Saksoninchi yillar oxirlarida Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Robert Sollou o‘z chiqishida bir jumlani keltirgandi va bu jumla hozirda «Sollou paradoksi» sifatida mashhur: «Biz kompyuter asrini unumdorlik statistikasidan boshqa har yerda ko‘rmoqdamiz».
Keyinroq ko‘plab boshqa olimlar biznesga IT qanchalik samarali ta’sir ko‘rsatishi, ishlab chiqarishdagi texnologiyalar unumdorligi va kompaniya IT-departamentiga tikilgan mablag‘ va foyda yoki unumdorlik o‘sishi o‘rtasida qanday bog‘liqlik borligi yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazib, ushbu nazariyani tasdiqladilar.
AQShlik mashhur iqtisodchi va o‘sha paytda Xerox texnologik kompaniyasi top-menejeri Pol Strassman (Paul Strassmann) ikki yuzdan ziyod kompaniyalarda izlanishlar olib bordi, tashkilotlarning ITga xarajatini hisobladi va ROA (Return On Assets) ko‘rsatkichlari bilan solishtirdi. O‘zining «Business Value of Computers» kitobida Pol Strassman bu ikki qiymatlar o‘rtasida hyech qanday statistik o‘zaro aloqa yo‘q, degan xulosaga keladi.
Shunga qaramay, u IT-xarajatlar bilan bevosita mutanosiblikka ega biznes-ko‘rsatkichni aniqladi – bu xorijiy mamlakatlarda keng qo‘llaniladigan SG&A (Sales, General & Administrative) parametridir. Uning asosini menejment, ma’muriy xodimlar, marketing va sotuv bo‘limi ish haqi tashkil qiladi. Pol Strassman chiqargan asosiy xulosa shundayki, SG&A-xarajatlarning oshishi IT-byudjet o‘sishiga olib keladi.
Pol Strassmanning mazkur tadqiqoti ko‘rsatadiki, axborot texnologiyalari boshqaruv va marketing sohalarida talabgir, bu esa IT boshqaruv va sotuvlar samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozimligini anglatadi.
Boshqalardan farqli ravishda, MIT (Massachusets texnologik instituti) professori Erik Brinolfsson, 1987–1990 yillarda 367 ta kompaniyani o‘rganib chiqib, 2003 yilda ayrim xulosalarga keldi. Uning tadqiqotlariga ko‘ra, faqat IT (kompyuter jihozlari, dasturiy ta’minot va xodimlarni yangi texnologiyalarga o‘rgatish)ga yoki faqat tashkiliy o‘zgarishlarga investitsiya kiritgan kompaniyalarda iqtisodiy samara kuzatilmadi. Ikkala yo‘nalishda investitsiyalar parallel amalga oshirilgan kompaniyalarda esa, kapitalizatsiya nuqtai nazaridan iqtisodiy samara bir necha barobar ortdi va kompaniyalarga butunlay boshqa darajaga chiqish imkonini berdi (3- rasm).
Tadqiqotlarning asosiy xulosalari: kompaniyada IT bilan birga joriy biznes jarayonlar, korporativ madaniyat, axborot va hujjatlar bilan ishlash takomillashtirilishi yoki yangilari tatbiq etilishi lozim. Xodimlar vakolatlari va javobgarligi kengaytirilishi, ularning bilim va salohiyati oshirilishi, KPI (Key Performance Indicators) tizimi va Kompaniyani rivojlantirish siyosati ishlab chiqiilishi kerak.
Lekin boshqa yana bir statistika mavjud, unga ko‘ra, IT-loyihalarning qariyb 70 foizi qator sabablarga ko‘ra o‘z maqsadiga yetib bormaydi, bu esa, o‘z navbatida, kompaniya rahbarlarida biznesga yangi axborot texnologiyalarini jo‘shqin tatbiq etishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi. Shuningdek, yuqorida keltirilgan Sollou paradoksi bois, quyidagilar tufayli ITga ishonch keskin tushib ketadi:
- IT-mutaxassislar aksariyat hollarda tushunarsiz atamalar va o‘z slenglarida gapiradilar, buning natijasida ko‘pchilik o‘zini aldanayotgan deb his qiladi;
- Xarajatlar shaffof emasligi. Bu sohada sarflangan resurslar samaradorligini qanday hisob-kitob qilish mumkin?
- Raqamlashtirish nima-yu, u biznes rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida aniq tushunchaning yo‘qligi.
- Malakali mutaxassislar qanday tanlanadi va transformatsiyani nimadan boshlash kerak?
- Nega o‘z IT-departamenti unchalik samarali ishlamaydi?
- Agile degani nima va nega an’anaviy loyiha boshqaruvi uslublari IT-loyihalarda ish bermaydi?
Agar barchasini umumlashtirsa, IT-loyihalarni amalga oshirishdagi asosiy muammo – bu: biznes ITga investitsiyalardan iqtisodiy samara ko‘rmayapti.
Keling, aniqlashtirib olamiz. Har bir kompaniya o‘zigagina xos biznes-jarayonlarga, boshqaruv strategiyasiga ega. Barchada bir xil samarali ishlaydigan umumiy namuna yoki «best practice» mavjud emas.
Axborot texnologiyalari nima va ular biznesda qanday rol o‘ynaydilar?
Avvalo ushbu savolga javob berishga harakat qilamiz.
Har qanday biznes yoki loyiha maqsad va vazifalarni belgilashdan boshlanadi, ular asoschining miyasida tug‘iladi va oxirigacha pishitilmagan bo‘ladi. Holbuki, birlamchi vazifa maqsad va vazifalarni aniq ifodalash, ularni yozib chiqish va kelgusida barcha xodimlarini ular bilan tanishtirishdir.
Keyin kompaniya tuziladi, muayyan vazifalarni bajaradigan, belgilangan maqsadlarga erishishga yordam beradigan odamlar paydo bo‘ladi.
Keyingi qadam – biznes-jarayonlar. Odamlar birgalikda ishlay boshlagach, o‘rtalarida biznes-jarayonlar yuzaga keladi. Ushbu jarayonlar boshlanishidan oxirigacha axborot almashinuvi ro‘y beradi, ya’ni boshlang‘ich ma’lumotlar kiritiladi va yakunida qayta ishlangan ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Xodim boshlang‘ich ma’lumot oladi va qayta ishlab, jarayonning boshqa ishtirokchisiga uzatadi. Odatda, aynan mana shu bosqichdan biznesga ITni tatbiq etish boshlanadi. Chunki IT yordamida ma’lumotlarni qayta ishlash juda tez ro‘y beradi va bu boshqaruvchiga tezkor munosabat bildirish, ma’lumotlar bilan ishlash, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Axborot mazmuni va hajmidan, shuningdek oldinga qo‘yilgan vazifadan kelib chiqib joriy biznes-jarayonlarga ko‘proq mos keladigan dasturiy ta’minot tanlanadi va faqat shundan keyingina loyihani amalga oshirish uchun jihozlar, serverlar tanlanadi.
O‘zbekistonda mana, ikkinchi yil, yangi texnologiyalar yili deb e’lon qilinyapti va deyarli barcha davlat idoralari o‘z ish jarayonlariga IT-texnologiyalarni asta-sekin tatbiq eta boshladilar. Ammo bu yerda katta muammo yotibdi: biznes-jarayonlar, o‘z tabiatiga ko‘ra, xaotik bo‘ladi, biz esa xaosni avtomatizatsiyalamoqchi bo‘lyapmiz. Xaosni avtomatizatsiyalab bo‘lmaydi – avtomatizatsiyalangan xaos yuzaga keladi.
Shu sababli, dastlab kompaniya maqsad va vazifalarini, keyin tashkiliy tuzilmasini belgilab olish, shundan keyin barcha biznes-jarayonlar samaradorligi tahlilini amalga oshirish lozim bo‘ladi. Balki asosiy biznes-jarayonlarni soddalashtirib olib, undan keyingina avtomatizatsiya haqida o‘ylash kerak bo‘lar.
Muammoning boshqa tomoni ham bor – ko‘pgina kompaniyalar IT ularning muammolarini hal qiladi yoki raqamli reklama sotuvlarni oshiradi, deb o‘ylaydilar. Lekin, aksincha, bular biznesdagi muammolarni yanada chuqurlashtirib yuborishi ham mumkin, chunki sotuvlarni amalga oshirishdan, avtomatizatsiya bilan shug‘ullanishdan oldin siz barcha biznes-jarayonlarni aniq tuzib olishingiz kerak, toki u uzilishlarsiz ishlasin. Faqat shundagina faoliyatni kengaytirish, jarayonlarni avtomatizatsiyalash, savdoni yurishtirish mumkin. Ba’zida ko‘ramizki, kompaniya mahsuloti juda talabgir, lekin sotuv oqsaydi, sifatli mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, ammo servis talab darajasida emas. Aynan shu sababli avval-boshda barcha asosiy jarayonlar ishini yo‘lga qo‘yib olish zarur.
Har qanday ishni boshlashdan oldin o‘zingizga savol bering: ushbu mashg‘ulot qalbimning tubidagi intilishlarimni ifodalaydimi? Haqiqatan men aynan shuni istayapmanmi? O‘ylaganimni amalga oshirar ekanman, o‘zimni baxtiyor his qilamanmi? Orzuimdagiga erishsam, baxtli bo‘lamanmi? Umidlarim ro‘yobga chiqadimi? Bu maqsad uning yo‘lida sarflangan sa’y-harakatlarni oqlaydimi? Ya’ni, asosiysi – o‘zingizga oddiy savolga javob bering: menga shu kerakmi!?
2020 yil biznes uchun unchalik omadli boshlanmadi. Ko‘plab kompaniyalar o‘z faoliyatini amalda yil o‘rtasidan boshladilar. Ayrimlari hali ham stagnatsiya holatida turibdilar.
Pandemiya, mintaqalardagi tabiiy, texnogen falokatlar, anomal jazirama, yozgi ta’tillar boshlanishi (aholining yarmi dam olgani ketadi) – bular bari o‘rta va kichik biznesga zarba bo‘ldi. Hatto ayrim yirik korporatsiyalar ham sindilar.
Lekin, shunga qaramay, qator kompaniyalar murakkab sharoitlarga moslashib, faoliyatlarini tiklay oldilar. Bu barchasi, albatta, axborot texnologiyalari tufayli. Ba’zi kompaniyalar o‘z kapitallarini bir necha barobarga oshirishga muvaffaq bo‘ldilar, zero shu davrda ularning servislari talabgirligi oshib ketdi.
Bu yil bizga nima berdi? Biz dunyo avvalgidek bo‘lmasligini bilamiz – tarix «2020 yildan oldin va keyin»ga bo‘lindi. Ammo aynan IT yangi dunyoda o‘z ahamiyatini namoyon etdi. Bill Geytsdan iqtibos keltirsak: «Agar biznesingiz Internetda bo‘lmasa, demak siz biznesda emassiz».
Hozir har bir rahbar o‘z biznesiga IT tatbiqi ustida o‘ylab ko‘rishi shart. Bunda shoshmaslik kerak. Avval ushbu yo‘nalishni o‘rganish, ITdan foydalanayotgan boshqa kompaniyalar tajribasini solishtirish, keyin yaxshi mutaxassisni taklif etish, u bilan biznesni eng kichik tarkibiy qismlargacha bo‘lib chiqish va mustaqil ravishda qaerda qanday muammolar borligini aniqlash hamda ITni modulli shaklda joriy etish kerak bo‘ladi. Ishni o‘zingizdan boshlash lozim. Ishlarni yozib borishga, rejalashtirishga o‘rganish kerak. Men taniydiganim ko‘pgina rahbarlar barcha vazifalar va muammolarni xotiralarida saqlaydilar, vaholanki, ularning bir qismi unutiladi, ijrosi cho‘ziladi, axborot xodimlargacha yetib bormaydi. Muammolaringizni hal etishni tezlatuvchi, faoliyat samaradorligini oshiruvchi bepul ilovalardan foydalanishni boshlang. Avval eng sodda dasturlarni sinab ko‘ring, keyin murakkabroq biznes-ilovalarga o‘tish mumkin bo‘ladi. Quyida men kundalik hayotda va ish jarayonida foydalanadigan sevimli ilovalarim ro‘yxatini keltiraman: Qaydlar, Eslatmalar, Trello, Bitrix24, Adobe Fill & Sign, Google Drive, Google Earth, Google Translate, Google Meet, Google Assistant, Zoom, Skype, Linkedin, Payme, OLX, Yandex.Taxi, Waze va boshqa ko‘plab ilovalar.
Balki, bu ilovalar juda sodda-ku, biznesimga qanday yordam berishi mumkin, degan fikrga borgandirsiz? Shunday javob beraman: biznesni avtomatizatsiyalashni aynan sodda vositalar bilan boshlash kerak, keyin 1C, Oracle, SAP kabi jiddiy vositalarga o‘tish mumkin.
Endi nega ayrim kompaniyalarning o‘z IT-departamentlari samarali ishlamasligi masalasiga o‘tamiz.
Birinchidan, IT-departamentlar rahbarlarining yetarli motivatsiyaga ega emasligi. Bugungi bozor sharoitida bunday mutaxassislar juda talabgir. Shu sababli yaxshi mutaxassislar IT-kompaniyalarda sheriklik shartlarida ishlaydilar va loyihalardan tushadigan foydadan o‘z ulushlarini oladilar. Bu esa, IT-departament rahbari ish haqidan ancha baland bo‘ladi. Shu sababli IT-departament xodimlari, tajriba va bilimlarini oshirib olgach, boshqa kompaniyalarga sherik sifatida o‘tadilar yoki o‘z bizneslarini ochadilar. Ular o‘rniga yosh, tajribasi xodim keladi, u ham vaqt o‘tgach, kompaniyani tark etadi. Yopiq halqa yuzaga keladi.
Ikkinchidan, ko‘p kompaniyalarda IT-departamentlar loyihalar boshqaruvida kaskadli model (Waterfall)dan foydalanadilar – bu aniq rejalashtirilgan va batafsil yozib chiqilgan yondashuv bo‘lib, ijrochi oxiriga qadar unga rioya etishi lozim. Lekin, afsuski, aksar holatlarda rahbariyat nimani istayotgani yoki shu paytda bozor nimani talab qilayotgani xususida aniq tasavvur mavjud bo‘lmaydi. Hatto sifatli TT (texnik topshiriq) tuzilgan bo‘lsa ham, uni tasdiqlatguncha, barcha ruxsatlarga ega bo‘lguncha ko‘p vaqt ketadi, texnologiyalar, reglamentlar, qonunlar va boshqa ko‘p omillar o‘zgarib bo‘ladi va TT voqyelikdan 70 foizga orqada qoladi, pirovardida loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Waterfalldan farqli o‘laroq, shaxsan o‘zimiz ishlatadigan Agile metodologiyasi bor. U loyihalarni «moslashuvchan» boshqarishga asoslangan. Bunday yondashuvning asosiy xususiyati – loyihani bir necha sikllar (iteratsiyalar)da yaratish bo‘lib, ularning har birining yakunida muayyan natija namoyon bo‘ladi va u keyingi bosqichda qaysi yo‘nalishda ishlash kerakligini tushunish imkonini beradi.
Moslashuvchan metodologiyalar iteratsiyalar tamoyili asosida quriladi. Yangi mahsulotni yaratish muddati bir haftadan bir oygacha bo‘lgan bir nechta sikllarga bo‘linadi. Loyihaning xususiyatlariga qarab, vaqt doiralari alohida kelishib olinadi. Har bir sikl o‘z holicha tugal mini-loyiha sanaladi – o‘zining tahlil, rejalashtirish, sinov va amalga oshirish bosqichlariga ega bo‘ladi. Pirovardida zarur hollarda to‘g‘rilanishi mumkin bo‘lgan natijaga erishiladi. Biznesga IT-loyihalarni joriy etish samaradorligi ana shudir.
AGILEning asosiy tamoyillari:
- Jamoadagi samarali o‘zaro hamkorlik jarayonlar va texnologiyalardan muhimroqdir. Maqsad – sifatli loyihani yaratish.
- Ishlab chiqish yoki joriy etishning istalgan siklida zarur o‘zgartishlarni kiritish.
- Buyurtmachi va hamkasblar bilan qayta aloqa olishning eng yaxshi usuli – shaxsiy muloqot.
- Yaratilayot gan mahsulot har bir sikl oxirida yoki bir necha oyda bir marta yangilanadi.
- Ishlab chiqish jarayonida o‘zgartishlarga tayyor turish dastlabki rejaga so‘zsiz rioya etishdan ko‘ra muhimroqdir.
Umid Abdusattorov