Maktabgacha ta’lim tizimi – bu zamonaviy jamiyatning ?ziga xos ?zagi va uning rivojlanishining eng muhim omillaridan biridir. Aynan shu sababli rivojlangan mamlakatlar maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor beradilar, zero bu aholining ishchi kuchiga barqaror jalb etilishiga, shuningdek bolalarning tegishlicha jismoniy va ruhiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shvetsiyada bolalar maktabgacha muassasalari 1970-yillarda oila siyosati doirasida ochilgan. Shvetsiyadagi maktabgacha ta’limning asosiy maqsadlari ota-onalar uchun ish, karera va ota-onaliknii uyg‘unlashtirish imkoniyatini ta’minlashdir. Haqiqatan, xalqaro o‘lchamlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim qamrovi anchayin yuqori – 1 yoshdan 5 yoshgacha bolalarning 80 foizi. Bu MT xizmatlari haqini to‘lash siyosatiga ham bog‘liq, chunki Shvetsiyada bolalar bog‘chasi to‘lovining qiymati ota-onalar daromadidan kelib chiqib belgilanadi. Chunonchi, past daromad oladigan oilalar bolalari MT xizmatlari uchun umuman pul to‘lamasliklari mumkin, shu bilan birga, o‘ziga to‘q ota-onalar uchun maktabgacha ta’lim narxi oyiga 135 yevrogacha yetishi mumkin. Shvetsiyada bolalar bog‘chalarini moliyalashtirish davlat mablag‘lari va ota-onalarning daromadlariga qarab ajratgan badallari hisobiga amalga oshiriladi.
Shvetsiyadagi bolalar bog‘chalari 1 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarni qabul qiladi va 6:00 dan 19:00 gacha xizmat ko‘rsatadi. Shvetsiya maktabgacha muassasasida ta’lim bolalarda bilimlar va qadriyatlar hamda butun umrlari davomida o‘qishga istak shakllanishiga qaratilgan. Asosiy e’tibor birgalikdagi o‘yinlar, bag‘ri kenglik va boshqalarga e’tiborlilik kabi qadriyatlarga qaratiladi. Gender pedagogika tobora kuchli dolzarblik kasb etmoqda – bolalarda, jinsiga qaramay, barobar imkoniyatlar bo‘lishi uchun, o‘quv jarayonida gender stereotiplariga qarshi ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Shvetsiyada bolalar bog‘chalari tarbiyachilarining taxminan 5 foizini erkaklar tashkil qiladi. Bu kam bo‘lsa-da, harqalay, boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha yuqori ko‘rsatkich. MTda pedagog bo‘lish uchun oliy ma’lumot va Ta’lim vazirligidan litsenziya bo‘lishi kerak. Bolalar parvarishi bo‘yicha xodimlar o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘ladilar va kundalik taomillar uchun javobgarlikni zimmalariga oladilar. Bolalar imkoniyat bo‘ldi deguncha, hatto qish chillasida ham tashqarida o‘ynaydilar. Shuningdek, “ochiq osmon ostidagi” maktabgacha muassasalar ham shuhrat qozongan, ularda, ob-havodan qat’iy nazar, bolalar qariyb har doim tashqarida bo‘ladilar.
Germaniyada maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnash majburiy emas, biroq ular soni kamlik qiladi. Bolalar bog‘chalari pullik, biroq Germaniyadagi bolalar bog‘chalarining asosiy xususiyatlaridan biri to‘lov tizimining moslashuvchanligidir. Agar ota-ona daromadlari bolalar bog‘chasi narxini to‘liq qoplay olmasa, lekin bola boshqa, arzonroq bog‘chaga emas, aynan shu bog‘chaga borishi zarur bo‘lsa, mahalliy hokimiyat xarajatlarning bir qismini o‘ziga oladi. Muhimi, bu hol bolaga mutlaqo ta’sir qilmaydi. Germaniyada ota-onasi oyiga 500 yevro to‘laydigan bolalar ham, ota-onasi bolalar bog‘chasiga qatnashi uchun umuman haq to‘lamaydigan noto‘liq oilalar bolalari ham bir guruhga qatnayveradi. Tarbiya konsepsiyasi ham shahar va mahalliy hokimiyat organlariga qarab o‘zgaradi. Masalan, ayrim shaharlarda “o‘rmon bolalar bog‘chalari” mavjud, ularda bolalar ko‘p vaqtlarini tabiat qo‘ynida o‘tkazadilar. Ayrim muassasalar dehqonlar hovlisida tashkil etiladi, u yerda bolalar uy hayvonlarin kuzatishlari, qishloq hayotida ishtirok etishlari mumkin. Cheklangan imkoniyatlarga ega bolalar sog‘lom bolalar bilan bir guruhda bo‘lib, umumiy mashg‘ulotlarga to‘liq jalb qilingan, zero Germaniya bolalar bog‘chalarida inklyuzivlikka alohida o‘rin ajratiladi. Bolalar bog‘chalarida joy olishda oilalar bir necha mezonlarga ko‘ra imtiyozlarga ega bo‘ladilar: pedagogik mezonlar (cheklangan imkoniyatlarga ega, rivojlanishda oqsashi bor bolalar), ijtimoiy (oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onaning ish bilan bandligi, oila a’zolarining biri yoki bir nechtasining nogironligi, agar bolaning onasi homilador bo‘lsa va homiladorlik og‘ir kechayotgan bo‘lsa, bola ota-onasining biri bilan alohida yashasa) va boshqalar (bola ota-onalari ishsiz, talaba bo‘lsa, ularning ish tartibi bolaga yetarlicha e’tibor ajratish imkonini bermasa). Bolaning bolalar bog‘chasidagi oxirgi yili butunlay uni maktabga tayyorlashga bag‘ishlanadi. Gamburgdagi bolalar bog‘chalari kabi ko‘plab maktabgacha muassasalar bolalar bilan ular bog‘chadan keyin borishi ehtimoli yuqori bo‘lgan maktablarda mashg‘ulotlar o‘tkazish amaliyotini qo‘llaydilar. Bu bolaga uning uchun notanish bo‘lgan maktab muhitiga asta-sekin ko‘nikish imkonini beradi.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasidagi ahvol bilan yaqindan tanishish uchun Qvant jurnali tahririyati O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Vasilevna Shinga murojaat qildi.
— Bugungi kunda mamlakatimizda MT tizimining qamrovi qanday? Keyingi 3 yil ichida maktabgacha ta’lim qamrovida qanday o’zgarishlar ro’y berdi?
— MTV tashkil topgandan buyon o‘tgan 3 yil davomida maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovi ikki barobarga o‘sdi.
MT tizimi bugungi kunda butun respublika bo‘ylab qariyb bir yarim million nafar bolani qamrab oladi, bu maktabgacha yoshdagi aholining 54 foizini tashkil qiladi. Shu bilan birga, qayd etishim kerakki, 2017 yilda raqamlar butunlay boshqacha bo‘lgandi. O‘shanda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 708 247 nafar bola (27,7%) qatnardi.
Buning barobarida, barcha mintaqalarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni o‘sib borayotgani kuzatilmoqda.
Hozirda O‘zbekiston hududida 14 mingta MTT faoliyat yuritmoqda, 2017 yilda ular soni 5,2 mingta edi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 2020 yil oxiriga qadar 3-7 yoshdagi 1,5 milliondan ziyod bolani qamrab olish, ya’ni qamrov 60 foizni tashki qilishi, 2030 yilga borib esa, MT bilan qamrovni 80%ga yetkazish rejalashtirilgan. Bu juda katta va mas’uliyatli vazifa.
— Mavjud ta’lim va tarbiya uslublarida qanday o’zgarishlar ro’y bermoqda? Biror-bir yangi dasturlar joriy etilmoqdami?
— Albatta. Masalan, YuNISeF va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda ta’lim jarayoni sifatini baholashning mezonlar tizimi tuzildi va tasdiqlandi. Mezonlarning asosiy indikatorlari va vositalari belgilandi. Jahon bankining bolalarning barvaqt rivojlanishiga ko‘maklashish loyihasini tayyorlash dasturi bo‘yicha MELQO barvaqt ta’lim sifati va natijalarini baholash xalqaro tizimi vositalaridan foydalangan holda ta’lim jarayoni sifatini o‘lchash bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Shuningdek, ishlab chiqilgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida birinchi marta pedagoglar uchun kompleks ishlab chiqildi, u barcha yoshdagilar uchun mavzuiy rejalashtirish kompleksini, maktabgacha yoshdagi bolalarni etno-ekologik tarbiyalash dasturi, ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun dastur, o‘zbek, rus va ingliz tillarini o‘rganish, musiqaviy ta’lim dasturi va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Uslubiy va o‘quv materiallari takomillashmoqda. O‘quv va rivojlantiruvchi materiallar sifatini oshirish uchun uslubiy qo‘llanmalarga ega savod chiqarish tarqatma materiallari komplektlari, individual ishchi daftarlar va yozuv ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun albomlar, stolusti o‘yinlari, didaktik o‘yinlar, kartochkalar va boshqalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, umuman o‘qitish va tarbiya berishga yondashuv o‘zgarmoqda. Shaxsga qaratilgan yondashuv faol joriy etilmoqda. Endilikda o‘quv-tarbiya jarayoni asosan o‘yin ko‘rinishida o‘tmoqda. Shu tariqa motivatsiya oshirilmoqda, zero zo‘rlab tiqishtirilmaganda bola berilayotgan axborotni yaxshiroq qabul qiladi. Yana bir muhim jihat – mavzular bo‘yicha o‘quv rejalarining yoshga qarab shakllantirilishi. Ular Puchon Universiteti (Janubiy Koreya) professorlari bilan birgalikda yaratildi.
Eng so‘nggi sezilarli yangiliklardan biri bolalarni bir yillik bepul maktabgacha tayyorlashning joriy etilishi bo‘ldi. Dekabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Toshkentda loyihaning sinovdan o‘tkazish boshlanadi. 2021 yilga borib, olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar bunday tayyorgarlik bilan qamrab olinishini rejalashtirmoqdamiz.
— MTT tizimida kadrlar tarkibi bilan ishlar qanday holatda? Pedagoglar yetishmovchiligi mavjudmi?
— Keyingi 3 yil ichida maktabgacha ta’lim tizimida pedagoglar soni eng katta o‘sishni ko‘rsatmoqda. Oliy va o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglar soni oshmoqda. Bugungi kunda davlat MTTda qariyb 95 ming nafar pedagog ishga joylangan, ulardan 31 mingi oliy va 64 mingi o‘rta-maxsus ma’lumotga ega.
— MTda ovqatlanish tizimi qanday tashkil etilgan?
— Ovqatlanish tizimi, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyundagi 626-son qaroriga muvofiq, autsorsing asosida tashkil etiladi. Sifat talablari va sanitariya-gigiena me’yorlariga javob beruvchi oziq-ovqat va tayyor taomlar yetkazib berish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish amaliyotini tatbiq etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 84 ta korxona 500 dan ziyod davlat maktabgacha tashkilotlariga o‘z xizmatlarini taqdim etmoqdalar.
MTda ovqatlanish tizimi – bu bolalarimizning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash uchun doimiy takomillashuvni talab qiluvchi juda muhim masaladir. Shu sababli, 2019 yil fevral oyida, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda, “Respublika maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanish oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.
Ushbu qarorga muvofiq, maktabgacha ta’lim tizimida ovqatlanishni tashkil qilishga mas’ul xodimlar bilimlarini yaxshilash maqsadida respublikaning har bir tumani va shahrida MTT oshpazlari, hamshiralari, ombor mudirlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom va 2019-2020 yillarda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.
Bolalarni muvozanatlashgan ratsion bilan ta’minlash va bolalikdan sog‘lom ovqatlanish odatlarini singdirish maqsadida, ilg‘or jahon tajribasini hisobga olgan holda, hozirda ovqatlanishni tashkil qilish sanitariya me’yorlari va qoidalari qayta ko‘rib chiqildi va tasdiqlash jarayonida turibdi. Uni ishlab chiqishda mahalliy tibbiy ekspertlar ham, YuNISeFdan xorijiy mutaxassislar ham qatnashdilar.
Buning barobarida, xorijiy ekspertlar ko‘magida, MTTda taomlar tayyorlash uchun retsepturalar kitoblari va texnologik kartalar ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bolalarni xavfsiz, sog‘lom va muvozanatlangan ovqatlanish bilan ta’minlash maqsadlarida har tomonlama yondashuvni ta’minlash uchun xalqaro tashkilotlar – JSST, YuNISeF, BMT, Rossiya Federatsiyasining tarmoq institutlari jalb qilinmoqda.
— MTM tarmog‘ini kengaytirish uchun davlat-xususiy sheriklik tizimi qanchalik samarali bo’ldi?
— Jahon tajribasini o‘rgansak, davlatning tijorat sektori bilan hamkorligi doimo yaxshi natijalar berishini ko‘ramiz. O‘zbekistonda bunday munosabatlarni tartibga soluvchi ilk normativ-huquqiy akt maktabgacha ta’lim tizimi uchun tarmoq xarakteriga ega. 2019 yilda davlat rahbari xususiy bolalar bog‘chasini ochishni istaganlar uchun qator imtiyozlar taqdim etiladi. Bunday shaxslar, hujjatga ko‘ra, soliqlar, bojxona bojlari to‘lashdan ozod etiladi, shuningdek ularga yer maydonlari bepul beriladi va boshqa preferensiyalar taqdim etiladi. Shubhasiz, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi maktabgacha muassasalarni ochish sohaga tajribali mutaxassislarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yuzaga kelishiga xizmat qiladi.
2020 yil fevralda davlat-xususiy sheriklik asosida yaratilgan MTT soni 6776 tani tashkil qildi, ular qamrab olgan bolalar soni esa 240 mingdan ziyod bo‘ldi. 2020 yilda yana ikki mingta oilaviy va 420 ta davlat-xususiy sheriklik asosida tuzilgan bolalar bog‘chalarini ochish rejalashtirilgan.
— MT tizimi uchun xalqaro hamkorlik bugungi kunda qanchalik dolzarb?
— Bu juda dolzarb. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida tizimni takomillashtirish va maktabgacha tashkilotlar tarmog‘ini kengaytirish borasida loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda MTV va xorijiy hamkorlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan taqriban 50 ta o‘zaro anglashuv memorandumi va boshlang‘ich kelishuvlar imzolandi.
Biz Koreya Respublikasi, Singapur, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Turkiya, Polsha va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik qilamiz. YuNISeF, YuNeSKO, YuNDAF, BMTTD, BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, JICA, KOICA, TIKA, Turkiya ta’lim fondi, Britaniya Kengashi, Jahon Banki Guruhi, OTB, Saudiya taraqqiyot fondi, “Rossotrudnichestvo” va boshqalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
— Bu hamkorliklar samaralimi?
— Albatta, bunday hamkorlik o‘z samarasini bermoqda. Bugungacha biz tomonimizdan
130 mln. AQSh dollaridan ziyod mablag‘ jalb qilindi. Xorijiy investitsiyalarning aksariyat qismini Jahon bankining
73,85 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari tashkil qildi, ular “O‘zbekistonda bolalarni barvaqt rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish maqsadida o‘zlashtirildi.
Bu loyiha maktabgacha ta’limdan foydalanishni yaxshilash, ta’lim muhiti sifatini oshirish va ta’lim sifatini baholash vositalarini yaratishni ko‘zda tutadi. Ushbu loyiha doirasida, shuningdek, mamlakatning borish qiyin bo‘lgan mintaqalaridagi bolalar uchun maktabgacha ta’limning muqobil modellari aprobatsiyadan o‘tkazilishi ham juda muhim.
Bundan tashqari, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish maqsadlarida, “Lukoyl Uzbekistan” kompaniyasi bilan Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida uchta yangi MTT qurilishi, shuningdek Puchon Universiteti bilan Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
— Mablag‘lar o’marilishi borasida nimalar deya olasiz? MTV tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning qanday uslublari mavjud?
— To‘g‘risini aytganda, maktabgacha ta’lim tizimi uzoq yillar davomida qoniqarsiz holatda bo‘lib kelgan. Keraklicha nazoratning yo‘qligi suiiste’mollar va o‘marishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bu bilan kurashish uchun 2017 yil sentyabrda ichki audit xizmati tashkil etilgan bo‘lib, u bevosita maktabgacha ta’lim vaziriga bo‘ysunadi.
2019 yilda MTV Ichki audit xizmati 31 mlrd. so‘mdan ziyodga teng moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqladi.
2020 yil boshida MTV 2018-2019 yillarda aniqlangan huquqbuzarliklarni tahlil qildi va hukumatga qator takliflar kiritdi. MTV tashabbusi bilan, Hisob palatasi bilan hamkorlikda, boshqa vazirliklar va idoralar mutaxassislarini jalb qilgan holda, byudjet mablag‘larining ishlatilishi samaradorligini chuqur o‘rganish amalga oshirildi. Qo‘shma tekshiruvda aniqlangan qonunbuzarliklar summasi 48 mlrd. so‘mni tashkil qildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi, Hisob palatasi bilan birgalikda, moliyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Yo‘l xaritasini tasdiqladilar. Hujjat 14 ta vazirlik va idoralarda kelishuvdan o‘tdi. Shuningdek, Maktabgacha ta’limda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va Bosh prokuratura bilan kelishildi.