To‘rtinchi sanoat inqilobining boshlang‘ich bosqichlarida ilg‘or raqamli texnologiyalarning amaliyotda qo‘llanilishini yo‘lga qo‘ya olishga qodir va ularning ishlab chiqarish-taqsimot jarayonlarida yalpi ishlatilishini joriy eta oladigan yuqori malakali mutaxassislar talab etiladi.

Zamonaviy jamiyat ta’lim tizimidan dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga moslashuvchanlik va sezgirlikni talab qiladi. Bu o‘zgarishlar esa yangi turdagi, to‘rtinchi sanoat inqilobi rivojlanishi sharoitlariga moslashishga qodir OTMlar yuzaga kelishi zarurati bilan bog‘liq.

90- yillar o‘rtalarida mashhur olimlar Genri Itskovits va Loyet Leydesdorf tomonidan innovatsion rivojlanishga ega zamonaviy universitetning yangi modeli ishlab chiqilgan va “uchtali spiral” deya atalgandi (1- rasm).

Uning asosiy g‘oyasi universitetlarning, xususiy korxonalar va davlat bilan hamkorlikda, ishlab chiqarishning yangi institutsional va ijtimoiy shakllarini yaratish, bilimlarni uzatish va qo‘llash borasidagi rolining yanada yaqqol ifodalanishidan iborat edi. Universitetlar bu uchhokimlikda korxonalar va davlat tuzilmalarining ayrim jihatlarini kasb etadilar va innovatsiyalar, ilmiy-amaliy ishlanmalar va tadbirkorlik loyihalari uchun baza bo‘ladilar.  Shunga o‘xshash g‘oyani amerikalik pedagog va oliy  ta’lim tizimi tadqiqotchisi Berton Klark ham ilgari surgan, u universitetning tadbirkorlik va innovatsion transformatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni tasvirlaydi:

1.     Kuchaytirilgan yo‘naltiruvchi yadro. Yadro deganda muallif zamonaviy dunyoning o‘sib va o‘zgarib borayotgan so‘rovlariga yanada tezroq va moslashuvchanroq munosabat bildira oladigan va o‘z dasturiy vazifalarini yanada uyushqoqlik bilan qayta qura oladigan kuchli rahbariyatni nazarda tutgan.

2.     Rivojlanishning kengaytirilgan periferiyasi. Tashqi tashkilotlar va guruhlar bilan aloqalar o‘rnatilishi – bu universitet transformatsiyasining eng muhim jihatidir. Universitetlar bilimlarni uzatish, sanoat bilan hamkorlik qilish, intellektual mulkni rivojlantirish, uzluksiz ta’lim, moliyalashni izlash va, hatto, bitiruvchilar bilan munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi professionallashgan bo‘linmalar yaratishi kerak bo‘ladi.

3.     Moliyalashning diversifikatsiyalangan bazasi. B.Klark mablag‘lar tushumini tijorat kompaniyalari, mahalliy hokimiyat organlari va xayriya fondlaridan tortib, intellektual mulk uchun litsenziya ajratmalari, universitet hududida ko‘rsatiladigan xizmatlardan daromadlar, talabalarning ta’lim uchun to‘lovlari va bitiruvchilarning ehsonlarigacha ajratib ko‘rsatib, ularni haqiqiy moliyaviy diversifikatsiya sifatida ko‘rgan.

4.     Rag‘batlantiruvchi akademik tayanch. An’anaviy universitet faoliyati tadbirkorlik tusini olishi uchun bo‘limlar va fakultetlar tashqi muhit bilan aloqalarni o‘rnatib, yangi dasturlarni joriy etishi, shuningdek uchinchi daromad manbalarini izlashi zarur.

5.     Integratsiyalangan tadbirkorlik madaniyati. O‘zgarishlarga yo‘naltirilgan institutsional g‘oya keyinroq barqaror tasavvurlar majmuasi bo‘lib shakllanadi, u esa, o‘z navbatida, tayanch doirasida tarqalganidan so‘ng, umumuniversitet madaniyatiga aylanadi.

Delft texnik universiteti professori Yoxan Vissema “Universitet 3.0” tushunchasini joriy etadi, uning asosiy g‘oyasi “uchinchi avlod universiteti modeli har bir universitetga o‘z yo‘lini tanlash erkinligini berishi lozim”ligidan iborat .

Muallif uchinchi avlod universitetining yettita fundamental xarakteristikasini ochib beradi (2- rasm):

 

Shu bilan birga, muallif yuqori darajada fundamental tadqiqotlar o‘tkazilishi uchun davlat moliyalashining ahamiyatini ajratib ko‘rsatadi va yangi avlod universiteti bor e’tibor foydani maksimallashtirishga qaratilgan tijorat korxonasi emasligiga e’tibor qaratadi.

Kitobi chop etilgandan bir necha yil o‘tgach, muallif universitetlar o‘z rivojlanishlarining strategik rejalarini ishlab chiqishda inobatga olishlari maqsadga muvofiq bo‘lgan qator yangi tendensiyalarni qo‘shimcha qildi:

1.    Onlayn-ta’limni rivojlantirish
2.    Sun’iy intellekt (SI) asosida bilimlar tizimini rivojlantirish
3.    Faoliyat turlari spektrini kengaytirish.

 

Biroq, ko‘plab tadbirkorlar oliy ta’lim qimmati tushadi va yangi ko‘nikmalarni tezda o‘zlashtirish uchun kasbiy tayyorgarlik muxtasar o‘quv dasturlari birinchi planga o‘tadi, degan fikrdalar. IBM rahbari Jinni Rometti Shveytsariyadagi Butunjahon iqtisodiy forumida bildirgan fikriga ko‘ra, bunday vaziyat “yangi yoqalilar” – avvalda mavjud bo‘lmagan, maxsus toifa mutaxassislar yuzaga kelishiga olib keladi. Bu toifaga, uning fikriga ko‘ra, asosan raqamli iqtisodiyot uchun qimmatga ega, rivojlangan texnik ko‘nikmalarni egallagan xodimlar, masalan, bulutli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar kiradi. Bunday mutaxassislar uchun IBM innovatsion ta’lim dasturlari va stajirovkalar tashkil etgan, bunga firma kasbiy-texnik bilim yurti – P-TECH misol bo‘ladi. Ularda o‘qish olti yil davom etadi, lekin bu vaqt davomida talabalar ixtisoslikni o‘zlashtiribgina qolmay, parallel ravishda hamkor-korxonalarda stajirovka o‘taydilar.

Knowmad Society konsepsiyasi muallifi Jon Moravek ta’kidlashicha, texnologik o‘zgarishlarning jadallashuvi insoniyatni “beto‘xtov g‘oyalar generatorlari” (knowmads)dan iborat  “Jamiyat 3.0” shakllanishiga olib keladi. “Knowmads – bu ajoyib tasavvurga ega, har doim, har joyda, har kim bilan ishlay oluvchi ijodiy, tashabbuskor insonlardir” .

Knowmads quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi :

1.     Yosh cheklovlariga ega emas;
2.     To‘plangan axborot va ovoza etilmaydigan tajriba asosida o‘z bilimlarini shakllantiradigan, shuningdek shaxsiy bilimlarini yangi g‘oyalar ishlab chiqish uchun qo‘llaydilar;
3.     O‘z g‘oyalari va tajribalarini turli ijtimoiy va tashkiliy shart-sharoitlarda qo‘llashga qodirlar;
4.     Hamkorlik va ijtimoiyt aloqalar yaratish uchun yuksak motivatsiyaga egalar;
5.     Muammolarni hal qilish va geografik cheklovlarin yengib o‘tish uchun yangi texnologiyalardan foydalanadilar;
6.     Bilim va tajriba almashinuvi uchun ochiqlar;
7.     Zarurat tug‘ilganda yangi g‘oyalar va amaliyotlarni o‘zlashtirib, xuddi o‘qishda bo‘lganidek, qayta tayyorlovda ham jadal bo‘ladilar;
8.     Ierarxik tuzilmalar va tashkilotlarda harakatlana va rivojlana oladilar;
9.     Amaliyot orqali tez o‘rganadilar;
10.     Muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaydilar.

“Yangi voqyelik ta’limning moslashuvchan, shaxsiylashgan variantini talab qiladi, uni hozirgi yetkazuvchi ta’lim modeli bilan mutlaqo ta’minlab bo‘lmaydi” . Muallif o‘qish uchun yana maktabga qaytish, partada o‘tirish yoki karerada tanaffus qilishni talab etmaydigan ta’lim muhitini yaratish zarurligini ta’kidlaydi. Yangi turdagi ta’limni bir finjon qahva ustida suhbatlashib ham o‘zlashtirish mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda innovatsiyalar, texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot rivojlanishiga katta e’tibor berilmoqda. Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yil 24 yanvarda parlamentga murojaatida 2020 yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qildi. “Biz ITga qiziqqan iqtidorli yoshlar uchun sharoitlar yaratishimiz kerak, shunday qilmasak, ular boshqa mamlakatlarga ketib qoladilar. Bir million dasturchini tayyorlash bo‘yicha dasturni ishga tushirdik. U keyingi yillarda katta natijalar keltiradi” , — dedi Prezident.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalar boshqaruvi milliy agentligi muhokama uchun “Raqamli O‘zbekiston 2030” milliy strategiyasi konsepsiyasining loyihasini e’lon qildi, unda inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor vazifalari tasvirlanadi (3- rasm).

 

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil markazlashgan xarakterdir, ya’ni nazorat mas’ul vazirliklar tomonidan amalga oshiriladi, bu ta’limga zamonaviy uslublar va texnologiyalar kirib borishini cheklaydi. Inha Universiteti Amity Universiteti, TEAM Tadbirkorlik Universiteti va boshqalar kabi xalqaro hamda xususiy universitetlar sonining ortishi global muammolarni hal etishga va mamlakat iqtisodiyotining raqamlashuvi jarayoniga asoslanishga qodir yuqori malakali mutaxassislar soni ortishiga xizmat qiladi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim ham e’tiborsiz qolmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabida birinchi bor “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar – falsafa doktorlari va fan doktorlarini tayyorlash instituti ochildi, ularning tadqiqotlar raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq ilm-fan va amaliyotning amalda barcha yo‘nalishlari va sohalarini qamrab oladi. Ilmiy kengash tarkibiga Stenford universiteti, Massachusets texnologiyalar instituti, Xuachju fan va texnologiyalar universiteti, Amaliy axborot texnologiyalari instituti kabi AQSh, XXR, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari olimlari kirdi.

Biroq, oliy ta’lim tizimi hali ham bizga to‘rtinchi sanoat inqilobi keltiradigan o‘zgarishlarga tayyor emas. Shu tariqa, yangi raqamli makon doirasida inson kapitalini rivojlantirish uchun uchta ustuvor yo‘nalishni ajratib ko‘rsatish mumkin:

1.    Ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
2.    Innovatsion-tadbirkorlik universitetlarini ochish;
3.    An’anaviy ta’lim yondashuvidan moslashuvchan va shaxsiylashgan ta’limga o‘tish.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *