Geografik adolatsizlik – bu ikkita daryo qoʻshilganda, daryolarning davomi yirik daryoning emas, balki kichigining nomini olgan holatidir. Eng mashhur misol – Rossiyadagi Volga va Kama daryolari qoʻshilishidir. Kama koʻproq suv tashisa-da, qoʻshilgandan keyin daryo Volga deb atala boshlaydi. Yoki Angaraning Yeniseyga qoʻshilishini oling, Angara serob boʻlsa ham, uyogʻiga Yenisey nomi ostida oqadi.

Bunday “favqulodda” holatlar Toshkentda ham kuzatiladi. Anhor kanalidan, Mutaxassislar uyi atrofida, kichikroq suv ajralib chiqadi, u Anhor nomini “meros” qilib oladi, asosiy oqim esa, uyogʻiga Boʻrijar nomi bilan oqadi.

Bunday “adolatsizlik” yana uch-toʻrt chaqirimdan keyin Boʻrijarning ham boshiga tushadi: undan ozroq oqim ajralib chiqib, Boʻrijar nomini davom ettiradi, asosiy oqim esa Oqtepa nomini oladi. Va, darvoqe, Boʻrijar  tarmogʻidan sal naridan Anhor kanali Oqtepa kanali ustidan viaduk-koʻprik ustidan oqib oʻtadi.

Yana bir xuddi shunday holat. Kaykovuz kanalidan, Sebzor atrofida alohida kichik kanal ajralib chiqadi, u Kaykovuz nomini oʻziga oladi, asosiy oqim esa, Sharshara tomon yoʻlida davom etib, Qichqiriq deya atala boshlaydi. Boz ustiga, bu Qichqiriq sal nariga borib Damachi, keyinroq Damariq degan nomga ega boʻladi.

Yana bir qiziq fakt. Toshkentni sugʻoruvchi Boʻzsuv kanali, Qichqiriq tarmogʻi ajralib chiqqach (Minor masjidi qarshisida), nomini Anhorga oʻzgartiradi. Eng qizigʻi, Jangob va Jar ariqlari, oʻzaro qoʻshilib, yana Quyi Boʻzsuv nomini oladi, Oqtepa kanaliga qoʻshilgach esa, Boʻzsuv nomining oʻzi qoladi, xuddi daryo shaharni sugʻorib boʻlgach, yana asliga qaytgandek tasavvur uygʻonadi.

Qoraqamish kanali Damariqqa quyiladi, bir necha chaqirim birga oqqach, undan ajralib chiqadi va yana eski nomi – Qoraqamish boʻlib yoʻlini davom ettiradi.

Yandeksning Toshkent xaritasidan topilgan yana bir syurpriz. Kaykovuz kanali Beruniy metrosi atrofida ariqlarga boʻlinib ketib, oʻz safarini yakunlaydi. Keyin esa, toʻsatdan shu nom ostida Suzuk ota majmuasi yonida paydo boʻladi. Boshqa kartografik servislarda kanallar va ularning nomlari Yandeks-kartadagi kabi toʻliq berilmagan.

Qaydlar akademik aniqlikka daʼvo qilmaydi, Toshkent kanallari toʻgʻrisida, nima qaysidan ajraladi-yu, qaysiga quyilishi haqida koʻplab turli talqinlarni topish mumkin. Siz shunday talqinlardan birini (tabiiyki, eng toʻgʻrisini) oʻqidingiz, deb hisoblaymiz.

Yevgeniy Sklyarevskiy

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *