BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib jahon ahli soni 9,7 milliard kishiga yetadi, 2100 yilda esa, 11 milliardlik cho‘qqi zabt etilishi kutilmoqda. Aholining o‘sishi, resurslar cheklanganligi va iqlim o‘zgarishlari insoniyat o‘zini o‘zi boqa olish-olmasligi masalasini kun tartibiga qo‘yadi.
Qishloq xo‘jaligini yuritishning zamonaviy uslublari va innovatsiyalar, jumladan o‘simliklarni himoyalash, seleksiya va sun’iy o‘g‘itlar joriy talabni qondirishda yordam beradi ammo, yuqoridagi prognozlarga asoslanilsa, insoniyat katta miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqarish va sayyorani sof saqlash o‘rtasida to‘g‘ri muvozanatni ta’minlash uchun navbatdagi innovatsiyalar to‘lqiniga ehtiyoj sezadi.
Bugungi kunda butun dunyoda issiqxonada ekin parvarishi kengayib borayotgan voqyelik sanaladi. 2019 yil yanvar oyida sabzavotlar yetishtirish uchun issiqxonalar egallab turgan maydon 498 ming gektarni tashkil qilgan. Qiyoslash uchun: 1980 yilda e’lon qilingan global issiqxonalar maydoni 150 ming ga.ni tashkil qilgan.
Issiqxonalar, dala sharoitlariga qaraganda, har gektardan o‘rtacha 15 barobar ko‘p hosil bera oladi. Bundan tashqari, daladagi dehqonchilikdan 40-60 foizlik tovar hosiliga taqqoslaganda, hosilning 90 foizi issiqxonada yetishtirilgan meva-sabzavotlar sanaladi.
Bundan tashqari, issiqxonalar allaqachon ekstremal iqlim o‘zgarishlari va kutilmagan ob-havo sharoitlarini yengib o‘tishda yordam bermoqda va bu holat global iqlim o‘zgarishi jarayonida ularni alohida jozibali qilmoqda. Ular salqin iqlimda meva va sabzavotlar yetishtirish uchun keng ishlatiladi. Masalan, Niderlandiya o‘zining issiqxona majmualari bilan shuhrat qozongan – ularning maydoni 70 gektargacha yetadi.
Ashyolar interneti texnologiyasi issiqxona dehqonchiligida bir qancha muhim afzalliklarga ega. Birinchidan, ko‘plab mamlakatlar va mintaqalarda suv yetishmasligi katta muammo sanaladi. Bundan tashqari, chuchuk suv zaxirasi tobora kamayib bormoqda va jahon hamjamiyati suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ustida ko‘proq bosh qotirmoqda. Ashyolar interneti ilovasi orqali boshqariladigan intellektual datchiklar o‘rnatish orqali, issiqxonalarda suvdan foydalanishni minimallashtirish mumkin. Bu sug‘orishni datchik ko‘rsatkichlariga qarab, avtomatik amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi sug‘orish tizimini sozlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Ashyolar interneti tizimi kameralar va datchiklar yordamida o‘simliklar uchun ideal sharoit yaratadi – ular o‘simliklar holatini muntazam kuzatib boradi va fermerni potensial muammo haqida avtomatik xabardor qiladi. Bulutli dasturiy ta’minotda talab qilinadigan atmosfera sharoitlarini belgilab, Ashyolar interneti tizimi issiqxonani qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘simliklar uchun ideal yashash muhitiga aylantiradi. Intellektual qurilmalar bir-biri bilan axborot almashib, qaror qabul qila oladi va bu orqali harorat, havo almashinuvi, kislorod hamda karbonat angridrit gazining qat’iy chegarada ushlab turish imkonini beradi.
Kasallangan va zararlangan ekinlar fotosuratlarining katta ma’lumotlar bazasidan foydalanib, sun’iy intellektga asoslangan aqlli dasturiy ta’minot o‘simliklardagi dog‘lar va hasharotlarga qarab qonuniyatlarni o‘rganadi. Smartfon uchun ilova yordamida fermerlar o‘z issiqxonasidagi kasallangan ekinni suratga olishlari va muammoning tashxisiga, shuningdek tavsiya etiladigan davolash strategiyasiga ega bo‘lishlari mumkin.
Qolaversa, SI issiqxonadagi isitish, yoritish, namlik darajasi va ekin hamda o‘simliklarga ta’sir qiluvchi boshqa omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganib, issiqxonaning bo‘lajak hosildorligining nisbatan aniq prognozini chiqarishga ham qodir. Tahlil natijalariga ko‘ra, fermer juda sodda shaklda xabar oladi: “Bu haftada siz X miqdorda pomidor olasiz” yoki “Sizning kalanxoeingiz sotuvga Y kuni tayyor bo‘ladi”.
Aniqki, issiqxona dehqonchiligi kelgusida ishlab chiqarishni yanada jonlantirishda davom etadi, biroq ular shunchaki oynavand inshootgina bo‘lib qolmaydilar. Ashyolar interneti va sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlar tufayli, issiqxonalar dehqonchilikning aniq nazorat qilinuvchi muhitiga aylanishlari mumkin va fermerlar yanada yuqoriroq hosildorlik va daromadga ega bo‘lish uchun unga bemalol tayana oladilar.
QVANT tahririyati tahlil guruhi