Tahririyatimizda – yosh olim, professor, Lotus Engineering texnologik startapining asoschisi Amir Obidov. Nanotexnologiyalar, garajlar, nilufar va bular bari bir-biriga qanday bog‘liqligi haqida suhbatlashamiz.
Garaj falsafasi
Google, Apple, Mattel, Disneyni nima birlashtirib turadi? Bular bari milliardlab aktivga ega ekanligi va barchasi dunyoni o‘zgartirib yuborgan kompaniyalar ekanligidan tashqari?
Stiv Jobs ota-onasining garajida ish boshlagan, Bill Geyts va Pol Allen Microsoftga garajda asos solishgan, Uilyam Xarli bo‘lajak mototsikl dvigatelining loyihasini do‘stining garajida yaratgan, Rut va Elliot Xendler, Barbi qo‘g‘irchog‘ini yaratishdan oldin, garajda fotosuratlar uchun romlar yopishtirardilar, Uolt va Roy Disney amakilarining garajida kinokamera uchun podium qurishgan.
Ayrim musiqa guruhlari ham ilk qadamlarini garajda boshlashgan. Masalan, The Beatles.
Bu aynan garaj muvaffaqiyatning zaruriy omili ekanligini anglatmaydi, ammo uning dohiyona, innovatsion g‘oyalar o‘chog‘i ekanligini ham rad etib bo‘lmaydi. Bizning davrimizda garaj faqat avtomobil yashaydigan va ta’mirlanadigan, eski ashqol-dashqollarga kon bo‘lgan maskangina emas, balki boshlanishning, startapning timsoliga aylandi.
Darvoqye, Lotus Engineering ham garajda dunyoga kelgan. Albatta, muvvafaqiyatga erishish, milliardlab aylanmalarga ega bo‘lish, dunyoni o‘zgartirib yuborgan kompaniyaga aylanish uchun buning o‘zi yetarli emas, lekin yana boshqa omillar ham unda mavjud. Masalan, ajoyib g‘oya, qobiliyat, qat’iyat va biroz omad.
Hammasi garajda boshlanadi
Lotus Engineering – bu yosh olim, professor, ilmiy loyihalar muallifi Amir Obidovning startapi. Amir 10 yil Janubiy Koreyada yashadi va Kumo milliy texnologiya institutida, Gumidagi Elektronika va axborot texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida o‘qidi, Xitoyning Nankin shahridagi Texnika universitetida ishladi. Bu kasbni tanlashiga muhandis otasi sababchi bo‘ldi, shuningdek Amir bobosini ham yodga oladi – Chorsuda, boshida – salla, egnida – chopon, o‘zi pichoq charxlash bilan shug‘ullanuvchi bu istarasi issiq insonni suratga olishga sayyohlar atay kelishar, qolaversa San’at muzeyidagi tikuvchi haykali obrazi aynan undan olingandi.
Lotus Engineeringga uch yil oldin asos solingan va o‘tgan davr ichida u milliy va mahalliy startap tanlovilarida g‘alaba qozonishga ulgurdi. Amirning qoplamalar, filtrlar va matolar uchun nanomateriallar ishlab chiqish bo‘yicha o‘z laboratoriyasi bor (tabiiyki, garajda). Burnog‘i yili Lotus Engineering loyihalari InnoWeek 2018 innovatsiyalar haftaligida taqdim etilgandi, o‘shanda kompaniya eng yaxshi startap sovrinini qo‘lga kiritgan. Ishlanmalardan biri – CleanBox sterilizatsiya qurilmasi Start Haifa 2018 tanlovida eng yaxshi deb topilgan.
Nanotexnologiyalar to‘g‘risida
“Nanotexnologiyalar” iborasi “startap” so‘zi bilan barobar takrorlanadi va unga barcha o‘rganib ham qoldi. To‘g‘ri, bu nima va uning nima keragi borligini hamma ham yaxshi tushunavermaydi.
Bilgichlarning aytishlaricha, nanotexnologiyalar – bu nanoo‘lchamdagi (1 nm.dan 100 nm.gacha) ob’ektlarni yaratish imkonini beruvchi ishlab chiqarish uslubidir. “Nano” qo‘shimchasi milliarddan bir ulush degan ma’noni anglatadi. Bir nanometr – bu metrning milliarddan bir ulushidir. Bu molekulalar va atomlar o‘lchamidir. Nanotexnologiyalarda yaratiladigan ob’ektlar alohida xususiyatlarga ega.
Nanotexnologiyalar – bu zamonaviy ilm-fanning barqaror trendi, lekin o‘tmishning ayrim artefaktlari ajdodlarimiz ham materiallarga ishlov berishda ularning molekulyar tuzilmasini o‘zgartira oladigan usullardan foydalanganliklariga ishora qiladi.
Amir Likurg qadahi haqida so‘zlaydi – u qadah shaklidagi qadimiy buyum bo‘lib, ikki qavat shishadan yasalgan, o‘yma naqshlar bilan bezatilgan. Uni Britaniya muzeyida ko‘rish mumkin. Qadahning mashhurligiga sabab – uning g‘ayrioddiy xususiyatga egaligidir: yorug‘lik old tomondan tushsa, u yashil rangda ko‘rinadi, orqa tomondan yoritilsa – qizil tusga kiradi. Shuningdek, qanday suyuqlik quyilganiga qarab ham qadahning rangi o‘zgaradi. Suv unga moviy rang bersa, yog‘dan u alvon rang oladi. Bu g‘aroyib xususiyatlarga qadah yasalgan shishaning alohida tarkibga egaligi sabab bo‘ladi. Shishada taxminan 70 nanometr o‘lchamdagi kumush va oltin zarralari mavjud bo‘lib, bunday tarkib qadahga yorug‘likka qarab tovlanish imkonini beradi.
Bunga qanday erishilgani ilm-fanga noma’lum – bunday ish qadimda bo‘lmagan maxsus jihozlar va texnologiyalarni talab qiladi.
Zamonamizga qaytamiz.
Lotus Engineering laboratoriyasida noyob xususiyatli nanokristallar va nanotolalar o‘stiriladi va ular asosida kompaniya o‘z mahsulotlarini yaratadi.
Nanotuzilmalarning xususiyatlaridan biri – atrofni zararsizlantirish. Lotus Engineering ultrabinafsha nurlar ta’siri ostida mikrob hujayralarini parchalovchi filtrlar yaratdi. Ushbu filtrlar asosida Clean Box nanosterilizatori ishlab chiqildi. Uni maishiy ashyolar, bolalar o‘yinchoqlari, kiyimlar va poyabzal, mayda uskunalarni zararsizlantirish uchun qo‘llash mumkin.
Sterilizator xona haroratida ishlaydi. U nafaqat shifokorlar va yosh onalar, go‘zallik saloni va umumiy ovqatlanish nuqtalari xodimlari uchun, balki o‘z salomatligi va shaxsiy gigienasi haqida qayg‘uruvchi barcha insonlar uchun foydalidir. Sterilizator ifloslantiruvchilarni xavfsiz karbonat angidrit gazi va suvga parchalaydi, bakteriyalar, viruslar, zamburug‘larni yo‘q qiladi, shuningdek havodagi formaldegid, spirt, uglevodorodlarni ketkazadi, noxush hidlarni yo‘qotadi. Qolaversa, Clean Box inson va hayvonlar uchun bexavfdir.
Yana Lotus filtrlari suvni moy va neft mahsulotlaridan tozalay oladi, shu sababli ularni suv havzalari yuzasidan moy qatlamini ketkazishda qo‘llash, gaz va havo kompressorlariga o‘rnatish mumkin.
Nanotolalar xususiyatlaridan biri – ularning gidrofobligi, ya’ni “suvni quvishi”dir. Buni “nilufar effekti” deb ataydilar – ushbu o‘simlik barglari gidrofob moddalarning ko‘zga ko‘rinmas bo‘rtmalari bilan qoplangan bo‘lib, shu sababli suv tomchilari bargni ivitmaydi, balki undan oqib, o‘zi bilan kirni ham yuvib ketadi. Nanokristallar bilan qoplangan mato ham xuddi shunday suvni quvish xususiyatiga ega va namga chidamli tentlar, palatkalar, bintlar yaratishda qo‘llanilishi mumkin. Bunday effektli bintlar bemorlar jarohatini namdan, kir va mikroblardan himoyalash imkonini beradi. Bunday bog‘lam bilan hatto dush qabul qilsa bo‘ladi.
Lotus-filtrlar ishlatiladigan yana bir, o‘ta muhim soha – ular shahar miqyosida, katta ko‘lamdagi havoni chiqindi gazlar, allergenlar, viruslar va bakteriyalardan tozalash uchun qo‘llanilishi mumkin. Bunday filtrlarni sanoat zonalarida, maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalarida ishlatsa bo‘ladi, ularning ishlashi uchun esa, quyosh nuri yetarli.
Lotus Engineeringning ushbu loyihalarining barchasi tijoratlashtirish bosqichida turibdi. Amirning aytishicha, uning rejalarida Chirchiqda laboratoriya ochish, xodimlar shtatini kengaytirish va seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
… Amir tahririyatimizda o‘tirib, ko‘zlari porlagan holda o‘z ishi, loyihalari haqida so‘zlab berarkan, bizga dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirib yuboradigan ixtirochilar, olimlardan biri qarshimizda o‘tirgandek tuyulib ketdi. O‘sha, ishni garajda boshlaganlardan biri.
Biz investitsiyalar jalb qilish, ta’lim islohotlari, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida ko‘p yozamiz, xo‘b gapiramiz. Muvaffaqiyat sohiblari haqida rosa o‘qiymiz, muvaffaqiyat retseptlarini yozib olamiz. Katta ishlar kichigidan boshlanadi – kim biladi, yaxshi g‘oya, qat’iyat, o‘ziga ishonch, atrofdagilar qo‘llab-quvvatlashidan tashqari, muvaffaqiyat uchun garaj ham kerakdir?
Amir Abidov