Qarz mablag‘lari yoki grantlar ko‘rinishda xususiy investorlar hamda xalqaro moliyaviy institutlarning investitsiyalarini jalb qilish bunday investorlar uchun maqbul sharoitlar yaratishni, jumladan investitsiyalangan mablag‘larni tegishlicha, vijdonsiz xatti-harakatlarni, xususan korrupsiya va korporativ qalloblikni rag‘batlantirmaydigan sharoitda ishlatish kafolatlarini yaratishni talab qiladi.
Ko‘ptomonlama taraqqiyot banklari, jumladan Afrika taraqqiyot banki guruhi (AfTB), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (yeTTB), Butunamerika taraqqiyot banki guruhi (BATB), Jahon banki guruhi (keyingi o‘rinlarda, umumlashtirib – xalqaro taraqqiyot banklari (XTB)), shuningdek milliy banklar yoki rivojlanish agentliklari, jumladan Fransuz taraqqiyot agentligi (AFD/FTA), Germaniyaning Tiklanish kredit instituti (KfW), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)[1] kabi moliyaviy institutlar investitsiya qabul qiladigan mamlakatdan tender davomida, ya’ni tovarlar va xizmatlarni tanlov asosida sotib olish jarayonida biznesni vijdonan yuritish qoidalariga rioya etishni va korrupsiya, og‘dirib olish, korporativ qalloblik, jumladan hujjatlarni qalbakilashtirish, majburlash, til biriktirish va h.k. kabi qilmishlarning oldini olish uchun sharoitlar yaratishni talab qiladilar.
Birinchidan, bu talablar shartnoma hujjatlarida, ikkinchidan namunaviy xarid hujjatlarida mustahkamlanadi. Ularga rioya qilish nazorat mexanizmlari va vijdonsizlik harakatlarini aniqlash orqali nazorat qilib boriladi. Tenderda qatnashayotgan kompaniyalar tomonidan bu talablarga rioya etilmaslik ushbu kompaniyalarga nisbatan XTB tomonidan sanksiyalar joriy etilishiga olib keladi, shuningdek tenderni bekor qilib, taraqqiyot banki ajratgan moliyalashtirishni kuchdan qoldirishgacha olib keladi.
Qoidaga ko‘ra, taraqqiyot banki davlatga yoki davlat tuzilmasiga, masalan taraqqiyot dasturiga yoki yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiyalashga kredit liniyasi va/yoki grant ajratganda, bunday dastur doirasida taraqqiyot banki ajratgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan konsalting kompaniyalari, audit firmalari, yetkazib beruvchilar, pudratchilar va h.k.larni saralash uchun tenderlar tashkil qilish ko‘zda tutiladi. Umuman olganda, taraqqiyot banki va mamlakat o‘rtasida moliyaviy shartnoma imzolangandan keyin ushbu mablag‘lar qarz oluvchi davlatga o‘tsa-da, korporativ axloq va investitsiyalarni olayotgan mamlakatdagi boshqaruv darajasini inobatga olib, shuningdek Transperensi Interneshnl[2] tomonidan beriladigan korrupsiyani qabul qilish indeksiga tayanib, taraqqiyot banki davlat bilan moliyaviy shartnomaga vijdonsiz xatti-harakatlar, aynan olganda dastur yoki loyihani amalga oshirishda qalloblik yoki korrupsiyaviy qilmishlarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish majburiyatini qat’iy ravishda kiritadi. Vijdonsiz xatti-harakat aniqlanganda, qarz oluvchi davlat bu haqida taraqqiyot bankini xabardor qilish va uni bartaraf etish uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish majburiyatini zimmasiga oladi. Bunday axborot yashirilgan holatda, taraqqiyot banki moliyalashtirishni bekor qilishi mumkin.
Parallel ravishda, XTB moliyalashtiradigan tenderlarda qo‘llaniladigan barcha namunaviy xarid hujjatlari tender ishtirokchilarining vijdonsiz xatti-harakatlarga qo‘l urmaslik, jumladan pora bermaslik, og‘dirib olmaslik, arizaga ilova qilingan hujjatlarni qalbakilashtirmaslik va h.k. borasida majburiyatini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Jahon banki investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish doirasidagi xaridlar qoidalarida ravshan bayon qiladiki, agar Jahon banki, kontraktni taqdim etish tanlovini o‘tkazish jarayonida kontrakt taqdim etilishiga tavsiya etilgan firma yoki xususiy shaxs, bunday firma yoki jismoniy shaxsning xodimlaridan birortasi yoki uning agentlari, submaslahatchilari, subpudratchilari yoki tovarlar va xizmatlar yetkazib beruvchilar va/yoki ularning xodimlari[3]bevosita yoki bilvosita korrupsiyaga, qalloblikka, til biriktirishga, majburlashga yoki to‘sqinliklar yaratishga aralashgan, degan xulosaga kelsa, kontraktni taqdim etish borasidagi taklif rad etiladi.
Ammo gap ko‘p ham XTBning bunday tender ishtirokchisini moliyalashtirishni rad etishida emas. Yuqorida aytilganidek, loyihani amalga oshirish, jumladan tender davomida vijdonsiz xatti-harakat jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bugungi kunda yuqorida sanab o‘tilgan beshta XTB vijdonsiz ishtirokchini (kompaniya yoki jismoniy shaxsni) nafaqat vijdonsiz xatti-harakat aniqlangan loyihadan, balki muayyan muddatga XTB moliyalashtirishidan, ya’ni XTB moliyalashtiradigan har qanday tenderda qatnashishdan chetlashtirishning o‘z tizimiga ega.
Chetlashtirish mexanizmi qanday ishlashini batafsil ko‘rib chiqamiz. Tilga olib o‘tilganidek, moliyalashtirish ajratilayotgan mamlakatlarda korrupsiya xatari mavjudligini anglagan holda, XTB, jumladan quyidagilar orqali, korrupsiya yoki qalloblik qilmishlarining oldini olish va aniqlash uchun turli nazorat mexanizmlaridan foydalanadilar:
Loyiha monitoringi: loyihani amalga oshirish davomida taraqqiyot banki xodimlari, qoidaga ko‘ra, investitsiya ob’ektlariga rejali yoki rejadan tashqari monitoring missiyalari doirasida tashrif buyuradilar, bu ishlarning tegishlicha borishiga ishonch hosil qilish, shuningdek faoliyatdagi yoki ajratilgan mablag‘larning ishlatilishidagi anomaliyalarni aniqlash imkonini beradi;
Nazorat va audit: texnik va moliyaviy auditlar ham loyiha amalga oshishidagi yoki xaridlar jarayonidagi anomaliyalar va muammolarni aniqlash imkonini beradilar;
Wistleblowing: XTB o‘z veb-saytlarida ochiq foydalanishda xabar berishning anonim kanallarini tashkil qiladilar.[4] Bunday kanallar orqali XTB istalgan shaxsdan ehtimoliy vijdonsiz xatti-harakat, o‘g‘rilashlar yoki loyihada mablag‘larning tegishlicha ishlatilmasligi to‘g‘risida axborot olishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, xabar beruvchining shaxsi, uni huquqbuzar tomonidan ta’qibga olinishidan himoyalash maqsadida, maxfiy saqlanadi.
Shikoyat yoki axborot olinishi bilan, taraqqiyot banki birinchi navbatda unga yetib kelgan noqonuniy harakatlar to‘g‘risidagi axborot qanchalik asosli ekanligini belgilaydi. Ehtimoliy anomaliyalar to‘g‘risidagi axborot o‘rganiladi va, zarur bo‘lganda, XTBning tegishli instansiyasiga tekshiruv o‘tkazish uchun topshiriladi. Tekshiruv yakunlangach, XTB quyidagicha qaror qabul qilishi mumkin: i) qonunbuzar-kompaniyani yoki huquqbuzar jismoniy shaxsni XTB moliyalashtirilishidan chetlashtirish, ii) jalb qilingan mansabdor shaxs to‘g‘risidagi axborotni mahalliy huquqni himoya qilish organlariga taqdim etish, iii) tenderni bekor qilish (ajratilgan moliyalashtirishni ham kuchdan qoldirishga qadar).
Qayd etish o‘rinliki, agar yuqorida keltirilgan beshta XTB tuzgan chetlatish to‘g‘risidagi qarorlarni birgalikda qo‘llash bo‘yicha Kelishuv qo‘llaniladigan bo‘lsa (unga ko‘ra, bir XTB qabul qilgan amaliy munosabatlarni bekor qilish (chetlatish) haqidagi qaror boshqa XTBlar tomonidan tan olinadi, buning oqibatida bir XTB tomonidan chetlatilgan shaxs muvofiq ravishda boshqa XTBlar tomonidan ham xuddi o‘sha shartlarda (cross-debarment) chetlatiladi), chetlatish mexanizmi kompaniya uchun yana ham katta zarba bo‘ladi.
Jahon banki guruhi (keyingi o‘rinlarda – JBG) ma’lumotlariga ko‘ra, 1999 yildan 2019 yilga qadar Jahon banki moliyalashtiradigan loyihalarda qatnashishdan 956 ta kompaniya va jismoniy shaxs chetlatilgan.[5]2017 yildan buyon, O‘zbekistondagi Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalar doirasida 6 ta kompaniya va 2 nafar jismoniy shaxs turli muddatlarga JBG moliyalashtirishidan chetlatildi[6]. Ushbu kompaniyalar chetlatilishining sabablarini va chetlatishning minimal davri tugashi bilan chetlatish bo‘yicha sanksiya olib tashlanishi uchun ular tomonidan qanday choralar ko‘rilishi kerakligiga to‘xtalamiz.
2017 yilda JBG «Q.» MChJni qalloblikda, til biriktirishda va majburlashda ayblab, 7 yil 11 oy muddatga chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. JBG saytida chop etilgan qarorga ko‘ra,[7] Sirdaryoda suv ta’minoti loyihasi doirasida kompaniya loyihaning qurilish shartnomasi bo‘yicha o‘zining akademik tajribasi to‘g‘risida yolg‘on axborot taqdim etishda, arizalar topshirish muddati tugashi bo‘yicha tender hujjatlarini almashtirish maqsadida davlat idorasi mansabdor shaxsi bilan til biriktirishni uyushtirishda, moliyaviy taklifi pastroq bo‘lgan raqobatchini o‘z arizasini qaytarib olishga undash maqsadida majburlash amaliyotida aybdor deb topilgan.
2018 yilda «J.» MChJ va «K.» MChJ qalloblikda va til biriktirishda ayblanib, har biri 4 yilu 9 oyga chetlatildi. Ikkala kompaniya JBG tomonidan moliyalashtiriladigan bir shartnoma bo‘yicha tenderga ariza topshirishda axborotni noqonuniy almashish to‘g‘risida kelishib olishda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, ikkala kompaniya shartnoma bo‘yicha ishlarga taklif etilayotgan personalni shakllantirish to‘g‘risidagi axborot taqdimotida ma’lumotlarning buzib taqdim etilishiga javobgar deb e’tirof etilgan.[8]
2019 yilda «F.» MChJ kompaniyasini korrupsiya amaliyotida ayblab, 3 yil muddatga chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. JBG press-reliziga ko‘ra, kompaniya korrupsiya amaliyotida aybdor etib topilgan, chunki O‘zbekistonda oliy ta’limni modernizatsiyalash loyihasi doirasida bo‘lajak kontrakt yuzasidan Jahon banki xodimining harakatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga urinib, xodimga qimmatbaho ashyo taklif etgan.[9]
Va nihoyat, bugungi kunda O‘zbekistondagi sanksiyaga uchragan kompaniyalarning oxirgisi – bu «M.» QK bo‘lib, u qalloblikda ayblangan. 2020 yil 29 apreldagi JBG press-reliziga ko‘ra, kompaniyaga nisbatan 30 oylik chetlatish sanksiyasi jamoat suv ta’minoti xizmatlari hammabopligi, sifati va barqarorligini oshirish maqsadiga qaratilgan Sirdaryoda suv ta’minoti loyihasi doirasida qalloblik harakatlari sababli chiqarilgan. Jahon banki xabarida aytilishicha, kompaniya o‘z moliyaviy axboroti va kasbiy tajribasi haqidagi arizasida haqiqatni buzib ko‘rsatgan va JBG moliyalashtiradigan konraktni olish maqsadida, unda manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini e’lon qilgan, bu esa qalloblik sanaladi.
Bunday chetlatish mexanizmi (debarment) huquqbuzar kompaniya korporativ boshqaruvi rivojiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi, chunki chetlatishda bu kompaniya TBR oldida chetlatishning birlamchi muddati yakunlanguniga qadar komplaens dasturni qabul qilish majburiyatini oladi.
Masalan, JBG, qoidaga ko‘ra, huquqbuzar kompaniyani birlamchi minimal muddatga chetlatar ekan, kompaniya JBG qo‘ygan shartlarni bajarsa va, minimum o‘laroq, JBG tamoyillariga muvofiq amalda ish beradigan komplaens dasturni joriy etsa, bu muddat yakunlangach chetlatish bekor qilinishi mumkin. Yuqorida keltirilgan o‘zbekistonlik kompaniyalar aynan mana shunday shartlarda chetlatilgan. Alohida holatlarda JBG, aybdor kompaniya yanada qisqa muddatda va JBG monitoringi ostida komplaens dasturni tatbiq etish majburiyatini zimmasiga olishi sharti bilan, chetlatishning yanada kichikroq muddatiga rozi bo‘lishi mumkin. Aynan mana shunday kelishuv «M.» QK va «Idemia France SAS» kompaniyasi bilan tuzilgan, bu ularga chetlatishning kamroq muddatini olish imkonini berdi (biri 30 oy va boshqasi 3 yil). Qayd etish o‘rinliki, yirik kompaniyalar uchun JBG bilan bunday kelishuv tuzish ko‘proq foydali, bu ularga XTB moliyalashtiradigan tenderlarga tezroq qaytish, shuningdek, chetlatish sanksiyasi tufayli obro‘ga yetadigan puturni kamaytirish imkonini beradi, zero bu sanksiya ko‘pincha milliy taraqqiyot banklari tomonidan ham e’tiborga olinadi va aybdor kompaniyani nafaqat sanksiya chiqargan XTB, balki ko‘plab boshqa taraqqiyot banklari moliyalashtiradigan tenderlarda ham muvaffaqiyatli qatnashish imkoniyatidan ham mahrum qiladi. Unutmaslik kerakki, kichikroq kompaniyalar komplaens dasturni qisqa muddatlarda tatbiq etishga qodir bo‘lmasliklari ham mumkin, chunki bu sermehnat va qimmatga tushadigan jarayon – u yangi ichki taomillarni ishlab chiqish, salohiyatli personalni ishga olish, xodimlar uchun ta’lim dasturlarini joriy etish, qabul qilingan taomillarga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni ushlab turish va sh.k. zarurligi bilan bog‘liq. Bunda, chetlatishning birlamchi muddati yakunlanganidan keyin komplaens dastur mavjud bo‘lmasa, kompaniyaga XTB moliyalashtiradigan kontraktlar bo‘yicha tenderlarda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lish va yirik kontraktlardan mahrum bo‘lish xatari tahdid soladi.
Darvoqye, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan, yuqorida nomi tilga olingan «Idemia France SAS» (avvalgi «Oberthur Tech») kompaniyasiga nisbatan JBG tomonidan 2017 yilda 30 oy muddatga chetlatish to‘g‘risida chiqarilgan sanksiya alohida e’tiborga molik.[10]
Bu sanksiya shunisi bilan e’tiborliki, u O‘zbekistonda emas, Bangladeshda amalga oshirilgan loyihada korrupsiya va til biriktirishda aybdor Oberthur Tech kompaniyasiga qarshi chiqarilgan. Ammo, bu sanksiya huquqbuzar kompaniyaning barcha filiallariga nisbatan qo‘llanilishi sababli, O‘zbekstonda ro‘yxatdan o‘tgan filial ham, u sanksiyaga sabab bo‘lgan korrupsiyaviy qilmishga bevosita aralashmagan esa-da, sanksiyaga tushadi. Sanksiyalar qo‘llashning bunday geografik keng ko‘lami JBG uchun odatiy amaliyot bo‘lib, undan maqsad nafaqat huquqbuzar kompaniya ichida, balki yagona korporativ guruhga kiruvchi boshqa tuzilmalarda ham vijdonli biznes korporativ madaniyatini oshirish sanaladi. Bundan tashqari, «Idemia France SAS»ga nisbatan sanksiya yuqorida aytilgan, beshta XTB o‘rtasidagi Chetlatish bo‘yicha qarorlarni birgalikda qo‘llash kelishuvi ta’sir doirasiga tushadi va, binobarin, aybdor kompaniya va uning barcha sho‘ba korxonalari nafaqat JBG, balki boshqa to‘rtta XTB – AfTB, OTB, yeTTB va XATB moliyalashtirishidan ham chetlatish muddatiga mahrum bo‘ladilar. Bundan tashqari, yuqorida keltirilganidek, ko‘pincha milliy taraqqiyot banklari ham XTB sanksiyalarini e’tiborga oladilar va, milliy taraqqiyot banklari sanksiyalarni birgalikda qo‘llash borasidagi rasmiy kelishuvga qo‘shilmagan bo‘lsalar ham, o‘zlari moliyalashtiradigan tenderlardan XTB chetlatgan kompaniyalarni chiqarib tashlaydilar. Bunday pozitsiya XTBning yuksak obro‘siga va milliy taraqqiyot banklari uchun ularning sanksiyaviy qarorlarini bee’tibor qoldirish nomaqbul ekanligiga asoslangan. «Idemia France SAS» (avvalgi «Oberthur Tech») butun dunyo bo‘ylab biznes yurituvchi o‘ta yirik texnologik kompaniya ekanligini hisobga olib, JBGning butun korporativ guruhga sanksiya qo‘llashi, shuningdek bu sanksiya boshqa XTB va taraqqiyot banklari tomonidan e’tirof etilishi uni JBG bilan chetlatish muddatini qisqartirish va buning evaziga kompaniya qisqa muddatlarda komplaens dasturni qabul qilishi bo‘yicha maxsus kelishuv tuzishga undagan, deb taxmin qilish mumkin.
Har holda, chetlatish bo‘yicha sanksiyalarning ekstraterritorial xususiyati, uning korporativ guruhdagi birgina tuzilma sababli, guruhga kiruvchi barcha kompaniyalarga qo‘llanilishi e’tiboridan, bunday sanksiyaga uchragan har qanday korxonani ham korporativ guruh ichida, ham undan tashqarida vijdonsiz xatti-harakatga samarali chek qo‘yish ustida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Bunga esa, JBG standartlariga[11]va/yoki boshqa, tan olingan standartlarga muvofiq komplaens dasturni qabul qilish va joriy etish yo‘li bilan erishish bemalol mumkin.
Xulosa o‘laroq ta’kidlagan bo‘lardimki, loyihalarni vijdonan amalga oshirilishi taraqqiyot banklari hamda O‘zbekistonga ochiq qiziqish bildirayotgan har qanday boshqa investor bilan uzoq yillik unumli munosabatlar garovi bo‘ladi.
Korrupsiya – bu peshonaga bitilgani emas, unga qarshi, shuningdek korporativ qalloblik va vijdonsiz xatti-haraktning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashishning samarali uslublari mavjud.[12]
Xorijiy investitsiyalar, jumladan taraqqiyot banklari moliyasi ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan tashkilotlar va barcha ijrochilar barcha shartnoma majburiyatlarini talab darajasida bajarishga, ayniqsa investorlar hamda taraqqiyot banklari ajratgan mablag‘larni tegishlicha ishlashtishga yetarli e’tibor berishlari kerak va bunga biznesni vijdonan yuritish qoidalarini tatbiq etmay erishib bo‘lmaydi. Ushbu qoidalar har qanday komplaens dasturning o‘zagi sanaladi.
1. Turli korrupsiyaviy qilmishlar va korporativ qallobliklar aniq belgilangan, ishchilarning ham korxonada, ham uning tashqarisidagi nomaqbul xatti-harakatlarining turli namunalari aks ettirilgan Axloq kodeksi.
2. Axloq kodeksi buzilganda tashkilot/korxona xodimlarini javobgarlikka tortish imkonini beruvchi intizomiy sanksiyalarning aniq rejimi.
3. Xabar bergan xodim himoyasini kafolatlovchi, tashkilot yoki korxona Axloq kodeksiga zid keluvchi xatti-harakatlar yoki vaziyatlar mavjudligi haqida axborot to‘plash imkonini beruvchi ichki anonim xabar berish tizimi.
4. Tashkilot yoki korxona faoliyat yo‘nalishiga qarab, alohida xatar hududlarini aniqlash, tahlil qilish va belgilash bosh maqsadi bo‘lgan, muntazam yangilanib turuvchi xatarlar xaritasi.
5. Ehtimoliy korrupsiyaviy xatarlar yuzasidan mijozlar va yetkazib beruvchilar, shuningdek vositachilarni baholash taomillari.
6. Buxgalteriya kitoblari, reestrlari va hisob yozuvlari korrupsiya faktlarini yashirish uchun ishlatilmasligi kafolatini ta’minlovchi ichki yoki tashqi buxgalteriya nazorati.
7. Rahbarlar va personalni, ayniqsa korrupsiya va vakolatini suiiste’mol qilish xatariga ko‘proq uchraydiganlar, muntazam majburiy o‘qitishni ta’minlash uchun o‘quv rejasi.
8. Yuqorida keltirilgan komplaens dastur chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ichki nazorat va baholash tizimi.
[1] Батафсил муаллифнинг ЎзАда чоп этилган «О банках развития и надлежащем использовании выделяемых ими средств» мақоласини ўқинг: http://uza.uz/ru/society/o-bankakh-razvitiya-i-nadlezhashchem-ispolzovanii-vydelyaemy-24-01-2019?m=y&ELEMENT_CODE=o-bankakh-razvitiya-i-nadlezhashchem-ispolzovanii-vydelyaemy-24-01-2019&SECTION_CODE=society
[2] Эслатиб ўтамиз, 2019 йилда Ўзбекистонга 183 мамлакат киритилган рўйхатда 153- ўрин берилди, бунда 183- мамлакат коррупция борасидаги аҳвол энг ёмон деб топилди, қаранг: https://www.transparency.org/en/cpi/2019/results
[3] Лойиҳани амалга оширишда қатнашувчи шахсларнинг кенг доирасини қамраб олувчи бундай таъриф аксарият тараққиёт банклари томонидан уларнинг харидлар қоидаларида, шунингдек уларнинг намунавий харид ҳужжатларида (қарз олувчи ушбу банк молиялаштирадиган тендерларни ўтказишда улардан фойдаланиши керак бўлади) қўлланилади.
[4] Жаҳон банки гуруҳи лойиҳасидаги виждонсиз хатти-ҳаракатлар тўғрисидаги шикоятлар учун веб-сайтлар намуналари: https://wbgcmsprod.microsoftcrmportals.com/ru-RU/anonymous-users/int-fraud-management/create-new-complaint/ ОТБ лойиҳасиники: https://www.adb.org/site/integrity/complaint-form#
[5] https://www.vsemirnyjbank.org/ru/news/factsheet/2020/02/19/anticorruption-fact-sheet
[6] Жаҳон банк сайтида қарорлар рўйхатига қаранг https://projects.worldbank.org/en/projects-operations/procurement/debarred-firms Аҳамиятлиси, ушбу рўйхат ҳар 3 соатда янгиланиб туради.
[7] Қарор матнига қаранг: https://www.worldbank.org/content/dam/documents/sanctions/office-of-suspension-and-debarment/2018/nov/Notice-of-Uncontested-Sanctions-Proceedings-Case-447-6-13-2017-.pdf
[8] ЖБГ пресс-релизига қаранг: https://www.worldbank.org/en/about/unit/sanctions-system/sanctions-board/brief/issuance-of-sanctions-board-decision-no-112 қарорнинг тўлиқ матни: https://www.worldbank.org/content/dam/documents/sanctions/sanctions-board/2018/nov/SanctionsBoardDecisionNo-112.pdf
[9] https://www.worldbank.org/en/news/press-release/2019/07/17/world-bank-debars-ooo-fides-solutions-and-mr-ravshan-rizametov
[10] https://www.worldbank.org/en/news/press-release/2017/11/30/world-bank-announces-settlement-with-oberthur-technologies-sa
[11] ЖБГ комплаенс бўйича гидига қаранг: http://pubdocs.worldbank.org/en/489491449169632718/Integrity-Compliance-Guidelines-2-1-11.pdf
[12] Комплаенс дастурлар ва коррупциянинг олдини олишнинг бошқа услублари ҳақида муаллифнинг ЎзАда чоп этилган «Как бороться с коррупцией: эффективные методы и зарубежный опыт» мақоласида танишинг: http://uza.uz/ru/society/kak-borotsya-s-korruptsiey-effektivnye-metody-i-zarubezhnyy–21-01-2019?m=y&ELEMENT_CODE=kak-borotsya-s-korruptsiey-effektivnye-metody-i-zarubezhnyy–21-01-2019&SECTION_CODE=society
Gulnoza Muxamedova