Fermerlar, ishlab chiqaruvchilar va dilerlar o‘z tovarlarini savdo tashkilotlariga realizatsiyaga beradilar va o‘zlari to sotuvchilardan pul kelib tushmagunicha, aylanma mablag‘larsiz qoladilar. Kutish muddatlari 2 oydan 6 oygacha muddatni tashkil qiladi. Bunday yetkazib beruvchilarning ko‘pchiligi ularga aylanma kapital bilan muammolarni hal qilishga yordam beruvchi xizmatlar – “faktoring” borligini bilmaydilar ham.

Biznesmenlarimiz e’tiborlarini yetarlicha mablag‘ va aylanma kapital mavjud emasligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga qaratish maqsadida, biz O‘zbekistondagi birinchi faktoring kompaniyasi – “Faktoring” asoschisi va direktori Davron Ismoilov bilan faktoring va u qanday ishlashi haqida suhbatlashdik.

R.: Davron, siz bank sohasida va moliyaviy korporatsiyalarda katta mehnat tajribasiga egasiz, banklardagi biznesni kreditlash tizimini va oddiy biznesmen uchun kredit olish muammolarini yaqindan bilasiz.

D.: Ha, men moliyaviy faoliyat, kreditlarni boshqarish va debitorlar bilan bevosita bog‘liq ko‘plab kompaniyalarda bebaho ish tajribasini orttirish baxtiga muayassar bo‘lganman. Bank tizimini ichidan o‘rganib, oddiy tadbirkor o‘tishi kerak bo‘lgan barcha jarayonlar va kvestlarni tushunib, bularning bari samaraliroq ishlashi va moliyaviy resurslar kichik va o‘rta biznes uchun yanada ochiqroq bo‘lishi mumkinligi ustida fikr yuritdim – zero, ko‘p hollarda ular talab qilingan summada, kapitalni oqilona aylanma hamda tovarlar va xizmatlar oldi-sotdisiga yetadigan darajada ushlab turish uchun kredit olishlari juda qiyin kechadi.

Shu sababli, tezkor moliyalashtirish g‘oyasi yaqin bo‘lgan insonlar bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, yuqoridagi masalalarni samarali hal etish uchun “Faktoring” kompaniyamizni tashkil qildik. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ichki ulgurji savdoning yillik tovar aylanmasi 64 trln so‘mni tashkil qiladi, chakana savdoda esa, yillik tovar aylanmasi 133 trln so‘mdan oshadi. 67 mingdan ziyod korxona savdo sohasida band, bu jami xo‘jalik sub’ektlarining 22 foizini tashkil qiladi. Amalda ushbu kompaniyalarning 100 foizi kichik korxonalar va mikrofirmalar sanaladi. Bunga, jumladan, davlat tomonidan kichik biznesning soliq preferensiyalari ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlanishi sabab bo‘ldi.

Kichik biznes uchun an’anaviy kredit olish anchayin qiyin ekanligini barchamiz tushunamiz, birgina garov ta’minotining mavjud emasligi va moliyaviy ko‘rsatkichlar har doim ham yetarli bo‘lmasligining o‘zi qancha mushkulot tug‘diradi. Aylanma kapital tanqisligi, kassa tafovutlari, to‘lovni kechiktirish asosida tovar sotishni esa hyech kim bekor qilgani yo‘q. Garovsiz moliyalashtirishni izlash kichik biznesni do‘stlardan, tanishlardan va h.k.dan qarz olishga undaydi. Bu yerda, albatta, ularga faktoring yordamga kelgan bo‘lardi.

Afsuski, O‘zbekiston banklari faktoringga, an’anaviy kreditning o‘rinbosari sifatida, ishonchsizlik bilan qaraydilar. O‘z navbatida, qarz oluvchilar ham mahsulot va, deylik, uning bor tarovati haqida yetarlicha xabardor emaslar. Masalan, hayratlanarli jihati shundaki, amaldagi bank normativlari faktoring deganda faqatgina uning regressiyasiz shaklini – qarz oluvchiga regress huquqisiz debitorlik qarzini sotib olishni tushunadilar, bu esa kamdan-kam hollarda ishlatiladi va banklar uchun katta xatarli vosita sanaladi. Bunday regressiz faktoringda normativda qarzdorning moliyaviy ko‘rsatkichlariga anchayin yuqori talablar qo‘yilgan. Zararlar va nolikvid balans yuridik shaxslarga faktoring olish imkonini bermaydi, jismoniy shaxslarga faktoring esa, mutlaqo taqiqlangan. Banklar faktoring bozorida yirik salohiyatga ega ekanliklari ochiq-oydin, lekin hozirda ular xatarlarni baholashda konservativ yondashuvga asoslanadilar yoki shunga majbur bo‘ladilar, ishonchli korporativ mijozlar bilan ishlashni afzal sanaydilar va ochiq bozorda faktoring sohasida faol hamda shiddatli marketing siyosatini yuritmaydilar.

 

R: Balki bunday vaziyat yuzaga kelishiga kam sonli odamlar va tadbirkorlargina o’z faoliyatlarida qo’llashlari mumkin bo’lgan faktoring amaliyotlaridan xabardor ekanliklari sabab bo’lgandir? Tadbirkorlar orasida faktoringni ommalashtirish kerakmi? Faktoring kreditdan nimasi bilan farq qiladi?

 

D.: Faktoring ko‘pdan beri mavjud, ammo samarali moliyaviy vosita sifatida uni O‘zbekistonda kam qo‘llashadi. Faktoring – bu bank yoki ixtisoslashgan kompaniya (faktor-firma) tomonidan mijozlarga muayyan komissiya evaziga ulardan qarzdorlardan qarzni undirish huquqini sotib olish va mijozlarga ularning qarzdorlarga bo‘lgan talablarini qarzdorlardan pul mablag‘lari to‘liq qaytarilguniga qadar qisman to‘lab berishdir. Qarzning qolgan qismi, foiz chegirib olingach, mijozlarga butun qarz miqdori so‘ndirilgandan keyin qaytariladi.

Natijada mijoz qarzlar to‘liq qaytarilguniga qadar unga faktor kompaniyasi taqdim etgan pul mablag‘laridan mahsulot ishlab chiqarishda foydalanishi mumkin. Mohiyatan, faktoring savdo kapitalini kreditlashning o‘ziga xos shakli sanaladi. Faktoring sxemasi sodda tuzilgan. Faktoring kompaniyasi yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha mijozdan diskont asosida debitorlik qarzdorligini talab qilish huquqini sotib oladi. Mijoz o‘z tovari uchun pulni bo‘nak to‘lovi ko‘rinishida o‘sha zahoti olishi mumkin. Uning miqdori o‘tkazib berilgan moliyaviy talab sumasining moliyalash koeffitsientiga ko‘paytmasi o‘laroq hisoblanadi. Faktoring firmasidan pul mablag‘lari olgach, mijoz ishlab chiqarishni rivojlantirishi (yangilashi va kengaytirishi) hamda fakt bo‘yicha to‘lov rejimida ko‘proq mahsulotlar sotishi, yangi sotuv bozorlariga chiqishi mumkin bo‘ladi.

Faktoring va kreditda nazorat va imkoniyatlar darajasi turlicha, aylanma mablag‘larni to‘ldirish mexanizmlari turfa xildir.

Bank kredit berayotganda mijozning kredit bo‘yicha foizlarni to‘lashga layoqatini baholaydi va berilgan summaning qaytarilishini ta’miinlash uchun garovga mijoz mulkini oladi, bunda garov qiymatini ikki barobardan ko‘proqqa diskontlaydi. Amaliyotdan kelib chiqib, kredit bo‘yicha mijozning to‘lovga layoqatliligi doirasida berilgan mablag‘ kompaniyaning barqaror o‘sishi uchun yetarli bo‘lmaydi, deb ayta olaman.

Faktoring mijozga mijoz xaridorlarining to‘lovga layoqatliligiga tayangan holda moliyaviy resursdan foydalanish imkoniyatini ochadi. Faktoring bo‘yicha kredit liniyasining bank kreditidan farqi shundaki, faktoring kompaniyasi kredit liniyasi sotuvlar hajmi kengaygani sari oshib boradi. Mijoz qancha ko‘p to‘lovga layoqatli xaridorlarni jalb etsa, uning kredit liniyasi shunchalik oshadi. Faktoringda moliyalash hajmi muayyan summa bilan chegaralanmaydi, balki sotuv hajmidan foizlarda belgilanadi. Bu mijozga cheklanmagan moliya sharoitida biznes yuritish imkonini beradi va uni tashqi moliyalashtirishdan xalos qilishi mumkin. Faktoring xizmatini ko‘rsatishning bank kreditlashidan afzalligi shundaki, bu holda bankda hisob ochish shart bo‘lmaydi, majburiyatlarni ado etish uchun ta’minot va kafolat talab qilinmaydi. Bu esa, mijozga pul oqimlarini yanada samaraliroq boshqarish imkonini beradi. Bu yerda faktoring o‘zini debitorlik qarzdorligini boshqarishning amaliy vositasi o‘laroq namoyon etadi.

 

R.: Agar, masalan, tadbirkor sexi uchun yangi jihoz sotib olmoqchi bo’lsa, bu holda ham u faktoringdan foydalanishi mumkinmi? 

 

D.: Agar mijozga yangi jihoz, tovar partiyasi sotib olish yoki nimadir qurish uchun pul kerak bo‘lsa, u yaxshisi bankka borgani ma’qul. Sotuvlar hajmini kengaytirmoqchi bo‘lganda esa, undan tovarlarini kreditga sota boshlashi talab etiladi. Va xatarlardan chetlanish uchun faktoring firmasiga murojaat qilgani ma’qul. Mijozda kassa tafovuti yuzaga kelib bo‘lgan bo‘lsa, faktoring eng yaxshi yordam bo‘la olmaydi. Faktoring faqat mijoz yetarlicha ustama qiymat bilan to‘lovni kechiktirish asosida mahsulot yetkazib berganda va uning to‘lovlari naqdsiz amalga oshirilgandagina ish beradi, chunki naqd to‘lovlar faktoring sxemasiga muvofiq kelmaydi. Binobarin, muayyan darajada, faktoring biznesning “kulrang” sxemadan “toza” ishlashga o‘tishiga xizmat qiladi.

 

R.: Davron, mijozlar bilan ishlash jarayonini qanday yo’lga qo’yganligingizni aytib bersangiz?

 

D.: Kompaniya o‘tgan yil oxirida ta’sis etilgan ammo amalda faoliyatini joriy yil fevral oyidan boshladi. 6 oy davomida 16 ta bitim amalga oshirildi, ulardan 11 tasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Barcha bitimlar o‘zimizning elektron Faktoring tizimimiz orqali o‘tkazilgan bo‘lib, unda buyurtmalarni onlayn qabul qilish, hujjatlarni qayta ishlash va bitimlarni ichki kelishish jarayoni funksionali tatbiq etilgan. yetkazib beruvchilar masofadan turib faktoring shartnomasini tuzadilar, buning uchun ofisimizga kelishlariga hojat yo‘q va o‘sha kunning o‘zida moliyaga ega bo‘ladilar. Biz, darvoqye, karantin davrida ham faoliyatni to‘xtatmadik – masofadan ishlashda davom etdik. factoring.uz saytida yangi mijozlar uchun batafsil video-yo‘riqnoma va faktoringni qo‘llashdan tushadigan foydani hisoblash kalkulyatori bor. Buyurtmachilarga va xaridorlarga u nazorat, xavfsizlik va cheklanmagan miqdordagi yetkazib beruvchilardan yetkazmalar uzluksizligini ta’minlaydi, shuningdek qarzdorlikni boshqarish imkonini beradi.

 

R.: Demak, mavjud voqelikda va karantin choralari joriy etilgandan keyin to’laqonli ishlash uchun siz faktoring amaliyotlari va barcha tranzaksiyalarni masofaviy rejimda boshqarish uchun dasturiy ta’minot yaratibsiz-da? 

 

D.: Dasturiy ta’minotni virus qo‘qqisdan chiqmasidan va ko‘pchilik karantin bo‘yicha choralarga rioya qilib, o‘zini ihotalashga va onlayn-rejimda ishlashga ketmasidan ancha oldin yaratgandik. Aytish mumkinki, jamoamizning “ko‘ngli sezgan” ekan – elektron faktoring tizimini vaqtida joriy eta oldik. Ammo biz erishilgan natijada to‘xtab qolmasligimiz kerak deb hisoblaymiz va dasturni muntazam modernizatsiyalaymiz. Hozirda biz tizimni takomillashtirish va uni faktoring kompaniyasi faoliyati uchun butunlay tayyor tizim shakliga keltirish jarayonida turibmiz. Takomillashtirilgan tizim o‘z ichiga g‘aznachilik va hisobot modulini, shuningdek buxgalteriya va kredit dasturlari bilan integratsiyani o‘z ichiga oladiki, bu faoliyatimizning tezkorligini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, kun tartibida multiomilli platforma (marketpleys) yaratish turibdi. Bu to‘liq siklli platforma bo‘lib, boshqa omillar (banklar, faktoring kompaniyalari) takliflarini joylashtirish imkonini beradi, unda shartnomalarni tuzish, qayta ishlash va moliya ajratish, shuningdek kelgusi hujjat yurituvi va bitimlarni hisobga olishning butun sikli raqamli shaklga o‘tkaziladi. Biz platformaning tayanch faktoring kompaniyasi bo‘lamiz. Umid qilamanki, banklar va faktoring kompaniyalariga bu platforma yangi mijozlarni jalb qilish va xarajatlarni bir necha barobarga kamaytirish imkonini beradi. Tizimimiz bitim minimal summasi bo‘yicha cheklovlarga ega emas, bu platformani biznes uchun qulay qiladi va, avvalo, kichik hamda o‘rta biznes sub’ektlari uchun moliya olishda keng imkoniyatlar ochadi.

R.: “Faktoring” kompaniyasini tashkil etish va rasmiylashtirish jarayonida murakkabliklar bo’ldimi, faktoring faoliyatini qaysi organ tartibga soladi? 

 

D.: Amalda barcha mamlakatlarda bo‘lgan kabi, O‘zbekistonda ham moliya vositasi sifatida faktoring tushunchasi va uning huquqiy tartibga solinishi Fuqarolik kodeksida belgilangan va nafaqat moliya institutlari, balk moliya agentlari va ixtisoslashgan kompaniyalar bu faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin sanaladi.

Shu bilan birga, moliyaviy agentlar uchun eng asosiy savol – faktoring faoliyatini litsenziyalash masalasi ochiq qolmoqda. Hozirda ko‘plab sobiq sovet mamlakatlaridagi kabi huquqiy kolliziya mavjud, u O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 750- moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonuni me’yorlarining bir-biriga nomuvofiq ekanligida ko‘rinadi. Kodeksga ko‘ra, moliyaviy agentlar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (litsenziya) olishlari shart, Qonunga muvofiq esa, moliyaviy agentlar va faktoring kompaniyalarini litsenziyalash talab etilmaydi. Shuningdek, to hozirga qadar litsenziya berishni amalga oshiruvchi organ belgilanmagan. Binobarin, litsenziya olish imkonsiz – beradigan joyning o‘zi yo‘q. Shu tariqa, bugungi kunda faktoring bozorida faqat bank litsenziyasi doirasida faoliyat yurituvchi tijorat banklarigina mavjud, chunki u faktoring bilan to‘sqinsiz shug‘ullanish huquqini beradi. Biz eng kam qarshilik yo‘lidan bordik va mikrokredit tashkiloti litsenziyasini oldik, u ham faktoring bilan shug‘ullanish imkonini beradi.

Bu faoliyatni litsenziyalash nima uchun kerak emasligi haqida gapirib o‘tirmayman, bu borada yetarlicha asoslangan tahlillarni topsa bo‘ladi. Faqat shuni aytamanki, masalan, O‘zbekistonda lizing faoliyati litsenziyalanmaydi. Lizing va faktoring o‘rtasida esa, ularni moliyalash manbalari nuqtai nazaridan, men farq ko‘rmayman, ya’ni unisi ham, bunisi ham jismoniy shaxslar mablag‘larini jalb qilmaydi va jismoniy shaxslar bilan ishlamaydi. Qolaversa, bu farqni tartibga soluvchi ham ko‘rmaydi – Markaziy bank saytidagi hisobotlarda faktoring to‘g‘risidagi ma’lumotlar lizing bilan birgalikda keladi.

Bizda O‘zbekiston lizingberuvchilari assotsiatsiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi. Nega endi ular misolida, O‘zbekiston Respublikasi hududida faktoring faoliyatini amalga oshirishning yagona standartlari va qoidalarini ishlab chiqish uchun, o‘z assotsiatsiyamizni ochib, barcha banklar va faktoring kompaniyalarini yagona tuzilmaga birlashtirib bo‘lmaskan? Shunda bozor o‘zini o‘zi nazorat qila olardi. Shundan kelib chiqilsa, mavjud normativlarga o‘zgartishlar kiritish yoki faoliyat turiga cheklovlarsiz faktoring amaliyotlarini amalga oshirishni tartibga soluvchi yangi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish zarurligi tushunarli bo‘ladi.

2020 yil 1 yanvar holatiga butun mamlakat bo‘yicha debitor qarzdorlik 93 trln. so‘mni tashkil qildi, ularning 15 trln. so‘mi muddatidan o‘tib ketgan. Bunda, o‘zbek banklari tomonidan faktoring asosida xarid qilingan debitorlik qarzdorliklari 2020 yil 1 yanvar holatiga 19,5 mlrd. so‘mni tashkil qiladi, ya’ni bu nol-ikki foiz yoki o‘sha paytda mamlakatda mavjud debitorlik qarzdan 5000 barobar kamdir. O‘sha sana holatiga aylanma mablag‘larni to‘ldirishga bank kreditlari qoldig‘i 33 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Joriy yil 1 apreldan O‘zbekistonda majburiy suratda elektron hisob-fakturalarni to‘ldirish joriy etildi. Bu statistik ma’lumotlarning ishning real holati bilan muvofiqlashuviga olib keladi. Soliqchilar tomonidan muddatidan o‘tib ketgan debitorlik qarzi bo‘yicha da’voni chetlab o‘tish uchun, hisob-fakturalar to‘lov fakti bo‘yicha yozilardi. yetkazib beruvchilarning hyech qaysisi muddati o‘tgan to‘lov uchun penya talab qilmasdi. “Faktoring” kompaniyasining asosiy e’tibori riteyler tarmoqlari yetkazib beruvchilariga qaratilgan.

 

Bir gal ularning yetkazib beruvchisidan buyurtma olgach, biz yetkazib beruvchi hatto xayoliga ham keltirmagan muddati o‘tgan hisob-faktura borligiga duch keldik. Ya’ni, faktoring o‘zini yana debitorlik qarzdorligini boshqarishning amaliy vositasi sifatida ham namoyon etdi. Yana bir namunaviy bitim ichimlik ishlab chiqaruvchisi bilan tuzildi, biz taklif qilgan diskont uning uchun og‘irlik qildi. Ammo biz debitorlardan pul oqimlarini hal qilib olishga yordam berib, bitta 90 kunlik bitim summasini 30, 60 va 90 kunda so‘ndiriladigan qilib uchta teng bitimga bo‘lib berganimizdan keyin, to‘lanadigan diskont umumiy summasi ikki barobarga kamaydi.

 

R.: O‘zbekistonda yangi moliyaviy xizmatlar tatbiq etilishiga kuchli talabni ko’ryapmiz, faktoring xalqaro darajada qanday rivojlanmoqda? 

D.: Hozirgi bosqichda O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida xalqaro bozorlarga chiqish muammosi o‘tkir bo‘lib turibdi. Tashqi savdo faol rivojlanmoqda. Bu vaziyatda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining moliyaviy va boshqaruv ehtiyojlarini to‘liq darajada qondira oladigan, O‘zbekiston Respublikasi savdo sheriklari bo‘lgan xorijiy mamlakatlar amaliyotlariga moslashtirilgan moliyaviy vositalar kerak. Bu yerda ham shunday vositalardan biri faktoring bo‘ladi. Dunyoda tobora ko‘proq eksportchilar xalqaro faktoring ularga yanada raqobatbardosh bo‘lishda yordam berishini anglamoqdalar. Biz eksport va import faktoringi bo‘yicha ko‘p buyurtmalar olamiz. Qator Rossiya banklari va faktoring kompaniyalari faktoringning ikki omilli modelini amalga oshirish maqsadida bizga murojaat qiladilar. Ammo, huquqiy cheklovlar sababli, biz rad etishga majburmiz.

Qator davlatlarda faktoring sohasidagi huquqiy munosabatlar hozircha O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lmagan xalqaro konvensiyalar, jumladan, 1988 yil 28 maydagi xalqaro faktoring amaliyotlari bo‘yicha UNIDRUA konvensiyasi bilan tartibga solinadi. Holbuki, xalqaro lizing to‘g‘risidagi UNIDRUA konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi 2000 yildayoq qo‘shilgandi. Bundan tashqari, hyech bir o‘zbek banki yoki moliya kompaniyasi Factors Chain International xalqaro faktoring assotsiatsiyasining a’zosi emas, u esa bugungi kunda 90 ta mamlakatdan 400 dan ortiq a’zoni birlashtiradi.

Konvensiyaga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini faktoring sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni taqozo qiladi. Konvensiya faktoring va talab qilish huquqini taqdim qilish shartnomalaridan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi, jumladan, faktoring shartnomasi bo‘yicha munosabatlarda tomonlar huquqlari va majburiyatlarini ko‘zda tutadi. Binobarin, xalqaro faktoring amaliyotlari xalqaro savdoni rivojlantirishda salmoqli rol o‘ynashlari hisobga olinsa, xalqaro faktoring amaliyotlarini o‘tkazishni osonlashtiruvchi va faktoring amaliyotlariga jalb qilingan turli tomonlar o‘rtasida manfaatlar muvozanatini qo‘llab-quvvatlashga yordam beruvchi huquqiy chegaralarni belgilovchi yagona qoidalarni qabul qilishning ahamiyati e’tiborga olinsa, O‘zbekiston Respublikasining Konvensiyaga qo‘shilishi maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, hozirda o‘zbekistonlik iste’molchilarga o‘zbek banklari va/yoki faktoring kompaniyalari tomonidan xalqaro faktoring xizmatlari valyuta qonunchiligidagi cheklovlar tufayli ko‘rsatilmayapti. Chunonchi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun (22.10.2019 y. ?O‘RQ-573) 9- moddasiga muvofiq, rezidentlar o‘rtasida valyuta amaliyotlari taqiqlangan, ushbu qonunning 17- moddasida belgilangan amaliyotlar bundan mustasno. Bunda faktorlar va ularning rezident-eksportchilari o‘rtasidagi valyuta amaliyotlari ruxsat berilgan amaliyotlarga kiritilmagan. Rezident-eksportchining vakolatli bank yoki faktoring kompaniyasi (faktorlar) bilan rezident-eksportchining aylanma kapitaliga ehtiyojlarini moliyalashtirish maqsadlaridagi o‘zaro munosabatlarida faktoring shartnomasini qo‘llash ham bunday shartnomani amaliyotda qo‘llab bo‘lmasligiga duch keladi, chunki bunday rezidentlar Eksport-import amaliyotlaridagi valyuta nazorati to‘g‘risidagi nizomning 9- bandi (20.04.1994 y., PF-837) talablarini ham rasman bajara olmaydilar, chunki bu holatda eksport tushumi faktor foydasiga o‘tkazib berilgan bo‘ladi va pul mablag‘lari rezidentlar (faktorlar)dan faktoring shartnomasi doirasida olingan bo‘ladi, pirovardida bunday rezident-eksportchiga eksportdan tushgan valyuta tushumi sifatida hisoblanmaydi.

Qonunchilikka faktoring shartnomalaridan foydalangan holda tashqi savdo shartnomalari (kontraktlari) bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish holatida eksport tushumining o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishi bo‘yicha majburiyatlarning rezident tomonidan bajarilishini tan olish borasidagi o‘zgarishlarni kiritish o‘zbek eksportini moliyalashtirish bo‘yicha amaliyotlarning rivojlanishiga xizmat qiladi va o‘zbekistonlik vakolatli banklar hamda faktoring kompaniyalarining mahsulot qatorini kengaytiradi.

Bugungi kunda faktoring xizmatlarini ko‘rsatuvchi O‘zbekiston banklari va mikrokredit tashkilotlari xalqaro faktoringga faol qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, hozirda O‘zbekistonda faktoringni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud. Biznes amalda barcha yo‘nalishlarda faol rivojlanyapti, binobarin, ham kichik va o‘rta biznes kompaniyalari – faktoring xizmatlarining asosiy iste’molchilari soni, ham faktoringning mahalliy korxonalar o‘rtasidagi shuhrati ortib boryapti.

O‘zbekiston Respublikasining Konvensiyaga qo‘shilishi va o‘zbekistonlik faktorlarning FCI ga a’zoligi, shuningdek bu sohadagi qonunchilikning takomillashtirilishi, jumladan O‘zbekiston Respublikasi valyuta qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilishi faktoringning mamlakat YaIMdagi hamda mamlakatdagi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvatlashdagi hissasi oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Faktoring jadal rivojlanayotgan kichik va o‘rta kompaniyalarning bosh muammosi – kompaniyaning kreditorlik qarzdorligini oshirmagan holda aylanma mablag‘lar taqchilligi muammosini qulay va tezkor hal qilish imkonini beradi. Qayd etish o‘rinliki, xalqaro faktoring bitimlarida yetkazib beruvchi o‘zidan valyuta xatarlarini chetlashtiradi. U yetkazma qiymatining salmoqli qismini yuk ortilgandan keyin darhol oladi va shu tariqa o‘zini valyuta kursining ehtimoliy tebranishlaridan himoyalaydi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik faktorlarning rezident-eksportchilarni eksportoldi moliyalashda qatnashishining kengayishi o‘zbekistonlik faktoring kompaniyalari va banklarning moliya xizmatlari bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish uchun real sharoitlar yaratadi.

Shu tariqa, biz bu yerda faktoring biznesining chuqur ummonini va ushbu mahsulotga katta talabni ko‘rmoqdamiz. Qolaversa, bugungi kunda, karantin “inqirozi” iqtisodiyotning barcha sohalari, birinchi navbatda real sektorga ta’sir ko‘rsatgan bir sharoitda, ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar yangi sharoitlarda ishlashga majbur bo‘ladilar – ularning avvalgi ishlash uslublari samaradorligini yo‘qotadi. Chiqarilgan xulosalarga tayanib, O‘zbekistonda faktoring bozori yetarlicha o‘zlashtirilmagan va yaqin yillarda rivojlanish uchun yaxshigina istiqbolga ega, degan fikrga kelamiz.  Va aynan hozir, hamma aktivlarni joylashtirish uchun yangi daromadli sohalar izlayotgan bir paytda, faktoring biznesini rivojlantirish ayni muddaodir. Ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonimiz serquyosh o‘lka va bu quyosh ostida hamma uchun joy yetarli. Qolaversa, yaqinda Jahon banki o‘zining prognozida O‘zbekistonni yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida joriy yil yakunlariga ko‘ra iqtisodiyoti o‘sishda davom etadigan (1,5%) yagona davlat deb atadi. 2021 yilda JB O‘zbekiston YaIM o‘sishini 6,6% darajasida prognozlamoqda. Shu sababli, bizda ham faktoring industriyasi, ham butun mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish uchun barcha asoslar mavjud.

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *