“Ijara” fiqhiy atama hisoblanib, lug‘aviy ma’nosi “bir narsani ijaraga berib turish” degani. Islom huquqshunosligida ijara atamasi ikki xil amaliyot uchun qo‘llaniladi. Birinchisi, bir kishini xizmat haqi to‘lash asosida ishga yollash amaliyotidir. Ish beruvchi mustajir, yollanma ishchi esa ajir deyiladi.
Agar A ismli shaxs ishxonasiga B ismli shaxsni boshqaruvchi yoki oddiy xodim qilib oylik maosh to‘lash sharti bilan ishga olsa, A mustajir, B esa ajir deyiladi. Shuningdek, agar A chamadonlarini aeroportgacha ko‘tarib borish uchun yuk tashuvchini yollasa, A mustajir, yuk tashuvchi ajir bo‘ladi. Bu ikkala holatda ham tomonlar o‘rtasidagi munosabat ijara muomalasi hisoblanadi. Bu turdagi ijaraga insonlarning xizmatlari yollanishi mumkin bo‘lgan barcha ijara kelishuvlari kiradi. Bu xizmatlarga vrach, huquqshunos, o‘qituvchi, ishchi yoki boshqa har qanday kasb vakillarining xizmatlari kirishi mumkin. Yollangan xizmatchilar ‘ajir’ va ularni yollagan kishi ‘mustajir’ deyiladi, ularga to‘langan haq esa ‘ujra’ deb nomlanadi.
Ijaraning ikkinchi turi inson xizmatidan emas, balki aktiv va mulklardan foydalanish holatiga taalluqli. Bundagi ijara ‘muayyan mulkni ijara haqi evaziga boshqa shaxsning foydalanishiga topshirish’ amaliyotini bildirib, ingliz tilida qo‘llaniladigan ‘lizing’ atamasi bilan bir xil ma’noda ishlatiladi. Bunda lizing beruvchi mujir, lizing oluvchi mustajir va lizing beruvchiga to‘lanadigan ijara haqi ‘ujra’ deb nomlanadi.
Ijaraning ikki ko‘rinishi ham fiqh adabiyotlarida atroflicha o‘rganilgan, ikkalasi ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalarga ega. Mavzuga taalluqli bo‘lgani sababidan mazkur maqolada faqat ikkinchi turdagi ijara masalalari bayon qilinadi. Chunki bu turdagi ijara ko‘pincha investisiya kiritish hamda moliyalashtirish maqsadlarida ishlatiladi.
Ijara qonun-qoidalari lizing sifatida ko‘p jihatdan savdo qonun-qoidalariga o‘xshab ketadi. Chunki ikki holatda ham muayyan narsa arziydigan haq evaziga boshqa kishiga ko‘chadi. Ijara va savdoning asosiy farqi shundaki, savdoda mulkning egaligi xaridorga ko‘chadi, ijarada esa mulk egaligi ijaraga beruvchida qoladi, faqat mulkdan foydalanish huquqi ijaraga oluvchiga ko‘chadi.
Ijara, aslini olganda, moliyalashtirish vositasi emas, savdoga o‘xshagan bir tijorat turi. Ammo, ayrim sabablarga ko‘ra, jumladan, berilgan soliq imtiyozlari tufayli bu amaliyotni G‘arb davlatlarida moliyalashtirish vositasi sifatida ham qo‘llashadi. Foizli kredit berish o‘rniga ayrim moliyaviy tashkilotlar mijozlariga uskunalarni lizingga olib berishni boshladilar. Lizing to‘lovlarining miqdori uskunani xarid qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ustiga lizing muddati davomida undirilishi mumkin bo‘lgan foiz to‘lovlarini qo‘shib, hisoblab chiqariladi. Uskuna tannarxi va undirilishi mumkin bo‘lgan foizlar yig‘indisi umumiy lizing qiymatini beradi. Bu qiymat lizing muddatidagi oylar soniga bo‘lib yuborilsa, bir oylik lizing to‘lovi kelib chiqadi.
Lizingni shariatga muvofiq keluvchi moliyalashtirish vositasi sifatida ishlatsa bo‘ladimi degan masala lizing shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarga bog‘liq.
Zikr etilganidek, lizing tijorat faoliyatidir, moliyalashtirish vositasi emas. Shuning uchun ham, lizing faoliyati shariatda ijara uchun belgilangan qonun-qoidalar bilan tartibga solinadi. Ushbu maqolada lizing munosabatlariga tegishli bo‘lgan asosiy fiqhiy masalalar o‘rganiladi. Agar bu masalalarni yaxshi anglasak, ijarani moliyalashtirish vositasi sifatida ishlatish uchun zarur bo‘lgan qonun-qoidalarni tushunishimiz oson bo‘ladi.
Ijara tamoyillarining ko‘pligidan ularning barchasini batafsil o‘rganish uchun alohida bir kitob tuzish kerak bo‘ladi. Ammo, biz bu tamoyillarning faqat eng asosiylarini, zamonaviy iqtisodiy amaliyotda qo‘llaniladigan va ijaraning asl mohiyatini tushunishimizga yetarli bo‘lganlarini ko‘rib chiqamiz. O‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun bu tamoyillarni qisqa tezis ko‘rinishida keltiramiz.
Lizingning asosiy qoidalari
- Lizing shunday shartnomaki, unda bir mulkning egasi boshqa shaxsga kelishilgan haq evaziga foydalanish uchun ushbu mulkni berib turishi ko‘zda tutiladi.
- Lizing ob’ekti foydalansa bo‘ladigan mulk bo‘lishi shart. Foydalanishning imkoni bo‘lmagan narsalarni lizingga berib bo‘lmaydi.
- Lizingga beriladigan mulkning egalik huquqi lizing beruvchining o‘zida qoladi, mulkdan foydalanish huquqi esa lizing oluvchiga o‘tadi. Lizing shartnomasining haqiqiyligini ta’minlovchi shart shudir. Shuning uchun ham, iste’mol qilib tugatmasdan foydalanishning iloji bo‘lmagan narsalarni lizingga berib bo‘lmaydi. Pul, taom, yoqilg‘i, dori-darmon kabi narsalarni lizingga berib bo‘lmaydi, chunki ulardan foydalanish uchun ularni iste’mol qilish kerak. Agar shunday narsalar lizingga berilsa, ularni qarzga berib turgan bo‘ladi va bu shartnoma qarz shartnomasiga doir qonun-qoidalar bilan tartibga solinadi. Haqiqiy bo‘lmagan lizing orqali undirilgan ijara haqi qarzdan undirilgan foiz bilan bir xil bo‘lib qoladi.
- Lizingga beriladigan mulkning egalik huquqi lizing beruvchining o‘zida qolgani sababli egalikka oid barcha majburiyatlar uning zimmasida bo‘ladi, ammo foydalanish bilan bog‘liq majburiyatlar lizing oluvchining zimmasida bo‘ladi.
Misol: A o‘z hovlisini Bga lizingga berdi. Mulk solig‘ini to‘lash Aning majburiyati bo‘lsa, suv, elektr quvvati va boshqa kommunal xizmat to‘lovlarini ado etish lizing oluvchi Bning majburiyati hisoblanadi.
- Lizing muddati aniq qilib ko‘rsatilishi kerak.
- Lizing oluvchining lizingga olingan narsani lizing shartnomasida ko‘rsatilgan maqsaddan boshqa maqsadda ishlatishi joiz emas. Agar shartnomada bunday maqsad ko‘rsatilmagan bo‘lsa, lizing oluvchi odatda ishlatiladigan maqsadlardan istaganida foydalanishi mumkin. Ammo u odatdan tashqari maqsadlarda ishlatmoqchi bo‘lsa, lizing beruvchi ochiq-oydin ruxsat bermaguncha bu ishni qilishga ruxsat bo‘lmaydi.
- Lizing oluvchi o‘zining ehtiyotsizligi yoki beparvoligi natijasida lizingga olingan narsaga zarar yetkazsa, lizing beruvchiga ko‘rilgan ziyonni qoplab beradi.
- Lizingga berilgan narsa lizing muddati davomida lizing beruvchining riskida bo‘ladi, ya’ni lizing oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan tashqi omillar tufayli yetkazilgan zarar uchun lizing beruvchining o‘zi mas’uldir.
- Ikki yoki undan ortiq kishilar egalik qiladigan mulkni lizingga bersa bo‘ladi. Tushgan ijara haqi esa mulk egalari o‘rtasida mulkdagi ulushlariga muvofiq tarzda taqsimlanadi.
- Sherikchilik mulk egalaridan biri o‘zining ulushini boshqaga emas, faqat o‘zining sherigiga ijaraga berib turishi mumkin.
- Lizing durust bo‘lishi uchun lizingga beriladigan aktiv tomonlar tomonidan aniqlashtirilgan bo‘lishi shart.
Misol: A ismli kishi Bga: “Men ikki do‘konimdan birini senga lizingga beraman”, dedi. B rozi bo‘ldi. Aynan qaysi do‘kon berilishi aniq aytilmaguncha, lizing shartnomasi durust hisoblanmaydi.
Ijara haqini aniqlashtirish
- Shartnoma imzolanayotgan vaqtda ijara haqi butun lizing muddati uchun aniqlashtirilgan bo‘lishi shart.
Shartnoma imzolanayotgan vaqtda kelishib olish sharti bilan lizing muddatining turli davrlari uchun turli xil ijara haqlarining o‘rnatilishi joizdir. Agar lizing muddatining keyingi davri uchun ijara haqi belgilanmagan bo‘lsa yoki belgilash huquqi lizing beruvchi ixtiyorida bo‘lsa, lizing shartnomasi bekor hisoblanadi.
Misol (1): A hovlisini Bga besh yil muddatga lizingga berdi. Ijara haqi birinchi yil uchun oyiga 2000 rupiya qilib belgilandi, keyingi yillarda esa har yili o‘tgan yilga nisbatan 10%ga ko‘payib borish shartiga kelishib olishdi. Bunday lizing bitimi durustdir.
Misol (2): Yuqoridagi misolimizda A kelishuvga shart kiritmoqda: ijara haqi faqat birinchi yil uchun oyiga 2000 rupiya miqdorida o‘rnatiladi, qolgan yillarda esa ijara haqini belgilash lizing beruvchi ixtiyorida bo‘ladi. Bu lizing shartnomasi durust bo‘lmaydi, chunki ijara haqi ma’lum emas.
Agar tomonlar rozi bo‘lsa va kelishuvda lizingning barcha shariat talab qilgan shartlari topilgan bo‘lsa, ijara haqini lizing beruvchining mulkni xarid qilish uchun ketkazgan jami xarajatlariga asoslangan holda o‘rnatish shariatga zid bo‘lmaydi va, odatda, bunday amaliyot moliyaviy lizinglarda qo‘llaniladi.
- Lizing beruvchi ijara haqini bir tomonlama oshira olmaydi, va bunga ruxsat beruvchi har qanday shartnoma bekor sanaladi.
- Ijara haqi yoki uning ma’lum qismi mulk lizing oluvchiga yetkazib berilishidan oldin to‘lanishi mumkin, ammo bu mablag‘lar lizing beruvchining hisob raqamida o‘zgarmasdan turishi, to‘lov muddati yetishi bilan ijara to‘lovlaridan deb hisoblanishi lozim.
- Lizing muddati lizing oluvchi foydalanishni boshlashi yoki boshlamasligidan qat’iy nazar lizingga berilayotgan mulk lizing oluvchiga yetkazib berilgan muddatdan boshlab hisoblanadi.
- Agar lizingga berilgan mulk to‘liq ishdan chiqsa va ta’mirlashning iloji bo‘lmasa, ijara shartnomasi mulk ishdan chiqqan sanadan boshlab to‘xtatiladi. Biroq, talafot lizing oluvchining noto‘g‘ri foydalanishidan yoki e’tiborsizligidan kelib chiqqan bo‘lsa, u mulkning talafot yetishidan oldingi qiymatini lizing beruvchiga to‘lab berishi lozim bo‘ladi.
Ijara – moliyalashtirish vositasi
Murobaha singari ijara ham aslida moliyalashtirish vositasi emas. Ijara mulkning foydalanish huquqini bir shaxsdan ikkinchi shaxsga kelishilgan muddatga va kelishilgan haq evaziga o‘tkazish muomalasini bildiradi. Ammo, ayrim moliyaviy tashkilotlar uzoq muddatli foizli kreditlar berish o‘rniga ijaradan moliyalashtirish maqsadida foydalanmoqdalar. Bu turdagi ijara shartnomasi amaliyotda “operativ lizing”dan farq qiladigan “moliyaviy lizing” sifatida tanilgan va ushbu lizingning asosiy xususiyatlari mazkur maqolada yoritib berilgan.
Hozirgi kunda lizing barcha mamlakatlarda keng qo‘llaniladigan moliyalashtirish vositalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda u shariat ruxsat bergan muomala turlaridan sanalib, foizsiz moliyalashtirish vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Shuning uchun ham lizing islom moliyasi tashkilotlari tomonidan keng qabul qilingan. Ammo ularning hammasi ham lizing va foizli kredit o‘rtasidagi farqlarga yetarlicha e’tibor berishmadi. Natijada an’anaviy moliyaviy tashkilotlar ishlatib kelgan lizing shartnomalarini hech bir o‘zgartirishsiz o‘z amaliyotlariga kiritishdi, vaholanki, bu shartnomalarning ko‘p qismlari shariatga to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijara aslida moliyalashtirish vositasi emas. Ammo, ba’zi talablarni bajarish sharti bilan ijara shartnomasini moliyalashtirish maqsadida ishlatish mumkin. “Foiz” so‘zini “ijara haqi” so‘zi bilan yoki “ipotekaga berilgan uy” so‘zini “lizingga berilgan mulk” so‘zi bilan almashtirib qo‘yish muammoni hal qilmaydi. Lizing bilan foizli kredit o‘rtasida juda katta prinsipial farq bor. Bunga faqat ijaraga oid shariat ko‘rsatmalariga amal qilgan holda erishish mumkin. Bu ko‘rsatmalarning ayrimlari bilan ushbu maqolada tanishamiz.
Fikrimizni yanada oydinlashtirish maqsadida zamonaviy moliyaviy lizing bilan shariat ruxsat bergan lizing o‘rtasidagi farqlarni quyida keltirib o‘tamiz.
Lizingning boshlanishi
- Savdo bitimidan farqli ravishda ijara shartnomasini kelajak sana uchun imzolasa bo‘ladi. Kelgusida amalga oshadigan savdoga shariat ruxsat bermagan, ammo kelajakda amalga oshadigan ijaraga ruxsat bergan. Bunda asosiy shart ijara haqi shartnoma ob’ekti bo‘lgan uskuna mustajirga yetkazib berilgandan so‘ng to‘lanishi kerak.
Aksariyat “moliyaviy lizing” kelishuvlarida lizing beruvchi, ya’ni moliyaviy tashkilot uskunani lizing oluvchi orqali sotib oladi. Lizing oluvchi uskunani lizing beruvchi nomidan sotib oladi. Lizing beruvchi uskunaning narxini yetkazib beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki lizing oluvchi orqali to‘laydi. Ayrim lizing shartnomalarida lizing beruvchi narxni to‘lagan kundan boshlab lizing muomalasi kuchga kiradi. Bunda lizing oluvchi uskunani yetkazib beruvchiga to‘lovni qilgani yo qilmagani, uskuna yetkazib berilgani yo berilmagani e’tiborga olinmaydi. Boshqacha aytganda, lizing oluvchining ijara haqini to‘lash majburiyati uskuna yetkazib berilishidan oldin kuchga kiradi. Bu narsa shariatda joiz emas, chunki olingan haq mijozga berilgan puldan ijara haqi undirish bilan bir xildir, bu esa ochiq-oydin ribodir.
Shariatda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘l shuki, ijara haqi uskunaning narxi to‘langandan boshlab emas, balki uskuna mijozga yetkazib berilgandan keyin to‘lanishi kerak. Agar yetkazib beruvchi narxni to‘liq qabul qilgandan keyin yetkazib berishni kechiktirsa, lizing oluvchi kechiktirilgan muddat uchun haq to‘lashga majbur emas.
Tomonlarning turli munosabatlari
- Shu narsani aniq bilib olishimiz zarur: lizing oluvchiga uskuna sotib olish vazifasi yuklatilganda, moliyaviy tashkilot va va mijoz o‘rtasida ikkita bir-biridan farqli, oldinma-ketin amalga oshadigan munosabat yuzaga keladi. Birinchi munosabatda mijoz tashkilotning nomidan uskunani sotib olish uchun biriktirilgan vakil vazifasini bajaradi. Bunda tomonlar o‘rtasida prinsipal (xo‘jayin) va uning vakili muomalasidan boshqa munosabat bo‘lmaydi. Lizing beruvchi va lizing oluvchi o‘rtasidagi munosabat hali boshlangani yo‘q.
Ikkinchi bosqichdagi munosabat uskuna yetkazib beruvchi tomonidan mijozga yetkazib berilgan kundan boshlab yuzaga keladi. Bunda lizing beruvchi va lizing oluvchi o‘rtasidagi muomala kuchga kiradi.
Tomonlar o‘rtasidagi bu ikki xil munosabatni aralashtirmaslik yoki yanglish tushunmaslik kerak. Birinchi bosqichda mijoz lizing oluvchining majburiyatlari uchun javobgar emas. Bu muddat oralig‘ida u faqat vakilga topshirilgan vazifalar uchun mas’uldir. Uskuna unga yetkazib berilgandan boshlab u lizing oluvchi sifatida majburiyatlarni to‘liq bajarishi shart.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijara aslida moliyalashtirish vositasi emas. Ammo, ba’zi talablarni bajarish sharti bilan ijara shartnomasini moliyalashtirish maqsadida ishlatish mumkin. “Foiz” so‘zini “ijara haqi” so‘zi bilan yoki “ipotekaga berilgan uy” so‘zini “lizingga berilgan mulk” so‘zi bilan almashtirib qo‘yish muammoni hal qilmaydi. Lizing bilan foizli kredit o‘rtasida juda katta prinsipial farq bor. Bunga faqat ijaraga oid shariat ko‘rsatmalariga amal qilgan holda erishish mumkin. Bu ko‘rsatmalarning ayrimlari bilan ushbu maqolada tanishamiz.
Fikrimizni yanada oydinlashtirish maqsadida zamonaviy moliyaviy lizing bilan shariat ruxsat bergan lizing o‘rtasidagi farqlarni quyida keltirib o‘tamiz.
Lizingning boshlanishi
- Savdo bitimidan farqli ravishda ijara shartnomasini kelajak sana uchun imzolasa bo‘ladi. Kelgusida amalga oshadigan savdoga shariat ruxsat bermagan, ammo kelajakda amalga oshadigan ijaraga ruxsat bergan. Bunda asosiy shart ijara haqi shartnoma ob’ekti bo‘lgan uskuna mustajirga yetkazib berilgandan so‘ng to‘lanishi kerak.
Aksariyat “moliyaviy lizing” kelishuvlarida lizing beruvchi, ya’ni moliyaviy tashkilot uskunani lizing oluvchi orqali sotib oladi. Lizing oluvchi uskunani lizing beruvchi nomidan sotib oladi. Lizing beruvchi uskunaning narxini yetkazib beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki lizing oluvchi orqali to‘laydi. Ayrim lizing shartnomalarida lizing beruvchi narxni to‘lagan kundan boshlab lizing muomalasi kuchga kiradi. Bunda lizing oluvchi uskunani yetkazib beruvchiga to‘lovni qilgani yo qilmagani, uskuna yetkazib berilgani yo berilmagani e’tiborga olinmaydi. Boshqacha aytganda, lizing oluvchining ijara haqini to‘lash majburiyati uskuna yetkazib berilishidan oldin kuchga kiradi. Bu narsa shariatda joiz emas, chunki olingan haq mijozga berilgan puldan ijara haqi undirish bilan bir xildir, bu esa ochiq-oydin ribodir.
Shariatda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘l shuki, ijara haqi uskunaning narxi to‘langandan boshlab emas, balki uskuna mijozga yetkazib berilgandan keyin to‘lanishi kerak. Agar yetkazib beruvchi narxni to‘liq qabul qilgandan keyin yetkazib berishni kechiktirsa, lizing oluvchi kechiktirilgan muddat uchun haq to‘lashga majbur emas.
Tomonlarning turli munosabatlari
- Shu narsani aniq bilib olishimiz zarur: lizing oluvchiga uskuna sotib olish vazifasi yuklatilganda, moliyaviy tashkilot va va mijoz o‘rtasida ikkita bir-biridan farqli, oldinma-ketin amalga oshadigan munosabat yuzaga keladi. Birinchi munosabatda mijoz tashkilotning nomidan uskunani sotib olish uchun biriktirilgan vakil vazifasini bajaradi. Bunda tomonlar o‘rtasida prinsipal (xo‘jayin) va uning vakili muomalasidan boshqa munosabat bo‘lmaydi. Lizing beruvchi va lizing oluvchi o‘rtasidagi munosabat hali boshlangani yo‘q.
Ikkinchi bosqichdagi munosabat uskuna yetkazib beruvchi tomonidan mijozga yetkazib berilgan kundan boshlab yuzaga keladi. Bunda lizing beruvchi va lizing oluvchi o‘rtasidagi muomala kuchga kiradi.
Tomonlar o‘rtasidagi bu ikki xil munosabatni aralashtirmaslik yoki yanglish tushunmaslik kerak. Birinchi bosqichda mijoz lizing oluvchining majburiyatlari uchun javobgar emas. Bu muddat oralig‘ida u faqat vakilga topshirilgan vazifalar uchun mas’uldir. Uskuna unga yetkazib berilgandan boshlab u lizing oluvchi sifatida majburiyatlarni to‘liq bajarishi shart.
Shu yerda murobaha va lizing shartnomalari o‘rtasidagi farqni aytib o‘tsak. Murobahada haqiqiy savdo uskuna mijozga yetkazib berilgandan so‘ng amalga oshirilishi lozim, va undan oldingi murobaha haqidagi kelishuv oldi-sotdi shartnomasini qonuniy kuchga kiritish uchun yetarli emas. Shuning uchun, vakil sifatida uskunani qabul qilgandan so‘ng u moliyaviy tashkilotga bu haqida xabar berishi va uni sotib olish uchun taklif kiritishi kerak. Oldi-sotdi shartnomasi tashkilot taklifni qabul qilgandan keyingina kuchga kiradi.
Lizingning tartibi boshqacha va biroz qisqaroq. Lizing shartnomasi uskuna yetkazib berilishidan oldin ham kuchga kirishi mumkin. Mijozni vakil qilib tayinlayotgan vaqtda tashkilot uskunani yetkazib berilgandan vaqtdan boshlab unga lizingga berishga rozilik bildirsa, lizing shartnomasi o‘sha paytdan darhol kuchga kiradi. Boshqa hujjatlarga zarurat bo‘lmaydi.
Murobaha bilan lizing o‘rtasidagi farq ikki sabab bilan izohlanadi:
- a) Oldi-sotdi shartnomasining zaruriy shartlaridan biri – uning darhol qonuniy kuchga kiritilishi. Shuning uchun ham, kelajak sanaga bog‘langan oldi-sotdi shariat nazdida kuchga ega bo‘lmaydi. Lizing esa kelajak sanaga bog‘lanishi mumkin. Yuqoridagi shartnoma murobaha uchun yetarli emas, ammo lizing uchun yetarli sanaladi.
- b) Shariatning asosiy tamoyili shundaki, biron mulkdan daromad olmoqchi bo‘lgan kishi ushbu mulk bilan bog‘liq riskni ham, albatta, zimmasiga olishi shart.
Ushbu tamoyilni murobaha uchun qo‘llaydigan bo‘lsak, sotuvchi biroz muddatga bo‘lsa ham mulk bilan bog‘liq riskni zimmasiga olmasdan, bu mulkdan daromad olishga haqli bo‘lmaydi. Agar yuqoridagi shartnoma mijoz va tashkilot o‘rtasidagi oldi-sotdi uchun yetarli deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, mijoz uskunani o‘z tasarrufiga olishi bilan darhol uning nomiga o‘tkazilgan bo‘lardi va uskuna hech qachon sotuvchining riskiga ozgina fursatga bo‘lsa ham o‘tmagan bo‘lardi. Shuning uchun ham, murobaha bitimida mulkni mijozga darhol o‘tishi joiz emas; uskuna yetkazib berilgandan so‘ng yana qaytadan taklif-qabul bo‘lishi kerak.
Lizingda esa uskuna butun lizing muddati davomida lizing beruvchi tashkilotning riskida va mulkida qoladi, chunki mulkning egalik huquqi mijozga o‘tkazilmagan bo‘ladi. Shunday qilib, lizing muddati mijoz uskunani qabul qilib olishi bilan darhol boshlanadi va bu yuqoridagi tamoyilga zid emas.
Egalik huquqidan keyingi xarajatlar
- Lizing beruvchi mulkning egasi va uni o‘z vakili orqali yetkazib beruvchidan sotib olgani sababli uskunani sotib olish va import qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplashga mas’uldir. Transport, bojxona va boshqa xarajatlarni ko‘tarishi shart. Albatta, u bu xarajatlarni ijara haqini belgilayotganda inobatga olishi mumkin, ammo, mulk egasi sifatida bu xarajatlarni belgilangan tartibda qoplashga majbur. Bunga muvofiq bo‘lmagan har qanday kelishuv (an’anaviy lizing shartnomalarida uchraydigan holat) shariat ko‘rsatmasiga zid hisoblanadi.
Uskunaga ziyon yetishida tomonlarning majburiyatlari
- Lizingning asosiy tamoyillarida aytilganidek, lizing oluvchi uskunaga noto‘g‘ri ishlatish yoki e’tiborsizlik tufayli ziyon yetkazsa, yetkazilgan zararni to‘lab beradi. Shuningdek, u uskunaning ishlatilishi jarayonida odatda almashtirilishi lozim bo‘lgan ehtiyot qismlar uchun ham mas’ul bo‘lishi mumkin. Ammo, uning imkoniyatidan tashqarida bo‘lgan omillar tufayli ziyon yetsa, ko‘rilgan zarar uchun mas’ul bo‘lmaydi. An’anaviy lizing shartnomalarida bu ikki holat o‘rtasi odatda ajratilmaydi. Islom tamoyillari bo‘yicha tuzilgan lizingda ikki holat alohida-alohida o‘rganiladi.
Uzoq muddatli lizinglarda o‘zgaruvchan ijara haqlari
- Uzoq muddatli lizing shartnomalarida butun lizing muddati uchun bir xil o‘zgarmas ijara haqi belgilash lizing beruvchi manfaatiga uncha to‘g‘ri kelmaydi, chunki bozor sharoiti doimo o‘zgarib turadi.
Bunday paytda lizing beruvchining ikki yo‘li bor:
- a) U lizing shartnomaga ijara haqi ma’lum muddatdan so‘ng (masalan, bir yil) ma’lum foizga (masalan, 5%ga) oshadi, degan shartni kiritishi mumkin.
- b) U shartnomani qisqaroq muddatga imzolashi mumkin, muddat tugashi bilan tomonlar ijara haqini qayta ko‘rib chiqishlari mumkin. Bunday ko‘rib chiqish o‘zaro rozilik va yangi shartlarni rad qila olish huquqi asosida bo‘lishi lozim. Mabodo, tomonlar kelisha olishmasa, lizing oluvchi uskunani bo‘shatib egasiga qaytarib berishi kerak.
Mumtoz islom fiqhi qoidalariga ko‘ra, lizing beruvchida mana shu ikkita ixtiyor bor. Ayrim zamonaviy ulamolar uzoq muddatli lizinglarda ijara haqini hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan, hech qanday nizoga sabab bo‘lmaydigan bironta o‘zgaruvchan benchmark ko‘rsatkichga bog‘lab qo‘yishga ruxsat berishgan. Masalan, ularning nazdida, agar hukumat lizing beruvchidan olinadigan soliqni ma’lum miqdorga oshirib qo‘ysa, lizing beruvchining ijara haqini o‘sha miqdorda ko‘tarib qo‘yishi joiz bo‘ladi. Yana shuningdek, ular ijara haqini inflyasiya ko‘rsatkichiga bog‘lab qo‘yib yillik ravishda oshirib borishga ham ruxsat berishgan. Agar inflyasiya 5%ga oshadigan bo‘lsa, ijara haqi ham 5%ga oshiriladi.
Mana shu fatvoga asoslanib, ayrim islom banklari ijara haqlarini belgilashda foiz stavkalaridan benchmark sifatida foydalanishmoqda. An’anaviy banklar foizli kreditlardan qancha daromad olishsa, bu banklar ham lizing orqali shuncha daromad olishga intilishmoqda. Ular ijara haqlarini foiz stavkasiga bog‘lab qo‘yishgan. Ijara haqini qat’iy bir miqdorda belgilash o‘rniga ular lizing mulkini sotib olish narxi ustiga foiz stavkasini qo‘shib ijara haqi miqdorini belgilashmoqda. Lizing shartnomalarida ijara haqi muayyan foiz stavkasiga yoki muayyan foiz stavkasi plyus yana qandaydir ko‘rsatkichga teng miqdor qilib ko‘rsatiladi. Foiz stavkasi o‘zgaruvchan bo‘lgani uchun uni butun lizing muddatiga o‘rnatib bo‘lmaydi. Shuning uchun, bunday kontraktlar ijara haqini muntazam ravishda oshirib turish uchun ma’lum bir davlatning (LIBOR ) foiz stavkasini benchmark qilib oladi.
Bu fatvo ikki jihatdan tanqidga uchragan:
Birinchi e’tiroz shundan iboratki, ijara haqlarini foiz stavkaga bog‘lashlik bilan lizing muomalasi foizli kredit muomalasiga o‘xshab qoladi. Bu e’tirozga javob shuki, foiz stavkasi faqat benchmark sifatida ishlatiladi. Lizing uchun shart bo‘lgan shariatning boshqa ko‘rsatmalari to‘liq bajarilar ekan, ijara haqini belgilashda lizing shartnomalarida benchmark ko‘rsatkichlar bemalol ishlatilishi mumkin. Foizli kredit bilan lizing o‘rtasidagi asosiy farq moliyaviy tashkilotga yoki lizing beruvchiga to‘lanadigan pul miqdorida emas. Asosiy farq shundaki, lizingda lizing beruvchi lizingga berilgan mulkning riskini to‘liq o‘z zimmasiga oladi. Agar lizing muddati davomida mulk nobud bo‘lsa, lizing beruvchi zarar ko‘radi. Agar mulk lizing oluvchining aybisiz ishdan chiqsa, lizing beruvchi ijara haqini undirishga haqli bo‘lmaydi; foizli kreditda esa qarzdor olingan qarzdan umuman foyda ko‘rmagan bo‘lsa ham, moliyaviy tashkilot foizni undirishga haqli bo‘ladi. Modomiki, mana shu asosiy farq saqlanib qolar ekan (ya’ni lizing beruvchi lizingga berilgan mulk riskini zimmasiga olar ekan), mijozdan olinadigan ijara haqi foiz stavkasi bilan bir xil bo‘lgan taqdirda ham, bunday oldi-berdini foizli oldi-berdilar qatoriga kiritib bo‘lmaydi.
Foiz stavkasidan faqatgina benchmark maqsadida foydalanish lizing shartnomasini foizli moliyalashtirish kabi nojoiz oldi-berdiga aylantirib qo‘ymaydi. Lekin shunga qaramasdan, foiz stavkasidan iloji boricha, hatto benchmark maqsadida bo‘lsa ham foydalanmaslik tavsiya etiladi. Shundagina, islom moliyaviy muomalasi an’anaviy moliyadan mutlaq farqlanib turadi.
Ikkinchi e’tiroz shundaki, foiz stavkalaridagi doimiy va noma’lum o‘zgarishlar tufayli ijara haqlarida shariatda man qilingan jahala va g‘arar elementlari yuzaga keladi. Shariatning asosiy talablaridan biri shartnomaning bahosi tomonlarning shartnomaga kirish vaqtida ularga yaxshi ma’lum bo‘lishi kerak. Lizingda shartnoma bahosi mijozdan olinadigan ijara haqi hisoblanadi, shuning uchun ham, shartnomaga kirish vaqtida ijara haqi tomonlarga yaxshi ma’lum bo‘lishi lozim. Ammo, biz ijara haqlarini kelajakda o‘zgarib turadigan foiz stavkalariga bog‘laydigan bo‘lsak, to‘lanadigan ijara haqi noma’lum bo‘lib qoladi. Mana shu jahala va g‘arar tufayli bunday lizing shartnomasi nojoiz hisoblanadi.
Bu e’tirozga javoban aytamizki, jahala ikki jihatdan man qilingan:
- a) Jahala tomonlarning nizosiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, bu da’vo bizning misolga taalluqli emas, chunki ikki tomon ham o‘zaro rozilik bilan hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan benchmark ko‘rsatkichni ijara haqi miqdorini belgilash uchun ishlatishga kelishishgan. Bu ko‘rsatkich ikki tomonga ham ma’qul bo‘lgani uchun hech qanday nizoga sabab bo‘lmaydi.
- b) Jahala tomonlarning kutilmagan zarar ko‘rishiga sabab bo‘lishi mumkin. Foiz stavkasi kelajakda haddan ziyod darajada ko‘tarilib ketishi mumkin, natijada, mijoz jiddiy moliyaviy zarar ko‘rishi mumkin. Bunday riskni oldini olish maqsadida ba’zi zamonaviy ulamolar ijara haqi va foiz stavkasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ma’lum bir pog‘onagacha cheklashni tavsiya etishadi. Masalan, lizing shartnomasiga “ijara haqi foiz stavkasining o‘zgarishiga qarab o‘zgarib turadi, ammo bu o‘zgarish o‘tgan oy ijara haqining 15%dan ortiq yoki 5%dan kam bo‘lmasligi kerak” degan shart kiritilishi mumkin. Bu agar foiz stavkasi 15%dan ortiq o‘sadigan bo‘lsa, ijara haqi faqat 15%ga oshishligini bildiradi. Va aksincha, agar foiz stavkasi 5%dan ortiq pasayadigan bo‘lsa, ijara haqi ko‘pi bilan 5%ga kamayadi.
Bizning fikrimizcha, bu taklif masalaning barcha jihatlarini inobatga oluvchi hammaga ma’qul bo‘lgan yondashuvdir.
Ijara haqini kechiktirgani uchun jarima
Ayrim moliyaviy lizing bitimlarida ijara haqini muddatidan kechiktirib to‘lagani uchun mijozdan jarima undiriladi. Bunday jarima, agar lizing beruvchining daromadiga qo‘shiladigan bo‘lsa, shariatda joiz hisoblanmaydi. Chunki ijara haqi muddati o‘tgandan so‘ng mijozning qarziga aylanadi, va unga nisbatan qarzdorning hukmi amalga kiradi. Qarzini kechiktirgan qarzdordan undiriladigan har qanday to‘lov Qur’oni Karimda ta’qiqlangan ribo hukmida bo‘ladi. Shu sababdan, lizing beruvchi mijozdan ijara haqini kechiktirgani uchun jarima undira olmaydi.
Ushbu imtiyozni ayrim mijozlar o‘z manfaatlari yo‘lida suiste’mol qilmasliklari uchun muqobil yechimni yo‘lga qo‘yish mumkin. Misol uchun, agar mijoz ijara haqini kechiktiradigan bo‘lsa, undan ma’lum bir miqdor pulni xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishni talab qilish mumkin. Moliyaviy tashkilot shu maqsad uchun xayriya jamg‘armasini tashkillashtirib, unga tushadigan jarimalarni xayriya maqsadlarga yo‘naltirishi mumkin, jumladan muhtojlarga foizsiz qarzlar berishi mumkin. Xayriya maqsadlar uchun mijozlar tomonidan to‘lanadigan pullar kechiktirish muddatiga qarab turlicha bo‘lishi hamda ularning miqdori yillik foiz shaklida hisoblanishi mumkin. Buni ta’minlash uchun lizing shartnomasiga quyidagi band kiritilishi mumkin:
“Ijara oluvchi ijara haqini to‘lashda defoltga yo‘l qo‘ysa (belgilangan muddatda to‘lamasa), lizing beruvchi tomonidan boshqariladigan Xayriya Jamg‘armasiga yiliga …..% miqdorida hisoblanadigan jarimani to‘lab beradi. Bu to‘lovlar shariat ruxsat bergan maqsadlarda faqat xayr-ehson ishlariga yo‘naltiriladi va hech qachon lizing beruvchining daromadiga qo‘shilmaydi.”
Bu band lizing beruvchining defolt muddati davomida qo‘ldan chiqaradigan muqobil imkoniyatlar qiymatini (Opportunity cost) qoplab bermasa ham, har qalay mijozning ijara to‘lovlarini vaqtida to‘lab borishini ta’minlashga yordam beradi.
Lizing shartnomasining tugatilishi
- Agar mijoz shartnomaning bironta bandini buzadigan bo‘lsa, lizing beruvchi lizing shartnomasini bir tomonlama tugatishga haqli bo‘ladi. Ammo, mijoz tomondan qoidabuzarlik kuzatilmagan bo‘lsa, shartnomani o‘zaro roziliksiz tugatish mumkin emas. Ayrim moliyaviy lizing shartnomalarida lizing beruvchiga shartnomani tugatish bo‘yicha cheksiz vakolatlar berilgan, hohlagan vaqtida shartnomani bir tomonlama tugatishi mumkin. Bu narsa shariat ko‘rsatmalariga zid.
- Ayrim moliyaviy lizing bitimlarida hatto shunday shart uchraydiki, unda lizing beruvchi shartnomani bir tomonlama tugatishga qaror qilsa ham, mijoz lizing muddatining qolgan qismi uchun ijara to‘lovlarni ado etishga majbur. Bunday shart shariat ko‘rsatmalariga ham, vijdoniylik va adolat tamoyillariga ham zid. Lizing shartnomasiga bunday band kiritilishining asosiy sababi shartnoma lizing berish g‘oyasi ostida foizli qarz berishga qaratilganidandir. Tabiiyki, bunday shart shariatda joiz emas. Mantiqan olganda, lizing tugatilgandan so‘ng, lizing beruvchi uskunani qaytarib olib ketishi kerak, mijoz esa lizing tugatilgan kungacha bo‘lgan davr uchun ijara haqi to‘lashi kerak. Agar lizing mijozning uskunani noto‘g‘ri ishlatgani yoki e’tiborsizlik tufayli unga ziyon yetkazgani uchun tugatilayotgan bo‘lsa, lizing beruvchi undan yetkazilgan zararni qoplab berishni talab qiladi, ammo lizingning qolgan muddati uchun ijara haqi to‘lashni talab qilmaydi.
Mulkni sug‘urtalash
- Agar ijaraga berilgan mulk islomiy sug‘urta takoful orqali sug‘urtalangan bo‘lsa, bu xarajatlar lizing beruvchi hisobidan qoplanadi, mijoz hisobidan emas. An’anaviy moliyaviy lizinglarda bunday xarajatlar mijozning zimmasida bo‘ladi.
Xullas, lizing shartnomalarida uchraydigan muammolarning ro‘yxati yuqorida zikr qilinganlar bilan tugamaydi, bu yerda faqat asosiylari yoritildi. Shu bilan birga, islom moliyasi tamoyillariga mos keladigan lizingning asosiy xususiyatlari ham bayon qilindi. Islom moliyasida qo‘llaniladigan lizing shartnomalari yuqorida aytilgan barcha talablarga javob berishi kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Usmani M. An Introduction to Islamic Finance. Karachi.: “Jamia Darul Uloom Karachi”, 1998.
- Aminov H., Primov S. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari. O‘quv qo‘llanma. – T.: “Movarounnahr”, 2017.
- Shayx Muhammad Yusuf, Muhammad Sodiq. Kifoya – Ubaydulloh ibn Mas’ud Buxoriyning “Muxtasar ul-Viqoya” kitobiga sharh. T.: “Hilol-nashr”, 3-juz, 2015.
- Ismail M. The Application of Islamic Legal Maxims to Islamic Banking and Finance. Kollel University Insaniah, 2011.
Alijon Ravshanov