Yaqinda biz Quyosh instituti (Parkent sh.)da joriy yil 21-mayda “Tiklanuvchan energiya manbalari” mavzuida konferensiya oʻtkazilganligini maʼlum qilgandik. Konferensiya ushbu sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan taniqli oʻzbek olimi, texnika fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi maxbir aʼzosi Gʻiyos Yoqubovich Umarov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangandi.

Davlat oldida ulkan vazifalar turibdi – 2030-yilga borib umumiy energiya generatsiyasi hajmida tiklanuvchan energiya manbalarining ulushini 25%ga yetkazish. Bu hozirgi bosqichda davlat siyosatining dolzarb yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Avvalda oʻzbek olimlari tomonidan toʻplangan mamlakatning ilmiy salohiyatiga koʻrsatilayotgan davlat koʻmagi tufayli bu ish mumkin boʻldi.

Oʻzbekiston quyosh energiyasidan foydalanishga oid ilmiy tadqiqotlar boʻyicha nihoyatda boy tajribaga ega. Mamlakatda geliotexnika masalalari bilan shugʻullangan oʻzbek olimlarining butun boshli jamoasi yashab mehnat qilgan. Ularning nomlari butun dunyo mutaxassislari orasida taniqli boʻlgan. Ular qatorida Oʻzbekistonda geliotexnika asoschisi sanalgan akademik Gʻiyos Yoqubovich Umarov (1921-1988) ham bor edi.

Gʻ.Y. Umarov yadro energiyasi sohasida chuqur iz qoldirgan:

– OYATI (Dubna)da oʻzbekistonlik yosh olimlar (A.Abdurazzoqov, T.Islomov, F.Muxtasimov va boshq.)dan iborat guruh tashkil qildi va 1957-yilda doimiy magnitda beta-spektrograf ishlab chiqib, oʻrnatdi. Uning shogirdlari bu uskunada koʻplab noyob natijalarga erishdilar. Uning guruhi beqaror yadrolarning spektral tahlili sohasida koʻplab tajriba uslublari va tadqiqot konsepsiyalarini ishlab chiqishda kashshof boʻldilar va boshqa mamlakatlarda shunday tadqiqot markazlari ochilishiga turtki berdilar;

– 1958-yilda akademik I.V. Kurchatov rahbarligida jonajon Fizika-texnika instituti (Toshkent)da plazma laboratoriyasini tashkil qildi va boshqariluvchan termoyadro reaksiyasi masalalari bilan shugʻullandi.

Gʻiyos Yoqubov nafaqat yuqori samarali va innovatsion olim, balki haqiqiy tadqiqotchi, tom maʼnoda maʼrifatparvar inson ham boʻlgandi. Matematika va astronomiya kabi fanlarda oʻzbek madaniyati va tarixi unda chuqur qiziqish uygʻotardi, zero ular xalq tarixi bilan chambarchas bogʻliq edi.

 

Markaziy Osiyo insoniyatga jahonga mashhur olimlar – Beruniy, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek kabi matematik va astronomlar, alloma Abu Ali ibn Sino va boshqalarni tuhfa etgan.

Gʻiyos Umarovning Beruniy faoliyatiga qiziqishiga, birinchi navbatda, gʻaroyib ashyo: uyda osigʻliq qadimiy, qoʻlda tikilgan, oʻzbek oilalarida avloddan-avlodga oʻtib keladigan soʻzana sabab boʻlgandi. Soʻzana yosh qizlar tomonidan tikiladi va unda quyosh, oy va sayyoralar aylanasini koʻrish mumkin; bunday soʻzana “falak” (“palak”) deya ataladi. Jumladan, Umarov oilaviy yodgorligida markazda katta quyosh va uning atrofida “orbita”lari spiralsimon naqshli kichikroq oʻlchamdagi aylanalar tushirilgan naqshli soʻzana boʻlardi.

Afsonaga koʻra, ilk “Quyosh va Oy”ni soʻzanaga Beruniyning shogirdlaridan birining qalligʻi tushirgan; u mahbubining xonasida quyosh tizimining chizmasini koʻrib qoladi va bu suratni quyosh va suzayotgan sayyoralar naqshi koʻrinishida oʻz soʻzanasida aks ettiradi, bunda spiralsimon chizgilar sayyoralar aylanishini anglatardi.

Bu hol Gʻiyos Yoqubovichni Beruniy va Kopernik asarlarini zamonaviy ilm-fan nuqtayi nazaridan qayta oʻqib chiqishga undadi. Qadimiy olimlar asarlarini oʻrganish natijasida 1973-yilda “Beruniy, Kopernik va zamonaviy ilmlar” kitobi chop etildi (bu kitob va A. Yershovning oʻzbek tilida ham chop etilgan kitobi AQShda 2001-yilda Atthecrossroadsofmillennia umumiy nomi ostida, Beruniy tavalludining 1000-yilligi va Nikolay Kopernik tavalludining 500-yilligiga bagʻishlab chop etiladi. Ikkala sana YUNESKO tashabbusi doirasida butun dunyoda keng nishonlanadi).

XX asrning 60- yillarida OʻzSSR FA FTIda birinchi gelio-poligonning tashkil etilishi ham Gʻiyos Yoqubovichning xizmati sanaladi. Geliotexnik qurilmalar bilan tanishish uchun butun dunyodan va SSRI respublikalaridan delagatsiyalar kelgan. Oʻzbekiston, SSRI va chet ellik oʻnlab aspirantlar ushbu poligonda quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha oʻz tadqiqotlarini oʻtkazganlar. Kelgusida uning oʻquvchilari Buxoroda (prof. B.Ochilov) va Qarshida (prof. A.Vardiashvili) shunday poligonlar tashkil etdilar.

Gʻ.Y.Umarovning tashabbusi bilan 70- yillar boshlarida Buxoro viloyatidagi Qorovulbozorda joylashgan IIV alohida rejimli koloniyasi hududida dunyoda birinchi gelioqurilmalar ishlab chiqarish zavodi quriladi.

Gʻiyos Umarov hayotining soʻnggi yillarida Orol dengizi bilan bogʻliq ekologik halokatdan chiqish yoʻllarini izlashda faol qatnashdi, uni tiklash qoʻmitasi aʼzosi boʻldi va bu muammoni hal qilishga strategik hissa qoʻshdi.

Oxirgi kuniga qadar u xizmatga shay va bardam kayfiyatda boʻldi. Tokamakda plazmaning barqaror muvozanatini qoʻllab-quvvatlash usullari toʻgʻrisida maqola yozayotgandi. U plazma va quyosh kuchini insoniyat hayotining sifatini yaxshilash uchun sarflashni orzu qilgan inson edi. Quyosh kuchidan foydalanish toʻgʻrisidagi ishlanmalar, gʻoyalar Gʻiyos Umarovning asosiy merosi sanaladi.

Anatoliy Yershov uzoq yillar Gʻiyos Umarov bilan doʻstona muloqotda boʻlib kelgan. 1996-yilda u olim haqida kitob yozadi, kitob Moskvada nashr etiladi. Endi biz uni oʻzbek tilida ham qayta nashr etyapmiz va Gʻiyos Yoqubovich Umarov tavalludining 100-yilligiga bagʻishlaymiz.

Taniqli olim, innovatsion tajriba oʻtkazuvchi olim va ajoyib inson oʻz avlodlari, doʻstlari, hamkasblari hamda shogirdlari qalblarida, aqllarida yashaydi.

K.E. Siolkovskiy nomidagi Rossiya Kosmonavtika akademiyasi faxriy akademigi Gʻayrat Umarov

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *