20 yil oldin biz sayyohlik yo‘nalishlaridan koinot ham joy olishi mumkinligini xayolimizga ham keltira olmasdik. Ammo 2019 yil kosmik sayohatlar davrining rasman boshlanish nuqtasi bo‘ldi – NASA tijorat maqsadlari va xususiy astronavtlar uchun kosmik stansiya ochilishi haqida e’lon qildi.
Kosmik sayohatlar sohasidagi ilk kompaniyalardan biri Virgin Galactic[1] bo‘ldi, u muntazam suborbital tijorat parvozlarini ta’minlashga intilmoqda. Birinchi sinov parvozini kompaniya 2018 yilda amalga oshirdi, bu koinotga sayyohlik parvozlarini muntazam yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ancha yaqinlashtirdi. Bundan tashqari, Virgin Galactic 2020 yilda NASA bilan kelishuv imzoladi va odamlarni kosmik stansiyaga sayohat yoki tadqiqot uchun yo‘llash maqsadida shunga qiziqish bildiradigan kompaniyalar yoki tashkilotlarni topish topshirig‘ini oldi[2]. Shuningdek, bu safarlar muvaffaqiyatli chiqishi yo‘lida, Virgin Galactic ham fazodagi, ham yerdagi kerakli resurslarni muvofiqlashtirish uchun javob beradi. Iyul oyida kompaniya o‘z fazo kemasi intererini oshkor etdi va uning ichida virtual sayr tashkil qildi[3]. 250 ming AQSh dollari evaziga yo‘lovchilar yerdan 97 km yuqorida, VSS Unity salonining 12 ta yumaloq oynasidan ko‘rinadigan manazaradan bahra olishlari mumkin bo‘ladi.
Fazodagi Virgin Galactic kosmik kemasi kabinasining ichki ko‘rinishi
https://www.virgingalactic.com/articles/virgin-galactic-reveals-spaceshiptwo-cabin-interior/
Amazon asoschisi Jeff Bezosning rahbarligida Blue Origin kompaniyasi koinotga sayyohlar jo‘natishni rejalashtirmoqda. 2019 yilda kompaniya odamlarni koinotga yo‘llash uchun mo‘ljallangan ilk raketasini taqdim qildi[4]. The New Shepard nomli raketa 106 kilometr balandlikka ko‘tarilib, atmosferaning yuqori qatlamlarini yorib chiqdi va koinot ostonasiga yetdi. Raketaning muvaffaqiyatli parvozidan keyin kompaniya yaqin kelajakda bu kapsuladan mamnun sayyohlar chiqib kelishiga umid bildirmoqda. Kompaniya koinotga 6 nafargacha odamni yo‘llay oladi, yo‘lovchilar o‘rindiqlaridan ajralib, vaznsizlikda suzishlari mumkin bo‘ladi[5]. Orbita sari parvoz davomida sayyohlar haqiqiy astronavtlar kabi turtkilar, tovushlar, gravitatsiya bosimini his qiladilar, bu parvozlar 10 daqiqa davom etadi va ularni haftasiga bir necha marta o‘tkazish rejalashtirilgan.
Kosmik sayyohlik bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishni istagan yana bir kompaniya SpaceX sanaladi. U keyingi yilda xalqaro kosmik stansiyaga sayyohlarni yo‘llashni mo‘ljallagan. Ilon Mask rahbarligidagi kompaniya Axiom Space startap-kompaniyasi bilan 2021 yilda Falcon 9 raketasi va Crew Dragon fazo kemasida to‘rt nafargacha sayyohni orbitaga jo‘natish bo‘yicha kelishuv imzoladi[6]. Axiom Space uch nafar sayyohning logistikasi bilan shug‘ullanadi.
Kosmik sayyohlar yo‘lda 2 kun va yana 8 kun bortda, u yerda ishlayotgan astronavtlar bilan o‘tkazadilar. Chiptaning taxminiy narxi – 55 mln AQSh dollari bo‘lib, bitta joy allaqachon bronlab bo‘lingan[7]. yetti nafar fuqaro XKSda bo‘lib qaytganiga qaramay, bu missiya birinchi to‘liq xususiy sayohat sanaladi.
Albatta, suborbital sayohat yoki bir haftaga XKSga safarga qaraganda Baliga parvoz yoki ta’tilni Parijda o‘tkazish ancha arzonga tushadi. Biroq, kosmik sayyohlik industriyasidagi kompaniyalar soni oshgani sari koinotga sayohatlar narxi tushib boraveradi. Bir narsa aniq: ta’tilni koinotda o‘tkazish – bu fantastika emas, balki vaqti kelganda hal bo‘ladigan masaladir.
[1] https://techcrunch.com/2019/10/24/virgin-galactic-becomes-the-first-public-space-tourism-company-on-monday/?guccounter=1&guce_referrer=aHR0cHM6Ly93d3cuZ29vZ2xlLmNvbS8&guce_referrer_sig=AQAAAJSIHDFezyrkMBJUtxSzuBm0lhUZL7Nuc8MmwOErl31678GGaMQtQ1DeIKvVKYZMjBtAS5UmU6yWt9igW57JsWr2eNj3-f4PRFBcRuNWFWWdY6d7ey0Uiq01ydzCmYGpwG5l5IyqUNwciV-WJOlIqF8G_mgXAD-DzfbM-Ra9xJKB
[2] https://www.theverge.com/2020/6/22/21298347/virgin-galactic-nasa-private-human-orbital-spaceflight-international-space-station
[3] https://www.theguardian.com/science/2020/jul/29/virgin-galactic-offers-peek-inside-new-space-plane-for-tourists
[4] https://www.forbes.com/sites/jonathanocallaghan/2019/12/11/blue-origin-launches-first-space-tourism-rocket-in-seven-months-ahead-of-planned-human-flights-in-2020/#e912b345afe6
[5] https://www.theatlantic.com/science/archive/2019/12/jeff-bezos-blue-origin-amazon/603577/
[6] https://www.space.com/spacex-crew-dragon-will-fly-space-tourists.html#:~:text=SpaceX%20will%20fly%20space%20tourists%20on%20Crew%20Dragon%20for%20Space%20Adventures,-By%20Tariq%20Malik&text=The%20private%20spaceflight%20company%20founded,a%20Crew%20Dragon%20space%20capsule.
[7] https://www.nytimes.com/2020/03/05/science/axiom-space-station.html
QVANT tahririyati tahlil guruhi