbek ayoli maʼrifatli, maʼnaviyati yuqori, tafakkuri teran, shu bilan birga zamonamizga hos barcha ijobiy xislatlarni oʻzida mujassamlashtirgan oqila va dono boʻlishi hamda ayol jamiyatning negizi hisoblangan oilada farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanib qolmasdan, jamiyatda ham oʻz oʻrniga ega boʻlmogʻi lozim.

Hozirda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrnini, ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish taqozo etilmoqda va xotin-qizlar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan bir qator masalalarga alohida eʼtibor berib kelinmoqda, jumladan:

  • xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini, ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini taʼminlash;
  • xotin-qizlarning intellektual salohiyatini oshirish va oʻzlaridagi salohiyatni turli jabhalarda namoyon etishlari uchun yanada keng va real imkoniyatlarni yaratib berish;
  • ayollarning uy-roʻzgʻor, bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan yumushlaridan, oʻz oilalaridan uzoqlashmagan holda oila daromadini koʻpaytirishiga oʻz ulushini qoʻshishini, uyda turib mehnat faoliyati bilan band boʻlishlarini taʼminlash;
  • oilalarda yuzaga kelgan muammolarni hal etish, onalarning farzandlar tarbiyasi va parvarishi borasidagi tashvishlarini kamaytirish;
  • xotin-qizlarning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ularning kichik va oilaviy biznes bilan shugʻullanishlari uchun qulay sharoitlarni yaratish  va tadbirkor ayollarga har tomonlama koʻmaklashish;
  • mamlakatda sogʻlom onani shakllantirish, aholi va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish;
  • oilalar, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash va boshqalar.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ayollarga jahon davlatlarining hech birida kuzatilmagan ehtirom va hurmat koʻrsatiladi. Mustaqillikka erishganimizdan buyon, ayol zotini ulugʻlash uchun  uning nomiga yillar ataldi, ayol nomida mukofotlar joriy etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatda ayollar sonini koʻpaytirish haqida kvotalar joriy qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotgan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlash uchun barcha huquqiy asoslar, shart-sharoitlar mavjud. Jumladan, vakillik organlariga oid saylov qonunchiligida ayollarga imtiyozlar belgilangan. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Qonunda xotin-qizlarning soni siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini tashkil etishi lozimligi qayd etilgani ham fikrimizning yaqqol isbotidir.

Xotin-qizlarning davlat va jamiyat ishlarida ishtirok etishlari uchun Oʻzbekistonda yaratilgan huquqiy va tashkiliy sharoitlar davlat siyosatining muhim yoʻnalishidir. Ayollar va bolalar salomatligini muhofaza etish muammolarini hal etishga xotin-qizlarni tobora koʻproq jalb etishga; ayollarning moliyaviy kreditlardan foydalanishini taʼminlashga, ayollar va bolalar jinoyatiga qarshi kurashga, ekologik xavfsizlikka, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda, qonun loyihalari muhokamasida, saylov jarayonida xotin-qizlarning qatnashishiga katta ahamiyat berilmoqda.

Elimizda ardoqli boʻlib yashab oʻtgan, yurtimiz shaʼnini ulugʻlab, dunyolarga tanitgan, ilm-fanimiz dovrugʻini sarhadlar osha sharaflanishiga erishgan fidoyi ayollarimizning hayoti, ijodi biz uchun, ayniqsa yosh qizlarimiz uchun bir umr ibrat maktabidir.

Bizning yurtimizda ayollarning ijtimoiy muammolarini hal etish uchun ularga ish oʻrinlarini yaratish, xotin-qizlarning iqtisodiy sohada, tadbirkorlikda, fan va texnika taraqqiyotida hamda davlat qurilishidagi  nufuzini koʻtarish, oʻrnini kengaytirish kabi masalalar davlat siyosati darajasida koʻtarildi. Oʻzbekistonda birinchi navbatda, ayollarni, oilani, onalik va bolalikni himoya qilishning huquqiy bazasi yaratildi, ikkinchidan, ayollar va oilani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga, joylarda ularga aniq yordam koʻrsatishga alohida ahamiyat berildi va bu ishlar bugungi kunda amalga oshirib kelayotganini guvohi boʻlib turibmiz.

Ayolni ulugʻlash va uni himoya qilish borasida qabul qilingan muhim hujjatlar ayollarning barcha qatori mehnat va ijod qilishi, ijtimoiy hayotda va davlat qurilishida ishtirok etishi lozimligini isbotlab berdi. Prezidentimizning «Ayollarning jamiyatdagi mavqeyi va rolini koʻtarish davlatchiligimizning ustuvor va asosiy yoʻnalishlaridan biridir» degan soʻzlarining oʻzi ham yurtimizda ayollar ijtimoiy xuquqlarining naqadar kafotlanganligidan dalolat beradi.

Oila har birimiz kamolga yetadigan, farzandlarimiz oʻsib-ulgʻayadigan muqaddas dargohdir. Unda inson kamoloti uchun zarur boʻlgan barcha omillar mavjud. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mamlakatimizda oilalarni har tomonlama ravnaq toptirish masalasiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayol zoti jamiyatning sifat belgisini qoʻyib beruvchi, ijtimoiy hayot muammolarini bartaraf etuvchi, oʻzining aqli va salohiyati bilan  farzandlarini kamolga yetkazuvchi, tarbiya va maʼrifatning egasidir. Shunday ekan, Oʻzbekiston ayollari kelajak egalari boʻlgan farzandlarini nafaqat dunyoga keltirish, balki bu farzandni barkamol etib tarbiyalashda oʻz oʻrni mavjud ekanligini koʻrsatmoqda.

Jamiyatda yuzaga keladigan maʼnaviy  barkamollik, avvalo, uning eng kichik yacheykasi boʻlmish – oilaning mustahkam va barkamol boʻlishiga bevosita bogʻliqdir. Oiladagi maʼnaviy vaziyat – avvalo ayolning aqliy salohiyati, ongi, dunyoqarashi darajasiga chambarchas bogʻlangan. Bu esa ayoldan bilim darajasi keng va chuqur  boʻlishini talab qiladi.

Jumladan, oila madaniy hodisa sifatida xalqimizning boy va qadimiy tarixini, moddiy va maʼnaviy merosini, qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalarni avloddan-avlodga asl holida yetkazadigan, milliy faxr sifatida avaylab asraydigan va jahon miqyosida umuminsoniy qadriyat tarzida namoyish etadigan uyushmadir. Shuningdek, jamiyatimizning farovonligi, jahonda taraqqiy etgan davlatlar safidan oʻrin olish uchun toʻla imkoniyat yaratmoq niyatida mehnat qiladigan jismoniy sogʻlom, maʼnaviy boy, axloqiy pok, komil farzandlarni ham oila tarbiyalab voyaga yetkazadi. Olimlarning taʼkidlashlaricha, ota-onalar farzand tarbiyasida asrlar davomida shakllangan anʼanalarga, bu boradagi umuminsoniy qadriyatlarga tayanganida, davr ruhi va ehtiyojlarini eʼtiborga olganida yaxshi natijalarga erishadilar. Bu ishning samarasi koʻproq tarbiyaning maqsadi va usullariga bogʻliq boʻladi.

Umuman olganda, mamlakatimizda yangilanish jarayoni kechayotgan hozirgi davrda jamiyat quruvchilari boʻlmish yoshlarni maʼnaviy boy, axloqiy yetuk, yuqori bilimli, jismonan baquvvat, har tomonlama kamol topgan shaxs etib shakllantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Yuksak insoniy xislatlarga ega barkamol shaxs, avvalo, oilada shakllanadi va oʻzi tarbiya topgan oila anʼanalari uning jamiyat faoliyatida oʻz oʻrniga ega boʻlishida katta ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 5325-son Farmoni www.lex. Uz.
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020-yil 29-dekabr
  3. Musurmonova O. Oila maʼnaviyati – milliy gʻurur. – T.: Oʻqituvchi, 1999. – 2000 b.
  4. Sharipova D. Maʼnaviy barkamol shaxsni shakllantirish –jamiyat taraqqiyotining asosi.–T.: Fan va texnologiya, 2002. –21 b.
  5. Karimova V.M. Oila psixologiyasi: Darslik. Pedagogika oliygohlari talabalari uchun. – T.: Fan va texnologiya, 2015. – 252 b.
  6. Quronov M. Oila va barkamol avlod tarbiyasi.–T.: Maʼnaviyat, 2012. –134 b.
  7. Najmidinova K.U. Oila tarbiyasida milliy va umuminsoniy axloqiy madaniyatning oʻrni. (monografiya).-T.: Adolat, 2016.-224 bet.

фото: UNDP Uzbekistan

 

 

 

 

АвторXakimova M.F. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Innovatsion taʼlim” kafedrasi mudiri, p. f.d., professor

Комментарии

Hamkorlar