2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Shvetsiya elchixonasining ko‘magida, O‘zbekiston olimalari uchun tadqiqot faoliyati sifatini va xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalarni chop etish malakalarini oshirish bo‘yicha qo‘shma treninglar o‘tkazdi.

Mazkur treninglar dolzarbligi shundaki, O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha top-50 mamlakatlar safiga kirishdek katta vazifani o‘z oldiga qo‘ygan va uni hisoblab chiqishda, ko‘plab boshqa indikatorlar qatorida, davlatda chop etilgan maqolalar soni va ulardan iqtiboslar miqdori ham e’tiborga olinadi. Scopus olimlar ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2015-2020 yillar oralig‘ida olimlarning yetakchi yigirmataligida O‘zbekiston xotin-qizlarining uch nafargina vakilasi mavjud, bu xotin-qizlarning ilmiy faoliyatga jalb qilinishini oshirish zarurligini ko‘rsatadi. 

Treninglarda qatnashish uchun saralashga 250 dan ortiq arizalar kelib tushdi, ular ichidan 51 nafar nomzod tanlab olindi. Treninglar va seminarlarni iqtisodchi olim, ilm-fandagi yutuqlari uchun Scopus (butun dunyodagi olimlar faoliyatini baholovchi xalqaro tashkilot) mukofotining uch karra sovrindori, 2017, 2018, 2019 yillardagi ko‘p iqtibos olinadigan o‘zbekistonlik olim Rauf Salaxo‘jaev o‘tkazdi.

Treninglar davomida ishtirokchilar ilmiy maqolalarni qanday yozish kerakligi, ijtimoiy yo‘nalishlarda qanday metodologik yondashuvlar qo‘llanilishi, adabiyotlar sharhini qanday yozish lozimligi, empirik tahlilni to‘g‘ri o‘tkazish yo‘llari va boshqa ko‘plab mavzularda yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Trening davomida uch nafar ishtirokchi International Journal of Energy Economics and Policy, Tourism Review International, International Journal of development studies kabi dunyoga mashhur nashrlarga qabul qilindi.

QVANT tahririyati tahlil guruhi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *