Bemorlar holatini nazorat qilish davolashning muhim omillaridan bo‘lib, uning strategiyasini muvofiqlashtiradi. O‘tgan asr bemorlarni statsionar davolashda hayot faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarini nazorat qilishda elektronikadan foydalanish borasidagi tub yuksalishlar bilan esda qoldi. Zamonaviy tibbiyot doimiy taqib yuriluvchi, asosiy maqsadi kundalik sharoitda bemor holatini uzluksiz tahlil qilib borish bo‘lgan datchiklardan keng ko‘lamda qo‘llashni boshlab, erishilgan yutuqlarni yanada rivojlantirdi. Taqib yuriluvchi datchiklar qo‘llanilishining xususiyatlari va istiqbollari ham akademik, ham ommabop adabiyotda muhokama etilmoqda.

Ushbu qurilmalar rivojiga bo‘lgan bunday e’tiborning bosh sabablaridan biri tibbiy innovatsiyalar sohasidagi taraqqiyotga intilish emas, balki rivojlangan mamlakatlarda keksalar sonining jadal o‘sib borishi bo‘ldi. Prognozlarga ko‘ra, birgina AQShda 2060 yilga borib keksa yoshdagilar soni 100 mln nafarga yetadi, holbuki 2018 yilda bu ko‘rsatkich 49 mln.ni tashkil qilgandi. Jahon ko‘rsatkichlariga kelsak, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti fikriga ko‘ra, 2050 yilga borib 60 va undan yuqori yoshdagi keksa aholi soni 2 milliardgacha o‘sadi.

Bugungi kunda taqiluvchi datchiklar turli-tuman kasalliklarni davolash va oldini olishda, shuningdek, jismoniy holatning umumiy nazoratida, jumladan maktab o‘quvchilarining qaddini to‘g‘rilashda, bolalardagi stress holatlarini tashxislashda, sportchilarning yuqori yuklamalardagi ko‘rsatkichlarining tahlilida va inson vazni o‘zgarishi sur’ati nazoratida qo‘llaniladi. Inson jismoniy holati ustidan nazoratning zamonaviy qurilmalari ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Biroq, ularning bor innovatsionligi va aniqligiga, Ashyolar interneti va Katta ma’lumotlarning ilg‘or texnologiyalari asosida ishlay olishiga qaramay, ularning aksariyati bemorlarga anchayin noqulaylik keltiruvchi yot jismligicha qolmoqda.

Ammo olimlar bu muammoning ham yechimiga yo‘l topyaptilar, buni taqiluvchi sensor qurilmalar sohasidagi so‘nggi kashfiyotlar namoyon etmoqda. Bugungi kunda shifokorlar o‘ta bukiluvchan datchiklardan foydalanmoqdalar, ular inson tanasiga plastir kabi yopishtirib qo‘yiladi. Lekin bu kabi qurilmalarning ayrim kamchiliklari bor, ularning ikkita eng asosiysi – bu qurilmalarning qimmatligi va inson tanasi egilgan joylarini aniq takrorlay olmasligidir (natijada bemor harakatlanishi ularning ishiga halaqit beradi).

Yaqinda kashf etilgan texnologiya esa, bu ikkala muammoni ham hal qilishga yordam beradi. Xyuston universitetida muhandis-biomedik Fahim Ershod boshchiligidagi jamoa inson terisiga muvofiq keluvchi polimer eritmasidan, kumush tangachalardan foydalanib, o‘tkazuvchan siyoh ishlab chiqdi. Siyohni trafaret yordamida tanaga tushirdilar va kerakli sxemani tuzdilar, bir qancha daqiqadan keyin siyoh quridi va datchik foydalanishga tayyor bo‘ldi. Simning bir uchini tayyor sxemaga, boshqa uchini kompyuterga ulab, olimlar teri gidratatsiyasini va yurak hamda skelet mushaklari elektr faolligini o‘lchashga muvaffaq bo‘ldilar.

Siyoh ter va ishqalanish ta’siriga chidamli, lekin sovunli suv shimdirilgan nam qog‘oz sochiq bilan oson ketadi. Endi olimlar oldida mutlaqo simsiz yangi datchiklar yasash vazfiasi turibdi. Yaqin orada insoniyat bemorlarga noqulaylik tug‘dirmagan holda ularning holatlarini kundalik sharoitlarda kuzatib borish imkonini beruvchi datchiklardan foydalanib, kasalliklarni tashxislash va davolashning mutlaqo yangi bosqichiga chiqishi mumkin. Bu kasallik varaqasini beqiyos darajada aniq va batafsil bo‘lishini, binobarin, davolashning ham yanada samarali va maqsadga yo‘nalgan bo‘lishini ta’minlaydi.

QVANT tahririyati tahlil guruhi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *