1. Moda va to‘qimachilik sanoatining o‘zbek varianti.
O‘zbekiston jahon tarixida kuchli poydevorga ega. Kuchli madaniyat jahon savdosi uchun ko‘p sonli imkoniyatlar va takliflar yuzaga kelishiga xizmat qiladi. Moda va to‘qimachilik – bu milliy meros va madaniy boylikning bir qismidir. Ushbu tarmoq shakllangandan buyon paxta va ipak uning asosi bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, 2018 yilda umumiy qiymati 222,1 mln dollarga teng 115,6 ming tonna paxta tolasi[1], 2019 yilda esa, 244,1 mln AQSh dollarilik trikotaj va to‘qimachilik kiyim-kechaklari eksport qilingan[2]. Bugungi kunda respublika dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi o‘rinni va paxta eksporti bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallaydi (2018 yilda 2,3 mln paxta xom ashyosi)[3], paxtachilik sohasida rivojlangan tuzilmaga ega (Djanibekov et al., 2010; Kim & Park, 2019). Statistik ma’lumotlar dalolat qilishicha, ushbu keng ko‘lamli tarmoq mamlakatda yaxshi taqdim etilgan va davlatning iqtisodiy o‘sishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Biroq, agar bu tarmoqni qiymat hosil qilish zanjirining tahlili uslubi doirasida (Kaplinsky & Morris, 2000) tadqiq qilsak, qiymat hosil qilish zanjiri o‘z yakuniga yaqinlashgach, mahalliy emas, import ishtirokchilar tomonidan monopolizatsiya qilinishini ko‘ramiz. Moda sohasida chakana savdo yuzasidan tadqiqot o‘tkazib (Chorsu, Abu Saxiy, Oloy, Ippodrom, Kadishev, Qo‘yliq, Uch Qahramon va O‘rikzor bozorlari, Samarqand Darvoza, NEXT Mall), muallif aniqladiki, iste’molchilar asosan Xitoy va Turkiyadan keltirilgan import tovarlarni xarid qiladilar. Bu qiymat hosil qilish zanjiridagi yetishmayotgan bo‘g‘in bo‘libgina qolmay, mamlakat daromadi uchun jiddiy yo‘qotish ham sanaladi. Qiziq paradoks shundaki, xalq shunchalik ko‘p miqdorda paxta, ipak va boshqa xom ashyo ishlab chiqarsa-da, bozorda mahalliy brendlar juda kam yoki umuman yo‘q.
To‘qimachilik sanoatida shunday qudratli sanoat tarixiga ega bo‘la turib, nega mahalliy tadbirkorlar mahalliy riteylda o‘z o‘rniga ega bo‘lmasin? – masala mana shunda. Ushbu maqolada muallif mahalliy tadbirkorlarning muammolarini ochib berishga intildi va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat idoralari nimalar qilishi mumkinligini taxmin qilib ko‘rdi.
2. Ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish uchun nega aynan mahalliy tadbirkorlar/kichik va o‘rta biznes kerak?
Modalar bozori faqat kiyim-kechak bilan cheklanib qolmaydi, u sumkalar, aksessuarlar va interer ashyolari kabi hayot uchun tovarlar doirasidan ancha tashqariga chiqadi. O‘zbekistonning mahalliy tadbirkorlar/jamoa yoki hunarmandlar (madaniyat va meros ilg‘orlari) KO‘B sifatida tasniflanuvchi an’anaviy hunarmandchilik (kashta, qo‘lbola to‘qimachilik, atlas to‘qish va h.k.) bilan shug‘ullanadilar. yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra[4], (yeIda) kichik va o‘rta korxonalar (KO‘K) barcha korxonalarning 99 foizini tashkil qiladi va keyingi besh yilda yangi ish o‘rinlarining 85 foizini ta’minladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va KO‘B o‘rtasida tabiiy aloqa kuzatiladi. Jahon banki e’lon qilishicha, rasmiy KO‘Klar rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda umumiy bandlikning 60 foizigacha va milliy daromad (YaIM)ning 40 foizigacha qismini ta’minlaydi va bu statistik ma’lumotlar norasmiy KO‘Klar hisobga olinganda sezilarli darajada yuqori bo‘lardi (Ndiaye et.al. 2018). Ular mamlakat ko‘pchilik qishloq aholisining hayot kechirishi uchun tayanch bo‘ladi va, binobarin, fuqarolar iqtisodiy standartlari yuqorilashishini ta’minlaydi. Turli olimlar (Tam et.al., 2005; Mesquita & Lazzarini, 2009; Nayak et.al., 2019; Khurana & Ryabchykova, 2018) o‘sish strategiyasi sifatida mahalliy tadbirkorlar (KO‘B)ni qo‘llab-quvvatlashning muhimligini ta’kidlaydilar. Biroq, har bir rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘z majburiyat to‘plamlariga va, tegishlicha, yechimlarning o‘ziga xos majmuasiga ega ekanligini qayd etish o‘rinli.
Bundan tashqari, hukumat eksport daromadlarini oshirish uchun sanoatning yirikroq tarmoqlarini ilgarilatish bo‘yicha katta sa’y-harakatlarga qo‘l urdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi 2687- sonli Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston tikuvchilik sanoatining jahon eksport sektoridagi ulushini oshirish maqsadida 2017-2019 yillarda to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Agar Hindiston va Bangladesh kabi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar misoliga nazar tashlasak, KO‘B yirikroq sanoat tarmoqlarining qo‘llab-quvvatlovchi ittifoqdoshlari ekanligini ko‘ramiz. Ular ko‘pincha kiyim-kechaklarning ip, molniya, ilgak, tugma, fyuizing va sh.k. asosiy komponentlarini ishlab chiqaradilar yoki yirik fabrikalarda subpudratchi bo‘ladilar, bu ishlab chiqarish jarayonini umumiy suratda jadallashtiradi. KO‘B, shuningdek, ishlab chiqarish sektorida jiddiy obro‘ga ega (izchillik va sifat tufayli), bu yetkazib beruvchilarni tanlashda xaridorlar uchun majburiy talab sanaladi.
Rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ko‘pincha moda va to‘qimachilik sohasidagi korxonalar yo kichik yo o‘rtacha ekanligi aniqlanadi. Binobarin, ular milliy biznesning asosiy qismini tashkil qiladi va innovatsiyalar (Hervas-Oliver et.al., 2018), barqarorlik (Biondi et.al., 2002) va yangi mahsulotlar ishlab chiqish (Lin & Piercy, 2012) kabi zamonaviy jahon tendensiyalari rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdilar.
Bu butun tarmoqni mustahkamlaydi va uni jahon bozorida raqobatbardosh qiladi. O‘zbekiston ichki bozorida esa, yetarlicha taklif mavjud, axir u 33 million nafar aholiga ega va ularning aksariyati o‘rta toifaga kiruvchi iste’molchilardir. Tadqiqotchilar (Chun, 2010; Kharas, 2010) ta’kidlashlaricha, butun Osiyo va Afrikada o‘rta toifa iste’molchilar asosiy iqtisodiy rag‘batlantiruvchi sanaladilar, chunki ular mamlakatda pul topib, shu yerda sarflaydilar. Ichki bozorda din iste’molchining xarid temperamentiga katta ta’sir ko‘rsatadi; u, shuningdek, modalar taqvimi shakllanishida ham muhim rol o‘ynaydi. Bu hol mahalliy brendlarning O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo doirasida sezilarli o‘sishi uchun imkoniyat eshiklarini ochadi. Mahalliy kompaniyalar bozor ulushlarini samarali himoyalab, ularga xorijiy brendlarni kiritmasliklari, shu bilan mavjud tizimdan naqdliklar chiqib ketishiga to‘sqinlik qila olishlari mumkin. Qolaversa, diniy rakurs amalda kichik va o‘rta kompaniyalarga iste’molchilar afzalliklariga muvofiq tovarlar ishlab chiqarish uchun ko‘p imkoniyatlar yaratadi – hozirda iste’molchilar shunchaki bozorda nima bo‘lsa, sotib olyaptilar yoki butun dunyodan onlayn buyurtma orqali olmoqdalar.
Shu tariqa, mahalliy tadbirkorlar/KO‘B ham xorijiy, ham ichki bozorlarda mamlakatlar iqtisodiyoti uchun o‘ta ambitsiyali kelajakni taqdim etishadi. Moda industriyasida sotuvlarni rag‘batlantirish uchun hukumat idoralari bu kompaniyalarning ahamiyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlariga tanqidiy nazar tashlashlari kerak bo‘ladi.
3. Mahalliy mahsulotlar sari bir qadam olg‘a
«O‘zto‘qimachisanoat» assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1776 ta korxona kichik, o‘rta va xususiy biznes sifatida ishlaydilar. Hukumat eksport sektori uchun ularni yaratishga salmoqli kuch-g‘ayrat sarflaganiga aslo shubha yo‘q, ammo mahalliy chakana savdoda hali katta ishlar amalga oshirilishi kerak. Tojiboeva (2019) ta’kidlashicha, KO‘B qator muammolar (biznes yuritishdagi tajriba chegaralangani, moliya, ilgarilatish, infratuzilma, raqamlashtirish)ga duch keladilar, bu esa muvaffaqiyatsizlik xatarini oshiradi va, pirovardida, bozordagi ulush juda kichik bo‘ladi. Toshkentdagi moda brendlarining bir necha sohiblari qayd etishlaricha, ular ham shunday muammolarga duch kelganlar. Brend sohiblari eng muhim sohalardan birini alohida ta’kidlab ko‘rsatdilar – ixtisoslashgan ta’lim. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti moda sohasidagi tadbirkorlar va menejerlar uchun ijro dasturini joriy etish tashabbusi bilan chiqdi. Bu brifingda moda sohasidagi mahalliy tadbirkorlar duch keladigan muammolar va kompaniyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday ta’lim kerakligi aniqlandi. Ma’lumt bo‘lishicha, asosan ishlab chiqarish vazifalarida oqsash kuzatiladi, chunki ishchilar yarashish va jahon standartlari nuqtai nazaridan yuqori sifatli kiyim-kechak ishlab chiqarish uchun yetarli malakaga ega emaslar. Boz ustiga, agar mahsulotlari yetarlicha yaxshi bo‘lsa, uni katta miqdorda chiqarish juda qiyin kechadi va bir vaqtda biznesni kengaytirish mutlaqo imkonsiz bo‘ladi.
Mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlashda hukumat juda muhim rol o‘ynashi kerak, chunki hozirda ushbu tadbirkorlar uchun qiymat hosil qilishning to‘liq zanjirini (xom ashyodan tortib chakana savdogacha) tizimlashtirish talab etiladi. Shunchaki mablag‘lar taqdim etish ish bermaydi, chunki ularga boshqaruv ko‘nikmasi, shuningdek o‘sish uchun fonddan qanday foydalanish mahorati yetishmayapti. «O‘zto‘qimachisanoat»ning faqat mahalliy KO‘B brendlari bilan ishlaydigan va ularning hisobini yuritishga ixtisoslashgan bo‘linmasi ochilishi mahalliy va xorijiy bozorlarda progressni monitoringlash uchun ajoyib g‘oya bo‘lardi.
Mahsulotlar sotuviga o‘tsak, joriy pandemiyani inobatga olgan holda, onlaynga o‘tish Markaziy Osiyo hududida mahsulotlar sotuvining yanada uzoqroq strategiyasi bo‘ladi. Yaqinda kuzatganimiz Express24 ni ilgarilatish jarayoni sotuvlar onlayn-platformalarining ajoyib namunasi bo‘ladi. Bunday umumiy multibrendli platforma asosidagi hamkorlik mahalliy tadbirkorlar uchun juda ham foydali va mamlakatdagi yangi iqtidorlar uchun turtki bo‘ladi.
Shu tariqa, mahalliy brendlar davlat idoralari uchun muvaffaqiyatli tanlov bo‘ladi, chunki ular xalq uchun juda kuchli ijtimoiy-iqtisodiy rag‘bat sanaladilar.
4. Xulosalar
O‘zbekiston o‘z oldiga o‘rta toifaning yirik va mustahkam ijtimoiy qatlam sifatida o‘sishiga urg‘u berish va 2030 yilga borib o‘rtacha daromadga ega mamlakat maqomiga chiqishdek ambitsiyali maqsadni qo‘ygan. Har bir tarmoq bu jarayonga o‘z ulushini qo‘shib, mamlakatga jahon savdosida o‘z hissasiga ega bo‘lishda yordam berishi kerak. O‘zbekistondagi joriy islohotlar asosan kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan, ammo mahalliy tadbirkorlikka e’tiborning jamlanishi yanada kengroq ko‘lamda salohiyatni oshirishi kerak. Mahalliy brendlar moda va to‘qimachilik tarmog‘ida qo‘shimcha qiymatni hosil qilish zanjirini yakunlashi va, shu tariqa, mamlakat daromadini oshirishi kerak. Amalda, mahalliy brendlar fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy statusini mustahkamlashga, imkoniyatlar kengayishi hamda tarmoq va uning manfaatdor tomonlari o‘rtasidagi sermahsul hamkorlikka xizmat qilishlari zarur.
[1] https://tashkenttimes.uz/economy/3432-uzbekistan-considerably-decreases-cotton-fiber-exports-in-2018
[2] http://www.worldstopexports.com/uzbekistans-top-10-exports/
[3] http://www.xinhuanet.com/english/2019-02/12/c_137815290.htm
[4] https://ec.europa.eu/growth/smes_en
Karan Xurana