Ilon Mask: bepul Internet, bilim va texnologiyalardan bepul foydalanish
Samoviy sivilizatsiyalarni kolonizatsiyalash uzoq yillar davomida insoniyatning orzusi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab «koinot poygasi»ning ishtirokchilari tobora ko‘payib bormoqda, ular bu tarmoqqa yirik mablag‘lar investitsiya qilishga tayyor turibdilar. Shu tariqa, agar «koinot poygasi» atamasi ostida SSSR va AQSh o‘rtasidagi koinotni o‘zlashtirishdagi yetakchilik uchun raqobat nazarda tutilgan bo‘lsa, endilikda, koinot sohasiga boshqa tarmoqlar milliarderlari sifatida kirib kelgan milliarder-tadbirkorlar yuzaga kelgach, «poyga» deganimiz «milliarderlarning koinotdagi raqobati»ga aylandi.
Ular ichida o‘zining SpaceX loyihasi yordamida Marsni zabt etishga intilayotgan Ilon Mask (Tesla) va Blue Origin raketalari ishlab chiqarish sohibi Jeff Bezos (Amazon) mavjud. Blue Origin va SpaceX ikkalovi xususiy koinot hamjamiyatidagi eng mashhurlar bo‘lib, asoschilari bir-biriga o‘xshash bo‘lgani bois, ularni ko‘pincha o‘zaro qarama-qarshi qiyoslaydilar.
SpaceX ning Starlink kompaniyasi, Oyni tadqiq qilish va unga odamlarni uchirish borasidagi keng ko‘lamli maqsadlardan tashqari, minglab yo‘ldoshlardan iborat tarmoq orqali butun yer yuzida Internet tarqatishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Starlink mahsulotini ishlab chiqish 2015 yilda boshlangan. Yaratilgandan buyon, ulanish vaqti qisqa va o‘tkazish qobiliyati yuqori (keng polosali ulanish) bo‘lgan hammabop internet-servisni taqdim etish maqsadlarida kompaniya yerning kichik orbitasi (yeKO)da aylanuvchi yo‘ldoshlar yirik to‘plamining yangi avlodini ishlab chiqmoqda.
Bu xizmat qishloqdagi va kam ta’minlangan aholiga yerusti terminalini ochiq osmonga yo‘naltirish orqali tarmoqqa ulanish imkonini beradi. SpaceX hozirda mavjud, yuzlab millisekundga yetishi mumkin bo‘lgan ushlanib qolishlarga qarshi kurashayotgan yo‘ldoshli internet-provayderlarga qaraganda yaxshiroq servis taklif etish istagida. Starlink yuqori tezlikka va kutishning anchayin qisqarishiga, masalan, foydalanuvchilar onlayn-video o‘yinlar o‘ynay olishlariga intiladi.
Shuningdek, kompaniya 2020 yilda AQShning shimoliy shtatlari va Kanadada xizmat ko‘rsatishni boshlashga harakat qilmoqda, 2021 yilga borib esa, tezda aholi zich joylashgan dunyoni qariyb global qamrab olishgacha kengaytirish ko‘zda tutilgan. SpaceX ning Starlink kompaniyasi yer atrofida aylanuvchi internet-yo‘ldoshlari sonini oshiradi va yo‘ldoshli Internetning nisbatan arzon yetkazib beruvchisi bo‘lishga intiladi. Qolaversa, 2021 yilda Texas qishloqlaridagi o‘nlab oilalar SpaceX ning Starlinkidan bepul yo‘ldoshli Internetga ega bo‘ladilar. Bu SpaceX ning AQSh janubida Starlink yo‘ldoshli internetini taqdim etish to‘g‘risidagi ilk kelishuvidir. Shuningdek, 2021 yil boshidan boshlab, SpaceX dastlab internetni Ektor okrugi janubidagi Pleasant Farms hududida yashovchi 45 ta oilaga taqdim eta boshlaydi.
An’anaviy yo‘ldoshli Internet unumdorligidan ancha yuqori bo‘lgan unumdorlik hamda yerusti infratuzilmasi to‘siqlari bilan cheklanmagan global tarmoq sababli, Starlink ulanish beqaror, qimmat yoki mutlaqo ilojsiz bo‘lgan joylarda internetga yuqori tezlikda keng polosali ulanishni ta’minlaydi. Yangi taklif – bu bir necha yuzalardagi katta miqdordagi kichik fazoviy apparatlar (KFA)lardan iborat turkumlar tashkil qilishdir[1]. SpaceX orbitaga 12 000 ta yo‘ldosh chiqarishga allaqachon ruxsat olib bo‘lgan va ular sonini 30 000 taga oshirish uchun rxsat so‘ramoqda. Shu bilan birga, hozirda SpaceX bir vaqtda oltmishta atrofida yo‘ldoshni uchirishni va orbitada salkam 1000 ta yo‘ldoshga ega bo‘lishni rejalashtirgan.
Bundan bizga nima naf?
Xalqaro elektroaloqa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi hali ham internetga barqaror ulanishdan mahrum. Bu butun Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi internetga ulanmaydigan aholidan taxminan 12 barobar ko‘pdir. Ularning ko‘pchiligida uchraydigan muammo – internetga chiqish uchun infratuzilmaga ulana olish imkoni yo‘qligidir.
Internetga kengroq ulanish birinchi navbatda umumjahon tarmoqdan foydalanish raqamli madaniyatini o‘zgartiradi. “Internet tili” ustunlik qilishidan qat’iy nazar, aftidan, dunyo aholisi internetga “kira” boshlashi bilan madaniy o‘zgarishlar ham ro‘y beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi global hamjamiyatga qo‘shilayotgan yangi odamlar o‘zlari bilan mutlaqo turfa xil dunyoqarashni olib keladilar.
Ularning birinchi navbatda mobil qurilmalar (zero ular arzonroq) orqali internetdan foydalanishlari veb-trafikka va texnologik afzalliklarga kelajakda qanday ta’sir ko‘rsatishi aniq emas. Hozirgi vaqtda, SEO Ahrefs[2]ga ko‘ra, butun dunyoda har oydagi kirish bo‘yicha eng mashhur veb-saytlar beshtaligiga youtube.com, facebook.com, en.wikipedia.org, twitter.com, amazon.com kiradi.
Sayt nomi | Oylik kirishlar soni |
youtube.com | 8,564,946,885 |
facebook.com | 3,483,131,2643 |
en.wikipedia.org | 2,223,668,8554 |
twitter.com | 2,008,820,3155 |
amazon.com | 618,747,155 |
Yer sharining istalgan nuqtasida keng polosali aloqani ta’minlash o‘n yillar davomidagi yo‘ldoshli biznesning «muqaddas Graal»i sanalishi bois, internet tashkilotlarning biznes yoritish uslubini ham o‘zgartirmoqda. Odamlarni bog‘lovchi global tarmoq, ma’lumotlardan, dasturiy ta’minotdan, hujjatlar va multimediadan foydalanish tashkilotlarga yangi mahsulotlarni ishlab chiqish siklini qisqartirish, butun dunyodagi ekspertlar bilan muloqot qilish, mijozlardan tezkor qayta aloqa olish va sanoat tadqiqotlari va ishlanmalari uchun superkompyuterlarga ulana olish imkonini berdi.
Masalan, onlayn-forumlar, yangiliklar guruhlari va veb-saytlar noyob mahsulotlarni yaratish bo‘yicha g‘oyalar uyg‘unlashuvi imkoniyatini beradi. Bozorni tadqiq qilishni internetda o‘tkazish mumkin, chunki ko‘p sonli veb-saytlar bozor o‘lchami va salohiyatini baholash uchun foydali demografik axborotni taqdim etadi. Iste’molchilarning ehtiyojlari, istaklari va nimani afzal bilishlarini aniqlash uchun biznes-keyslar tayyorlash bosqichida so‘rovlar internetda o‘tkazilishi mumkin. Veb va intranet ilovalari ishlab chiqish bosqichida, ayniqsa loyihada turli joylardan ko‘plab jamoalar qatnashganida, o‘ta muhim rol o‘ynashi mumkin. Axborotni uzatish va tarqatish uchun samarali vositalarni taqdim etib, bu texnologiyalar parallel loyihalashtirishga ham xizmat qiladi. Boz ustiga, Internetdan yangi mahsulotlarni beta-testlash uchun ham ishlatish mumkin, bu yetakchi foydalanuvchilar va kompaniyalarga mahsulotlar nuqsonlarini ular bozorga chiqishidan oldin birgalikda bartaraf qilish imkonini beradi.
Ulanish cheklangan mintaqalarda AT-ko‘nikmalarning yaqqol tanqisligi kuzatiladi. Ular internetga ulana boshlashi bilan, insonlar malakasini oshirish uchun hammabop dasturlar (Khan Academyning globallashgan talqinlari kabi) soni ortishini kutish mumkin. Bu dasturlar mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan bo‘lib, muloqot, fayllar yo‘llash kabi asosiy biznes-ko‘nikmalar va boshqa bazaviy ko‘nikmalarga mo‘ljallangan bo‘ladi.
Shuningdek, moliyaviy xavfsizlik va maxfiylikning mobil vositalarini o‘rgatishni tashkil etish imkoniyati yaratiladi, ularga onlayn-bankingni to‘g‘ri yuritish ko‘nikmalari, fishingli sxemalar tahdidini tushunish va ishonchli parollar kerakligi to‘g‘risidagi saboqlar kiradi.
Biznes uchun, ayniqsa uzoq hududlarda, keng imkoniyatlar eshiklari ochiladi, jumladan:
- Transport tarmog‘i (poezdlar, samolyotlar) uchun sifatli aloqa
- Avtoparkni boshqarish va masofaviy xizmat ko‘rsatish kabi jarayonlar uchun Ashyolar interneti (IoT) qurilmalariga mo‘ljallangan kommunikatsiya magistrallari
- Aloqa kompaniyalari uchun infratuzilma yoki mobil aloqa tarmog‘i
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlar bozori uchun, jumladan ulanish sifatsiz yoki umuman bo‘lmagan qishloq va boshqa hududlarda xizmatlar
- Ta’lim va favqulodda vaziyatlarda chora ko‘rish kabi davlat xizmatlari
Ulardan ko‘ra kamroq kutilgan samaralar ham bo‘lishi mumkin. McKinsey hisobotlaridan birida izohlanishicha, Indoneziyada ayollarga tegishli mikro-, kichik va o‘rta korxonalar mamlakatning elektron savdodan ko‘radigan daromadining 35 foizini keltirar ekan. Ayollarga tegishli xuddi shunday o‘lchamdagi oflayn korxonalarda esa, bu ko‘rsatkich 15 foizga tushib qoladi.
Yalpi olinganda, bu va internetning dunyo xaritasidagi yanada chetroq nuqtalarga kirib borishiga bag‘ishlangan bo‘lajak loyihalar raqamli tengsizlikni sezilarli qisqartirish, globalizatsiya va integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, bilimlar va g‘oyalar almashinuviga ko‘maklashish imkonini beradi, binobarin, global ko‘lamda iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatadi. Olimlar tadqiqotlari ko‘rsatishicha, internetga uzluksiz ulanish ta’minlangan mintaqalarda kambag‘allik darajasi qisqarishi va tadbirkorlik faoliyati o‘sishi kuzatilgan.
[1] Boeing kompaniyasi 1396 ta yo‘ldoshdan iborat tarmoqni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishni, SpaceX 4425 ta yo‘ldoshli turkumni va Telesat — 117 yo‘ldoshli turkumni rejalashtirgan.
[2] https://ahrefs.com/blog/most-visited-websites/