Blokcheyn texnologiyasi biznes va umuman jamiyat uchun yangi imkoniyatlar ochish borasida katta salohiyatga ega ekanligi haqida ko‘plab bahs-munozaralar mavjud. Bu innovatsiya rivojlanayotgan bozorlarga, masalan, MDH mamlakatlariga qanday foyda keltirishi mumkin?

 
Blokcheynni xususiy yoki ommaviy tarmoqdagi bir necha kompyuterlarda saqlangan, shifrlangan raqamli kitobga o‘xshatsa bo‘ladi. U odatda «bloklar» deb ataluvchi ma’lumotlar yozuvlaridan iborat bo‘ladi. Qachon bu bloklar yagona zanjirga birlashsa, bu axborotni hyech kim o‘zgatira yoki o‘chira olmaydi; balki bu bloklar umumiy boshqaruv protokollari va avtomatizatsiya taomillaridan foydalangan holda boshqariladi.

Blokcheyn texnologiyasining afzalligi tranzaksiyalarning shaffofligi va himoyalanganligini ta’minlay olishda, tranzaksiyalarni barqaror, markazlashmagan registrda qayd etilishining kafolatlashda ko‘rinadi. Bu, umumiy olganda, qo‘shimcha xarajatlar, insonga xos xatolar va vaqt yo‘qotishini bartaraf etadi.

Iqtisodiy va ijtimoiy tarmoqlarning ko‘pchiligida ma’lumotlarni qo‘lda to‘plash sifati juda past va uzuq-yuluq bo‘lgan, rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlar uchun bu muhim; ushbu kamchiliklar bir mamlakat doirasida to‘plangan ma’lumotlarni o‘zaro qiyoslashni qiyinlashtiradi.

Blokcheyn salohiyatini moliya tarmog‘i misolida ko‘rib chiqamiz.

MDH mamlakatlarining moliyaviy tizimlari millionlab odamlarga xizmat ko‘rsatishga mas’ul bo‘lsa va har kuni milliardlab dollarlik tranzaksiyalarni ta’minlasa-da, hali ham rivojlanmagan holda turibdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, MDH mintaqasining moliyaviy rivojlanishi taraqqiyotda ilgarilab ketgan mamlakatlarnikidan ancha orqada. Masalan, Janubiy Koreya fond bozorining ko‘lami jami YaIM hajmining 113 foiziga teng bo‘lgan bir paytda, Ukraina fond bozori mamlakat YaIMning 16 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi. MDH mamlakatlari tizimlari ayrim kamchiliklarga ega: kechikish va qo‘shimcha yig‘imlar – bu qo‘shimcha samarasizlik hosil qiladi, u esa, pirovardida, jinoiy faoliyat uchun imkoniyatlar ochadi. Ma’muriy xarajatlar o‘sishi ham bank xodimlari uchun xavotir manbaiga aylangan, chunki bu qo‘shimcha xarajatlar mijozlar zimmasiga tushadi va ular uchun og‘ir yuk bo‘ladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayrim MDH mamlakatlarida «norasmiy» tarmoq ko‘lami YaIMning 40 foizidan ortiqni tashkil qilishi mumkin (Rossiyada – 33,7%, Ukrainada 42,9% va Moldovada – 40%). Qolaversa, aftidan, MDH mamlakatlari aholisi moliyaviy institutlarga nisbatan juda past ishonchga ega: misol uchun, Rossiya aholisining 65 foizigina banklarga ishonadi.

Avval-boshda blokcheyn kriptovalyutalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgandi. Shunga qaramay, ushbu texnologiyaning salohiyati kengroq xizmatlar ko‘lamini taqdim etishga qodir; mohiyatan, bu millionlab qurilmalar uchun qimmatli ashyolar hisobini yurituvchi ulkan ommaviy buxgalteriya kitobidir. Masalan, aksiyalar, obligatsiyalar, bitimlar, kontraktlar va pullar kabi turli elementlar blokcheyn texnologiyalari yordamida sug‘urtalanishi mumkin.

Agar biz ijtimoiy va institutsional ishonchni an’anaviy moliya tarmog‘idagi tranzaksiyalarning muhim qurilish bloki deb hisoblasak, blokcheyn texnologiyasi bu turdagi ishonchga ehtiyoj sezmaydi, aksincha, uni teng maqomdagi hamkorlikka, kriptografiyaga, intellektual kod va tarmoqdagi konsensusga almashtiradi. Blokcheyn texnologiyasini ishlab chiqish uslubi tranzaksiyalarda qatnashuvchi tomonlarga tranzaksiya o‘tkazishdan oldin bir-biri bilan uchrashmaslik imkonini beradi. Bu esa, odatiy tizimda bo‘lganidek shaxsni tasdiqlash va tekshirish uchun hukumat muassasalarini va banklarni jalb qilmay, qimmatliklar yaratish imkonini beradi.

Blokcheyn taqdim etadigan imkoniyatlar va afzalliklar tufayli, moliyaviy tarmoqdagi aksariyat kompaniyalar, jumladan auditorlik firmalari, sug‘urta kompaniyalari va banklar texnologiyalarga salmoqli investitsiyalar kiritadilar.

Bu kompaniyalarning aksariyati blokcheyn texnologiyasini sa’y-harakatlar va sarf-xarajatlarni kamaytirish imkoniyati o‘laroq ko‘radilar, chunki aksariyat moliyaviy firmalar ishning uzluksizligi va xavfsizligini ta’minlash uchun vositachilar o‘rtasida murakkab va qimmatga tushuvchi kelishuvga erishishga bog‘liqdirlar. Santander banki ma’lumotlariga ko‘ra, global yillik jamg‘armalarning potensial hajmi 20 milliard AQSh dollarini tashkil etishi mumkin. Shu bilan birga, Capgemini konsalting firmasi bayonot berishicha, blokcheyn texnologiyasi har yili bank va sug‘urta xarajatlarida 16 milliard AQSh dollarini tejash imkonini bera oladi. Bu holat tranzaksiya xarajatlarining qisqarishi, masalan tranzaksiyalar tezligi va hajmi ortishi va mablag‘larning bir iqtisodiy agentdan boshqasiga ko‘chishiga ko‘maklashuv hisobiga, MDH mintaqasida xususiy sektorga sezilarli ijobiy ta’sir krsatishi mumkinligini anglatadi.

Blokcheyn foyda beruvchi boshqa sohalar

1. Ishlab chiqarish-sotish faoliyati va sog‘liqni saqlashda ma’lumotlarni boshqarish va boshqaruv xavfsizligi muammolari – bular blokcheyn texnologiyalarining qo‘llanilishi muqarrar bo‘lgan muhim sohalardir. Agar turli tibbiy xizmatlar taqdim etuvchilar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi yaxshilansa, bu aniqroq diagnostikalash va davolashning samarali rejalariga sabab bo‘ladi, shuningdek sog‘liqni saqlash tashkilotlariga raqobatbardosh narxlarda xizmatlar taklif etish imkonini beradi. Blokcheyn texnologiyalarini joriy etish sog‘liqni saqlash tarmog‘idagi bir qancha manfaatdor tomonlarga o‘z tarmoqlari o‘rtasida ma’lumotlar xafsizligi va butligiga xavfsiz ravishda aloqa o‘rnatish imkonini yaratadi, chunki bu ularga ma’lumotlar o‘tishini va ularning modifikatsiyalanishini kuzatib borishga yo‘l ochadi.

2. Hukumatning muhim rollaridan biri aktivlar, faoliyat, alohida shaxslar va tashkilotlar to‘g‘risidagi ishonchli axborotni ta’minlashda aks etadi. Mahalliy, mintaqaviy va milliy agentliklar tug‘ilish va vafot etish sanalari, mulkni boshqaga topshirish hujjatlarini, biznesni litsenziyalash kabilarni ro‘yxatga olishi hamda jinoiy faoliyat hisobini yuritishi kerak. Ushbu ma’lumotlarni boshqarish har qanday agentlik uchun ham oson bo‘lmaydi. MDH mamlakatlarida texnologik yechimlarning mavjud emasligi ushbu ma’lumotlarning ayrimlari qog‘oz shaklda saqlanishini va o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘lganda fuqarolar shaxsan qatnashishi lozimligini anglatadi. Mustaqil agentliklarning ko‘pchiligi ma’lumotlar va axborotni boshqarish uchun o‘z taomillarini ishlab chiqadilar, bu ba’zida boshqa davlat idoralarining ma’lumotlardan foydalanishiga to‘sqinlik qiladi. Ma’lumotlar ruxsat berilmagan foydalanishdan va qalbakilashtirishdan, zarracha xatoga yo‘l qo‘ymagan holda himoyalanishi shart.

Blokcheyn texnologiyalarini joriy etish maxfiy axborotni qayta ishlashni soddalashtiradi, bu davlat sektorida muhim ma’lumotlarni ochish va ulardan foydalanish jarayonini yengillashtiradi hamda ularning xavfsizligini ta’minlaydi.

3. Blokcheyn texnologiyasi rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun samarali vosita bo‘lishi mumkin. Hozirda MDH mamlakatlarida o‘tkazilayotgan antikorrutsiya siyosati rivojlangan mamlakatlar standartlariga mos kelmaydi. Ushbu yangi texnologiya intellektual shartnomalar va blokcheynning ochiq buxgalteriya kitoblari texnologiyalari bilan birga qo‘llanilishi mumkin, bu har bir pulli tranzaksiyani kuzatish imkonini beradi. Blokcheyn davlat xarajatlarini shaffof kuzatishni ta’minlashning eng yaxshi vositalaridan biriga aylanmoqda. Bundan tashqari, ochiq buxgalteriya kitoblari texnologiyasi taraqqiyot agentliklari va boshqa donor agentliklar tomonidan taqdim etiladigan bevosita chet el investitsiyalari mablag‘larining rastrata qilinishi muammosini hal etishda ham juda samarali bo‘lishi mumkin. Mazkur mintaqada bu nihoyatda katta ahamiyatga ega, chunki MDH davlatlari bevosita chet el investitsiyalariga juda bog‘liqdirlar.

4. Blokcheynning «aqlli» shartnomalari qo‘llanilishi bilan fuqarolar yerga mulkchilik huquqi (masalan, yerni ro‘yxatdan o‘tkazish) hamda ovoz berish huquqidan foydalanish kabi imtiyozlarga ega bo‘lishlari mumkinki, hozirda qishloq joylarda yashovchi, past daromadga ega odamlar uchun bu imkonsizdir. MDH mamlakatlari aholisining umumiy sonida qishloq aholisi hali ham katta ulushni tashkil qilishini inobatga olsak, bu katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Blokcheyn ovozlarni yozib borish orqali saylovlarni qalbakilashtirishning oldini olish, shuningdek erkin va adolatli saylov jarayonlarini ta’minlash uchun ham ishlatilishi mumkin, chunki har bir ovoz omma uchun ochiq kitobda ro‘yxatdan o‘tib boradi. Shu tariqa, blokcheyn texnologiyasi MDH mamlakatlarida demokratiyaning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Pirovardida, blokcheyn MDH bozorlarining barqaror rivojlanishida yana bir qurilish bloki bo‘lishi mumkin. Bozordagi nuqsonlarni bartaraf etib va «ko‘rinmas qo‘l» vazifasini bajaruvchi blokcheyn qadimdan davom etib kelayotgan ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash muammosini hal etish, shu orqali siyosat shakllanishini va fuqarolar hayoti sifatini sezilarli yaxshilash salohiyatiga ega.

Rauf Salаxo’jayev

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *