«Yuqish» (англ. Contagion) filmidan, rej. Stiven Soderberg
Bunday filmlarni hammamiz ko‘rganmiz, bunday kitoblarni o‘qiganmiz – 100 yoki 1000 yildan keyin qanday yashashimiz to‘g‘risida hikoya qilinadi. Internetda-ku, biror ashyo yoki hodisaning ilk «bashoratchilari» haqidagi xit-paradlarga ko‘plab havolalarni topsa bo‘ladi. Zero XIX oxiri va XX asr fantastik adabiyotga juda boy. Jyul Vern, Gerbert Uells, aka-uka Strugatskiylar, Jorj Oruell va boshqa ko‘pgina adiblar kelajak bashoratiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. XIX oxiri va XX asr – texnika va ilm-fan rivojlanishida buyuk sakrashlar davri. Har bir gazetada kinematograf, yo‘ldosh yoki penitsillin to‘g‘risida o‘qish mumkin bo‘lardi. Odamlar bu yangi ko‘ngilxushliklar va yangi foydali gajetlarga maftun edilar. Uy bekalari o‘z sovutkichlari va chang yutkichlaridan quvonib to‘ymasalar, erkaklar Fordning yangi modeli ustida jiddiy qiyofada bahs-munozara yuritardilar.
Albatta, bularning bari turli vaqtda va turfa joylarda paydo bo‘ldi, hammaning ham bu yangi ajoyibotlarni sotib olishga qurbi yetmadi, lekin «progress» iborasi hammaning qulog‘i ostida yangrardi. Jamiyat progressga o‘ralashib qolgandi, u adiblarni ham o‘z domiga tortmay qo‘ymadi. Texnologiyalar imkon berdi deguncha, kinematograf ham kelajak yoki uning ayrim jihatlari borasidagi talqinlarni o‘rtaga tashlay boshladi. Masalan, «Fazoviy Odisseya» (1968)da futuristik texnologiyalar oshib-toshib yotibdi: interaktiv yordamchilar, shaxsni biometrik tanish, videoaloqa va iPadga o‘xshash planshetlar. Ba’zi mualliflar esa, faqat ayrim detallarni bashorat qiladi: mobil telefon kashf etilishi («Star trek»), antidepressantlar («1984») yoki elektr transport («Suv ostida 20 000 le»). Buning, umuman olganda, hayratlanarli joyi yo‘q. Odatda yozuvchilar, ssenaristlar va rejissyorlar insoniyat taraqqiyotini sinchiklab kuzatadilar va yaxshigina fantaziyaga ega bo‘ladilar, shu sababli bu ikkisini birlashtirib, g‘ayrioddiy lekin mantiqan haqqoniy nimanidir o‘ylab topish ular uchun tabiiy.
Hozir bunday filmlar bilan birovni hayratga solish mushkul. Texnologiyalar shunaqangi jadal rivojlanyaptiki, hatto fantastlar va rejissyorlar ham uning ketidan yetib ulgurmayaptilar. Albatta, hali Marsga uchib bora olmaymiz va Terminator ham yarata olmaymiz, lekin buyog‘iga uzoq kutmasligimizni barchamiz bilamiz. Aynan qanchaligini hyech kim bilmaydi, albatta. Lekin shu yaqin orada ekanligini his qilyapmiz. Endi mualliflar haqiqatan yangi narsa o‘ylab topish uchun aqllari va fantaziyalarini ancha zo‘riqtirishlariga to‘g‘ri keladi. Ammo, umuman olganda, «bashorat»-filmlardagi futurologiya unsurlari uchta turga bo‘linadi:
Texnologiyalar. 60- yillardan boshlab film yaratuvchilar bizni doim superqurollar, fazoviy sayohatlar, uchar likopchalar va ovozli pochta bilan qiziqtirib kelmoqdalar. Bunda film aynan kelajak haqida bo‘lishi ham shart emas. Masalan, barchaga sevimli «Beshinchi unsur»da biz robot-farroshni, kosmik stansiyadagi plyajlarni va bevosita derazangizga uchib keluvchi xitoylik lag‘mon sotuvchini ko‘ramiz. Holbuki, film, umuman olganda, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi azaliy kurashga bag‘ishlangan. Lekin, sezib turibman – bunday uchar oshpazlar tez orada katta shuhrat qozonadilar.
«Beshinchi unsur» (ingl. The Fifth Element, fr. Le Cinquième élément) filmidan kadrlar, rej. Lyuk Besson
Siyosiy va ijtimoiy tuzilmalar. Albatta, ko‘pchilik darrov «1984» va undagi Akaxonni yoki kitoblar yo‘q qilinadigan jamiyat yoritilgan «Farentgeyt bo‘yicha 451»ni yodga oladilar. Bu janr antiutopiya sifatida mashhur. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin: «Gattaka», «Ekvilibrium», «Tig‘ uzra yuguruvchi», «Och o‘yinlar», «Divergent» va hatto, yoqimtoy «Kin-dza-dza» filmi – bular bari jamiyatimiz uzoq (va yaqin) kelajakda qanday ahvolga tushishi mumkinligi haqida. Bu toifa birinchisiga qaraganda ko‘proq savol tug‘diradi. Chunki siyosiy yoki ijtimoiy o‘zgarishlarni oldindan bilish kiborglarni yaratishga qaraganda ancha murakkab, lekin bu ssenariylarning qaysidir jihatlarini biz aniq ko‘ramiz. Nimalarnidir esa, ko‘rib turibmiz.
“Kin-dza-dza” filmidan kadrlar, rej. Georgiy Daniliya
Ilm-fan va biologiya. Salom bo‘lsin, gen injeneriyasi, bionik protezlash, bir hujayradan insonni qayta tiklash yoki yuzni ko‘chirib o‘tkazish! Va, albatta, bugungi kundagi eng dolzarb masalalar – turli-tuman viruslar, kasalliklar va noma’lum organizmlar hujumlari. Mana shu joyga batafsilroq to‘xtalib o‘taman.
Ushbu uchchala unsur o‘zaro tutashmagan filmni topish mahol. Deyarli har doim biologiya texnologiya bilan bog‘langan. Ammo bir nechta, voqyelikka anchayin yaqin syujetlar ham uchrab turadi. Masalan, «Epidemiya» (1995) yoki «Yuqish» (2011)ni olaylik. Bu ikkala filmda halokatli virus bir to‘da odamlarni zararlashi va global muammoga olib kelishi haqida hikoya qilinadi. Koronavirus pandemiyasidan ta’sirlanib, hamma ayniqsa «Yuqish»ni, uning 100 foiz nishonga urganini muhokama qilishyapti. Ko‘rshapalak cho‘chqani zararlaydi, undan esa, ikki oyoqlilarga bir qadam. Uyog‘iga virus butun dunyo bo‘ylab dahshatli tezlikda tarqay boshlaydi va o‘z yo‘lida minglab odamlarni zararlab, hayotiga nuqta qo‘yib boradi. Bu yerda hyech qanday supertexnologiyalar, allambalo laboratoriyalar yo koinot kelgindilari yo‘q. Hammasi hayotiy va real. Aynan mana shunisi odamning yurganini siqadi. Biz qandaydir tasavvur qilib bo‘lmas maxluqlar yoki kelajakdan elchilarni ko‘rmaymiz. Balki oddiy olimlar, rahbarlar va aholining real xavfga ro‘para kelishlarining guvohi bo‘lamiz. Qanday ham ajoyib «bashoratchi»lar – bamisoli 2020 yilga nazar tashlagandek!
Ammo paradoks shundaki, koinot yoki Akaxon haqidagi filmlarda ssenaristlar va rejissyorlar nimadir yangi va noyob voqyeani o‘ylab topishlari kerak bo‘lsa, ulardan farqli ravishda, pandemiya va viruslar haqidagi filmlarda hammasi aksincha. Hyech narsani kashf etish kerak emas. Hammasi o‘tmishda, ba’zida uzoq o‘tmishda ro‘y berib bo‘lgan. Barcha epidemiyalar oldin ham bo‘lgan – o‘latni, vaboni, ispanka va Ebolani, mana endi – koronavirusni bir yodga oling. Bu kasalliklarning tarqalish yo‘li o‘xshash – ilk zararlangan inson paydo bo‘ladi va uyog‘i bir-biriga ulanib ketaveradi. Faqat zararlanish tezligi va kasallikning xavfliligi farq qiladi. Umuman olganda, epidemiyani ushlab turish borasida biz keyingi yuzlab yil davomida hyech qanday pichoqqa ilinadigan yangilik o‘ylab topganimiz yo‘q.
Albatta, biz vaksina qilishni bilamiz. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, filmlarda ko‘rsatiladigan darajada tez emas. Aholini xavf haqida ogohlantirish borasida yaxshi o‘zgarishlar bor. Masalan, eskiroq filmlarda hukumat virus haqidagi axborot tarqalishini nazorat ostiga olishlari mumkin bo‘lardi. Hozir buning iloji yo‘q. Axborotni kabinet yoki laboratoriya devorlari orqasida ushlab bo‘lmaydi – baribir sizib chiqadi. Siz biror yangi illat haqida vay-fay tezligida xabar topasiz, bunga ishonavering. Demak, o‘zingizni maksimal darajada tez himoyalay olishingiz mumkin.
Shu sababli, har qanday konspiralogik nazariya va butunjahon fitnasi haqidagi to‘qimalarga o‘rin yo‘q, hammasi tabiiy. yetarlicha material to‘planadi, virusologlar bilan gaplashiladi va bir-ikkita ilmiy gipotezalardan qo‘shiladi. Tabiat viruslar va kasalliklarning yangidan-yangi ko‘rinishlarini yaratib, bizni ancha orqada qoldirmoqda. Shunchalik orqadamizki, hyech qaysi ssenarist unga yeta olmaydi. Lekin urinishlar davom etadi. Shunday ekan, chiptalarga pul yig‘ib turing – qachon kinoteatrlar ochilsa, nafaqat popkorn ta’mini, balki yangi «bashorat»larning haqqoniyligini ham baholash imkoniga ega bo‘lamiz.
Yulya Bes