O‘zbekiston uchun “komplaens” so‘zi quloqqa notanish va yangi tushuncha. Lekin hozirdanoq ushbu tizim islohotlar jarayonida muhim o‘rin egallashi va mamlakatimizda biznes hamda korporativ madaniyat rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi aniq.

Komplaens nega zarur? O‘zbekiston sharoitida biznes uchun komplaens qanday afzalliklarni ta’minlaydi?

Mamlakat miqyosida mahalliy kompaniyalarning xalqaro bozorga chiqishi va chet ellik hamkorlar bilan to‘liq huquqli o‘zaro hamkorlik qilishi masalasi doimo muhim bo‘lib kelgan. Shuningdek, investitsion muhitni yaxshilash, investitsiyalarni jalb qilish, yangi tarmoqlarni ishlab chiqish va yangi texnologiyalarni joriy etish ko‘rib chiqilmoqda. Bu vazifalarni hal qilish uchun korrupsiyaga qarshi me’yorlarga rioya etilishi kafolati, xatarlarni baholash va kamaytirish tizimi, shuningdek biznesdagi ichki nazoratning adekvat tizimlarini tatbiq etish kerak bo‘ladi. Bularning hyech biriga, ham davlat miqyosida, ham alohida olingan korxonalar darajasida, samarali komplaens tizimi va xizmatini barpo etmay erishib bo‘lmaydi.

Bu nega muhim

Komplaens rivojlanishi qariyb asrga teng tarixga ega, uning asosiy boshlang‘ich nuqtasi Uotergeyt voqyeasidan boshlangan yirik korrupsiya mojarolari bo‘ldi. Ularning natijasi o‘laroq, 1977 yilda Xorijdagi korrupsiya to‘g‘risida akt qabul qilindi (FCPA — Foreign Corrupt Practices Act). Akt moliyaviy hisobotlar nazorati va ularga talablarni, shuningdek davlat amaldorlari bilan o‘zaro munosabatlar reglamentatsiyasi qoidalarini yanada qat’iylashtirdi.

Tizimning kelgusi rivojlanishi nafaqat hududlararo normativ hujjatlar qo‘llashni, balki biznes yuritishning axloqiy qoidalarini joriy etishni ham o‘z ichiga olardi. Masalan, 90- yillarda AQShda Federal Sentencing Guidelines (tashkilotlar uchun jinoiy jazo qo‘llash tartibi to‘g‘risida sharh) qabul qilindi. Unda komplaens sohasida samarali dastur yaratish bo‘yicha, jumladan axloqiy boshqaruvi qoidalariga oid aniq yo‘riqnomalar aks etgandi. 2004 yilda ushbu Qo‘llanma menejmentning komplaens-dasturlar asosiy shartlarini bilishi zarurligi haqidagi qoidalar bilan boyitildi.

Komplaens rivojlanishi tarixidagi e’tiborli voqyea 2001 yilda ENRON kompaniyasi (AQShdagi yirik energetik kompaniya)ning bankrot bo‘lishi bo‘ldi. Bankrotlikka sabab faoliyatning jiddiy ichki buzilishi, aktivlar joylashtirishning ofshor sxemalarini qo‘llash va zararlar borasida hisobdorlikning qalbakilashtirilishi bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, ENRON bankrotligi hujjatlarni qalbakilashtirishda qatnashgan Arthur Andersen auditorlik kompaniyasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga va WorldCom, Qwest Communications kabi uning boshqa mijozlari bankrotligiga olib keldi.

ENRON mojarosi Sarbeynz-Oksli Qonuni (Sarbanes-Oxley Act, SOX) qabul qilinishiga sabab bo‘ldi, u tashkilotlar moliyaviy hisobdorligiga talablarni qat’iylashtirdi, shuningdek korxonalar zimmasiga hisobdorlikni Amerika tartibga solish idoralariga taqdim etish majburiyatini yukladi. ENRON mojarosidan keyin ko‘pgina kompaniyalar o‘z biznes-strategiyalarini to‘g‘riladilar va nazorat hamda axloq me’yorlarini joriy etishning ichki tizimlarini yaratdilar.

Ayrim mamlakatlarda komplaens dastlab bank sohasida rivojlandi va asosan jinoiy daromadlarni halollashga qarshi kurash dasturlari doirasida bank amaliyotlari ustidan nazorat vositasi o‘laroq rivojlandi. Keyinchalik komplaens xizmati kengaya bordi va hozirda to‘liq shakllangan ichki nazorat tizimi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

“Komplaens” (ingl. Compliance) talablarga rioya etish, biror-bir qoida va me’yorlarga muvofiq kelishni anglatadi. Biznes sohasiga qo‘llanilganda bu atama ostida korxonaning biznes yuritishning xalqaro axloqiy standartlariga muvofiq kelishi va u tomonidan qonunchilik va axloq me’yorlariga rioya etilishi tushuniladi.

Shu tariqa, ishonch bilan aytish mumkinki, komplaensning rivjlanishi korrupsiyaga qarshi me’yorlarni amalga oshirish va noqonuniy daromadlarning legallashtirish uchun javobgarlik   mexanizmini yaratishga intilishni taqozo qiladi. Bunda, javobgarlik juda katta bo‘lishi mumkin: obro‘ yo‘qotilishi va muayyan tarmoqlarda biznes yuritish imkoniyati cheklanishidan tortib to aniq jarimalar to‘lash va korxonaning butunlay yopilishigacha.

Tatbiq etish yo‘li

O‘zbekistondagi jahon bozoriga chiqishni rejalashtirayotgan biznes-tuzilmalar va umuman, bozorlar globalizatsiyasi sharoitida mamlakatning o‘zidan ham, ichki nazorat tizimlari samarali ishlashini ta’minlash talab etiladi.

Tizim haqiqatan samarali bo‘lishi uchun, har bir korxona, har bir tuzilma o‘z faoliyatini tahlil qilishi va potensial yuqori xatarga ega yo‘nalishlar va jihatlarni belgilashi lozim.

Uchta asosiy komplaens-xatar:

obro‘ga putur yetishi xatari, u korxona yoki uning ishchilari, aksiyadorlari, muassislari, rahbariyati yoki affillangan shaxslari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida keng omma uchun salbiy axborot tarqatilishini o‘z ichiga oladi;

huquqiy xatar: tegishli idoralar tomonidan ta’qibga sabab bo‘luvchi qonunchilik (mahalliy yoki favqolhududiy) buzilishi; korrupsion harakatlar; faoliyat yuritishdagi huquqiy xatolar; sub’ekt joylashgan mamlakat huquq tizimining nomukammalligi; shartnoma majburiyatlariga rioya etilmaslik; qalloblik holatlari va sh.k.

amaliyotga doir xatar: zarar ko‘rishga sabab bo‘lgan korxona ichki qoidalarining buzilishi; tarmoq me’yorlari yoki kodekslarining buzilishi, biznes-jarayonlarda nazorat yo‘qligi yoki xatolar mavjudligi; hisobdorlik qoidalari buzilishi; affillangan shaxslar va/yoki aksiyadorlar tomonidan qonunchilik, ta’sis va ichki hujjatlarga rioya etilmasligi.

Komplaens dastur nafaqat yuqorida keltirilganlarni, balki korxona samaradorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa yondosh xatarlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Komplaens yurist, iqtisodchi yoki analitik funksiyalarining o‘rnini bosadi, deyish xato bo‘ladi. Yirik xalqaro tashkilotlarda qabul qilingan komplaens tizimi korxona faoliyatining barcha sohalarida qo‘llana oladi va ushbu biznes yuritish axloqi doirasida barcha ma’muriy hamda ishlab chiqarish funksiyalarining birgalikda ishlashini nazarda tutadi.

Mohiyatan, korxonada komplaens tatbiq etilishidan maqsad – bu faoliyatning potensial korrupsion sohalarini aniqlash va tahlil qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish, huquqiy va moliyaviy xatarlarni baholash va boshqarish, korxonani turli huquqiy, soliq, iqtisodiy, obro‘ga oid, sanksiyaviy xatarlardan kompleks himoyasini ta’minlash, ichki korporativ madaniyat va biznes yuritishning axloqiy standartlariga sadoqatni rivojlantirishdan iborat.

Xatarlarni boshlang‘ich baholash komplaens tizimini va asosiy ichki hujjatlarni ishlab chiqishga zamin bo‘lib xizmat qiladi. Keyingi bosqichda esa, ishlab chiqilgan hujjatlarni tatbiq etish va ular ijrosini kuzatib borish amalga oshiriladi.

Nazorat tizimi odatda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha monitoringni ko‘zda tutadi:

korxona faoliyatining tarmoq va hamda biznesning ushbu segmentidagi axloq me’yorlariga muvofiq kelishi;

potensial manfaatlar to‘qnashuvini, ya’ni shaxsiy manfaat (bevosita yoki bilvosita) shaxs tomonidan lavozim yoki xizmat majburiyatlarini talab darajasida bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’siri ko‘rsatish ehtimoliga ega bo‘ladigan vaziyatlarni, shaxsiy manfaatdorlik va korxona yoki davlat manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni kuzatib borish;

monopoliyaga qarshi qonunchilikka rioya etish;

sheriklar, yetkazib beruvchilar va vositachilar bilan birgalikda ishlash, ishonchlilikni tekshirish;

maxfiy ma’lumotlar, jumladan sheriklar va kompaniya xodimlari shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash bo‘yicha choralarga rioya etish;

korxonaning ichki mahalliy hujjatlarining amaldagi qonunchlikka muvofiqligi;

xodimlar huuqlariga rioya etish, faoliyatning mehnat qonunchiligi talablariga muvofiqligi, ichki intizom tekshiruvlari;

korrupsiyaga qarshi qonunchilik hamda jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash qonunchiligi va h.k. talablarining ijrosi.

Komplaens-nazorat tizimidan foydalanish biznes rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘ladi, degan fikr ham mavjud. Agar tizimning o‘zi to‘g‘ri qurilgan bo‘lsa, aslo bunday bo‘lmaydi. Yangi ichki hujjatlar va taomillarni joriy etish, biznes-jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish, optimizatsiya, tegishli nazorat va monitoring talab etiladi, lekin, umuman olganda, tizim biznesning barqarorligini va potensial hamda real xatarlardan himoyalashga qaratilgandir.

Natija qanday bo‘ladi

Kompaniya korporativ komplaens-tizimi samarali ishlashining natijalari quyidagicha bo‘ladi:

real va potensial qalloblik, korrupsiya va biznesga tahdidning boshqa turlarini aniqlash va oldini olishning samarali va amaliy tizimi;

xatarni kamaytirish va moliyaviy yo‘qotishlar, bankrotlik va kompaniyaga nisbatan mahalliy hamda favqolhududiy tartibga solish idoralari tomonidan sanksiyalar ehtimolini minimallashtirish;

xatarlarning umumiy monitoringi;

korxonada ichki korporativ madaniyat rivoji;

korxona raqobatbardoshligi va qiymatining ortishi;

ishchanlik obro‘sining saqlanishi va rivojlantirilishi.

O‘zbekiston komplaens-tizimlarni tatbiq etish va ishlab chiqishning boshlang‘ich bosqichida turibdi. Tegishlicha, mahalliy komplaens-tizimning ishlab chiqilishi va amal qilinishi amalga oshirish jarayonida muayyan murakkabliklarga duch keladi va shu sababli, ham xodimlar, ham komplaens bo‘yicha mutaxassislarning o‘zlarini o‘qitish va o‘zaro ishlashlarining monitoringini yaratish zarurati yuzaga keladi. Bu jarayonda xalqaro tajribadan foydalanish va eng samarali komplaens-amaliyotlarni O‘zbekistonning xususiyatlarini inobatga olgan holda mahalliylashtirish muhim sanaladi. Shunda komplaens O‘zbekiston biznesining jahon bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasiga xizmat qiluvchi afzalikklardan biriga aylanadi.

Umida Allaberdiyeva

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *