2020-yil butun dunyo uchun sinov yili bo‘ldi. Hayot go‘yoki to‘xtadi va insoniyat COVID-19 pandemiyasidan boshqa biror narsa haqida o‘ylay olmaydigandek ko‘rindi. Ammo ilm-fan va muhandislik borasidagi yil yakunlari bunday murakkab davrlarda insoniyat o‘z ixtirochilik qobiliyatini saqlabgina qolmay, balki vaziyatlarning o‘zgarishiga qarab uni rivojlantirishini ham ko‘rsatdi.  Time jurnali joriy-yilning eng yaxshi kashfiyotlari reytingini tuzdi. Biz ulardan eng qiziqarlilarini aniqlab, u yoki bu ixtiro mamlakatimizda qanday qo‘llanilishi mumkinligini tushunishga harakat qildik.

Qishloq xo‘jaligi

Qishloq xo‘jaligida yaxshi yangiliklar bor va ular birinchi navbatda asalarichilarga tegishlidir. O‘rtacha har-yili asal tashuvchi asalarilarning 40%i haroratning keskin o‘zgarishi, kasalliklar sababli yoki uyaga zararli pestitsidlar kirishi oqibatida [halok bo‘ladi]. Endi esa sun’iy intellekt qo‘llanilgan ari uyasi – Beewise ishga kirishadi. Robototexnika, kompyuter nigohi sohasidagi so‘nggi yutuqlardan va bevosita sun’iy intellekt tizimidan foydalanib, Beehome hasharotlarni 24/7 rejimida nazorat qiladi. U oyiga 15 dollar turadi va 2 million asalarini kuzatish imkoniga ega. Uyaga parazitlar tushsa yoki harorat keskin o‘zgaradigan bo‘lsa, uning ichki tizimlari darhol munosabat bildiradi, masalan asalari uchun xavfsiz kimyoviy moddalar va haroratni muvofiqlashtirgichlar ishga tushadi. Ushbu texnologiya asalarilar unumdorligini qariyb ikki barobarga oshirish imkonini beradi, shuning barobarida koloniya ichida o‘lim darajasini qisqartiradi. O‘zbekiston azaldan keng ko‘lamda asal yetishtirish bilan mashhur ammo ishlab chiqarish jarayonining texnologik ta’minlanganligi primitiv darajada qolgan. Bunday kashfiyotlar mahalliy asal ishlab chiqaruvchilarga nafaqat o‘z ishlab chiqarish ko‘lamlarini kengaytirishga, balki mahsulotni tashqi bozor uchun yanada jozibaliroq qilishga ham yordam beradi.[11]

Kimyoviy moddalar qo‘llashdan to‘liq voz kechish, birinchi qaraganda, qishloq xo‘jaligi uchun mutlaqo halokatli ko‘rinishi mumkin, zero bunda fermerlar katta maydondagi ekinlarga ziyon keltiruvchi zararkunandalar va yovvoyi o‘tlar bilan kurasha olmay qoladilar. Ammo sun’iy intellektga ega uch tonnali gigantning bu boradagi fikri o‘zgacha. Titan FT-35 avtonom robot-traktor bo‘lib, yovvoyi o‘tlarga qarshi kurashda gerbitsidlar o‘rniga mashina ta’limi va kompyuter nigohidan foydalanadi. Oddiy traktor yoki kombayn izidan borib, mashina ham madaniy ekinlarni, ham ularning o‘sishiga to‘sqinlik qiladigan yovvoyi o‘simliklarni aniqlaydi. Yovvoyi o‘tlarni aniqlashdagi xato bir santimetrdan oshmaydi. Yovvoyi o‘tni aniqlagach, robot uni ehtiyotkorlik bilan, madaniy ekinlarga zarar yetkazmay yerdan sug‘urib oladi. Bugungi kunda bu robotlar Arizona va Kaliforniya dalalarida muvaffaqiyatli ishlatilmoqda va yaqin kelajakda ommaviy ishlab chiqarishga joriy etiladi. O‘zbekiston uchun, uning qishloq xo‘jaligi ko‘lami va yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari turli-tumanligini hisobga olsak, bunday qurilmalar juda foydali bo‘ladi. Boz ustiga, ushbu tovarlar uchun eksport standartlari-yildan-yilga qat’iylashayotgani va importchilar kimyoviy moddalardan foydalanishni ma’qul ko‘rmasliklari bu yangilik ahamiyatni yanada oshiradi.[12]

 

Bundan tashqari, 2020-yilda atrof-muhitga zarari allaqachon isbotlangan azotli o‘g‘itlarning munosib muqobili yaratildi. Kaliforniyada joylashgan Pivot Bio dunyoda birinchi bo‘lib donli ekinlar, jumladan bug‘doy, javdar, guruch va arpa uchun mikrobli bioo‘g‘itlarni yaratdi. PROVEN nomini olgan mahsulot sintetik eritmalarni azotushlagich mirkoblar bilan almashtiradi. Ular havoda mavjud azotni ushlab qolib, uni o‘simlik foydalanishi mumkin bo‘lgan shaklga aylantiradi. O‘g‘it narxi hozirda mavjud analoglaridan qariyb 5 barobar past, atmosferaga tashlanadigan zararli tashlamalar miqdori esa taxminan 1 gigatonn uglerod ikkilangan oksidini tashkil qiladi. O‘zbekiston hududida tuproqni boyitish qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy omillaridan biri sanaladi. Ammo tuproqni boyitishning an’anaviy uslublaridan foydalanish atrof-muhitga sezilarli zarar keltirishi mumkin. O‘g‘itlar ishlab chiqarish sohasidagi bunday innovatsiyalar mahalliy fermerlar uchun juda qiziqarli bo‘lishi mumkin.[13]

Tibbiyot

Ilmiy fantastikaga bag‘ishlangan filmlarda bir-birlarining ichlarini ham ko‘ra oladigan, olingan ma’lumotni xuddi kompyuter kabi tahlil qiladigan qahramonlar bisyor. Bu syujetlar Augmendics bosh direktori Nissan Elimelexni tibbiyot xodimlari uchun superqahramon nigohini imitatsiyalovchi qurilma yaratishga undadi. Tibbiy diagnostika uchun vositalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Augmendics kompaniyasi jarrohlar uchun qo‘shimcha voqyelik apparatini yarata oldi. Kashfiyot bemor kompyuter tomografiyasini uch o‘lchamli vizualizatsiyaga aylantiradi va shu orqali, deylik, umurtqada jarrohlik amaliyoti o‘tkazuvchi jarrohga ko‘mak beradi. Garnitura bemor umurtqasining uch o‘lchamli tasvirini uning tanasi ustiga tushiradi, bu bilan jarrohlarga teri ostida nimalar borligini ko‘rish imkonini beradi. Qurilma allaqachon AQShning yetakchi shifoxonalarida, jumladan Jon Xopkins universiteti Tibbiyot markazida ishlatilmoqda.[14]

Tibbiyot xodimlari o‘z hamkasblari bilan bog‘lanishga ko‘p vaqt sarflaydilar, holbuki bu vaqtda ular boshqa bemorlarni ko‘rishlari mumkin bo‘lardi. Baxtimizga, endi bu ishni o‘z zimmasiga oluvchi yordamchi mavjud. Vocera Smartbadge – 2000–yillar o‘rtalaridagi mobil telefon o‘lchamidagi qurilmani bo‘yinga stetoskop bilan birga osib yurish mumkin. U shifokorlarga ovozli buyruqlar orqali o‘zaro bog‘lanish imkonini beradi. Endi shifokorlar qo‘lqopni yechib, mobil telefonni olib, raqam terish va u tomonning javob berishini kutishlariga hojat qolmaydi. Aloqa jarayoni endi tibbiy muolajalar o‘tkazishga aslo halaqit bermaydi. Bu qurilmaning samaradorligi COVID-19 koronavirus infeksiyasi pandemiyasi davrida, shifokorlar himoya liboslarini tezda yechish imkoniga ega bo‘lmagan paytlarida o‘z isbotini topdi.[15]

Texnika

Sun’iy intellekt asosidagi muxtor boshqaruv tizimiga ega avtomobillar allaqachon yangilik bo‘lmay qoldi, aqlli binolar esa rosmana qiziqish uyg‘otadi. Gap BrainBox AI kompaniyasining yangi kashfiyoti haqida bormoqda, u tashqi muhit harorati, atmosfera bosimi va boshqa ma’lumotlardan binoning ichki iqlimini tartibga solish va konditsionerlash tizimlarini boshqarishda foydalanadi. Bundan tashqari, ixtiro bino atmosferasidagi uglerod birikmalari miqdorini 20–40%ga qisqartirishga yordam beradi. Bugungi kunda bu qurilma jami 40 mln. kv. fut maydonda foydalanilmoqda.[16]

 

Mobil telefonlar – kun bo‘yi inson qo‘lidan tushmaydigan matoh. Shunday ekan, gajetlar yuzasida millionlab bakteriyalar in qurishi hayratlanarli emas. Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘rtacha statistik smartfon yuzasida 17 000dan ortiq bakterial gen mavjud bo‘lishi mumkin, bu unitaz o‘rindig‘ida uchrashi mumkin bo‘lgan bakteriyalar o‘rtacha miqdorida 10 barobarga ko‘pdir. Balki avvalgi paytlar bunga ko‘pchilik e’tibor bermagandir ammo pandemiya hammani sergak qilib qo‘ydi. Aksariyat foydalanuvchilar endilikda o‘z qurilmalari ustini, ayniqsa jamoat joylarida bo‘lgan bo‘lsalar, kuniga bir necha marta deziinfeksiyalaydilar. Oblio deb atalgan qurilma bu muammoni hal eta oladi. Ushbu kashfiyot tashqi ko‘rinishi ajoyib guldonni esga soluvchi simsiz zaryadlash qurilmasi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida mobil telefonni ultrabinafsha nurlar yordamida dezinfeksiyalaydi. U atigi 29 daqiqa ichida 99% foizgacha bakteriyani yo‘q qila oladi. Qurilma taqriban 80 dollar turadi va yaqin orada COVID-19 infeksiyasiga sinab ko‘riladi. [17]

COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan masofadan ishlash rejimi virtual majlislar va konferensiyalar texnologiyalariga talabni mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi. Bu kabi tadbirlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar jadal sur’atlarda xodimlar muloqoti uchun mavjud vositalarni modernizatsiyalash va yangilarini yaratishga kirishdilar. Shuningdek, ular konferensiya jarayonining real chiqishiga e’tibor berdilar. Muammoning mana shunday yechimlaridan biri 2020-yilda kashf etilgan Meeting Owl Pro bo‘ldi. Qurilma 360 darajali manzaraga ega stolusti kamerasi bo‘lib, u xonadagi gapirayotgan odamga avtomatik ravishda e’tiborni qaratib, unga ob’ektiv va mikrofonni yo‘naltiradi. Shunda, konferensiyami bo‘ladimi yoki o‘quv mashg‘ulotimi – onlayn yig‘ilish ishtirokchilari nima ro‘y berayotganligini yaxshiroq anglaydilar va jarayon real voqyelik rejimiga maksimal darajada yaqinlashadi.[18]

Sof ishlab chiqarish

Quyosh energiyasidan foydalanish-yildan-yilga kengayib bormoqda, ushbu energiyadan oziqlanuvchi turar joylar esa, hayratga solmay qo‘ydi. Quyosh nurlari energiyasini to‘plovchi bahaybat Quyosh stansiyalari ham odatiy holga aylandi. Yanada jiddiyroq bosqichga o‘tish vaqti kelmadimikan? Ayni payti! Heliogen kompaniyasi qurilish materiallari, birinchi navbatda po‘lat va beton ishlab chiqarish uchun Quyosh energiyasidan foydalana boshladi. 100 000 ta motorlashgan ko‘zguli maydon kompyuterda boshqarilib, Quyosh nurini 40 metrli, bahaybat kuchaytiruvchi oyna rolini o‘ynovchi minoraga yo‘naltiradi. Minora ichidagi harorat Selsiy bo‘yicha 1000 darajaga yetadi. Bu harorat po‘lat, sement yoki elektr ishlab chiqarish uchun yetarlidir. Bundan tashqari, kompaniya rejalarida ushbu texnologiyalar asosida issiqxona gazlarini chiqarish nol darajada bo‘lgan avtomobillar uchun vodorod ishlab chiqarishning yangi uslublarini ishlab chiqish ham mavjud.[19]

Iqlimning global o‘zgarishi sharoitida ichimlik suvi eng qimmatli resurslardan biriga aylanadi. WEDEW nomli yangi mobil generator ichimlik suvi ishlab chiqarish uchun havo hamda hayvon va o‘simliklar mahsulotlari qoldiqlari, jumladan daraxt qipig‘i, po‘st va sh.k.lardan foydalanadi. Yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan bu materiallar qiziydi, bunda ajralib chiqadigan bug‘ generator yordamida kondensatsiyalanadi va ichimlik suviga aylanadi. O‘z ichiga akkumulyator bo‘lmasi va sovituvchi modulni ham olgan butun tizim 40 futli transport konteyneriga joylashadi. Jahon oziq-ovqat dasturi yordamida generatorlar Uganda va Tanzaniyaga foydalanish uchun yuborilgan. Ishlab chiqaruvchilar tez orada o‘z agregatlarini qo‘llash hududini kengaytirishni ko‘zda tutganlar.[20]

 

Ko‘rganimizdek, o‘tayotgan 2020-yil nafaqat pandemiya va o‘zini o‘zi ihotalash bilan, balki turli sohalardagi ilg‘or ixtirolar bilan ham yodda qoladi. Tabiiyki, bular joriy-yildagi ilmiy va innovatsion izlanishlarning hammasi emas ammo maqolada keltirilgan kashfiyotlar butun dunyoda keng qo‘llanilishga joriy etilishi shubhasizdir.

 

 

[1] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911321/beehome/

[2] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911421/titan-ft-35/

 

[3] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911423/proven/

[4] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911324/xvision/

[5] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911335/vocera-smartbadge/

[6] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911317/brainbox-ai/

[7] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911338/lexon-oblio/

[8] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911333/owl-labs-meeting-owl-pro/

[9] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911422/heliogens-helioheat/

[10] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911413/wedew/

 

[11] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911321/beehome/

[12] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911421/titan-ft-35/

[13] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911423/proven/

[14] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911324/xvision/

[15] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911335/vocera-smartbadge/

[16] https://time.com/collection/bestinventions-2020/5911317/brainboxai/

[17] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911338/lexon-oblio/

[18] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911333/owl-labs-meeting-owl-pro/

[19] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911422/heliogens-helioheat/

[20] https://time.com/collection/best-inventions-2020/5911413/wedew/

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *