Surat markazidagi odam kim uzi? Ayolmi yoki erkak? Menmi yoki sen? Kun sari biz o‘zimizga xosligimiz, xilma xilligimiz va boshqalardan tubdan farq qilishimizni esdan chiqarib, qolipdan chiqqandek bir xil bo‘lib qolmayapmizmi?

Biz o‘ziga xos, o‘zgalarga o‘xshamas va turfa xil bo‘lish imkoniyatini kun sayin qo‘ldan boy bermoqdamiz… biz tabiatning isyonini jiddiy qabul qilmaymiz, biz
viruslar bilan o‘ynaymiz, tabiatni yo‘q qilamiz, bu bilan o‘zimizni yo‘q qilayotganimizni o‘ylamaymiz…

 

Maqolani barcha hamkasblarimiz, tibbiyot xodimlari va pandemiya bilan birinchi liniyada turib, o‘z salomatligi va, ehtimol, hayotini tahlikaga qo‘yib kurashayotgan, fuqarolar salomatligi va farovonligi himoyasida turgan barcha insonlarga tashakkur va minnatdorchilik so‘zlari bilan boshlamoqchiman. Hozirda Genomga qarshi Dohiylar jangi ketmoqda. G‘alaba qozonish uchun biz virus xususiyatlarini ham, uni qabul qilishga moyil organizmning o‘ziga xosliklarini ham o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi. Pandemiya hali nihoyasiga yetmadi va butun dunyo hamjamiyati uning tarixi bilan tanishib chiqishiga to‘g‘ri keladi – zero, aftidan, hammasi hali oldinda…

Muallifdan

 

SHARH

Virus haqida ko‘p narsa bilib oldik, ammo yana ancha-muncha narsalarni bilishimizga to‘g‘ri keladi. Virusning tarqalishi, kasallikning og‘irligi, kasallikni davoltash uslublari va profilaktika yo‘llari haqida katta miqdorda ilmiy va amaliy materiallar to‘plandi. Ulardagi biz aniq biladigan eng muhim jihatlardan biri: barcha kasallik holatlarini qanchalik tez aniqlasak va ularni ihotalasak, bu orqali virusning yashab qolishi va tarqalishi uchun og‘irroq sharoit yaratgan bo‘lamiz. Bugungi kunga kelib shunday asosiy faktlar ma’lum:

dastlab virus 2019 yil noyabr oyida Xitoyning Xubey provinsiyasi, Uxan shahrida paydo bo‘ldi. Uning yangi ekanligidan dunyo 2019 yil dekabrda xabar topdi – pnevmoniya sababli murojaat qilgan bemorlar tekshirilganda, kasallik sababchisi beta-koronaviruslar oilasiga mansub infeksion agent ekanligi aniqlandi. Keyinroq u SARS-SoM-2 deb ataldi;

2020 yil yanvarda JST kasallikka «COVID-19» deb nom berdi (inglizcha COronaVIrus Disease 2019 iborasidan). Bungacha uni 2019-nCoV (yoki  2019 novel CoronaVirus) deb atashardi [Coronaviridae Study Group. 2020];

COVID-19 – bu og‘ir kechuvchi respirator kasalligi bo‘lib, yengil, og‘ir va o‘lim bilan yakunlanuvchi ko‘rinishlarga ega, asosan havo-tomchi va kontakt yo‘li orqali, respirator tomchilari bilan o‘tadi.

SABABLAR VA XATAR OMILLARI

Virus haqida

Xo‘sh, shu yangi virus bilan birgalikdagi hayotning 180 kuni ichida nimalarni o‘rgandik? Avvalo, bu haqiqatan yangi shtamm ekanligi va bu muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishini – zero undan nimani kutish kerakligi haqida tasavvurga ega emasligimizni bilib oldik. Shu sababli faktlarni qadam-baqadam tasvirlay boshlayman. Bu faktlar ko‘p sonli ilmiy tadqiqotlar tufayli ma’lum bo‘ldi, ular rosmana maqolalar «bo‘roni»ni yuzaga keltirdi lekin ularni saralash va tahlil qilish kerak bo‘ladiki, bu tajriba, bilim va hatto, ta’bir joiz bo‘lsa, donolikni taqozo qiladi.

Bu oilaga «koronavirus» («tojli virus») nomini berishlariga sabab – elektron mikroskop ostida ko‘rilganda u o‘ziga xos toj bilan o‘ralgan ekanligidir. Viruslarning to‘rt shtammi endemik xususiyatga ega bo‘lib, odamlar orasida erkin aylanib yuradi (HCoV-229E, HCoV-OC43, HCoV-NL63 va HKU1), yana boshqa ko‘plab shtammlar esa,  yuqorida aytilgandek, jonivorlar orasida tarqalgan (Coronaviridae Study Group. 2020; Chen Y. et al. 2020). Koronaviruslarning yana ikkita shtammi hayvondan odamga o‘tishga qobillikni namoyon etgan va avvalgi ikkita kasallik tarqalishiga sabab bo‘lgan:

SARS-CoV (Severe Acute Respiratory Syndrome Coronavirus) – Og‘ir O‘tkir Respirator Sindromi (OO‘RS) – 2002 yilda;

MERS-CoV (Middle East Respiratory Syndrome Coronavirus) – Yaqin Sharq Respirator Sindromi (YaShRS) – 2012 yilda.

Virus – yangi, lekin u 85 foizga 2002 yildagi OO‘RS (SARS) sababchisi bo‘lgan virus (SARS CoV) tuzilmasiga o‘xshab ketadi. Shu sababli ham SARS CoV-2 nomini oldi. (Zhu N. et al. 2020). (https://www.nejm.org/doi/10.1056/NEJMoa2001017 ).

SARS-CoV-2 – bu insonni zararlashi mumkin bo‘lgan yettinchi shtamm (Coronaviridae Study Group. 2020; Chen Y. et al. 2020).

Biz koronavirusning 40 tacha turlarini bilamiz, ular, asosan, hayvonlar orasida aylanib yuradi. Asosiy rezervuarlar va egalar deb ko‘rshapalaklar, ilonlar, yovvoyi hayvonlarning ayrim turlari (masalan, sietta, pangolina va h.k.), shuningdek xonakilashgan tuyalar sanaladi.

Shu sababli, SARS CoV-2ning hayvonlardan tarqaganligi ehtimoli yuqori.

SARS-CoV-2 ko‘rshapalaklardan ajratib olingan viruslar shtammlariga 96 foiz o‘xshaydi (Zhou P. et al. 2020) ammo aniq manbai hali aniqlanmagan.

Ayrim uy hayvonlari, jumladan itlarga yangi koronavirus yuqishi mumkin, lekin bu insonga yuqilishida qanday rol o‘ynaydi – hali noma’lum (Sit et al, 2020).

Yuqish yo‘llari

Virus hayvondan insonga va insondan hayvonga o‘tishga qodir. Patogenlar xalqaro tasnifida bunday mikroorganizmlar zoonozalar deb ataladi. MDH mamlakatlarida antropozoonoza yoki zooantroponoza deyiladi.

Viruslar o‘tishi quyidagi yo‘llar orqali ro‘y berishi mumkin:

Havo-tomchi – bu virus yuqishining asosiy yo‘li – xuddi MERS va SARS koronaviruslaridagi kabi (Otter J. et al. 2015, Lai C. et al. 2020):

turli ilmiy tadqiqotlarda aniqlanishicha, koronaviruslar, respirator tomchilari o‘lchamiga qarab, qanchadir vaqt davomida havoda saqlanib turishi mumkin. Chunonchi, masalan, yirikroq tomchilar (>5 µm) qisqa muddat – 17 daqiqagacha saqlanib turadi va uzog‘i bilan 1 metrgacha tarqalishi mumkin (Kutter et al, 2018). Kichikroq tomchilar 1 metrdan uzoqroq masofaga tarqalishga qodir (Fernstrom  A, et al, 2013);

ayrim tadqiqotlarda konditsionerlardan chiquvchi havo oqimida (Lu et al, 2020) yoki aksa urganda (Bourouiba, 2016) respirator tomchilari aerozol bulutini hosil qilib, 1 metrdan uzoq masofaga tarqalishi ehtimoli taxmin qilindi. Biroq bu tadqiqotlar aynan aerozollar orqali bemorlarga infeksiya yuqqanligini isbotlamaydi, chunki tegishli texnologiyalarni qo‘llash orqali maxsus tadqiqotlar o‘tkazilmagan;

boshqa ilmiy ish yuqori nafas yo‘llaridan SARS-CoV-2 ajralishi darajasi, hatto simptomsiz yoki simptomoldi kechishida ham, SARS-CoV-1dagiga qaraganda yuqoriroq ekanligini ko‘rsatdi, bu o‘ta qat’iy profilaktika choralariga qaramay, virusning bunday keng tarqalishini izohlaydi (Gandhi, M. et al 2020).

 

Kontaktli – yuqishning yana bir yo‘li:

virus ashyolar yuzasida bir necha soatdan bir necha kungacha saqlanib turishi mumkin. tadqiqotlarga ko‘ra, COVID-19 virusi plastmassada va zanglamaydigan po‘latda 72 soatgacha, misda 4 soatdan kam va kartonda 24 soatdan kamroq vaqt tirik turadi. tadqiqotlar faqat in vitro o‘tkazilgan (van Doremalen N. et al. 2020);

binobarin, virus kasallangan odamning havo yo‘llaridan chiqqan tomchi bilan ifloslangan kundalik ashyolar orqali yuqishi ham mumkin.

Aerozol yuqish yo‘llari:

yuqishning bunday yo‘li aniqlangani yo‘q, lekin uni ehtimoldan yiroq deb bo‘lmaydi (Morawska, 2020);

in vitro o‘tkazilgan sinov ko‘rsatishicha, SARS-CoV-2 virusi parchalangan holatda 3 soatgacha yashay oladi (van Doremalen N. et al. 2020);

virusning aerozol yuqishini to‘sishga qaratilgan profilaktik choralarning samaradorligi, havo-tomchi yo‘liga nisbatan olganda, o‘ta shubhalidir (Shiu et al, 2019).

Axlatda virus RNKsining ajralishi mumkinligini ko‘rsatuvchi tadqiqotlar o‘tkazilgan. Axlat orqali zararlanishning isboti topilmagan bo‘lsa-da, bu ehtimoliy yo‘lni ham nazardan qoldirib bo‘lmaydi (Yeo C. et al. 2020).

 

KASALLIKNING RIVOJLANIShI

Koronavirus, o‘ziga xos glikoprotein yuza oqsili yordamida (uni yana S-oqsil («spike» proteins) deb ham ataydilar), egasining muayyan hujayralari (nishon-hujayralar)ga yopishib, singib olishga qodir. S-oqsillarning tuzilishi va funksiyasi SARS-CoV-1dagi shunday oqsillarniki bilan ko‘pgina umumiy jihatlarga ega.

 

Infeksiyalanish qanday ro‘y beradi: nishon-hujayralar yuzasiga yaqinlashib, S-oqsil ACE2 (Angiotensin Converting Enzyme 2) maxsus retseptorlari bilan bog‘lanadi va hujayraga kirib boradi (Walls A. et al. 2020; Zhang C. et al. 2020).

ACE2 retseptorlari II turdagi pnevmotsitlarda, shuningdek yuqori nafas yo‘llarining epitelial hujayralarida va ingichka ichak enterotsitlarida namoyon bo‘ladi (Hamming I. et al. 2004). Mana shular nishon-hujayralardir;

SARS-CoV-2 S-oqsili SARS-CoV-1dagiga qaraganda, ACE2 retseptorlari bilan kuchliroq bog‘langan bo‘ladi (yuqoriroq afinlik), bu esa uning tarqalishga ko‘proq qobilligini izohlaydi (Wrapp D.et al. 2020);

viruslarning hujayra ichiga kirishi uchun zarur boshqa omillar ham topildi. Ulardan biri – TMPRSS2 (Hoffman M. et al. 2020).

Virus RNKning egasining nishon-hujayrasida replikatsiyasi (ko‘payishi) RNKga bog‘langan maxsus ferment – RNK-polimeraza (RdRp) hisobiga ro‘y beradi  (Lung J. et al. 2020).

Inkubatsion davr

O‘rtacha inkubatsion davr (kasallik organizmga tushgan, lekin hali o‘zini ko‘rsatmagan davr) 4-6 kun atrofida bo‘ladi.

Simptomlar quyidagicha rivojlanadi:

2 dan 7 kungacha – 75% holatlarda (Guan W. et al. 2020);

14 kundan keyin 1% dan kam
holatlarda (Lauer S. et al. 2020).

 

Kasallanish  

Bilganimiz shuki:

infeksiyaga chalinganlarning taxminan 80 foizi yengil
yoki o‘rta shaklda kasallanib
o‘tadi;

15 foizi kasallikning og‘ir shakli bilan og‘rishi mumkin;

taxminan 5 foizida o‘ta og‘ir holat rivojlanishi mumkin.
(Wu Z. & McGoogan J. 2020; Bouadama L. et al. 2020)

O‘lim holati

O‘lim holati darajasi –  o‘rtacha 0,25-3% (Wilson N. et al. 2020);

14,8% –  ≥80 yoshli bemorlar orasida;

8,0% – 70-79 yoshli bemorlar orasida;

49,0% – o‘ta og‘ir holatlar rivojlanganida;

O‘zbekistonda o‘lim holatlari darajasi – 0,35% (19 / 5293, 2020 y. 16 iyun holatiga).

 

Tibbiyot xodimlari orasida yuqtirish darajasi – 3,8%

Uxan sh.dagi tibbiy xizmatchilarning 63%i;

Og‘ir va o‘ta og‘ir holatlarning 14,8%i;

5 ta o‘lim (Wu Z. & McGoogan J. 2020).

 

Alohida guruhlar

Bolalar (Ludvigsson J. 2020):

bolalarda virus kasallikning ko‘proq (90%) yengil va o‘rtacha kechishini yuzaga keltirishi va COVID-19dan o‘lim holati xatari juda past ekanligi ko‘rindi;

2020 yil aprel holatiga, bolalar o‘rtasida SARS-CoV-2 infeksiyasi bilan bog‘liq sanoqli o‘lim holatlari qayd etildi (14 yoshli 1 nafar bola va 1 nafar 10 oylik chaqaloq – u ichak invaginatsiyasi hamda multia’zoli yetishmovchilik bilan tug‘ilgan);

bolalar va o‘smirlar orasida Kavasaki sindromi turi bo‘yicha o‘tkir yallig‘lanish jarayonining keskin ortishi. Kavasaki sindromi asosan chaqaloqlarda va besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda tashxislanadi. Yangi xavfli sindrom katta yoshli bolalarda ham uchraydi (Lucio Verdoni, 2020). Bunda kattaroq bolalar orasida yurak faoliyati tomonidan buzilishlar hamda «sitokin bo‘roni»ga o‘xshash marofaglar faollashuvi sindromi kuzatildi. Ushbu ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, bolalarda immunomodulyatorlar qo‘llash ham xavflidir.

Homiladorlar:

SARS-CoV-1 da bo‘lgani kabi, virusning vertikal (onadan homilaga) o‘tishi darajasi past (Zhu H. et al. 2020; Chen H. et al. 2020);

homilaga noxush ta’sir darajasi yuqori bo‘lgan SARS (SARS-CoV)dan farqli o‘laroq, SARS-CoV-2da bunday ta’sir juda past (Qiao J. 2020; Rasmussen S. et al. 2020);

tadqiqotlar ko‘rsatdiki, SARS-CoV-2 infeksiyasi onada noxush yakunlar ortishiga olib kelmadi, bu homiladorlarning zararlanishi ular o‘rtasida o‘lim holatlari nihoyatda yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lgan H1N1 grippi pandemiyasidagi shunday holatdan farq qiladi. (Rasmussen S. et al. 2020).

Immunotanqis (immunokompromis) shaxslar – masalan, gematologik, onkologik bemorlar (Weinkove R. et. al. 2020):

immunotanqis bemorlarda SARS-CoV-2 infeksiyasining halokatli ta’sirining to‘g‘ridan-to‘g‘ri isbotlari yetarli emas;

COVID-19 da kasallikning og‘ir kechishining yuqori xatari taxminiy xarakterga ega va asosan boshqa respirator viruslari bilan tajribaga asoslangan;

differensial tashxis, o‘pka infiltratsiyasi va asosiy kasallik bazaviy terapiyasi (kimyoviy terapiya, jarrohlik aralashuvi va sh.k.)dan bakterial infeksiyaning qo‘shilishi uchun yuqori salohiyat borligi ko‘rinishidagi ko‘p uchraydigan asoratlar tufayli, qiyinlashishi mumkin.

 

KLINIK XARAKTERIS­TIKALAR

Boshqa patogenlarda bo‘lgani kabi, klinik belgilar rivojlanishi, kasallik yakuni va oqibatlari qo‘zg‘atuvchining infeksiyalovchi dozasi, kasalga chalingan organizmning xususiyatlari (host-omillar)dan tortib to tashqi shart-sharoitlargacha bo‘lgan ko‘plab omillarga bog‘liq va quyidagi holatlarga olib kelishi mumkin:

yengil yoki o‘rtacha kechishda – COVID-19ga chalingan aksariyat (~80%) bemorlar dastlabki 7 kunda yengil yoki o‘rtacha O‘RVI simptomlari (yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari)ga ega bo‘lishi va keyin to‘liq tuzalib ketishi mumkin (Bouadama L. et al. 2020, Wu Z. & McGoogan J. 2020).

Asosiy simptomlar (Bouadama L. et al. 2020, Young B. et al. 2020):

harorat;

yo‘tal;

hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi.

Kamroq uchraydigan simptomlar:

tomoqda og‘riq;

burun oqishi;

oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi (masalan, diareya);

mialgiyalar (mushaklardagi og‘riq).

Ayrim tadqiqotlarda, o‘ta og‘ir holatlardagi bemorlarda meningit/ensefalitlar, Giyen-Bare sindromi, ongning xiralashuvi, koma va sh.k.ning kam holatlari ham keltirilgan (Moriguchi, 2020; Poyiadji, 2020; Toscana, 2020; Helms, 2020)

Asimptomatik (simptomlarsiz, ya’ni kasallik belgilari kuzatilmagan holatlar) virusga chalinish yoki virus tashuvchisi bo‘lish holatlari infeksiyalanganlar orasida ancha ko‘p uchrasa-da, bu masala yuzasidan munozaralar hanuz davom etmoqda:

infeksiya yuqishi xatari yuqori bo‘lgan sharoitlar (masalan, kruiz laynerlari, qariyalar uylari va sh.k.) da taxminan 50% holatlarda, yuqori nafas yo‘llaridan olingan namunalarda virus RNKsi aniqlanganda simptomsiz davr kuzatilgan (Mizumoto K. et al. 2020, Nishiura H. et al. 2020, Arons M. et al. 2020);

simptomsiz shaxslarning haqiqiy ko‘rsatkichi hali ham noma’lum. Ikkita kruiz layneri yo‘lovchilari tekshiruvdan o‘tkazilganda, bu ko‘rsatkichlar tegishlicha, 17% va 30% bo‘lgan ( Mizumoto K. et al. 2020, Nishiura H. et al. 2020);

simptomsiz tashuvchilarning boshqalarga yuqtirishga qobilligi ham isbotlanmagan, biroq SARS-CoV-1dagiga qaraganda SARS-CoV-2da ular ko‘proq hissa qo‘shishlari ehtimoli bor (Gandhi, M. et al 2020);

ayrim simptomsiz holatlar radiologik tadqiqotlarda (rentgen yoki o‘pka MSKT), shuningdek yuqori nafas yo‘llarida virus aniqlanishida o‘zgarishlarni namoyon etdi  (Hu Z. et al. 2020).

Og‘ir kechishi – bemorlarning ~15%ida nafas olish buzilishi belgilari rivojlanadi va, qoidaga ko‘ra, 6-8 sutkaga shifoxonaga yotqizishni taqozo qiladi (nafas olishning buzilishi, nafas olishning tezlashuvi (≥30), kislorod bilan saturatsiya pasayishi (≤93%), arterial qon gazlari tekshirilganda PaO2/FiO2 <300, va/yoki infiltratsiya va o‘pka shishi).

O‘ta og‘ir kechishi – SARS-CoV-2 ga chalingan bemorlarning oz qismida (5% atrofida) hayotga xavf soluvchi va og‘ir pnevmonitlar rivojlanishi bilan xarakterlanuvchi og‘ir o‘pka kasalliklari rivojlanishi mumkin, qular quyidagi holatlargacha avj olishi ehtimoli bor:

o‘tkir respirator distress sindromi (O‘RDS);

bakterial infeksiya belgilari;

o‘pka shishi;

septik shok;

multia’zoli yetishmovchilik (Wu Z. & McGoogan J. 2020; Australian guidelines for the clinical care of people with COVID-19).

Kasallik og‘ir kechayotgan ayrim bemorlarda «Sitokin bo‘roni» – gemofagotsitik limfogistiotsitoz (GLG)ga o‘xshash og‘ir reaksiya ham rivojlanishi mumkin, (Ruan Q. et al. 2020). Shu sababli, ushbu kasallikka chalingan bemorlarga biror-bir immunostimulyasiya vositalarini qo‘llash tavsiya qilinmaydi.

 

TASHXIS QO‘YISH

Virusga chalinish holatlarini erta aniqlash va diganoz qo‘yish virusning yanada keng tarqalishining oldini olish choralarining samaradorligida birlamchi rol o‘ynaydi.

KOVID diganozini qo‘yish uchun quyidagilar zarur: jismoniy tekshiruv, vositali tekshiruv va tashxisning laboratoriya tasdig‘i. Epidemiologik nazorat qoidalariga ko‘ra, COVID-19 holatlarini belgilash bir necha bor yangilangan JST standartlariga ko‘ra o‘tkaziladi (1-jadvalga qarang).

 

USKUNALI TADQIQOTLAR

Asosiy (Guan, WJ et. al. 2020 Wong, HYF, et al. 2020, Salehi S et al. 2020, Rodriguez JCL. et al 2020):

ko‘krak qafasi rentgeni;

MSKT ;

pulsoksimetriya;

spirometriya.

Zaruratga ko‘ra:

exokardiografiya;

bosh miya MRT va/yoki MSKT;

bronxoskopiya (infeksiya tarqalishi xatari yuqoriligi bois tavsiya etilmaydi);

asab tolalari o‘tkazuvchanligi tekshiruvi va EMG (Giyen-Bare sindromiga shubha bo‘lganda).

 

LABORATORIYA TADQI­QOTLARI

Tashxis testlari

Har qanday kasallikda bo‘lgani kabi, o‘z vaqtida va to‘g‘ri qo‘yilgan tashxis – kasallik ustidan g‘alaba qozonishning garovidir. Ushbu holatda, laboratoriya tashxisi, uning sifati va infeksiyani aniqlash tezligi COVID-19 tarqalishining oldini olishda asosiy o‘rinlardan birini egallaydi.

Polimeraza zanjirli reaksiyasi (PZR) uslubi tashxisni tasdiqlash uchun laboratoriya tadqiqotlarining asosiy turi sanaladi. O‘rganish uchun eng oson olinadigan va, shu bilan birga, ishonchli namunalar nazofaringeal va orofaringeal surtmalar bo‘lib, ular PZR uslubida qayta transkripsiya bilan testdan o‘tkaziladi (CDC, 2020)(CDNA, 2020). Namunalarni laboratoriyaga vaqtida va to‘g‘ri yetkazish ham muhim (bir sutka ichida, 2-8 °S haroratda).

Turli testlarning sezuvchanligi ushbu namunalarda 60-85%ni tashkil qiladi. Testlarning spefitsikligi, aksar hollarda, yuqori bo‘lib, praymerlar va sinovlar to‘g‘ri tanlanishiga qarab, 100%ga yetishi mumkin (Chan, JFW et al 2020).

Sezuvchanlik olingan namuna turiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin (Wang et al. 2020):

Test eng kuchli sezuvchanlikni bronxoalveolar lavaj (yuvma)larda ko‘rsatdi (93%), biroq bronxoskopiya o‘tkazishda biologik xavf (aerozollar yuzaga kelishi)ni yodda tutish va ushbu uslubga imkon qadar kamroq murojaat qilish kerak.

Boshqa namunalarda virus aniqlanishi darajasi quyidagicha bo‘lishi mumkin: so‘lak – 72%, burundan surtma – 63%, tomoqdan surtma – 32%, axlat – 29% va peshob – 0%.

Virus ajralishi va ijobiylik darajasi ushbu holatlarning har birida hamda kasallik kechishi davomida o‘zgarishi mumkin (Farkas J et al 2020), binobarin, PZRning bitta salbiy natijasi har doim ham organizmda infekt mavjudligini istisno qilavermaydi, degan xulosaga kelish mumkin.

Test o‘tkazishga talablar muayyan mintaqa yoki mamlakatdagi vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkin. O‘zbekistonda skrining dasturi yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni hatto simptomlari bo‘lmasa ham, epidemiologik anamnezga ega barcha testdan o‘tkaziladi. Laboratoriya testidan o‘tishi kerak bo‘lgan shaxslarni saralashga bunday yondashuv haqida boshqa mamlakatlarda xabar berilmadi, ilmiy maqsadlardagi ayrim tadqiqotlar bundan mustasno (Gandhi, M. et al 2020). Bundan tashqari, shifoxonaga yotadigan, tibbiy yordam so‘rab murojaat qiladigan, safarga otlangan barchadan COVID-19 mavjud/mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma talab qilinmoqda.

Kasallik kechishining og‘irligini aniqlash, davolash taktikasini prognozlash va tanlash uchun quyidagi laboratoriya tadqiqotlari zarur:

umumiy qon tahlili;

ALT, AST, LDG;

D-dimer – tromblar parchalanishi mahsullari;

ferritin miqdori;

IL-1, -6 darajasi.

Holatdan kelib chiqib va u yoki bu simptomlar qo‘shilishi davomida, shifokor boshqa laboratoriya tekshiruvlarini ham tayinlashi mumkin.

Ilmiy amaliyotda quyidagi tekshiruv uslublari qo‘llaniladi:

Sekvenlash (genomdagi nukleotidlar ketma-ketligini aniqlash) ham virus, ham inson genomi tuzilmasini o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi. Genom rasshifrovkasi quyidagilarni belgilashda yordam beradi:

turli shtammdagi viruslarning o‘zidan avvalgilar bilan aloqasi;

har bir alohida virusning manbai va yuzaga kelish tarixini aniqlash;

mikroorganizm va makroorganizm o‘rtasidagi o‘zaro aloqani o‘rganish (virus- host-omil).

Hujayralar muhitida virusni ajratish – bu ham virusning funksional xususiyatlarini o‘rganishda, shuningdek dori vositalari, vaksinalar, in vitro o‘tkaziladigan turli testlar samaradorligini belgilashda muhim.

Oltingugurt testlari – bemor qonida o‘tkir davrda va sog‘ayish davrida SARS-CoV-2ga xos IgM va IgG toifasidagi antijismlarni aniqlashga qaratilgan. Juda muhim, ayniqsa aholini testdan o‘tkazib, koronavirus bilan kasallanishning to‘liq manzarasini hosil qilish imkonini beruvchi retrospektiv tahlil va epidemiologik nazorat uchun ahamiyatli tekshiruv.

 

Oltingugurt testini o‘tkazishda yodda tutish kerakki, ushbu uslub:

qonda virus bor-yo‘qligini aniqlamaydi, balki virus ushbu organizmda bo‘lganligini ko‘rsatadi, xolos;

test, boshqa viruslar bilan kesishuv reaksiyasi ko‘p uchrashi sababli, cheklovlarga ega;

test gumoral javob, ya’ni antijismlar ishlab chiqilguniga (2 haftagacha Zhao J. et al. 2020) qadar salbiy bo‘lishi mumkin:

gumoral immunitet qon plazmasida IgM va IgG antijismlari mavjudligida, kelgusida ularni aniqlash imkoniyati bilan namoyon bo‘ladi;

ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, 173 nafar bemorda antijismlar ishlab chiqilishining o‘rtacha davomiyligi 11-12 kun bo‘lgan. (Kasallik belgilari kuzatilgan bemorlarning 94%ida IgM mavjudligi ijobiy bo‘lgan va 80%i IgG toifasidagi antijismlarga ega bo‘lgan (Zhao J. et al. 2020));

gumoral immunitet davomiyligi hali aniq ma’lum emas, biroq SARS-CoV-1 bo‘yicha faktlar ma’lum: ilmiy tadqiqotlarda infeksiyaga chalinishning 90- kunida bemorlarning 100%i IgG mavjudligiga 16 oygacha ijobiy bo‘lgan va 2 yil o‘tgandan keyin ularning titri taxminan 90% darajasida turgan, faqat 4 yildan keyin 50%ga chetlanish kuzatilgan. (Lin Q. et al. 2020).

Dunyoda qon antijism mavjudligiga nima uchun tekshiriladi:

epidemiologik nazorat uchun;

kasalni boshidan o‘tkazganlarni, ayniqsa simptomsiz o‘tkazganlarni, kontakt shaxslar doirasini aniqlash va ularni nazoratga olish uchun (O‘zbekistonda ularni karantin hududlariga jo‘natdilar);

statistika, epidprognoz va sh.k. tuzish uchun;

KOVID-19li og‘ir bemorlarni davolashda rekonvalessentlari plazmasidan foydalanish uchun;

ushbu antijismlarning virusga qarshi funksional qobiliyatlarini, ya’ni virusni neytralizatsiyasiga qobilligini o‘rganish uchun. Bu virus (har qandayi)ga qarshi vaksinalar ishlab chiqish uchun muhim;

Kelgusida bu vaksinatsiyaning samaradorligini aniqlash uchun ahamiyatli bo‘ladi.

 

DAVOLASH – ASOSIY JIHATLAR

Bu pandemiyaning noyobligi shundaki, yangi qo‘zg‘atuvchini tanish, uni o‘rganish, testdan o‘tkazish va davolashning, shuningdek protokollarning turli uslublarini tekshirish, ularni qo‘llash bir vaqtda, real vaqt rejimida ro‘y bermoqda. Olimlar hanuz spetsifik davolash ustida ilmiy izlanishdalar, turli xalqaro loyihalar doirasida keng ko‘lamda klinik sinovlar davom etmoqda (JST – SOLIDARITY trial; REMAP-CAP –  (Angus D. et al. 2020). Hozircha davolash protokollariga COVID-19 uchun isbot bazasiga ega bo‘lmagan, boshqa virusli infeksiyalarni davolash bo‘yicha oldingi tajribalardan kelib chiqib, shuningdek empirik asosda qo‘llaniluvchi dori vositalari kiradi. Bugungi kunda asosiy vositalar va davolash uslublari, simptomatikaga qarab, quyidagilardir:

to‘g‘ridan-to‘g‘ri virusga qarshi ta’sirga ega vositalar:

Adenozin va guanozin analog­lari (Remdesivir, Ribavirin (Lung J. et al. 2020; de Wit E. et al. 2020; Hung IF et al. 2020);

proteazalar ingibitorlari (Lopinavir / ritonavir (Kaletra) – Cao et al. 2020)) — bugungi kunda davolash protokolidan chiqarib tashlangan;

toksik shokni olish uchun vositalar;

tromb yuzaga kelishining oldini olish vositalari (Lin, L et al. 2020, Tang, N et al 2020);

antibakterial vositalar (antibiotiklar);

immunoterapiya: Monoklonal antijimlar (masalan, IL-1, IL -6ga qarshi);

rekonvalessentlar (kasallanib tuzalganlar)  plazmasi – sust spetsifik immunitet. Bu uslub O‘zbekistonda anchadan beri, masalan, gemorragik bezgaklarni davolashda qo‘llaniladi;

kamdan-kam hollarda IFN (interferon) bilan nebulayzer terapiyasi amalga oshiriladi
(Interferonlar induktorlari bilan adashtirilmasin);

kortikosteroidlar istisnoviy holatlarda qo‘llaniladi. «Sitokin bo‘roni»da mumkin.

Tasdiqlangan ilmiy faktlarga tayanib alohida band o‘laroq takrorlab o‘tmoqchiman: COVID-19ga chalingan bemorlarni davolashda immunomodulyasiyalovchi/immunostimullovchi preparatlarni qo‘llash mutlaqo mumkin emas, chunki bu yuqorida tilga olingan, ayrim vaziyatlarda virus chaqiruvchi «Sitokin bo‘roni» rivojlanishiga turtki bo‘lib, bemorning holatini og‘irlashtirishi mumkin (Mehta et al. 2020).

 

PROFILAKTIKA CHORALARI

Aholi uchun profilaktika choralari haqida ko‘p aytildi va takrorlashda davom etmoqdalar. Ular, asosan, spetsifik emas va insonning zararlanishi hamda infeksiya tarqalishining oldini olishga qaratilgan. Spetsifik profilaktika, ya’ni koronavirusdan vaksina hali mavjud emas. Jahonga nomi mashhur qator ilmiy tashkilotlar uni yaratish ustida faol ishlamoqdalar. O‘tkazilgan to‘liqgenomli tadqiqotlar virusning tuzilmasini, uning anchayin barqaror genomi va boshqa «do‘st»lari bilan o‘xshashligini aniq belgilash imkonini berdi, shu sababli organizmning bu viruslar oilasiga qarshi yetarlicha yuqori immun himoyaga ega emasligini taxmin qilish mumkin. Ammo bu – alohida mavzu.

Ushbu maqolada mavjud oldini olish choralarinigina tilga olamiz.

Asosiy umumiy choralar:

qo‘l gigienasi qoidalari – qo‘lga ishlov berish;

shilliq qatlam (ko‘z, og‘iz, burun)ga teginishdan chetlanish;

aksa urish/yo‘talish madaniyati;

ijtimoiy masofalanish – kamida 1 m (JST) 2 m (SDS);

tibbiy niqob taqish:

agar masofalanish imkonsiz bo‘lsa, niqob taqish (masalan, gavjum joylar – do‘konlar, bog‘lar, ko‘ngilochar markazlar va sh.k.ga borganda);

kasalga chalinganlarda har qanday holatda niqob taqish va uyda qolish;

agar uyda yoshi katta inson birga yashaydigan bo‘lsa, jamoat joylariga borgan qarindoshlar uyda niqob taqishlari ma’qul, ya’ni inson o‘zini kasallangandek tutadi;

bemorlar va ular bilan kontaktda bo‘lganlarni o‘z vaqtida aniqlash va ihotalash.

SARS-CoV-2ning tibbiy xizmatchilar orasida yuqishi va tarqashining oldini olish bo‘yicha choralar:

individual darajadagi yondashuv (Ferioli et al, 2020);

havo-tomchi/kontaktli yuqish ta’sirining oldini olish – COVID19li bemorlarga qarayotgan mutlaqo barcha uchun;

xodimlar orasida, ayniqsa aerozol-generatsiyalovchi muolajalar (AGM)ga (ular faqat alohida, yopiq xonalarda (idealda – salbiy bosimli sharoitda) o‘tkazilishi kerak) jalb qilinganlarda aerozollar/kontakt orqali infeksiyalanishning oldini olishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rish;

qo‘llar gigienasi;

yuz (ko‘z, og‘iz, burun)ga teginishdan chetlanish;

usukunalardan foydalanishni minimallashtirish (masalan, stetoskopdan imkon qadar kamroq foydalanish).

Tizim miqyosidagi yondashuvlar:

xodimlar va bemorlarga biologik xavfsizlik qoidalari, individual himoya vositalari (IHV)ni to‘g‘ri kiyib-yechish va ularni xavfsiz utilizatsiyalash bo‘yicha muntazam ta’lim/yo‘l-yo‘riq berish;

tibbiy xizmatchilarni IHV, SARS-CoV-2, transportirovka, tegishli infratuzilma va xavfsizlik  bilan ta’minlash;

yuzalar va atrofdagi ashyolarni muntazam tozalash, dezinfeksiyalash;

jihozlar va asbob-uskunalarni tozalash;

statsionarda tegishli ventilyasiya tizimi, ya’ni kuchliroq ventilyasiya, havoning xona ichidagi sirkulyasiyasidan chetlanish, AGM (masalan, bronxoskopiya) o‘tkazilayotgan xonalarda salbiy bosim mavjud bo‘lishi ma’qulroq;

tanaffuslarni tegishlicha o‘tkazish (bir joyda yig‘iladigan tibbiy xizmatchilar sonini cheklash uchun);

shifoxona xodimlarining ijtimoiy masofalanuvi (masalan, tushlik, tanaffus paytida va h.k.);

xatar guruhiga kiruvchi xodimlar (>65 yoshdagi, homilador, immunokompromis shaxslar) COVID-19li bemorlarni davolashga qo‘yilmasligi kerak;

bir smenada ishlaydigan tibbiy xizmatchilar sonini chegaralash;

bemorlarni davolashda zamonaviy texnologiyalar (teletibbiyot, onlayn-qabul va sh.k.)dan foydalanish.

 

COVID-19 pandemiyasi davrida vaksinatsiya to‘g‘risida alohida band

Vaksinalar – bu tibbiyotdagi eng dohiyona kashfiyotlardan va ayrim yuqumli kasalliklarning spetsifik profilaktikasidagi eng samarali vositalardan biri. Aynan vaksinatsiya bilan oldi olinadigan kasalliklardan odamlarning immunizatsiyasi sababli, yangidan-yangi kasallanishlarni chetlab o‘tish imkoni yuzaga keladi. Boshqariluvchan infeksiyalar yuzaga kelishining oldini olish nafaqat hayotni asrab qoladi, balki yuzaga kelgan kasallikni davolashga nisbatan kamroq sarf-xarajat talab qiladi va shusiz ham COVID-19 pandemiyasi natijasida og‘ir yuk tushgan sog‘liqni saqlash tizimi yuklamasini kamaytirishga yordam beradi. Biroq, immunizatsiya seanslari vaqtida infeksiya tarqalishini chetlab o‘tish uchun qator o‘ziga xos jihatlar va JST tavsiyalarini inobatga olish kerak bo‘ladi:

  1. COVID-19 pandemiyasi davrida yangi tug‘ilganlarning rejali vaksinatsiyasini albatta o‘tkazilishi. Aksariyat holatlarda immunizatsiya bo‘yicha tadbirlarning muassasalarda o‘tkazilishini inobatga olib, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar vaksinatsiyasi ustuvor bo‘lishi va milliy grafikka ko‘ra o‘tkazilishi zarur.
  2. COVID-19 pandemiyasi davrida katta yoshdagilarni vaksinatsiyalash tavsiya etiladi. Respirator kasalliklarining profilaktikasi va pnevmokokk infeksiya, gripp va ko‘kyo‘talga qarshi vaksinatsiya tibbiy jihozlar, medikamentlar va tibbiyot xodimlarini COVID-19li bemorlarni davolash uchun ajratishni osonroq qiladi.
  3. COVID-19 yuqishi xatarini minimallashtirish uchun immunizatsiyani o‘tkazish shoxobchalari faoliyatini tashkil qilish. COVID-19 yuqishidan qo‘shimcha himoyalash uchun ko‘rilishi mumkin bo‘lgan qator sodda choralar mavjud:

immunizatsiya o‘tkazish uchun shifokor qabulini oldindan yozib qo‘yish orqali tashkil etish;

poliklinikalarga yoki vakitsnatsiya markazlariga vaksina oladigan va ularga hamrohlik qiladiganlar qatnovini kamaytirish maqsadida, yoshga ko‘ra immunizatsiya tadbirlari bilan birlashtirish;

imkoniyatga qarab, ochiq havodagi hududlardan foydalanish va tibbiyot muassasalarida jismoniy masofalanishga rioya qilish;

vaksinatsiya markazlari uchun – keksa insonlar va yondosh kasalliklar (gipertoniya, yurak kasalliklari, respirator kasalliklar yoki diabet)ga ega shaxslar uchun alohida immunizatsiya seanslarini tashkil etish;

imkoniyatga qarab, immunizatsiya xonalari va kutish zallari davolash tadbirlari o‘tkaziladigan hududlardan ajratilgan bo‘lishi lozim (ya’ni, muassasaga qarab, tibbiy yordamni kunning turli vaqtida yoki alohida hududlarda ko‘rsatish).

  1. COVID-19li (tasdiqlangan yoki yuqqanlikda shubhaga olingan) shaxslar, shuningdek kontaktda bo‘lgan shaxslar ham, vaksinatsiyadan o‘tishlari mumkin. Bugungi kunda bunday shaxslarning vaksinatsiyalanishiga hyech qanday qarshi ko‘rsatma yo‘q.
  2. Milliy va mahalliy hokimiyat organlarining COVID-19 yuqishining oldini olish chora-tadbirlari, jumladan jismoniy masofalanish yuzasidan qaroriga ko‘ra, immunizatsiyani o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu holatlarda ota-­onalarga immunizatsiya o‘tkazish tiklangan zahoti shifokorga bolalarni emlash uchun murojaat qilishni tavsiya etish muhim.
  3. Agar vaksinatsiya to‘xtatilgan bo‘lsa, immunizatsiya dasturini tegishlicha profilaktika choralarini hisobga olgan va ularga rioya etgan holda, qisqa muddatlarda qayta tiklash va faollashtirish zarur. (WHO-2019-nCoV-immunization_services-FAQ-2020.1-rus.pdf
    https://apps.who.int/iris/bitstream/handle/10665/331818/WHO-2019-nCoV-immunization_services-FAQ-2020.1-rus.pdf)

Maqola yakunida qo‘shimcha qilmoqchiman: COVID-19ning, hatto eng qat’iy profilaktika choralari ko‘rilganda ham bunchalik mislsiz tez va yoppasiga tarqalishi Genomning Dohiylarga qarshi bu kurashida hozircha Genomning qo‘li baland kelayotganini ko‘rsatmoqda. Hozircha milliy va xalqaro miqyosda javob berishda qanday texnologiyalarga tayanishimiz, ularning qaysi biri, jumladan narx borasida, yaqin vaqt ichida qo‘llashga maqbul bo‘lishi noaniq qolmoqda. Butun jahon hamjamiyati hozir koronavirusga qarshi vaksina va dori yaratilishiga intizor. O‘zimizni va dushmanni o‘rganish davom etmoqda. Pirovard g‘alaba kim tomonda bo‘ladi? Bu va boshqa ko‘plab savollarga javobni kelajakda bilib olamiz.

 

«O‘zingni va dushmaningni bilsang, minglab janglar nima bilan yakunlanishidan xavotir olmasang ham bo‘ladi…»

Sun Szi

Dildora Sekler

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *