Investitsiyalashni boshlash uchun pulning o‘zi yetarli emasligi ochiq-oydin faktdir. Allaqachon barqaror daromad olayotganlarning aksariyati maxsus kurslar, o‘qishlarni tamomlaganlar yoki, hyech bo‘lmasa, professional maslahat olganlar. Biroq, boshlovchilar uchun uzoq muddatli ta’lim olishga qaror qilishning o‘zi bo‘lmaydi, boz ustiga ular bepul ham emas. Lekin, har qanday holatda ham, bu ishga bosh qo‘shgan yaxshimi-yo‘qligini aniqlab olish zarur.
Bu maqolada biz investitsiyalashning boshqa joyda eshitishingiz mahol bo‘lgan nozik jihatlari haqida so‘z yuritamiz, shuningdek investor lug‘ati – bozorga kirishdan oldin bilib olish lozim bo‘lgan asosiy atamalarni keltiramiz.
Nozik jihatlar
1. Chiqindi obligatsiyalar
Bu mijozlarni demping (narxlarni sun’iy tushirish) yordamida jalb qiluvchi, shuningdek jozibador shartlar taklif etuvchi kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlaridir. Bunday kompaniyalardan tushumlar ko‘p hollarda xatarlarni qoplamaydi, ularning kredit reytinglari esa, VV darajasidan past bo‘ladi.
2. Forex — valyuta bozori
Asosiy farqi – u dunyo bo‘yicha yagona bozorga bog‘lanmagan. Ya’ni, turli odamlar uchun bir vaqtning o‘zida valyutalar kurslari turlicha bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Foreksda savdo boshlash uchun kamida $500 kerak, bundan kam kapital bilan amalda barcha treyderlar sarmoyani boy beradilar.
3. Brokerlar ichki birjasi
Ayrim brokerlar o‘z mijozlari bitimlarini fond va valyuta birjasiga olib chiqmaydilar, balki o‘z platformalari ichida aylantiradilar. Shu tariqa, agar mijoz bor-budini boy beradigan bo‘lsa, depozit brokerga foyda ko‘rinishida qoladi. Agar mijoz pul topa boshlasa, platforma, zararga kirmaslik uchun, bitimni haqiqiy birjaga chiqaradi.
Bunday kompaniyalar asosan maqsadli auditoriya (moliya va investitsiyalar bilan qiziquvchi insonlar)ga emas, balki yengilgina pul topish yo‘lini izlovchilarga o‘zlarini reklama qiladilar. Ular balansni to‘ldiradilar, o‘zlashtiradilar va platformani tark etadilar.
Agar mijoz rosmana treyder bo‘lib chiqsa, kompaniya unga menejerni “biriktirib” qo‘yishi mumkin, u zararli strategiyalarni maslahat qiladi va balansni treyder bilan birga to‘ldirgandek bo‘ladi, faqat raqamlar bir necha marta kattalashtirib ko‘rsatiladi: toki menejer undan ham ko‘proq pul yo‘qotgandek tasavvur uyg‘onsin. Bunday qopqonga tushish oson, tikilgan pulni qaytarib olish esa juda murakkab.
4. Kredit kooperativlari va MMT
Ularning barchalari 20%dan oshadigan katta foizlarni taklif etadilar, biroq bunday tashkilotlar davlat tomonidan sug‘urtalanmagan va pullaringizni olib, o‘zlarini osongina bankrot deb e’lon qilishlari mumkin. Bu kompaniyalarga investitsiya kiritish moliyaviy piramidalarni investitsiyalashga tenglashtiriladi – taqiqlanmagan, lekin qanday ishga qo‘l urayotganligini tushunganlargagina tavsiya etiladi.
5. Moliyaviy piramidalar
Bu “bir kunlik” firmalar nomiga ro‘yxatga olingan loyihalar bo‘lib, aslida mavjud bo‘lmagan yuqori daromadli aktivlar haqida hikoya qiluvchi afsonlarga ega bo‘ladilar. Loyihalar katta foizlar taklif qiladi, ammo investorlar boshqa investorlarning investitsiyalari tufayli daromad oladilar. Loyihaga yangi mablag‘ tusharkan, hammasi davom etadi. Keyin yopiladi. Agar investor pulini qaytarib olishga ulgurmagan bo‘lsa, ularni unutsa ham bo‘laveradi.
Albatta, sizni pulning o‘zi qiziqtiradigan bo‘lsa, biz bunday loyihalarga investitsiya kiritishni tavsiya qilmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, piramidalar moliyaviy avantyuristlar uchun qiziqarli aktivligicha qolaveradi – agar siz nima qilish kerakligini bilsangiz va katta tajribaga ega bo‘lsangiz, maslahatga hojat yo‘q. Qolganlar esa, boshqa, ishonchliroq aktivlarga e’tibor berishlari maqsadga muvofiq.
Investor lug‘ati
E’tiboringizga birjada duch kelinadigan asosiy atamalarni havola etamiz.
Kredit yelkasi – bitim summasini qarzga oshirish. Qarz birjadan olinadi va bitim muvaffaqiyatli amalga oshirilganda foyda bir necha barobarga ortadi, muvaffaqiyatsiz chiqsa – zarar ortadi;
Spred — aksiyalar yoki valyuta juftliklari oldi-sotdi maksimal narxlari o‘rtasidagi farq;
Qisqa pozitsiya (short, fe’l – shortlash) — aktivni, uning kursi tushishini mo‘ljallab sotish;
Uzoq pozitsiya (long) — aktivni, kurs oshishini mo‘ljallab sotib olish;
Svop (SWAP) — pozitsiyani keyingi kun (sutka)ga o‘tkazish;
Tik — narxni o‘lchashning minimal birligi;
Konsolidatsiya — vositaning qiymati minimal darajada o‘zgaruvchi yonlama harakati;
Kross-juftliklar – dollarsiz yoki umuman, fiat pullarsiz valyuta juftliklari.
Feruz Aliуev, хalqaro investitsiyalar bo’yicha konsultant, Shveytsariya birlashgan Savdo-sanoat palatasi a’zosi, “Uranus Invest” kompaniyasi asoschisi.