O‘tgan asr boshlarida Genri Ford ishlab chiqarishga konveyerni tatbiq etgan va ilk hamyonbop avtomobilni chiqargan edi. Natijada, ko‘plab odamlar issiqqina ish o‘rinlaridan ayrilishga majbur bo‘lgandilar yoki daromadlariga putur yetgandi. Butun dunyo uchun ne’mat bo‘lgan texnologiya taraqqiyoti mahalliy muammolarni tug‘dirgandi.
Insonning avtomatizatsiyalangan tizimlar bilan almashtirilishi masalasi har yerda o‘z yechimini topmoqda. Bu ham moliyaviy jihatdan foydali, ham sifatga ta’sir ko‘rsatadi: avtomatlar kamroq xato qiladi, kunu-tun ishlaydi va shaxsiy muammolarga ega bo‘lmaydi. Shu tariqa, zamonaviy dunyoda ko‘plab kasblar qirilish yoqasiga kelib qoldi.
Avtomatizatsiya asrida huquqshunoslarni nima kutmoqda?
2016 yilda Baker & Hostetler yuridik kompaniyasi yangi xodimni ishga oldi. Bu ROSS deb nomlangan ilk robot-advokat edi. U IBM tomonidan yaratilgan Watson kognitiv tizimi asosida ishlaydi. Robot inson nutqini tushunadi, axborotni izlay oladi, gipotezalar bilan javob beradi va professional adabiyotga havolalarga tayanib argumentlar keltiradi. Shu tariqa, raqamli advokat bir daqiqada ishni o‘rganib chiqishi, normativ hujjatlarda muvofiqlikni topishi va xolisona xulosa berishi mumkin.
Misol sifatida poytaxtimizdagi o‘rtacha statistik kompaniyani olaylik: qoidaga ko‘ra, u samarali elektron hujjat almashinuvi va jarayonlar avtomatizatsiyasiga ega emas. Ish jarayonlari pala-partish, tartibga solinmagan, xodimlar o‘z bilgicha, topshiriqqa muvofiq, odatga ko‘ra ish yuritadilar. Ish jarayonlarining chigalligi, hisobdorlik tahlilining murakkabligi, umumiy ish tizimi va bilimlar bazasi mavjud emasligi, ishni tezda boshqa huquqshunosga topshirishning imkonsiz ekanligi — bu kompaniyalar vaqt va mablag‘ yo‘qotadigan muammolarning ayrimlari, xolos.
Deylik, mana shunday kompaniyalardan biri robot sotib oldi. Bu innovatsiya kompaniya muammolarini hal qiladimi yoki robot ishsiz qolib ketadimi?
Raqamli xodim huquqshunos sifatida sifatli ishlashi uchun, kompaniyada biznes-jarayonlarning avtomatizatsiyasi joriy etilishi kerak. To kompaniyaning o‘zi to‘liq kompyuterlashtirilmas ekan, barcha jarayonlar elektron hujjat almashinuvi vositasida yuritilmas ekan, ishlar avtomatizatsiyalanmas ekan, robot o‘zini oqlamaydi. Hatto shu holatda ham robotning huquqiy kuchga egaligi (ayniqsa, mijoz manfaatlarini sudda himoya qilishda) masalasi ochiq qoladi.
Nega endi inson-advokat kasbi butkul yo‘qoladigan kunga yaqin qolgani haqidagi gaplar tez-tez takrorlanmoqda?
Birinchi navbatda, ishlarning aksariyati bir maromda, zerikarli va alohida aqliy izlanishlar talab etmaydigan joyda odamlar o‘rniga robotlar keladi. Zamonaviy bozorda huquqshunoslarning bir xildagi ishlarini soddalashtiradigan hujjat almashinuvining samarali tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘plab takliflar mavjud.
Masalan, mayda debitorlik qarzlari va mijozlar qo‘nimsizligi odatiy hol bo‘lgan mobil xizmatlarni taqdim etish kompaniyasining olaylik. Har bir kompaniya o‘zining ichki hisob siyossatini tasdiqlaydi, unda qarzdorlikni undirish faqat kompaniya zarariga bo‘ladigan va sarflangan vaqt, mehnat hamda moliyaviy resurslarni qoplamaydigan minimal summa belgilanadi. Savodli tuzilgan atvomatizatsiya tizimga debitorlik qarzdorligiga ega mijozlarni muddat va summa bo‘yicha shakllantirish, da’voni rasmiylashtirish va mijozning korporativ raqami yoki elektron pochtasiga yuborish imkonini beradi. Sud ishlari bo‘yicha ham shunday taomil amalga oshiriladi, huquqshunosga davlat bojini o‘z vaqtida to‘lashni tashkil etish, hujjatlarni sudga yo‘llash va ishtirok etish qoladi. Yana ham taraqqiy etgan dasturlar bor, ular, alohida algoritmlar o‘rnatilganda, muayyan summagacha bo‘lgan davlat bojini mustaqil to‘laydi, da’voni shakllantiradi va uni elektron shaklda sudga, belgilangan rekvizitlar bo‘yicha yo‘llaydi.
Buyuk Britaniya yoki AQShda huquqshunosning faoliyatini zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ulkan hajmdagi huquqiy axborot, uyum-uyum qog‘ozlar va shartnomalar, ish va sudlarning uzluksiz oqimi, yuqori toifali mutaxassislarning faoliyatini besamar harakatlarga aylantirmaslik uchun, tizimlash va avtomatizatsiyani talab qiladi. O‘zbekistonda yirik yuridik firmalar o‘z mutaxassislarining ishini zamonaviy dasturiy ta’minot yordamida avtomatizatsiyalashga intiladilar, biroq aksariyat kompaniyalar yuridik departamentlari xodimlari eskicha ish ko‘radilar, vaqtlarini standart amaliyotlarga sarflaydilar.
Avtomatizatsiya qachon o‘zini oqlaydi
Agar advokatlik idorasi yoki yuridik departament besh nafardan ortiq xodimga ega bo‘lsa, muqarrar ravishda bitta sud ishi ustida ishlayotgan huquqshunoslar o‘rtasidagi aloqalarda murakkabliklar yuzaga keladi, ular vazifalar taqsimotida va ijroning rahbar tomonidan nazorat qilinishida ko‘rinadi.
Agar kompaniyada bir vaqtda bir necha sud jarayonlari kechayotgan bo‘lsa, huquqshunoslar hujjatlar va argumentatsiyalarni tayyorlash bo‘yicha ishlarga ko‘milgan bo‘ladilar — ular sud majlislarida buyurtmachining manfaatlarini himoya qilishlari lozim bo‘ladi, shu bilan bir vaqtda ulardan mijozni ish borishidan muntazam xabardor qilib turishlari, bajarilgan ish haqida hisobot tayyorlashlari talab qilinadi.
O‘z vaqtida xabardor qilish yuristga navbatdagi hujjatlarni vaqtida tayyorlashni unutmaslik yoki sud majlisi keyinga qoldirilganidan boxabar bo‘lish imkonini beradi. Hisobotlar esa, berilgan o‘lchamlar bo‘yicha avtomatik ravishda tayyorlanishi va huquqshunosni zerikarli ishdan xalos qilishi mumkin.
Avtomatizatsiya huquqshunos uchun barcha ishni qilib bermaydi, balki uning faoliyatini bir tizimga soladi va yuridik departament rahbari uchun shaffofligini oshiradi, bu esa xodimlar faoliyati samaradorligini va nazoratini yaxshilaydi.
Yuridik xizmatni avtomatizatsiyalash nima beradi:
- ishni ko‘rish uchun zarur hujjatlarni tizimlashtirish va ulardan tezda foydalanish;
- bir xildagi ishlarni soddalashtirish hisobiga, xodimlar faoliyatining samaradorligini oshirish; bilvosita bu xodimlar motivatsiyasining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi;
- sud xarajatlarining qisqarishi va ish yuritish bo‘yicha ish vaqti sarfining kamayishi;
qarorlar qabul qilinishining tezkorligi; - ish bo‘yicha hujjatlardan foydalanish darajasining aniq chegaralanishi;
- inson omilining istisno etilishi — birorta hujjat yoki sud majlisi sanasi xodimning bee’tiborligi sababli qolib ketmaydi yoki unutib qoldirilmaydi;
- standart hujjatlarning tezkor tayyorlanishi va sud ishlari bo‘yicha hisobotlarning bir zumda olinishi;
- turli sud ishlari bo‘yicha vazifalar muddatlarining nazorat qilinishi.
Sud va loyihalashtirish faoliyatining avtomatizatsiyasi huquqshunosning vaqtincha mavjud emasligi yoki yangi xodim kelib, oldin nima bo‘lgani, ish qanday yuritilgani, hujjatlarni qaerdan, qanday izlash va to‘plash kerakligini bilmay turgandagi qiyinchiliklarni hal qiladi. Jarayonlar avtomatizatsiyasi tizimi istalgan davr uchun kerakli hisobotni taqdim etadi, elektron omborda arxivda saqlanadigan hujjatlarni o‘rganish uchun chiqarib beradi, yuzlab hujjatlar va vazifalarni hal qilishga to‘g‘ri kelganda axborot ichida adashib, muhim ma’lumotni bee’tibor qodirish ehtimolini yo‘qqa chiqaradi. Bunday tizim faqat sud ishlarini yuritibgina qolmay, boshqa turdagi loyihalarni ham boshqaradi: shartnoma va da’vo faoliyati, undirish, shuningdek har bir daqiqani rejalashtirish va hisobga olish imkonini beradi.
O‘rnatma konstruktor arizalar, shartnomalar, da’volar, hisoblar va boqsha hujjatlar namunalarini shakllantirish imkonini beradi. Standart hujjatlarni namunalardan foydalanib shakllantirish bir necha daqiqa ichida amalga oshadi va huquqshunoslarning 60 foizgacha vaqtini tejaydi. Bunday tizim, shuningdek, kadrlar ma’muri, arxivarius, rahbar yordamchilari va h.k. ning ishini ham sezilarli yengillashtiradi.
Biznes-jarayonlarni avtomatizatsiyalab bo‘lgan kompaniyalarda huquqshunoslar standart vazifalarga qariyb 12 barobar kam vaqt sarflaydilar. Bir xildagi ishlarda tejamkorlik murakkab, “robot”larning qo‘lidan kelmaydigan professional vazifalar uchun vaqt ajratish imkonini beradi.
Shu tariqa, axborot tizimlari va dasturiy ta’minotning to‘g‘ri qo‘llanilishida bir xildagi ishlar hajmi keskin qisqaradi, bu insonning ijodiy faoliyati sifati va ishonchliligini sezilarli oshiradi. Professionallar zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan o‘z imkoniyatlari va qobiliyatlarini namoyon qilishning samarali vositasi sifatida foydalanishlari, zerikarli ishlardan xalos bo‘lishlari mumkin.
Yuristlar ishining atomatizatsiyasi — bu mutaxassislarni robotlarga almashtirish emas, balki bir xildagi ishlarni qisqartirish va ijodiy vazifalar sonini oshirishdir. Aqlli texnologiyalar huquqshunoslar o‘rniga ish bajara olmaydilar ammo ko‘plab standart vazifalarni hozirning o‘zida 10 barobarga tezlashtirish mumkin. Masalan, agar avtomatizatsiya tizimisiz standart da’vo tayyorlashga huquqshunos 15 daqiqadan 30 daqiqagacha vaqt sarflasa, avtomatizatsiyalangan tizimda bunga bor-yo‘g‘i 3 daqiqa ketadi.
Robototexnikaning rivojlanishi, tabiiyki, ish o‘rnilarining qisqarishiga olib keladi ammo bu odamlarni sifat jihatidan yangi loyihalarni rivojlantirishga undaydi, yuksak texnologiyalarning o‘zlari esa, yaqin kelajakda yangi mutaxassislarni yaratadilar.
Bundan tashqari, robotlardan yaxshi tergovchilar chiqishi ehtimoldan yiroq, har qalay, sun’iy intellektning jinoyat motivlarini tushunishi qiyin bo‘ladi. Mexanizatsiyalangan yordamchilar axborotni qayta ishlashi, dalillar bilash shug‘ullanishi, ehtimol, talqinlarning eng haqiqatga yaqini va statistik jihatdan ko‘proq uchraydiganini aniqlashi mumkin. Huquqshunoslar, advokatlar, ayblovchilar va sudyalar insoniyliklari sababli, insonlardan bo‘lib qolaveradilar.
Huquqshunoslik kasbi yana uzoq yillar dolzarb bo‘ladi. Hozirda huquqshunoslar “tiqilib yotibdi” deyishadi va haqiqatan, diplomida yurist deb yozilganlar yetarli, lekin haqiqatan tayinli mutaxassisni, ayniqsa huquqiy munosabatlarning tor sohalarida topish — katta omad. Biz har kuni tobora ko‘proq huquqiy munosabatlarga kirishamiz, shu sababli insonlar huquqiy yordamga har doim ehtiyoj sezadilar.
Umida Usmanova