2020 yilgi Global innovatsion indeks (Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan Kornel universiteti va INSEAD hamkorligida chop etiladigan har yilgi hisobot)ga ko‘ra[1], O‘zbekiston umumjahon reytingida 93- o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 4- o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z oldiga Global Innovation Index reytingi bo‘yicha yetakchi 50 ta mamlakat safiga kirishdek dadil maqsadni qo‘ygan. Bu maqsadga ayollarni ilm-fan va tadqiqotlarga faol jalb qilmay erishib bo‘ladimi? Albatta, yo‘q.

 

 

Barchamiz Galiley (teleskop) va Karl Bens (avtomobil), Aleksandr Grem Bell (telefon) va Benjamin Franklin (bifokal ko‘zoynaklar) kabi mashhur kashfiyotchilar haqida eshitganmiz, ammo Greys Xopper va Stefani Kvolek haqidachi?

Bu ayollardan biri kompyuterda dasturlash uchun texnologiyani butkul o‘zgartirib yuborgan ilk kompilyatorni kashf etgan bo‘lsa, boqshasi po‘latdan besh barobar mustahkam kevlar[2] materialini ixtiro etgan. Bu ixtirolar dunyoni butkul o‘zgartirib yubordi, ammo tarixdan ko‘rinadiki, ayollar erishgan yutuqlar va innovatsiyalar ko‘p holda bee’tibor qoldiriladi.

Shuni yodda tutish kerakki, ayollar yetarlicha e’tibor va e’tirofga ega bo‘lsalar, ularning o‘zlari taqlid uchun namuna bo‘lishlari, keyingi avlod qizaloqlarini ruhlantirishlari mumkin. Butun dunyo va insoniyatning butun tarixi davomida ixtirochi ayollar o‘z kashfiyotlarini o‘ylab topgan, ishlab chiqqan, sinovdan o‘tkazgan va takomillashtirgan bo‘lishsa-da, ko‘pchiligimiz bitta bo‘lsin, ayol ixtirochining ismini zo‘rg‘a eslaymiz.

Amalda, kundalik foydalanishda bo‘lgan ko‘plab mahsulotlar va texnologiyalar ortida ixtirochi ayollar turadi: qutqaruvchi soldan bir martalik tagliklar va raketa yoqilg‘ilarigacha. Shu bilan birga, har kuni ishlatadiganimiz narsalar ham ayollar tomonidan yaratilgan va o‘ylab topilganligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Agar mobil telefoningizda GPSdan foydalansangiz, yomg‘ir ostida mashinada ketayotganingizda oyna artgichni ishlatsangiz, oila davrasida “Monopoliya” o‘ynasangiz yoki shokolad ushog‘ili pechene yesangiz, ular ortida turgan ayolga minnatdorchilik bildirishingiz mumkin!

Afsuski, tarixan, patentlangan kashfiyotchilar ro‘yxatida ayollar hyech qachon yetarlicha taqdim etilmagan. Yigirmanchi asrgacha ayollar, ayniqsa turmush qurgan ayollarga shartnoma tuzish, maosh olish, o‘z ko‘chmas mulkiga (jumladan, patentlarga) ega bo‘lish va muvaffaqiyatli kashfiyotlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnik ko‘nikmalar, bilimlar o‘zlashtirish huquqi rad etilardi. Bu cheklovlar ayollarni biror kashfiyot qilish imkonidan mahrum etardi, agar kashfiyot qilsalar ham, o‘z ixtirolari uchun e’tirofga ega bo‘lmasdilar. 1965 yilga qadar ixtirochi ayollar 2%dan 3%gachani tashkil qilgan.

 

OLAMSHUMUL: BUGUNGI KUNDAGI AYOLLAR VA KASHFIYOTLAR

Britaniya intellektual mulkni himoya qilish byurosi (IPO) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, butun dunyoda patent arizalarining 13 foizidan kamrog‘igina ayollardan kelib tusharkan[3]. Bu har yettita ixtirochi erkakka bitta ayol to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Tadqiqot tasdiqlashicha, keyingi 20 yil ichida patentlarga ariza topshirgan ayollar soni orta boshladi. Buyuk Britaniya va AQShda 1998 yildan 2017 yilgacha patentga ariza topshirgan kashfiyotchi ayollar soni 9,44% va 10,04%ni tashkil qilgan.

O‘sishga qaramay, sayyoramizda kashfiyotchi ayollar soni hali ham keyingi besh yil ichida matematika, injeneriya, texnologiya va tabiatshunoslik bo‘yicha diplom olgan ayollar sonidan ortda qolmoqda. Patentga ariza topshirgan da’vogarlar orasida ayollar ulushi ortayotgan bo‘lsa-da, hozirgi sur’atlarda, bu sohada gender tengligi faqat 2070 yilga borib erishiladi.

Qiziq jihati shundaki, Yel universitetining shu sohada avvalroq o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, ayollar patentga ariza topshirsalar ham, kamroq qo‘lga kiritishlari tendensiyasi mavjuddir. Ochiq-oydin ayollar ismi bo‘lgan ariza tasdiqdan o‘tishi imkoniyati kam. Yuqoridagilarning barini hisobga olsak, olimalar o‘z tadqiqotlari uchun patent olishda 50%ga kamroq imkoniyatga ega bo‘ladilar. Avvalroq Butunjahon intellektual mulkni himoya qilish byurosi tadqiqoti belgilaganidek, erkaklarga qaraganda ayollar o‘z kashfiyotlarining tijorat foydasi ham kamroq o‘ylaydilar.

ENG KO‘P IXTIROCHI AYOLLAR ULUSHIGA EGA MAMLAKATLAR

Kashfiyotchi ayollar soni bo‘yicha dunyoning yetakchi 10 mamlakati

Reyting Mamlakat 1998 yildan 2017 yilgacha patent arizalaridagi kashfiyotchi ayollar ulushi
1 Togo 57,14%
2 Uganda 44,55%
3 Latviya 39,05%
4 Liberiya 38,89%
5 Ruanda 37,50%
6 Kuba 36,73%
7 Botsvana 35,71%
8 Shri-Lanka 34,22%
9 Papua-Yangi Gvineya 29,63%
10 Gruziya 29,56%

 

Qizig‘i shundaki, ayrim mamlakatlarda, ayniqsa Afrikada, patentga ega ixtirochi ayollar ko‘proq. Top-10 talikda 5 ta mamlakat aynan Afrikadan. Togoda butun sayyoradagi eng ko‘p ixtirochi ayollar ulushi kuzatilgan (57,14%), uning ketidan Uganda keladi (44,55%). Eng ko‘p ixtirochi ayollarga ega boshqa Afrika mamlakatlar qatorida – Liberiya (38,89 foiz), Ruanda (37,5 foiz) va Botsvana (35,71 foiz). AQSh va Buyuk Britaniya ixtirochi ayollar ko‘pligi bo‘yicha 100 talikka kirmagan.

Rossiyada esa, keyingi 20 yil ichida patent olish uchun taqdim etilgan arizalarning 17 foizida mualliflar safida bir nafar bo‘lsa ham ayol qatnashadi. Shu tariqa, patentlar berilishi bo‘yicha yetakchi o‘nta mamlakat ichida Rossiya ixtirochi ayollar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi.

 

2014 yil 9 noyabrda Hollivud yulduzi Xedi Lamarr tavalludining yuz yilligi nishonlandi. Biroq, aynan aktrisa tavallud kuni – 9 noyabr Germaniya, Avstriya va boshqa bir qator yevropa mamlakatlarida Kashfiyotchilar kuni deb e’lon qilingan.

Keling, g‘aroyib bir faktni anglashga urinib ko‘ramiz: ko‘z o‘ngimizdagi xonim nafaqat go‘zal ayol va aktrisa, balki u – kashfiyotlaridan har kuni foydalanayotganimiz inson.

Uning kashfiyotlari hozirgi GSM, GPS, Bluetooth va Wi-Fi 802.11 tizimlari asosida yotadi.
U doimiy yopiq bo‘lmagan aloqa kanallari uchun axborotni shifrlash prinsiplarini o‘ylab topgan.
U tufayli hozirda siz Wi-Fidan, birov kanalingizga “o‘tirib” olishidan qo‘rqmay foydalanasiz.

Xedi Lamarr kashfiyotisiz hozirda harbiy yo‘ldoshlar uchmagan, uyali telefonlar ishlamagan bo‘lardi, navigatsiya tizimlari haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.

 

O‘ZBEKISTON: INTILGANI CHO‘QQILAR BISYOR

Ochiq ma’lumotlar portalida taqdim etilgan axborotga ko‘ra[4], 2020 yilning 9 oyi davomida Intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatga olish uchun 3055 ta ariza kelib tushgan, bunda ixtirolar umumiy arizalarning 8 foizinigina tashkil qiladi. Bundan tashqari, ixtirolarni patentlashga berilgan arizalar soni o‘tgan yilning shu davridagiga nisabatan 29,5%ga kamaygan, bu COVID-19 pandemiyasi natijasidagi global tendensiya aksi bo‘lishi ham mumkin. Arizalarning yarmidan ko‘pi savdo belgilari (54%) va 32 foizi IT-dasturlar bo‘ldi.

IMO ro‘yxatga olish ma’lumotlari

    2019 yil

9 oyi

2020 yil

9 oyi

 
1 Ixtirolar 265 187 -29,4%
2 Foydali modellar 71 82 +15,5%
3 Sanoat namunalari 142 90 -36,6%
4 Tovar belgilari 1790 1043 -41,7%
5 EHM uchun dasturlar 1044 1628 +55,9%
6 Ma’lumotlar bazasi 12 16 +33,3%
7 Seleksiya yutuqlari 5 9 80%
8 Jami 3329 3055 -8,2%

2020 yil 9 oyida IMO ro‘yxatga olinishi bo‘yicha ma’lumotlar

Ixtirolar sanoat Sanoat namunalari EHM uchun dasturlar Seleksiya yutuqlari Foydali modellar Tovar belgilari Ma’lumotlar bazasi

 

2020 yil birinchi yarim yilligida ixtirochilarning jins va institutsionalizatsiyasi kesimida taqdim qilinganligi quyidagicha ko‘rinish oladi: ixtirolarning yarmidan ko‘prog‘i (53%) xususiy sektor (asosan tibbiyot va farmatsevtika) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, 28% ixtiro OTM yoki tadqiqot institutlari laboratoriyalari doirasida yaratilgan, 15% – erkaklar va faqat 4% – ayollar.

 

2020 yilning birinchi yarmida 156 ta ixtirodan faqat 6 tasi ayollar nomiga ro‘yxatga olingan. Bunda, agar ixtirolar sohalari haqida aytadigan bo‘lsak, bu asosan tibbiyot sohasi bo‘lgan: 50% – ginekologiya, qolganlari – stomatologiya, gepatologiya va farmakologiya. Sog‘liqni saqlash sohasida ayollar 70 foizni tashkil qiladi, bu innovatsion va ilmiy faoliyatga qiziqish pastligi natijasidir.

 

 

ILM-FAN VA IXTIRO: ULAR AYOLLAR ISHI EMASMI?

Agar texnologiyalar va innovatsiyalar ayollar ishi emas, deb hisoblaysizmi? “Gender miyasi. Zamonaviy neyrbiologiya ayollar miyasi haqidagi afsonani puchga chiqaradi” kitobining muallifi Jina Rippon aytishicha esa, “erkaklar” va “ayollar” miyasi degan tushuncha – bor-yo‘g‘i xato tasavvurdir. Boz ustiga, Rippon o‘z kitobida havola beradigan qator tadqiqotlar, masalan, Saymon Baron Koenning ilmiy ishi miyaning “erkaklarga xos” turi ayollarda ham bo‘lishi va aksincha ham kuzatilishi mumkinligini isbotlaydi.

Bugun biz «neyroqayishuvchanlik» nimalagini bilamiz: u miyaning o‘zgarishga, yangi neyron aloqalarini shakllantirish va, atrof-muhitdagi o‘zgarishlarga javoban, o‘z ishini korreksiyalashga qobilligini anglatadi. Demak, miyamiz moslasha olarkan. Rippon o‘g‘il va qiz bolalarga bolalikda turlicha yondashishlari sababli, ularning miyalari turlicha rivojlanishini tushuntiradi. Masalan, o‘g‘lingizga Minecraft konstruktorini, qizingizga malika qo‘g‘irchog‘ini sotib olishingizning o‘zi ularga ta’sir ko‘rsatishingizdir. Bu holat hisobga olinsa, erkak va ayol miyasidagi farq haqidagi har qanday dalillarni shubha ostiga olsa bo‘ladi. Ha, ikki jinsda miya farqli, lekin bu organizmning tuzilmviy xususiyatimi yoki shunchaki, turlicha yondashuv va tarbiya natijami – aytish qiyin. Aftidan, yosh o‘tgani sayin miyani aynan neyroqayishuvchanlik turlicha qiladi.

IXTIROCHI AYOLLAR KELAJAGI

Qanday jins vakiliniki bo‘lmasin, yangi texnologiyalar ishlab chiqishni ilgarilatuvchi barcha ixtirolar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Va aksincha, ayollar bu sohada keyingi bir necha yuz yilliklarda yetarlicha taqdim etilmaganlar.

Sotsiologlar taxmin qilishicha, ushbu nomuvofiqliklar ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik ishi va matematika sohasida faoliyat yuritadigan ayollarning kam sonli ekanligi tufayli yuzaga kelgan. Intellektual huquqni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi  Powell&Gilbert firmasi hamkori Penni Gilbert taxminiga ko‘ra, hamma gap kadrlar tarkibida: “Agar yanada ko‘proq ayollar patentlarga ariza topshirishini istasak, ko‘proq ayollar universitetlarda aniq fanlarni tanlashlari, keyin tadqiqot laboratoriyalarida ishlashlari kerak bo‘ladi”,- deydi u.

Ammo zamonaviy dunyoda, texnologiyalar doimiy o‘zgarib borishi tufayli, patentlar olish har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.

Ayollarga dadillik singdirilsa va o‘zlarining g‘oyalariga ishonishlari maslahat berilsa, ixtirochi ayollar sonini o‘sishda davom etishi mumkin. STEMga yo‘nalgan ta’lim oluvchi talaba qizlar soni ortishi bilan aksariyat ayollar patentga qobil ixtirolar bor sohalar bilan tanishadi, ularga bu kelajakda foyda keltirishi mumkin. Shu tariqa, ixtirochi ayollar soni ortaveradi.

Dunyo ixtirochi ayollar qadriga yetmagan o‘tmishdan farqli o‘laroq, zamonaviy ixtirochilar tan olinmoqdalar. Hozirda ixtirochi ayollarga o‘z ixtirolari uchun patent olishlari, shuningdek mahsulotlarini sotishlari yoki investor topishlari osonroq. Texnologiyalar tufayli ixtirochilar butun dunyoda e’tirofga sazovor bo‘ldilar.

Huquqshunos Penni Gilbert aytganidek, ta’lim va ayollar kelgusida tanlaydigan karera borasida shakllangan xato stereotiplarni sindirish va, ham maxsus utsozlik dasturlari yordamida, ham olimalar orasidagi ijobiy namunalarni targ‘ib qilish orqali ularni aniq fanlarga yo‘naltirish kerak.

 

 

 

[1] https://www.wipo.int/global_innovation_index/en/2020/

[2] Kevlar – issiqqa chidamli va mustahkam sintetik tola bo‘lib, Nomex va Technora kabi boshqa aramidlarga yaqin turadi. bu mustahkamligi yuqori material Stefani Kvolek tomonidan DuPontda 1965 yilda ishlab chiqilgan, tijorat maqsadlarida birinchi bor 1970- yillar boshlarida, poyga shinalarida po‘lat o‘rnini bosuvchi sifatida ishlatilgan.

[3] https://www.gov.uk/government/publications/gender-profiles-in-worldwide-patenting-an-analysis-of-female-inventorship-2019-edition

[4] https://data.gov.uz/

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *