Bugungi kunda mamlakatimiz innovatsion taraqqiyot yo‘lidan, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yaxshilashga qaratilgan yo‘ldan ilgarilamoqda. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yili”da “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat dasturi” qabul qilingandi. Qabul qilingan dasturning samarasi o‘laroq, 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi yuzaga keldi va u davlatning innovatsion rivojlanishga yo‘nalganligini o‘zida aks ettiradi. Ushbu yo‘nalish Prezidentning yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va xotin-qizlar bandligi uchun sharoitlar yaratish masalalariga oid Beshta tashabbuslarida ham aniq belgilab berilgan.
Innovatsion g‘oyalar – bu jadal rivojlanayotgan zamonaviy dunyoda kelajakning mustahkam poydevoridir. Innovatsiyalar muvaffaqiyatli taraqqiyotning garovidir.
Har qanday yangi g‘oya asosan ilmiy muhitda, yoshlarning, bo‘lajak olimlar va tadbirkorlar, madaniyat va san’at vakillarining aqlu-shuurida paydo bo‘ladi va amalga oshadi. Aynan mana shu – rivojlanish sifati mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligi darajasini belgilab beruvchi inson kapitalidir. Bu sohaga mamlakatimizda alohida e’tibor beriladi.
Qayd etish o‘rinliki, har bir g‘oya, har qaysi innovatsion loyihaning to‘laqonli amalga oshishi uchun qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, butun jamiyatimiz hayotiga innovatsiyalarni tatbiq etish va mamlakatni innovatsion kelajak sari ilgarilatish uchun, Innovatsion rivojlantirish vazirligi novatorlik g‘oyalarini amalga oshirishda yordam berishga doimo tayyor.  Bizning umumiy maqsadimiz – 2030 yilga borib O‘zbekiston Respublikasining Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha dunyoning 50 ta yetakchi mamlakati safiga kirishi.
Ushbu maqsad yo‘lida noyob loyiha tashkil etildi – bu QVANT jurnali bo‘lib, u O‘zbekiston va jahonda innovatsiyalar sohasida ro‘y berayotgan barcha voqyealar haqidagi axborot manbai sifatida yuzaga kelishi muqarrar bo‘lgan, ilm-fan, biznes, texnologiya va madaniyat sohalarini qamrab oluvchi yangi resursdir.  Bundan tashqari, jurnal startaplar, yosh olimlar va tadbirkorlar haqida axborot chop etadi, iqtisodiyot sohasida innovatsiyalar masalalarini yoritadi.
QVANT dunyoning yetakchi olimlari bilan, istiqbolli yosh tadbirkorlar bilan, startapchilar, O‘zbekistondagi va xorijdagi mashhur universitetlar bilan hamkorlik qiladi.
Aminmizki, QVANT jurnali mamlakat rivojining innovatsion yo‘nalishini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi va iste’dodli yoshlar, tadbirkorlar, olimlar, madaniyat ahli – yangi marralarga intiluvchi barcha uchun yangi g‘oyalar bayroqdori bo‘ladi.

 

Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *