Samimiy, o‘jar, aqliyu ongi tiniq va jasoratga to‘la bo‘lgan bolalar kutilmaganda innovatsion kashfiyotlar qilish va o‘zlari anglamay, dunyoni yanada yaxshilashga qodirlar. Joriy yil dekabr oyida Amerikaning Time jurnali koloradolik 15 yoshli o‘quvchi Gitanjali Raoni Yil bolasi deb e’lon qildi. Qizaloq besh mingdan ziyod nomzodlarni ortda qoldirdi va o‘zi kashf etgan ichimlik suvidagi qo‘rg‘oshinni aniqlash qurilmasi hamda kiberbullingga qarshi kurashish qurilmasi uchun e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2019 yilda qizcha Forbes jurnali talqini bo‘yicha eng ahamiyatli yoshlar ro‘yxatiga kirdi, 2017 yilda esa, Amerikaning Eng yaxshi yosh olimi deb e’lon qilindi.
Bir yil oldin Kaliforniyada yashovchi maktab o‘quvchisi – Eysha Kxare smartfonning 20–30 sekundda zaryadlash uchun moslama kashf etdi. O‘zining ixchamgina nanobatareya-superkondensatori uchun qizcha Inteldan yosh olimlar mukofotiga sazovor bo‘ldi. Eyshadan bir necha yil avval bu mukofot Jek Andrakiga – saratonni diagnostikalash uchun test tizimi prototipini yaratgan amerikalik o‘spiringa berilgandi va u bosh sovrin – $75 000 ni qo‘lga kiritdi. Uning test tizimi nanoquvurlardan iborat bo‘lib, o‘pka, oshqozon osti bezi yoki tuxumdonlar saratonini odatiy testlarga qaraganda 100 barobar tezroq aniqlash imkonini beradi. Niderlandiyalik 17 yoshli talaba Boyan Sleng butun dunyo ekologlariga okeanni millionlab kilometrli chiqindilar va plastikdan tozalashda yordam berdi. Uning novatorlik plaftormasi skatga o‘xshab ketadi va butilka hamda plastikni maxsus tirqishga tiqadi, maydalaydi va yig‘ib boradi. Yigitning g‘oyasi jamoatchilikni shunchalik qiziqtirib qo‘ydiki, 2015 yilda u 2 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, 2017 yilda “skat”lar okeanni tozalashga yoppasiga kirishib ketdilar.
Sobiq sho‘ro makonidagi bolalar ham ulardan qolishmaydi. 2014 yilda 17 yoshli Sergey Lukyanov g‘ilaylikni davolashning innovatsion uslubini kashf etdi. Bu uslubning mohiyati bemorning 3D-ko‘zoynak va tegishli dasturdan foydalanib, ko‘k va qizil suratlarni birlashtirishidan iborat. Uslub turli yosh toifalariga moslashtirilgan. Chunonchi, bolalar uchun soddaroq suratlar tanlangan bo‘lsa, kattalarga murakkabroqlari ko‘zda tutilgan. Lukyanov uslubi g‘ilaylikni butkul tuzatib yuboradi, deyishga erta bo‘lsa ham, lekin hozirning o‘zidayoq natijalar hayratga solmoqda.
Bolalar – shunchaki kelgusi avlod emas. Bolalar – bu ilm-fan va bilimlar asosida qurilgan yorqin va yangi kelajakka kalitdir. O‘zbekiston kelajagi qanday bo‘ladi? Biz bir guruh bolajonlardan ular ilm-fanni qanday tasavvur qilishlarini so‘radik.
Shahrizoda Alimbabaeva, «Erudit» maktabi 8-«b» sinf o‘quvchisi
Men uchun ilm-fan – bu nima? Bu atrof-borliq, yeru havo, suv, odamlar. Biror modda nimadan tarkib topganligini bilib, biz ko‘p narsani tushunishimiz mumkin, demak rivojlana olamiz, nimadir yangi narsa yaratib, g‘ayrioddiy bilimlarga ega bo‘la olamiz. Ilm-fan sababli biz hozirda elektrdan, issiq suvdan foydalanyapmiz, avtomobilda, samolyotlarda, kemalarda va, hatto, raketalarda harakatlanyapmiz. Umuman, ilm-fan sababli yuzaga kelgan yana ko‘p narsalarni sanab o‘tish mumkin. Men Albert Eynshteyn, Isaak Nyuton, Jeyms Makvell, Charlz Darvin va boshqa, insoniyat rivoji tarixiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk insonlardan faxrlanaman. Men va Siz ulardan qolishmaydigan olim bo‘lishimiz mumkin. Ishonmaysizmi? Agar XXI asrda ilm-fanda barcha kashfiyotlar qilib bo‘lingan, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Ko‘pgina olimlar shunday hisoblashgan, lekin ular to‘xtab qolishmagan, o‘z imkoniyatlari chegarasidan tashqariga qadam qo‘yganlar. Nega endi biz ham bugun shunday qila olmaymiz? Har bir odam noyob tafakkurga ega, biz nimadir – yangi, g‘ayrioddiy, odat tusiga kirmagan, insoniyat uchun mutlaqo notanish nimadir yaratishimiz mumkin va shunda nomimiz asrlar davomida tilga olinadi, ishlarimiz dunyoni butkul o‘zgartiradi. Olim bo‘lish – bu jasorat ko‘rsatish, odatiy chegaralardan chetga chiqishdan qo‘rqmaslik deb hisoblayman va bizning avlodimiz buni uddasidan chiqadi, deb o‘ylayman. Biz birgalikda insoniyatni hayotning yangi darajasiga olib chiqa olamiz. Shaxsan meni biologiya va anatomiya, tirik moddalar qanday ishlashi, nega ular muayyan moddalardan ta’sirlanishi, nega inson tez-tez kasal bo‘lishi (va aksincha) juda qiziqtiradi. Men koronavirusdan vaksina yaratishni, saraton, OIV, OITS va boshqa tuzalmas kasalliklarni yengishni istardim. Shuningdek, men falajlangan nogironlarni davolash usulini topishni istardim. Bitta bo‘lsa ham kasallikni davolash yo‘lini topib, odamlarga baxtliroq, demakki, sog‘lomroq bo‘lishlarida yordam berishni xohlayman.
Vera Shatalina, 6- sonli maktab 8-“g” sinf o‘quvchisi
Har bir inson o‘ziga xos. Uning ongi ham ana shunday. Inson o‘z miyasining faoliyati sababli ongli bo‘ldi. Miyamiz to‘liq o‘rganilmagan va o‘zida ko‘plab sir-asrorlarni yashirgan. Mening tasavvurimda, miya – bu samoviy narsa. Koinotga, cheksiz qorong‘ulikka boqib, har kim o‘zining tasavvuri jonlantiradigan manzarani ko‘radi. Xuddi shuningdek, ilm ham ko‘pchilik odamlar uchun jodudek ko‘rinishi mumkin. Biroq, aynan ong ilm-fan dvigateli sanaladi, fantaziya tufayli butun bashariyat tarixi davomida buyuk kashfiyotlar qilingan va ular inson taraqqiyotiga zamin bo‘lgan.
Fantaziya har doim ma’lumlik chegarasidan tashqariga chiqadi ammo bolalar fantaziyasi cheksizdir. Pishloqqa o‘xshash to‘lin oy yoki tabassum qilayotgan hilol, issiqqina par to‘shak kabi qor yoki fazo kemasiga o‘xshaydigan sayyoramiz bunga misol. Bolalar orzulari bilan yashaydilar. Har bir buyuk kashfiyot aynan orzularda tug‘iladi, yetarlicha jiddu-jahd ko‘rsatilsa, ular albatta ro‘yobga chiqadi va amalga oshadi. Shu sababli, ilm-fan bolalar orzusida tug‘ilgan, deyish mumkin.
Ilm-fan butun insoniyat taraqqiyotining asosi sanaladi. Tovushdan yuqori tezlik, osmonda uchuvchi binolar yoki okean tubidami, koinot sarhadlaridami qurilgan shaharlar – bularning barchasini kelajakda olimlarning tinimsiz izlanishlari tufayli voqyelikka ko‘chishi mumkin bo‘lgan hozirgi fantastik orzu deya olamiz. Shu sababli taraqqiyotning asosiy dvigateli insonning xayol surish, orzu qilish va, albatta, oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda favqulodda sa’y-arakat va intiluvchanlik ko‘rsata olish qobiliyati sanaladi.
Men kimyo, fizika, biologiya, matematika, geometriyani o‘rganish bilan qiziqaman. Deyarli butun bo‘sh vaqtimni sevimli fanlarimni o‘rganishga sarflayman. Imkon qadar ko‘proq axborot olishga, qonuniyatlarni tushunishga, jarayonlarni o‘rganishga va o‘zim uchun sevimli fanlarimning tobora ko‘proq sirlarini fosh etishga intilaman. Sevimli fanlarimni ko‘rgazmali o‘rganish imkoniyatlarim kengayishini istardim – dunyoqarashimni kengaytirsam, amaliy mashg‘ulotlar yordamida maktab ta’limida yetishmaydigan yangi uslubiyotlar va yondashuvlarni o‘rgansam deyman. Axir ko‘rish, his qilish, tadqiq etish, adashish, xatolarni to‘g‘rilash va yana o‘z orzusini ro‘yobga chiqarishga urinishsiz o‘rganilmaganni o‘rganish, yangilikni kashf etish mumkin emas.
Mening azaliy orzuim – kelajakda albatta insoniyatni barcha ma’lum va noma’lum kasalliklardan xalos qila oladigan dori kashf etishdir. O‘z maqsadimga erishish uchun men o‘z ustimda ishlashga, ko‘p mehnat qilishga, turli olimlar asarlarini o‘rganishga, tajribalar o‘tkazish, murakkab vazifalarni hal qilish va, albatta, orzu hamda fantaziya qilishga tayyorman. Oldimga qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish uchun men, xorijiy olimlar tajribalarini o‘rganish imkoniga ega bo‘lish uchun, chet tillarga ham vaqt ajratishga intilaman. Men intilishlarim yaqin kelajakdayoq o‘z samarasini berishiga ishonaman.
Bugungi kunda sayyoramizda insoniyat oldida turgan, millionlab insonlarni halok etayotgan, soat sayin kuchayotgan o‘ta jiddiy muammo – bu kasallik bo‘lib, bunda bizga faqat ilm-fan yordam bera oladi. Inson hayoti himoyasida vrachlar, kimyogarlar, fiziklar va boshqa ko‘plab olimlar turishibdi, ular tunu-kun ko‘zga ko‘rinmas dushman ustidan g‘alaba qozonish va butun insoniyatga yengil nafas olish, ertangi kunga ishonch hosil qilish va, shunchaki, baxtli yashash imkonini berish yo‘lida mehnat qilmoqdalar.
So‘zimni xulosalab, har bir bola olim ekanligini, lekin hamma bolalar ham katta bo‘lishganda buyuk olim bo‘la olmasliklarini, chunki kattalarning ozgina qismi bolalik davridagidek samimiy orzu qilish va xayol surishni davom ettirishini qayd etmoqchiman. Bolalarcha orzu qilish qobiliyati kattalarni tark etmaganda edi, aminmanki, bizning ilmiy tasavvurlarimiz hozirdagidan ancha yuqori bo‘lardi.
Axir barcha samimiy orzular albatta ro‘yobga chiqadi, shu sababli men ilm-fan bolalar orzusida tug‘ilgan, deb hisoblayman!
Otabekova Madina, «Erudit» maktabi 8-«b» sinf o‘quvchisi
Odamlarda bolalar o‘qishni yoqtirmaydilar, degan fikr bo‘lishi mumkin. Ayrim bolalar, hatto, bu ularga kerak emas, deb o‘ylaydilar. Ammo men ikkala fikrga ham qo‘shilmayman. Shaxsan menga yangi tadqiqotlar va kitob o‘qish yoqadi.
Ammo mening alohida sevimli fanlarim – bu biologiya va fizika.
Siz biologiya va fizika bir-biridan uzoq deb o‘ylashingiz mumkin, lekin ular o‘zaro va, ayniqsa, kimyo bilan juda uyg‘un keladi. Ularning uchchalasi ham ilm-fan atalmish alohida fan sifatida mashhurdir.
Ilm-fan – bu sehrli bilim, unda materiya, hayot va darslar birlashadi hamda mana shu ajoyib uyg‘unlikni yuzaga keltiradi.
Har bir fanning o‘z mo‘jizasi bor:
Kimyo – bu tadqiqot, unda ikkita turli unsur mutlaqo boshqa komponentni tashkil qiladi, u esa, ehtimol, kelgusida biologiyada haqiqatan foydali bo‘ladi.
Biologiya – bu alohida mavzu, unda siz o‘simliklar, hujayralar, inson organizmlari va barcha tirik jonzotlarni o‘rganasiz.
Fizikaning menga yoqadigan jihati – u hayotiy bo‘lib, olmaning uzilib tushishidan to qora tuynukkacha – barcha-barcha narsani o‘rganadi.
Fizika, shuningdek, ko‘p jihatdan kimyo bilan bog‘liq. Ilm-fanning bu ajoyib shoxlari go‘zal, katta va kuchli daraxtga birlashadi.
Bolalarga aytadiganim: qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘qishni seving. Ta’lim – bu quduqni igna bilan qazishdir. Lekin samarasi ham shunga yarasha. Menga o‘qishni sevishni singdirganlari uchun o‘z ota-onam va o‘qituvchilarimdan minnatdorman. Qachondir ko‘plab odamlar chaqirig‘imni anglab yetadilar va, kelgusida muvaffaqiyatli odamlar bo‘lish uchun o‘qish va o‘rganishni boshlaydilar, deb umid qilaman.
Agata Danilova, 80- maktab 10- sinf o‘quvchisi
Har bir odamning o‘z sevimli mashg‘uloti, qiziqishi bor bo‘lib, bo‘sh vaqtini unga bag‘ishlaydi. Men uchun shunday mashg‘ulot rasm chizishdir. Rasm chizish menga ijod quvonchini beradi, u orqali men og‘ir kunning g‘am-tashvishlarini unutaman, qo‘limga qalam va bo‘yoq olib, xayolimga kelgan obrazlarni chiza boshlaganimda qalban orom olaman.
Surat sababli ta’bim buzilgan paytlar ham bor – o‘ylaganimni yuzaga chiqara olmasam, g‘oya xayolimda qog‘ozdagiga qaraganda ancha chiroyli bo‘lsa. Ammo men hafsalamni pir qilmayman va taslim bo‘lmayman. Ba’zida, keyinroq yana unnab ko‘rish uchun, nimanidir keyinga qoldirgan ma’qul. Zero rasm chizish uchun ilhom juda muhim. Lekin ba’zida men irodamni qo‘lga olaman va xatolar ustida ishlayman, nega u yoki bu ish o‘xshamadi – savollarga javob izlayman. Shu tariqa ko‘nikmalarim yaxshilanib boradi. Hammasidan ham ko‘ra menga moy-bo‘yoqda chizish yoqadi, chunki, kamtarona fikrimga ko‘ra, shunda suratlar voqyelikka yaqinroq, boy va jonli chiqadi. Ammo, rassomchilikning boshqa vositalari: akvarel, guash, qalam, bo‘r va h.k.lardan ham voz kechmayman. Har bir materialda o‘ziga xoslik va betakrorlik mavjud. Axir rasm chizish menga ijoddan qoniqish hissini beradi, u har qanday inson hayotini mazmunga to‘ldiradi.
Kalimullina Adel, 80-sonli maktab 10-sinf o‘quvchisi
Aralash millat vakili o‘laroq dunyoga kelib, men, ilk bolaligimdanoq, turfa madaniyatlar ta’sirida katta bo‘ldim. Oltinchi sinfligimdan nimadir yangi narsalarni o‘rganishga qiziqishim borligini tushundim. O‘zga madaniyatlarni, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini, an’analarini va boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni izlashga berildim. Tez orada dugonam menga koreys musiqasini tinglashni taklif qildi. Koreys musiqasi meni koreys tilini o‘rganishga ruhlantirdi va men bu til naqadar go‘zal ekanligini ko‘rib hayratga tushdim. Koreys tili juda mayin va maftunkor, uni o‘rganish kishiga rohat bag‘ishlaydi. Bu tilni o‘rganish asnosida men koreyslar madaniyatini ham chuqur o‘zlashtira bordim.
Menimcha, turli madaniyatlarni o‘rganish – bu bizning zamonaviy jamiyatimizdagi ta’limning o‘ta muhim qismidir. Insonlar barcha millatlar va madaniyatlarga nisbatan bag‘ri keng bo‘lishga intilishlarini inobatga olib, madaniyatlar asosini bilish muhim, deb o‘ylayman.
Barcha mamlakatlar o‘z ijobiy va salbiy jihatlariga va, albatta, o‘z tarixlari va afsonalariga ega. Men madaniyatlarni o‘rganish yaqin kelajakda shuhrat qozonishiga umid qilaman, chunki, menimcha, bu hozirgi paytda tinch-totuv hayotning muhim sharti sanaladi.
Diyora Abdullaeva, «Erudit» maktabi 8-«b» sinf o‘quvchisi
Ismim – Diyora, men 8- sinfda o‘qiyman. Hozirda biologiya va kimyoga qiziqaman. Kimyoni yoqtirishimga sabab – meni turli moddalar, ularning tarkibi haqida ko‘proq yangi narsalar bilish qiziqtiradi, shuningdek turli kimyoviy reaksiyalarni yaxshi ko‘raman. Biologiya bo‘yicha biz hozirda inson tuzilishini o‘tyapmiz, organizmimizda nima va qanday ro‘y berishini o‘rganish men uchun juda qiziq.
Muslima Saidvalieva, «Erudit» maktabi 8-«b» sinf o‘quvchisi
Ilm men uchun nimani anglatadi?
Nima ham derdim, gapni har kimning ilm-fan haqidagi tasavvuri o‘zgacha ekanligidan boshlaganim ma’qul. Kimdir unga ishonadi, kimdir – yo‘q. Kimgadir ilm yoqadi, kimgadir esa bosh og‘riq bo‘lib tuyuladi. Ilm-fan bilan har kuni, aniqrog‘i, undan ham ko‘proq to‘qnash kelamiz va bu tug‘ilganimizdan beri davom etadi. Negaligini ko‘pchilik yaxshi tushunsa kerak. Fizika, kimyo, biologiya… bular barini maktab yoshimizdan bilamiz. Xullas, ilm bilan asosan flegmatiklar shug‘ullanadi, deb o‘ylayman. Ular bosiq, ko‘p o‘ylaydilar, murakkablikka moyil va aqlli bo‘ladilar. Aftidan, ideal olimlar. Mening sevimli fanim – adabiyot. Yozuvchilar hayotini o‘rganish, turli janrlardagi asarlarni tahlil qilish, o‘qiganimdan ta’sirlanish… umuman, mana shu adabiyot ummoniga sho‘ng‘ishning o‘zi men uchun qadrlidir. Shu o‘rinda deyarli har kim uchun o‘zining suyukli ilmi borligini aytmoqchiman – u qandayligining farqi yo‘q. Va agar siz o‘zingizga qaysi ilm ko‘proq yoqishini tushunsangiz, unga kirishishni keyinga surmaslik kerak. Mustaqil rivojlanish – bizning borimiz!