Avvalda hech qachon biz vaksinalar, ularning foyda va zarari haqidagi axborot oqimida qolmagandik. Eʼtiborlisi, oldinlari, koronavirus va undan vaksina yuzaga kelguniga qadar, hech kim u yoki bu vaksinaning tarkibi, ishlab chiqarilishi, nojoʻya taʼsiri va xatarlari haqida zoʻr berib surishtirmagandi.
Besh yillar oldin vaksinatsiya, oila va bolalar salomatligi toʻgʻrisida qaygʻurish kabi, «onajonlar» ishi sanalardi, chunki bolalarni emlash tugʻruqxonadan boshlanardi. Bolasi qachon va nimadan emlanganligini yodda tutuvchi otalarga qiziqib qaragan boʻlardim.
Endichi?
Bir qarashda biz koʻproq oʻqib, koʻproq qiziqish bildiryapmiz. Ammo… sarobga berilish kerakmas. Ilmiy axborotlarga oʻrgatilmagan va tayyorlanmagan, biologiya va kimyodan chuqur bilimlarga ega boʻlmagan miya uchun haqiqat qayerda-yu, yolgʻon qayerdaligini ajratib olish mushkul. Oʻzingiz baho bering.
Pandemiyaning boshlarida nashrlar sarlavhalari “COVIDga qarshi yangi vaksina superodamni yarata oladimi?» deya jar solar, ketidan «DNKni qayta dasturlash» haqida soʻz borardi. «Bu vaksina odamlarga chorvadagi kabi chiplar oʻrnatibgina qolmay, bizni ideal 5G-antennaga aylantiruvchi nanozarralar ham kiritiladi”, — deyiladi boshqa veb-saytda. Mana shunday asossiy ayblovlardan biri pandemiyaning ilk oylarida Bill Geytsga nisabatan bildirilgandi. Qator konspirologik nashrlar Geytsning oʻzi koronavirusni yaratganligini, kelgusi vaksinatsiyadan esa, odamlarni chiplash uchun foydalanishini yozgandi.
Bu kabi yangiliklar tolmachoydagi shirinlikdek odamlar tomonidan jon-jon deb qabul qilingani tabiiy. Bexabarlik va qoʻrquv – dezinformatsiya va yolgʻon axborot tarqalishining asosiy «yordamchi»laridir.
Tadqiqotchilarning fikrlariga koʻra, umuman olganda, vaksinatsiyaga qarshi targʻibotning oldini olishga urinish befoydadir. Albatta, ijtimoiy tarmoqlar sohiblari «insoniy» boʻlishlari va COVID-19 toʻgʻrisidagi yolgʻon bayonotlarga nisbatan qatʼiy pozitsiyada turishlari, ular oʻrniga obroʻli manbalarni ilgari surishlari kerak boʻlardi.
Ammo bu yerda bir muammo bor – uzun maqolalarni, ilmiy hamjamiyatda obroʻga ega tadqiqotlarni xalqimiz oʻqishni istamaydi. Bizga tomosha, urho-ur, asablar taranglashuvi yoqadi. «Donoyi mutlaq» boʻlib koʻrinish, qoʻshnilar va ulfatlar orasida qoʻrquv solish va oʻz ambitsiyalarini qondirishni istaydilar.
Koronavirus bizga nimanidir oʻrgatdimi? Deylik, kimyo, fizika, biologiyani sevishni; oʻz organizmimiz qurilishini, tana reaksiyasini oʻrganishni, vrachga muntazam qatnashni va qon tahlilini muntazam topshirib borishni? Ishonmayman. Agar siz bunday yoʻl tutganlardan boʻlsangiz, tan oling, pandemiyagacha ham doim shunday qilib kelgansiz-ku, toʻgʻrimi?
Umuman olganda, koronavirus tasdiqladi: odamlar yolgʻon axborotlarga laqqa tushadilar, chunki bunday axborot dangasa aholi uchun «hazmi oson» shaklda taqdim qilinadi – hayqiruvchi va jozibali sarlavhalar, dahshatli suratlar va asos, manipulyativ soʻzlar. Ammo yaxshi xabar ham bor. Bu – kommunikatorlar, tadqiqotchilar, ilmiy arboblar va keyslar hamda ajoyib storislar ekspertlari uchun juda katta qatlam: «ol va ishlat».
Ilmiy hamjamiyat uchun esa, bu, avvalo, muhim dars boʻlishi kerak: ishonchli axborotni oʻquvchi uchun oson, tushunarli, «hazmi oson» va vizual jozibali shaklda taqdim etish nihoyatda muhimdir. Bolalikdan ilm-fanni ommalashtirish, vaksinalar, immunitet va organizm qurilishi haqida soʻzlash kerak.
«Buzgʻunchi» dezinformatsiyaga qarshi kurashdagi yagona yechim va amaliy chorani men mana shunda koʻrmoqdaman. Sizchi?
Nargiza Aliqulova