Chet el tadqiqotlari va ilmiy kashfiyotlaridan hayratlanish barobarida, yurtdoshlarimiz ham ilm-fan sohasida katta yutuqlar sohibi ekanligini unutmaslik kerak. Sho‘rolar Ittifoqi davridayoq o‘zbek olimlari jahon miqyosida ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishgan, ularning ixtirolari va ishlanmalari hozirga qadar ko‘plab sohalarda qo‘llab kelinmoqda.
Tursunboy Rashidov (1934-2020)
Tursunboy Rashidovich Rashidov 1934 yil 27 mayda Toshkentda tavallud topgan. O‘rta Osiyo davlat universitetining fizika-matematika fakultetini 1956 yilda tugllagan. O‘zbekistondagi murakkab yer osti inshootlarining seysmodinamikasi nazariyasini ta’riflab, Tursunboy Rashidov jahon mexanika fanining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Ilmiy faoliyatining 65 yilini Markaziy Osiyo mintaqasining seysmikasini va uning qurilish sohasiga ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlagan Tursunboy Rashidov mintaqaning seysmik xususiyatlarini hisobga olgan holda geodeziya izlanishlarini o‘tkazish uchun nazariy va amaliy baza yaratdi. U 17 ta monografiya va 500 dan ziyod ilmiy maqola yozdi. Rashidovga AQSh, Tennesi shtati Memfis shahrining “faxriy fuqarosi” faxriy nomi berilgan, shuningdek, 2000 yilda Rashidov “XX asrning mashhur kishilari” ro‘yxatiga kiritildi.
Shuningdek, u dunyoning ko‘plab obro‘li universitetlari faxriy prfoessori va doktori sanaladi. Rashidov rahbarligida epitsentral hududda inshootlarga seysmik ta’sirning batafsil tahlili o‘tkazildi. Uning tadqiqotlari asosida zilzilalar intensivligi va makroseysmik effektga ko‘ra seysmik hududlar chegaralari belgilangan.
Rashidovning ko‘plab ilmiy izlanishlari Toshkent metropolitenining yangi yo‘nalishlarini qurishda ishlatildi. 2020 yil 7 oktyabrda vafot etguniga qadar, Tursunboy Rashidov O‘zbekiston Respublikasi FA M.T. O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar zilzilabardoshligi instituti yerosti inshootlari va poydevorlar seysmodinamikasi laboratoriyasiga rahbarlik qildi.
Telman Rajabov (1935-2020)
Olim, fizik materialshunoslik, ilmiy asbobsozlik va mikroelektronika akademigi.
Telman Dadaevich Rajabov 1935 yilda Samarqandda tavallud topgan. 1959 yilda E.Bauman nomidagi Moskva oliy texnik bilim yurtini tamomlagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Toshkent yadro fizikasi institutida ishlagan.
Elementar zarralar fizikasini o‘rgangan va yangi zarralar tezlatgichini kashf etish masalalari bilan bevosita shug‘ullangan. Shuningdek Elektronika institutida ishlagan, u yerda dars bergan va ilmiy ish olib borgan, Toshkent politexnika institutidagi uning ishtirokida tashkil etilgan fizik elektronika kafedrasida gazli razryad fizikasi, vakuum texnikasi, mikroelektronikaning fizik asoslari, plazma fizikasi va sh.k. kurslarni olib borgan. Keyinroq FA Markaziy ilmiy asbobsozlik loyiha-konstruktorlik texnologik byurosi direktori etib tayinlangan. 1992 yildan 1998 yilga qadar Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) rektori bo‘lgan.
1995 yilda, ko‘p sonli xizmatlari uchun, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylangan va o‘sha yiliyoq Nyu-York Fanlar akademiyasi a’zosi bo‘lgan. Angliya, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda ma’ruzalar qilgan. O‘z ilmiy faoliyati davomida 550dan ziyod ilmiy asarlar chop etgan, jumladan 50 dan ziyod mualliflik guvohnomalari va patentlarga ega. Bu davr mobaynida akademik 39 nafar nomzod va 5 nafar fan doktorini yetishtirdi. 1986 yilda «Xalqlar do‘stligi» ordeni va «Mehnat faxriysi» medali bilan taqdirlandi, 2003 yilda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘ldi.
Azizxon Qayumov (1926 – 2018)
Azizzon Qayumov 1926 yilda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tavallud topgan. 1949 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomladi.
Azizxon Qayumov Davlat kino qo‘mitasi raisi, Toshkentdagi Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivali bosh direktori, shuningdek, ko‘plab ilmiy jurnallar, akademik nashrlar bosh muharriri bo‘lgan. 1995 yilda Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. 1998 yildan 2018 yilga qadar Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yetakchi ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.
XX asr o‘zbek adabiyotshunosligining atoqli vakili Azizxon Qayumov Alisher Navoiy va boshqa mumtoz adabiyot arboblari asarlarini chuqur o‘rgangan. O‘n jildli “Saralangan asarlar” to‘plami, shuningdek “Navoiyga ta’zim”, “Alisher Navoiy”, “Maftunkor takrorlar – hayotbaxsh she’rlar”, “Ahmad Farg‘oniy” va boshqa asarlar muallifi.
Azizxon Qayumov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan, shuningdek «El-yurt hurmati» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.
Anatoliy Avtonomov (1898-1968)
Sovet biolog olimi, genetik, seleksioner, pedagog, professor va SSSRdagi paxtashunoslik fani asoschisi. 1924 yildan boshlab Toshkentdagi Turkiston seleksiya stansiyasida ishlaydi, 1926–1933 yillarda Bayramali sh. (Tukrmaniston)da seleksiya stansiyasini boshqaradi.
Paxta seleksiyasi va urug‘chiligi ITIda ishlagan, 1950 yildan boshlab Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti kafedra mudiri bo‘lgan. Anatoliy Ivanovich Avtonomov paxtaning asli – Misr navlariga qaraganda tez pisharroq va hosildorroq bo‘lgan uzun tolali navini yaratgan va O‘rta Osiyoda tatbiq etgan birinchi olim sanaladi. O‘zi yaratgan va ishlab chiqarishga tatbiq etilgan ingichka tolali paxta naviga yettita muallif guvohnomasi bo‘lgan.
Uning rahbarligi ostida genetik olimlar, seleksionerlar va urug‘shunoslarning ilk yirik ilmiy maktablaridan biri yaratildi, olimning qo‘l ostida 40 dan ziyod fan nomzodlari va doktorlari yetishib chiqdi. 1944 yilda O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvoniga sazovor bo‘ldi, 1943 yilda esa Stalin nomidagi mukofot laureati bo‘ldi. 1952 yilda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi bo‘ldi.
Yolqin To‘raqulov (1917-2005)
Sovet olimi, biokimyogar va 1964 yildagi Lenin mukofoti laureati, O‘zbekistonda yashagan va tibbiyot sohasida dong‘i jahonga taralgan, nomi milliy endokrinologiya tarixida abadiy muhrlanib qolgan olim. Turli yillarda farmatsevtika-tibbiyot institutini, Toshkent tibbiyot institutini, Andijon tibbiyot institutini, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutini, Biokimyo instituti va boshqa muassasalarni boshqargan, ularning ko‘pchiligini tashkil etishda qatnashgan. Ko‘plab xalqaro kongresslar, s’ezdlar va simpoziumlarni tashkil qilgan va qatnashgan. Lenin mukofoti (1964), Beruniy nomidagi Davlat mukofoti (1985) laureati, Fanlar akademiyasining oliy mukofoti – al-Xorazmiy nomidagi medal bilan (2002), Mehnat Qizil bayroq ordeni (1963), Oktyabr inqilobi ordeni (1985), «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun», «Jasorat» va «Shuhrat» (1998) ordenlari bilan taqdirlangan.
Habib Abdullaev (1912-1962)
O‘zbek sovet geologi, akademik va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi prezidenti. 1936 ylda O‘rta Osiyo industriya institutini tamomlab, Moskva geologorazvedka instituti va O‘rta Osiyo politexnika institutida dars bergan. 180 ta ilmiy ish muallifi, 30 dan ziyod fan nomzodlari va doktorlarini tayyorlagan.
Abdullaevning asosiy tadqiqotlari petrologiya va rudali konlarga bag‘ishlangan. Shuningdek, u yer po‘stida asosiy foydali qazilmalar shakllanishi va tarqalishi qonuniyatlari nazariyasini ilgari surgan. Barcha geologik jarayonlarning yoshiga qarab shimolda janubga surilishini, uning manbalarining ko‘pqavatli ekanligini ko‘rsatib berdi; ruda hosil bo‘lishi jarayonida effuziv jinslar roli va jinslarning miqdoriy xarakteristikasining ahamiyati masalasini ko‘tardi. Butun yer shari ruda-petrografik provinsiyalari tasnifini ishlab chiqdi. Uning rahbarligi ostida birinchi tektonomagmatik komplekslar sxemasi hamda Tyan-Shan va Pomirning metallogenik sxemalari, Chotqol-Qurama mintaqasi xaritalari yaratildi.
Toshmuhammad Sarimsoqov (1915-1995)
Sovet, o‘zbek matematigi, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo‘ycha mashhur mutaxassis. 170 dan ziyod ilmiy ish, jumladan 8 ta monografiya muallifi. 1936 yildan – SAGU (hozirgi O‘zMU) ilmiy xodimi, dotsenti, professori (1942), kafedra mudiri. Fizika-matematika fanlari doktori (1942) va O‘zSSR akademigi. Olim tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishi – ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, funksional tahlil. Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha tadqiqotlari Markov jarayonlari nazariyasiga va uning matematik tahlil va metrologiyaga ilovalariga oid bo‘lgan. 1953 yilda turfa jinsli zanjirlar uchun ergodik teoremalarni isbotladi. 10 nafar fan doktori va 50 nafar fan nomzodini tayyorladi.
Obid Sodiqov (1913-1987)
O‘zbek kimyogar organigi va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi prezidenti (1966–1984), Umumiy va texnik kimyo bo‘limi bo‘yicha Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi (1972 yildan), O‘zbekiston SSR Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati. Uning izlanishlari predmeti tabiiy birikmalar, avvalo alkaloidlar bo‘lgan. Uning rahbarligi ostida tabiiy birikmalar va bioorganik kimyo tadqiqotlari amaliyotida spektroskopiya va radiosektroskopiya, kvant kimyosi, konformatsion tahlil, kimyoviy tuzilmalar va xossalarni matematik modellashtirish keng qo‘llanildi.
Yahyo G‘ulomov (1908-1977)
Sovet tarixchisi va arxeologi, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston SSR FA akademigi (1966). Asosiy tadqiqotlari O‘rta Osiyo qadimgi tarixi va arxeologiyasiga, xossatan, O‘zbekistonda qadimgi davrlardan to shu kunlargacha bo‘lgan sug‘orish ishlari tarixiga bag‘ishlangan. Birinchi o‘zbek arxeolog mutaxassisi, ko‘plab ilmiy ekspeditsiyalarning faol ishtirokchisi bo‘lgan. O‘zbekistonning eng qadimgi tarixi va O‘rta Osiyodagi sug‘orish ishlari tarixi bo‘yicha tadqiqotlari uchun keng miqyosda e’tirof etilgan. Hayoti va ilmiy faoliyati davomida olim respublikada tarixiy-arxeologik tadqiqotlarni tashkil qilish, yurtimizdagi ko‘p sonli qadimiy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilishga salmoqli ulush qo‘shdi.
Galina Pugachenkova (1915-2007)
Mashhur arxeolog va san’atshunos, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi. Markaziy Osiyodagi qator mamlakatlar OTMlarida arxeologiya bo‘yicha darslik sanaladigan «O‘zbekiston san’ati» monografiyasi muallifi. Uning rahbarligi ostida, bir guruh mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston me’moriy obidalari to‘plamining bir necha jildi nashrga tayyorlandi. 40- yillardan boshlab hozirgi O‘zbekiston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlaridagi arxeologik qazish ishlarida faol qatnashdi. Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasiga rahbarlik qildi va uning yakunlari bo‘yicha monografiyalar chiqardi. Ularda uning o‘zi va hamkasblari tomonidan topilgan Pahlaviylar podsholigi va Qadimiy Baqtriya davrlariga mansub, Dalvarzintepa va Kampirtepa manzillari me’moriy inshootlari san’atshunoslik nuqtai nazaridan tavsiflangan.
Vosit Vohidov (1917-1994)
Atoqli o‘zbek jarrohi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jarrohlik ilmiy markazi asoschisi va birinchi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. Jarrohlikning ko‘plab yo‘nalishlari, o‘pka, umurtqa va ko‘krak faqasi sohasi, siydik yo‘li, jigar, oshqozon, yurak, oyoqlar magistral tomirlari kasalliklari, qorin bo‘shlig‘i a’zolarining urgent jarrohlik kasalliklari va boshqalarga bag‘ishlangan 180 ta ilmiy ish muallifi. 70 dan ziyod fan doktori va nomzodlarini tayyorladi. Butunjahon jarrohlar assotsiatsiyasining haqiqiy a’zosi, «O‘zbekiston tibbiy jurnali» muharriri, Pirogov nomidagi «Xirurgiya» jurnali tahrir kengashi a’zosi bo‘lgan.
Vosil Qobulov (1921-2010)
Sovet matematigi, kibernetik, xo‘jalik, davlat va siyosat arbobi. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston SSR FA aspiranti, katta ilmiy xodim, hisoblash markazi rahbari, Matematika instituti direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston SSR FA Mexanika instituti va hisoblash markazi direktori, O‘zbekiston SSR FA Kibernetika instituti va hisoblash markazi direktori bo‘lgan.
G‘ani Mavlonov (1910-1988)
Sovet xo‘jalik, davlat va siyosat arbobi, geologo-mineralogiya fanlari doktori, professor. Muhandislik geologiyasi, gidrogeologiya va seysmologiya sohasi olimi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, xizmat ko‘rsatgan ilm-fan va texnika arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati, O‘rta Osiyo muhandis-geologlar va gidrogeologlar maktabi asoschisi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi ikkita yirik institut: Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi (1959–1962) va Seymologiya instituti (1966–1985) ning tashkilotchisi va birinchi direktori bo‘lgan.
Shavkat Alimov (1945)
Shavkat Alimov – matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi. Markaziy Osiyodagi yirik matematik. Faoliyati davomida MDU, Toshkent davlat universitetida ishlagan, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bo‘lgan. Akademikning asosiy ilmiy ishlari matematik fizikaga oid differensial tenglamalarning xususiy hosilalari masalalalariga, xususan o‘zaro kesishuvchan elliptik operatorlarning spektral nazariyasiga, differensial va integral tenglamalar muammolariga bag‘ishlangan. 7–9- sinflar uchun algebra kursi darsliklari muallifi.
Bekjon Toshmuhamedov (1935-2020)
Sovet va o‘zbek biologi va biofizigi, biologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. Toshkent davlat universitetida dars bergan va ilmiy faoliyatni amalga oshirgan. 1986–1992 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti direktori. 1987 yilda O‘zSSR Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi etib saylangan. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Biologiya fanlari bo‘limi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) raisi bo‘lgan. 200 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi, biologiya va biofizika masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyalar ishtirokchisi. 60 nafar fan doktori va nomzodlarini tayyorladi. Bundan tashqari, rus, o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan O‘zbekiston biologiya jurnali bosh muharriri bo‘lgan.
Sa’di Sirojiddinov (1920-1988)
Matematik va jamoat arbobi, O‘zSSR Fanlar akademiyasi akademigi, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fizika-matematika fanlari doktori va professor. Uning ilmiy ishlari ko‘p o‘zgaruvchanlarga ega klassik ko‘phadlilarning muhim xossalariga bag‘ishlangan. Sirojiddinovning Markov zanjirlari uchun chekka teoremalar va asimptotik taqsimlanishlarni umumlashtirish borasidagi tadqiqotlari 50- yillarda Toshkent matematika maktabining yanada rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Sirojiddinov nisbiylik nazariyasi sohasidagi yutuqlarni matematik statistikaga qo‘lladi. 1960- yillarda Sirojiddinov va uning o‘quvchilari tasodifiy qiymatlar uchun chekka teoremalarga hamda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan va Markov zanjirini hosil qiluvchi ko‘plab tasodifiy vektorlarga tegishli muhim masalalarni hal qildilar; bu masalalar bo‘yicha xonadonlarni baholash katta amaliy ahamiyatga ega. Sirojiddinov jamoat xizmatlari nazariyasi sohasida, statistika va statsionar jarayonlar nazariyasi borasida keng tadqiqotlar o‘tkazdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy merosini o‘rganishga va Markaziy Osiyo uchun, ayniqsa o‘zbekistonlik yuqori malakali matematiklar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
Fathulla Abdullaev (1948)
Sovet va o‘zbek fizigi, fizika-atematika fanlari doktori, Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati, al-Xorazmiy nomidagi medal sohibi va O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. 1986-1992 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo‘limi rahbarining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari, keyin bo‘lim rahbari bo‘ldi. 1977 yildan O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo‘limida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi, 1987 yildan Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Braziliya, Gretsiya, Daniya, Italiya, Ispaniya, Malayziya, Portugaliya, AQSh, Finlyandiya, Fransiya va Yaponiya ilmiy markazlarida taklif etilgan professor bo‘ldi. Professor Abdullaev obro‘li xorijiy jurnallarda 200 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etgan, uchta monografiya muallifi, ularning ikkitasi ingliz tiliga o‘girilgan. U ma’ruza qilish uchun AQSh, Germaniya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya, Braziliya, Malayziya va boshqa mamlakatlardagi 30 ta xalqaro konferensiyaga taklif etilgan. 2019 yilda O‘zbekistonda «Yil olimi» deb tan olingan.
Zamonaviy O‘zbekiston mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan va uning ilmiy salohiyatini rivojlantirayotgan ilm sohiblarini yetishtirmoqda.