Bugungi kunda ko’plab startap-kompaniyalar va loyihalar ish boshlamoqda, ularning ko’pchiligining maqsadlari sohadan nari odam uchun har doim ham tushunarli bo’lavermaydi. Sizning startap-loyihangiz maqsadi va g‘oyasi nimadan iborat?

– Tumaris Tech – IT Park Uzbekistan tomonidan, USAIDning tadbirkorlikni va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi ko‘magida joriy etilgan loyiha bo‘lib, uning doirasida xotin-qizlar texnologik-tadbirkorlik tashabbuslarini kompleks qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi.

 

Aynan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga urg‘u berganingiz juda muhim va qiziqarli. Gender tengligi va xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganini hisobga olsak, loyihangizning o’ziga xosligi nimada ko’rinadi?

– Har birimiz uchun xotin-qizlar tadbirkorligi va umuman, gender mavzui juda yaqin sanaladi. Biz bu loyihani ayollar haqida va ayollar uchun yaratishga qaror qildik, chunki biz “qiz bola bo‘lsang, senga nima zarur?” deb turganlarida nimadir zo‘r ishni boshlash qanchalik qiyin ekanligini his etamiz. Shu sababli kurslar va dasturlar xotin-qizlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan va boshlovchi tadbirkor (yoki shunday bo‘lishni istaydigan!), o‘z xobbisini sevimli va daromadli ishga aylantirishni orzu qiladigan xotin-qizlarga mo‘ljallangan. Uning asosida “ayollar startapi” – aksariyat faunderlari ayollar bo‘lgan startap yotadi. Shuningdek, asosiy rahbarlari ayollar bo‘lgan startaplar qamrab olinadi.

 

Aksariyat startaplar uchun eng muhim masalalardan biri moliyalashtirish sanaladi. Sizning loyihangizda bu muammo qanday hal qilingan?

– Mahalliy va chet el investorlar bazamiz anchayin keng, ularning mutlaq ko‘pchiligi hozirdanoq qilayotgan ishimizga katta qiziqish bildirmoqdalar. Tabiiyki, biz ishlaydigan hamma startaplar ham “investitsiyani tortish”ni uddalay olmaydi – buning sabablari turlicha. Biroq, biz bor kuchimiz bilan yordam beramiz – u pitch deckni tayyorlashdan tortib moliyaviy modellarni qurishni o‘rgatishgacha qamrab oladi. Bundan tashqari, relevant grantlar olishda ko‘mak beramiz.

 

Loyihaning rejalashtirilayotgan davomiyligi qancha?

– Loyihaning umumiy davomiyligi 9 oyni tashkil qiladi.

 

Xorijiy mutaxassislar: mentorlar, trenerlar va konsultantlarni jalb qilishni ko’zda tutganmisiz? 

– Albatta! Ko‘plab xorijiy mutaxassislar qatnashadilar, ularning barchalari xotin-qizlar bo‘ladi.

Tadbirkorlik faoliyatining qaysi sohalariga urg‘u berishni rejalashtirgansiz? 

– Loyihaning asosiy konsepsiyasi – texnologik tadbirkorlik. Juda istiqbolli bo‘lsa ham, g‘oyasida texnologik tadbirkorlik yotmaydigan arizalar rad etiladi.

 

Loyihangizni amalga oshirish jarayonida qanday yo’nalishlarga kuchliroq e’tibor berishni rejalashtirasiz?

– Loyiha uchta komponentni o‘z ichiga oladi: ayollarga raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishda yordam berish; xotin-qizlar texnologik tadbirkorligini rivojlantirish (inkubatsiya va akseleratsiya); biznes-farishtalar maktabi.

 

COVID-19 koronavirusi bilan bog‘liq vaziyatni va ommaviy tadbirlar o’tkazishning xavfli ekanligini inobatga olib, loyihangiz ishtirokchilari bilan qanday ish olib borishni rejalashtirgansiz?

– Biz mavjud epidemiologik holatni yaxshi anglaymiz va ishtirokchilar hamda jamoalar salomatligini xatarga qo‘ya olmaymiz. Loyiha butunlay onlayn-formatda Zoom platformasida kechadi, shu sababli loyihada O‘zbekistonning barcha mintaqalaridan barcha istovchilar qatnashishi mumkin.

 

Bugungi kunda texnologiyalar va innovatsiyalar amalda hayotning barcha sohalarida tatbiq etilgan. Loyihangiz texnologiyalarning qaysi sohalarini qamrab oladi?

– Bugungi kunda inkubatsiya va akseleratsiyaning birinchi to‘lqiniga 200 dan ziyod arizalar to‘plangan. Loyihalar medtech, & aggrotech dan to foodtech & fintech gacha bo‘lgan sohalarni qamraydi. Texnologiya nuqtai nazaridan murakkab loyihalar ham anchayin ko‘p.

O‘zbekistonda hozirgi kundagi tadbirkor ayollar holatini qanday baholaysiz?

– O‘z biznesini ochishni istagan xotin-qizlar ulushi tinmay ortib bormoqda, lekin, shu vaqtning o‘zida, yetarlicha qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligi ayollar tashabbuslarini chegaralamoqda. Ayollar tadbirkorligi, ayniqsa texnologik tadbirkorlik biroz oqsamoqda.

Tashabbuslarni amalga oshirish jarayonida Siz qanday muammolarga duch kelasiz?

– Tumaris Tech loyihasini amalga oshirishda jamoamiz hozircha biror jiddiy muammoga duch kelmadi. Biz ishtirokchilardan tortib, davlat tomonidan ko‘makkacha – jamiyatning barcha qatlamlaridan hayratlanarli darajada ijobiy munosabat ko‘rib kelmoqdamiz.

Loyihada hozirda qaysi mamlakatlar va biznes tarmoqlaridan trenerlar va mentorlar qatnashmoqdalar?

– Biz, marketingdan tortib konsaltinggacha turli sohalardagi professionallardan yordam berishga tayyor ekanliklari haqida xabarlar oldik. Ularning aksar qismi – O‘zbekistondan tashqarida yashovchi ayollardir.

 
Mamlakatimiz xotin-qizlarining o’z tashabbuslarini sizniki kabi loyihalar yordamida amalga oshirishga ishtiyoqi va tayyorligini qanday baholaysiz?

– 12 sentyabrda bizda Pitch–day o‘tkazildi, u xotin-qizlarning ishtiyoqi juda yuqori darajada ekanligini ko‘rsatdi. Ko‘plab qiziqarli va yarq etib chiquvchi loyihalar taqdim etildi. Ular, to‘g‘ri yondashilsa, nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga amaliy yordam berish salohiyatiga ega bo‘ladi.

 

 

 

Webclass

COVID – 19 pandemiyasi onlayn-ta’limni rivojlantirish masalasini yangi bosqichga olib chiqdi. Shu munosabat bilan Siz mamlakatimizdagi onlayn-ta’limning hozirgi holatini qanday baholaysiz?

– Bir yarim-ikki yil oldin biz birinchilardan bo‘lib onlayn-ta’limni joriy qildik, o‘shanda odamlarimiz buni tushunishmadi va shu sababli ishonishmadi. COVID-19 boshqa mamlakatlar qatorida bizning xalqimizni ham masofaviy ta’lim va o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirishga majbur qildi. Bu Webclass kabi servislar shuhrati ortishi uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Shuningdek, oflayn ishlab kelgan ko‘p sonli o‘quv markazlari ham masofadan ishlashga o‘tdilar va bir necha oy ichidayoq mamlakatimizda onlayn-ta’lim o‘zini yaxshi tomondan namoyon eta oldi. Hatto davlat ta’lim muassasalari ham o‘zlarining ayrim dasturlarini onlayn-rejimga o‘tkazdilar. Bu hol aholi tomonidan yaxshi qabul qilindi.

 

O‘zbekistonda onlayn-ta’limning kelgusi rivojlanishi istiqbollarini qanday ko’rmoqdasiz?

– Hozirga kelib ko‘pchilik onlayn-ta’limga o‘tgan bo‘lsa-da, menimcha, pandemiyadan keyin an’anaviy ta’lim yana joyiga tushadi. Lekin, shuning barobarida, onlayn-ta’limning keskin o‘sishi ham kuzatiladi. Buning sababi odamlar onlayn-ta’limni yaxshiroq tushuna boshlaganliklari va undan ko‘pchilik foyda ololganidir, ular ishlatayotgan onlayn-platformalar esa, bugunga kelib istalgan joyda, vaqt va pul sarflamay o‘qish uchun odamlarga maksimal qulaylikni ta’minlovchi xizmatlarni taqdim etmoqda. Bu, tabiiyki, onlayn-ta’limning yuqori darajada o‘sishini bashorat qiladi.

O‘zbekiston yoshlarning ingliz tilidan boshqa chet tillarni o’qishga qiziqishini qanday baholaysiz?

– O‘zbekistonlik talabalar ingliz va rus tillarining ahamiyatini allaqachon anglab yetib, ularni o‘rganishga katta e’tibor berdilar. Biroq aksariyat yoshlarimiz Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi mamlakatlarda o‘qish va ishlashga intiladilar va ushbu mamlakatlar tillarini o‘rganishga qiziqadilar.

Sizning platformangizda, ingliz tilidan tashqari, yana qaysi tillar talabgir?

– Platformamizda, ingliz tili bilan bir qatorda, rus, koreys, nemis va turk tillarini o‘qish keng yo‘lga qo‘yilgan.

 

Onlayn-ta’lim, jumladan onlayn-rejimda til o’rganishni rivojlantirishda davl atning rolini qanday baholaysiz?

– Davlat onlayn-ta’lim bo‘yicha davlat dasturlarini joriy etishga faol urinmoqda. Nodavlat onlayn-ta’lim tizimida davlatning roli hali yaqqol aniq emas. Aynan davlatning litsenziya berish bo‘yicha yordami va onlayn-ta’lim sohasidagi faoliyatning osonlashtirilishi asosida biz bu sohani yanada tezroq rivojlantirgan bo‘lardik.

Platformangizda mavjud fanlar ro’yxatini kengaytirishni rejalashtirganmisiz, qanday fanlarni qo’shishni istaysiz?

– Yaqin kelajakda boshqa tillar, fanlar va dasturlash bo‘yicha qo‘shimcha kurslarni joriy etishga harakat qilmoqdamiz, 2021 yilda esa biz bosqichma-bosqich qo‘shni mamlakatlarda ham servisimizni joriy etish niyatidamiz.

 

Platformangizda bitta darsning o’rtacha narxi qancha?

– 3-4 dollar.

 

Talabalarni til bilishning muayyan darajalari bo’yicha tayyorlaysizlarmi (A1, A2 va h.k.)?

– Bizda darslar individual o‘tkaziladi, shu sababli birinchi darsda o‘quvchining joriy bilim darajasi aniqlanadi, shuningdek muayyan daraja belgilanadi va u bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Talabalarni standartlashgan til testlarini topshirishga tayyorlaysizlarmi? (masalan, IELTS yoki TOEFL)?

– Ha, bizda IELTS va TOEFL bo‘yicha bir nechta o‘qituvchilar bor, ular hozirda yaxshi natijalar ko‘rsatmoqdalar.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *