Global isish yana o‘zi haqida va, har doimgidek, salbiy jihatdan eslatdi. Bu gal tashvishli xabarlar Grenlandiyadan keldi. 13 avgust kuni Communications Earth and Environment jurnalida chop etilgan ma’lumotlar Grenlandiya muzliklarining erishi qayta tiklab bo‘lmas nuqtadan o‘tganligini ko‘rsatmoqda. Olimlar fikrlariga ko‘ra, Grenlandiyaga har yili yog‘adigan qor miqdori muz qatlami qisqarishi sur’atiga yeta olmayapti. Shu tariqa, bu mintaqaning “muz qalqoni” tobora yupqalashib bormoqda. Tadqiqot mualliflaridan biri, Ogayo shtati universiteti qoshidagi Berd qutbiy hamda iqlimiy tadqiqotlar markazi yetakchi mutaxassisi Mikaliy King aytishicha, masofaviy zondlash yordamida muzliklarning dunyo okeaniga ko‘chishi va ularning tiklanishi jarayonlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lingan.

Olimlar 1980–90 yillar ma’lumotlarini tahlil qilib, har yilgi ko‘chgan muzliklar miqdori taxminan bir yilda yoqqan qor miqdoriga teng bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar. Boshqacha qilib aytganda, muz qatlami holati nisbatan barqaror bo‘lgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur keyingi ikki o‘n yillik ichida Grenlandiya muz qatlami yiliga 450 gigatonna muz yo‘qotgan. Biroq keyingi 5–6 yil ichida okeanga muz ko‘chishi keskin ortgan. 2000 yildayoq yo‘qotilgan muzliklar soni 500 gigatonnani hosil qildi. Kingning so‘zlariga ko‘ra, 1985 yildan boshlab Grenlandiyadagi yirik muzliklarning umumiy ko‘chishi 3 kilometrgacha masofani tashkil qilgan. Boz ustiga, olimlar fikrlariga ko‘ra, insoniyat global istishni to‘xtata olgan bo‘lganda ham, muzliklarning yo‘qotilishi u yoki bu darajada ularning tiklanishi tezligidan oshgan bo‘lardi. Shuningdek, prognozlarga ko‘ra, Grenlandiya muzliklar ko‘chishini ko‘pi bilan har 100 yilda 1 martagina kompensatsiyalashi mumkin.

Ushbu sharoitlar inobatga olinsa, AQSh Prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani AQShning strategik manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sotib olish niyatini bildirganda biroz shoshganligi ko‘rinadi. To‘g‘ri, Daniya ham o‘tgan yili bildirilgan bu taklifga rad javobini bergandi. Nima bo‘lganda ham, siljib borayotgan muzliklar ishonchli forpost bo‘la olishi ehtimoldan yiroq. Olimlar hisoblashlaricha, sayyorada iqlim sharoitlari yomonlashib borsa, Grenlandiya muzliklari keyingi 10 000 yil ichida butunlay yo‘qolib ketishi ehtimoli mavjud. Bu holatda jahon okeani darajasi taxminan 20 fut (6 metr atrofida)ga ko‘tarilishi mumkin. Bundan tashqari, bugungi kunda dengiz sathidan taqriban 3 000 metr balandlikka bo‘y cho‘zgan muzliklar cho‘qqilari pasaya boshlashi bilan, erish jarayoni yer yuzasiga yaqinlashuv tufayli harorat ortishi oqibatida yanada jadallashadi.

Bugungi kunda bir narsa aniq: hatto global isish butkul to‘xtatilsa ham, uning ayrim oqibatlarini to‘g‘rilab bo‘lmaydi. 150 yil davomida sanoat inqilobiga qarshi tura olgan Grenlandiyaning bahaybat muzliklari oxir-oqibatda global isishning halokatli oqibatlari oldida ojizligini tan olishga va chekinishga majbur bo‘ldi.

 

Link 1
Link 2
Link 3

 

QVANT tahririyati tahlil guruhi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *