80 foiz odamlarning hayotida bir marta bo‘lsa ham beli og‘riganligi – bu fakt. Baxtimizga, muammolarning 14 foizigina umurtqa va nervlar bilan bog‘liq, qolganlari bel mushaklari zo‘riqishidan kelib chiqadi va, qoidaga ko‘ra, o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Neyrojarroh, umurtqa va orqa miya patologiyasi bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari falsafa doktori Alimov Ijod Rustamovich beldagi muammolarni o‘z vaqtida hal qilishni tavsiya etadi.
Ijod Rustamovich, umurtqa muammolari bilan qanchadan buyon shug‘ullanasiz?
- Avvalo, QVANT tahririyatiga taklifingiz va umurtqa kasalligi kabi muammoni yoritmoqchi bo‘lganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Zero bugungi kunda bu muammo sezilarli darajada ko‘proq uchrab, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishiga olib kelmoqda, inson hayot faoliyati va turmush sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Umurtqa va orqa miya patologiyasi muammolari bilan 2009 yildan buyon shug‘ullanib kelmoqdaman. Bugungi kunda bizning shifokorlar jamoamiz respublikamiz va yaqin xorij fuqarolariga davolash-konsultatsiya yordamini amalga oshiradilar. Hozirda men xususiy klinikalarda davolash-konsultativ yordam ko‘rsataman va haftasiga taxminan 10 tagacha jarrohlik amaliyotini o‘tkazaman.
Bugungi kunda kasallik tarqalishi tendensiyasi qanday? Ilmiy-texnik taraqqiyot va tibbiyotdagi yangi texnologiyalar rivojlanishi sababli, vaziyat yaxshilanayapti desak bo‘ladimi?
— Afsuski, bunday emas. Ilmiy-texnik taraqqiyot, jumladan robototexnika, avtomobil industriyasi va boshqalar inson organizmining faolligini keskin chekladi, bu esa umurtqaga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Tibbiyotdagi yangi texnologiyalar rivojiga kelsak, albatta, bu konservativ va jarrohlik davolashida yangi uslublar yuzaga kelishiga xizmat qiladi, lekin, afsuski, aholi o‘rtasida kasalliklar tarqalishi ko‘lami kengayib bormoqda. Umurtqa kasalliklarini diagnostikalashning zamonaviy uslublari qay darajada hammabopligi ham muhim rol o‘ynaydi. Respublikada magnit-rezonans tomografiya va kompyuter tomografiyasi apparatlari keng tarqalgach, umurtqa kasalliklarining aniqlanishi statistikasi keskin o‘sdi. Oldinlari, zamonaviy diagnostika apparatlari bo‘lmagani bois, umurtqa kasalligiga ega ko‘plab odamlarda uni o‘z vaqtida aniqlash ikoniyati bo‘lmasdi va bunday odamlarning ko‘pchiligi tegishli tibbiy yordamsiz qolardilar.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, umurtqa kasalliklari ichida yetakchi o‘rinda osteoxondroz turadi. Agar spondilolistez, umurtqa kanali stenozi, umurtqa pog‘onalari o‘rtasidagi disk churrasi kabi, rivojlanib ketganda jarrohlik aralashuvi taqozo qilinadigan asoratlarining oldini olish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, osteoxondroz nisbatan yaxshiroq kasallik sanaladi. Tarqalishi bo‘yicha umurtqa kasalliklari ichida keyingi o‘rinda umurtqa travmalari turadi. Umurtqa travmalari, aksariyat holatlarda, jarrohlik korreksiyasi va/yoki uzoq muddatli immobilizatsiyani talab etadi. Umurtqa kasalliklari ichida tarqalish bo‘yicha yetakchi uchlikka, afsuski, umurtqaning onkologik kasalliklari ham kirgan. Bunday toifadagi mijozlarda umurtqadagi rekonstruktiv amaliyot o‘tkazish talab etiladi.
Aytingchi, kasallik mavjudligini vaqtida aniqlash va to‘g‘ri davolashni yo‘lga qo‘yish uchun umurtqani necha yoshdan boshlab tekshirtirib turish kerak?
- Shubhasiz, tug‘ilgandan boshlab! Tug‘ilganidan boshlab bola neonatolog ko‘rigidan o‘tadi, umurtqa o‘qi shakli aniqlanadi, oyoqlar simmetrikligi tekshiriladi. Keyin ota-ona chaqaloqligidan boshlab bolaning qaddi tikligiga, to‘g‘ri qadam tashlashiga e’tibor berishlari kerak. Odamda yassioyoqlik borligi ham muhim – u inson qaddining noto‘g‘ri shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bola o‘sib, organizmda gormonal qayta shakllanish kechadigan o‘smirlik davrida qadni tik tutishga juda jiddiy qarash kerak, umurtqa qiyshayishiga shubha tug‘ilishi bilan ortopedlar konsultatsiyasi talab etiladi.
Aksariyat holatlarda aynan jismoniy omillar umurtqa qiyshayishiga ta’sir ko‘rsatadi. Maktab davridan bizni partada qanday o‘tirish, safda qanday turishga o‘rgatishlari bejiz emas. Bundan tashqari, bularga umurtqaga doimiy yuk tushishi, jumladan ryukzak (og‘ir sumka)ni uzoq vaqt yelkaning bir tomonida ko‘tarib yurish, umurtqaning to‘g‘ri o‘qi o‘zgarishini talab qiluvchi mehnat sharoitlari (duradgor va boshqalar). Jismoniy omillarga, shuningdek, umurtqa travmalarini kiritish mumkin, ular oqibatida umurtqa-harakat segmenti shikastlanadi, natijada uning qiyshayishi yuzaga keladi.
Shuningdek, umurtqa o‘qi qiyshayishi bilan kechuvchi surunkali kasalliklar ham mavjud – ularga bo‘g‘imlar, asab tolalari, mushaklar va paylar surunkali kasalliklari kabilar kiradi.
Umurtqaning tug‘ma kasalliklari yoki umurtqa rivojlanishi anomaliyalari nisbatan kam uchraydi. Bunday bemorlar «og‘ir» toifaga kiradi va alohida e’tibor talab qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ma umurtqa anomaliyalariga ega bolalarning ko‘pchiligi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘iladi.
Umurtqa qiyshayishiga ega odamlarda qanday oqibatlar kuzatilishi mumkin?
- Bu, albatta, qiyshayish darajasi va shakliga bog‘liq. Umurtqa qiyshayishining skolioz, kifoz, lordoz yoki aralash qiyshayish kabi variantlari ma’lum. Bemorda kichik (I bosqich) umurtqa qiyshayishi yuzaga kelganda, birinchi bo‘lib uni to‘xtatish kerak, toki u og‘irroq bosqichlarga o‘tib ketmasin. Keyin esa, umurtqani to‘g‘rilash bo‘yicha davolash choralarini ko‘rish zarur.
Umurtqa qiyshayishi oqibatlariga kelsak, bu, avvalo, orqa miya va uning asab tomirlariga ta’sirdir. Orqa miya va uning asab tomirlari ezilganda og‘riq sindromi, tana va oyoqlar harakatida cheklanishlar yuzaga keladi, mijozning qo‘pol invalidizatsiyasi ro‘y berishi mumkin. Bundan tashqari, umurtqaning qo‘pol qiyshayishi natijasida tana anatomik tuzilishi, ichki a’zolar joylashuvida o‘zgarishlar, ko‘krak qafasi, tos, oyoqlar deformatsiyasi yuzaga keladi. Buning oqibatida a’zolar va tizimlar funksiyalarida ko‘plab buzilishlar paydo bo‘ladi.
Keyingi paytlarda biz osteoxondroz, umurtqa churrasi kabi atamalarga ko‘p duch kelyapmiz. Bu yakuniy hukmmi? Tushuntirib bersangiz.
Men bunchalik murakkablashtirishni tavsiya qilmagan bo‘lardim. Osteoxondroz – insoniyat kasalligi. Menga qolsa, boshqacharoq izohlagan bo‘lardim: osteoxondroz – bu insoniyat peshonasiga bitilgan illatdir. Ikki oyoqda tik turgan paytimizdan boshlab, biz osteoxondroz rivojlanishi tomon qadam tashlaymiz. Umuman olganda, umurtqa muammolari bundan 2 mln yil oldin, evolyutsiya natijasida homo erectus (lotinchadan – tik yuruvchi odam) paydo bo‘lgandan boshlangan. Lekin bizning vazifamiz kelajakda yuzaga kelishi muqarrar bo‘lgan bu holatni maksimal darajada keyinga surishdan iborat. Yana shuni ham hisobga olish kerakki, aksar hollarda osteoxondroz klinik jihatdan namoyon bo‘lmaydi.
Yodda tuting: umurtqa kasalliklari o‘sishi ko‘p jihatdan jismoniy faollikka bog‘liq. Agar insonning hayot tarzi, mehnat sharoiti yetarlicha faol bo‘lmasa, bu umurtqa mushaklari zaiflashuviga, uning tayanch bo‘la olish qobiliyati kamayishiga, umurtqa-harakatlanish segmentida qon aylanishi qisqarishiga va hokazolarga sabab bo‘ladi. Natijada, tananing o‘qqa tushuvchi bor yuki umurtqa pog‘onalariga, umurtqa pog‘onalari orasidagi disklarga, suyaklarga tushadi, agar mijoz ortiqcha vaznga ega bo‘lsa, nima bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilavering.
Tanish-bilishlar orasida umurtqa pog‘onalari orasidagi disk churrasi borligidan shikoyat qiladiganlar tobora ko‘paymoqda. Bu qanchalik jiddiy kasallik?
- Umurtqa pog‘onasi orasidagi disk churrasi umurtqa kasalliklari tuzilmasida eng yengil, lekin, shu bilan birga, jiddiy holat sanaladi. Bo‘yin qismidagi churra umurtqaning bo‘yin qismidagi surunkali og‘riq sindromi bilan kechishi mumkin, ammo, shunday hollar ham borki, ular natijasida bemorlar oyoqlar mutlaqo harakatlanmay qolishi oqibatida to‘liq invalidizatsiyasi yuzaga keladi. Bel churralari kamroq tajovuzli, lekin ayrim hollarda o‘ta kuchli og‘riq, oyoqlardan kuch qochishi va peshob haydash funksiyalari buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hammasi kasallikning davomiyligi, umurtqa pog‘onalari orasidagi churra o‘lchami va shakli, shuningdek churraning orqa miya va uning asab tomirlariga ta’siriga bog‘liq bo‘ladi.
Respublikamizda qanday davolash uslublari qo‘llaniladi va umurtqa muammolarini davolash uchun xorijga borish arziydimi?
- Har bir bemor umurtqa kasalliklarini davolash joyi va uslubini tanlash huquqiga ega. Respublikamizga kelsak, bir narsani ayta olaman: o‘zimizning fuqarolarimizdan tashqari, bizda yaqin xorij, jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Pokiston, Afg‘oniston rezidentlari ham davolanadi. Bu O‘zbekistondagi tibbiy xizmatlar darajasi Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda ekanligining belgisidir. Xorijiy mamlakatlarga kelsak, bugungi kunda respublikamiz rahbariyati tibbiy xodimlarning uzoq va yaqin xorijda malaka oshirishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda, yangi texnologiyalar joriy etilib, eng so‘nggi jihozlar keltirilmoqda. Bu bilan ayta olamanki, bizdagi tibbiy xizmatlar, jumladan umurtqa va orqa miya kasalliklariga ega bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish qator rivojlangan G‘arb mamlakatlaridagidan qolishmaydi. Bugungi kunda umurtqa kasalliklariga ega bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari esa, past tajovuz, barvaqt faollashuv va hayot sifatining sezilarli yaxshilanishi sanaladi.
Qaysi biri samarali: konservativ davolashmi yoki jarrohlikmi?
- Hammasidan ko‘ra kasallik yuzaga kelishining profilaktikasi samarali sanaladi. Umurtqa va orqa miya kasalliklari yuzaga kelishining profilaktikasi sifatida sog‘lom turmush tarzi, me’yordagi jismoniy faollik, umurtqada muammolar yuzaga kelishi xatariga ega insonlar (sportchilar va og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi odamlar)ning davriy dispanserizatsiyasini tushunishimiz mumkin. Davolash uslublariga kelsak, davolashning har bir uslubi o‘z o‘rnida keraklidir. Jarrohlik korreksiyasini o‘tkazish mumkin, lekin qo‘shimcha reabilitatsiyasiz bu yetarli bo‘lmaydi yoki uzoq davom etuvchi konservativ terapiya o‘tkazishda tezkor jarrohlik korreksiyasiga zarurat tug‘iladi. Bularning bari bemorning holatini to‘g‘ri baholash va tanlangan davolash uslubini tegishlicha o‘tkazishga bog‘liq bo‘ladi.
Bugungi kunda umurtqa patologiyasini davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar yetarlicha. Bundan tashqari, bu muammo bilan shug‘ullanadigan xususiy klinikalar soni ortmoqda. Ammo, afsuski, bizda umurtqa kasalliklarini davolash standartlariga muvofiq ishlovchi malakali kadrlar tanqisligi mavjud.
Ishingizda qanday murakkabliklarga duch kelasiz, ayta olasizmi?
Birinchidan, mening professional faoliyatimdagi murakkablik – bu shifokor-bemor muloqotini yo‘qotish. Xalqimiz qo‘pol axloqiy-diontologik va professional kamchiliklarga yo‘l qo‘yuvchi «shifokor»larning ko‘plab vrachlik xatolariga yo‘liqqani sababli, aholida shifokorlarga ishonch yo‘qolmoqda. Natijada, vijdonli shifokorlar ham aziyat ko‘rmoqda. Bu vaziyatni yaxshilash uchun, davolash muassasalari va shifokorlar faoliyatini doimiy monitoring qilish, tibbiyot OTMlaridan boshlab vrachlar malakasini va maqomini oshirish kerak, deb o‘ylayman.
Ikkinchidan, davolash muassasalarida tibbiy vositalar va jihozlar yetishmasligi – bu kunda uchraydigan muammo. Har bir klinika ham tibbiy vositalar va jihozlar to‘liq ekanligi bilan maqtana olmasligiga aminman. Natijada shifokorlar retsept yozib berish yoki xususiy tarmoq klinikalariga qo‘shimcha tekshiruvga yuborishga majburlar. Respublikada tibbiy tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurati juda yuqori, bu tibbiy muassasalar va shifokorlar faoliyatiga, jarrohlik amaliyoti narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi. Umuman olganda, har qanday tarmoqda import o‘rnini bosish dolzarb sanaladi. Butun dunyoda tibbiyot rivojlanishda davom etmoqda, dori vositalari, jihozlar, xizmatlar takomillashmoqda. Umurtqa kasalliklariga kelsak, aksariyat holatlarda umurtqani jarrohlik yo‘li bilan davolash qimmatbaho xorijiy implantatlardan foydalanishni talab qiladi, holbuki ularni o‘zimizda ishlab chiqarish va ancha arzonga sotish mumkin.
Uchinchidan, respublikada, jumladan umurtqa kasalliklarini davolash sohasida, ilmiy salohiyatni rivojlantirishimiz zarur. Bizda munosib olimlar bor, lekin ularga shart-sharoitlar tadqiqotlar va izlanishlar o‘tkazish uchun yetarlicha darajada yaratilmagan. Jihozlarimiz anchadan buyon yangilanishni talab etayotgan, lekin nimanidir yaratish, ilmiy kashfiyotlar qilish zarur bir paytda bu haqiqatan murakkab masala.
To‘rtinchidan, ko‘pchilik mamlakatda shifokorlar yetishmasligidan noliydi. Bunga qo‘shilmayman – aslida, bizda yuqori malakali mutaxassislar tanqis. Shifokorlar anchagina – har yili tibbiy OTMlarning yuzlab bitiruvchilari vrach ixtisosligini oladilar, ammo ularning qaysidir qismigina o‘zini tibbiyotda namoyon eta oladi. Shifokorlarning bir qismi bilimini yanada boyitish, o‘z darajasini kundan-kunga oshirish, o‘z shifokorlik ko‘nikmalari ustida ishlash va yangi bilimlar olish imkoniyatiga, kerakli vaqtga yoki xohishga ega emas. Hammamiz bilishimiz kerakki, bizda iqtidorli mutaxassislar juda ko‘p. Ammo har bir iqtidor e’tibor, e’tirof va rag‘batni talab qiladi. Davlatning vazifasi ham shundan iborat: rivojlanishning har bir bosqichida iqtidorlarimizni o‘stirish, saqlab qolish va ta’minlash. Aqllar, iqtidorlar va ko‘nikmalar rivojiga investitsiyalar darhol bo‘lmasa ham, lekin o‘zini oqlashi shubhasiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda umurtqa kasalliklarini davolash qanchalik qimmatga tushadi? Bemorlarni bepul davolash yoki jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun subsidiyalar yoki grant, kvotalar mavjudmi?
- Umurtqa kasalliklarini davolash narxi davolash turiga bog‘liq. Konservativ yoki jarrohlikmi – shunisiga ham bog‘liq. Jarrohlik yo‘li bilan davolash xorijda ishlab chiqarilgan qo‘shimcha vositalardan foydalanishni talab qiladi. Tegishlicha, sarflanadigan materiallar, qator holatlarda, tibbiy xizmatlarning o‘zidan ham qimmatroqqa aylanadi.
Bepul davolash borasida – bemorlarning imtiyozli guruhi bor, ularga bepul davolanishga order beriladi. Ular toifasiga nogironlar, onkologik bemorlar, kam ta’minlanganlar, urush faxriylari va ularga tenglashtirilganlar kiradi.
Bu kasbni tanlashingizda aynan siz uchun kim shaxsiy namuna bo‘lgan?
- Otam! Alimov Rustam Orifovich, tibbiyot fanlari doktori, professor. Afsuski, hozir oramizda emaslar. U kishi men uchun namuna, yaxshi ota va o‘z ishining ustasi edilar. Hamma uchun ochiq bo‘lganlar. Shogirdlari, ularning yo‘llarini tutganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
O‘z shifokorlik amaliyotingizda tadqiqotchilik ishlanmalaringizni ko‘p qo‘llaysizmi? Olg‘a intilish uchun sizga nima turtki beradi, axir qo‘lingizda kasbingiz bor, kerakli asbob-uskunalar bor, stantdart amaliyotlarni o‘tkazishning o‘zi yetarli emasmi, ilmning nima keragi bor?
- Ilm-fansiz tibbiyot – bamisoli g‘ildiraksiz mashina. Agar bilimimizni oshirmasak, takomillashmasak, o‘z maqomimizni, hamkasblar va bemorlar o‘rtasidagi hurmatimizni yo‘qotib qo‘yamiz. Men har kuni amaliyotda o‘z ilmiy ishimning yangiliklaridan foydalanaman va kelgusida ularni takomillashtirishni rejalashtirganman. Olg‘a intilishga nima turtki bo‘ladi? Bu – yordam so‘rab turgan bemor ko‘zidagi dard, bu – mendan minnatdor bo‘lgan, har bayramda tabriklaydigan sog‘ayib ketgan bemorlar, bu – otam xotirasi va ularning ishlarini davom ettirish.
O‘zbekistonda shifokor bo‘lish qiyinmi? Tadqiqotchi ilmiy daraja tomon intilishda nimalarga duch keladi? Ilm yo‘lidan borishni, davolashda yangi yechimlar va uslublar topishni niyat qilgan yosh shifokorlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
— Menimcha, shifokor bo‘lish hech qayerda oson emas. Shifokor biroz sovuqqon bo‘lishi, shu bilan birga, bemorga hamdardlik his qilish kerak. U bor aqli va kuchini bemorlarni davolashga yo‘naltirishi lozim. Tibbiyot sohasida ilmiy ish qilishni rejalashtirgan yosh mutaxassislarga shunday derdim: Ilmiy tadqiqotlar boshlashdan oldin o‘zingizda kuch va salohiyat toping. Agar siz e’tirofga sazovor, xalq uchun foydali shifokor bo‘lishni istasangiz, faqat o‘z aqlingiz va qobiliyatingizga ishoning. Tirishqoq bo‘ling. Oldingizga qo‘yilgan maqsadlarga sabot bilan erishing. O‘z kasbingizni seving. Siz buni uddalaysiz!