COVID-19 koronavirusining shitob bilan tarqalishi tufayli yuzaga kelgan pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Bugunning o‘zida hukumatlar, biznes vakillari va xususiy shaxslar zudlik bilan karantin va o‘zini ihotalashning murakkab sharoitlariga moslashishga majbur bo‘lmoqdalar. Ekspertlar hayot va iqtisodiyotning turli sohalarida vaziyat qanday rivojlanishini bashorat qilishga ming urinib, alal-oqibat bu bashoratlar ertasigayoq puchga chiqayotganini tan olmoqdalar. Shunga qaramay, biznes va ijtimoiy sohaning turli tarmoqlari mavjud ma’lumotlarni jamlab, joriy vaziyatga nisbatan o‘z hisob-kitoblarini keltirmoqdalar. Ushbu maqolada biz inson faoliyatining turfa sohalariga va sayyoradagi hayotning umumiy ko‘rsatkichlariga pandemiya ta’sirining umumiy manzarasini yetkazishga qaror qildik. 

Mehnat bozori

COVID-19 inqirozi, iqtisodiy uzilishlar orqali, 3,3 milliard insonni qamrab olgan jahon mehnat bozoriga ta’sir ko‘rsatadi (ILO, 2020). Butun dunyoda iqtisodiy faollik susayishi kuzatilmoqda, bu aholi bandligi qisqarishiga va korxonalar daromadlarining kamayishiga olib keladi. Shuningdek, virusga qarshi kurashish uchun qo‘llanilayotgan chora-tadbirlar (majburiy yoki ixtiyoriy o‘zini ihotalash) tufayli, aksariyat ishchilar ishlarini davom ettirolmay qoldilar yoki faoliyat sohalarini o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keldi.

JMT (ILO) ma’lumotlari COVID-19 pandemiyasining butun dunyodagi korxonalar, ayniqsa norasmiy tarmoq ishchilariga halokatli ta’sir qilishini ko‘rsatadi. 2020 yil 22 aprel holatiga 81 foiz ish beruvchilar va individual asosda band bo‘lgan 66 foiz ishchilar COVID-19 pandemiyasi tufayli faoliyatini to‘xtatish tavsiya etilgan yoki talab etilgan mamlakatlarda yashaydilar va ishlaydilar.

 

Aprelning ikkinchi va uchinchi haftasida bunday ishchilar soni 81%dan 68%ga tushgan bo‘lsa-da, bu asosan Xitoyda ish o‘rinlari yopilishi bekor qilingani hisobiga ro‘y berdi. Shunga qaramay, dunyo bo‘ylab vaziyat yomonlashdi, bu daromadlarga va ish o‘rinlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Pandemiya sharoitida virus bilan kurash tufayli mehmonxonalar, bar va restoranlarni hamda nozaruriy do‘konlarni yopish zarurati mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish sohasidagi ishchilar va ish beruvchilarning aksar qismi ishsiz qolishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar sababli, ishlab chiqarish tarmog‘ida ishlab chiqariladigan tovarlarga talabning tushib ketishi bilan yanada murakkablik keltirgan uzilishlar kuzatilmoqda.

JMT baholashiga ko‘ra, birinchi chorakda yo‘qotilgan soatlar miqdori, inqirozgacha (2019 yil to‘rtinchi choragi) bo‘lgan darajaga nisbatan 4,5%ni tashkil qiladi (bu, taxminan, 48 soatlik ish haftasida, 130 millionta to‘liq bandlik asosidagi ish o‘rniga teng).[1]

JMTga ko‘ra, 2020 yil birinchi choragida mehnat faolligining taxmin qilinayotgan pasayishi turli mintaqalarda turlichadir. Masalan, bu yil birinchi choragida ishlangan soatlar soni Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, 2019 yilning oxirgi choragiga qaraganda, 6,5%ga qisqardi (bu Sharqiy Osiyoda 11,6%ga qisqarish tufayli ro‘y berdi), boshqa barcha yirik mintaqalarda qisqarish 2%dan kamroqni tashkil qildi. Mehnat bozorining bunday tuzilmasi dunyoning turli mintaqalarida virus tarqalishi lahzalari va ijtimoiy masofalash bo‘yicha tegishli choralar davri farqlanishi bilan yaqin bog‘liq. 2020 yil birinchi chorakda soatlar yo‘qotilishining global qonuniyatlari ko‘p jihatdan ushbu davrda Xitoyda COVID-19ning sezilarli ta’siri bilan izohlanadi.

Ikkinchi chorakda ish vaqtining qisqarishi dastlabki taxminlardan ham yomonroq bo‘lishi kutilmoqda. 2020 yil 22 aprel hisob-kitoblariga ko‘ra, ikkinchi chorakda, kutilishicha, umumiy ish vaqti oxirgi inqrozgacha davrdagiga nisbatan 10,5%ga kam bo‘ladi (bu to‘liq ish kunilik 305 million ish o‘rniga tengdir). Bunga cheklovlar allaqachon qo‘llanilayotgan ko‘plab mamlakatlarda bu choralar yanada uzaytirilishi va qat’iylashuvi sabab bo‘ladi. Shuningdek, boshqa mamlakatlar ham yanada qat’iy cheklov choralari joriy qildilar, jumladan mehnat faoliyatini majburiy yoptirish qo‘llanildi.

 

Turizm

COVID-19 avj olishi istisnosiz har bir tarmoqqa ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyoti uchun yangi larza bo‘ldi. Chegaralarning yopilishi, aviava temir yo‘l xalqaro qatnovlarining to‘xtatilishi, karantin choralari, favqulodda holat va o‘zini ihotalash rejimi – bularning bari jahon iqtisodiyotidagi eng mehnattalab tarmoqlardan biri – turizmga kuchli zarba berdi.

Jahon turizm va sayohatlar kengashi (WCTT) ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda turizm va sayohatlar industriyasining jahon YaIMdagi ulushi 3,5%ni tashkil qiladi. Yangi yaratilgan ish o‘rinlarining har to‘rtinchisi turizm va sayohatlar sohasida tashkil etiladi.[2]

Butun dunyo bo‘ylab ta’sir 100 dan ziyod mamlakatlar koronavirus tarqalishining oldini olish uchun xalqaro safarlarga cheklovlar belgiladilar.[3] Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2020 yilning birinchi choragining o‘zida turizm xalqaro sayyohlar sonining 22%ini yo‘qotdi va bu yo‘qotishlar kelgusida 60-80%ni tashkil qilishi mumkin.[4] 2020 yil martiga kelib sayyohlar sonining 67 millionga tushib ketishi 80 milliard AQSh dollariga yoki Gvatemala, Ummon va Efiopiya mamlakatlari YaIMga tengdir. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari sayohatlar va turizmdan daromadlarning eng katta qulashiga duch keladilar. 2020 yil fevral oyi holatiga, Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga xalqaro sayyohlik kelishi, hisob-kitoblarga ko‘ra, 9 dan 12 foizgacha pasaygan, bu 2019 yil oxirida prognoz qilingan 5-6 foizli o‘sishdan ancha farq qiladi.[5] Hyech bo‘lmaganda inqirozning dastlabki haftalaridagi bunday pasayish Xitoydan keluvchi sayyohlar sonining qisqarishi bilan izohlanadi, ular nafaqat Osiyo, mamlakatlari, balki butun dunyo sayyohlarining aksar qismini tashkil qiladi. 2020 yilning birinchi choragining o‘zida bu tarmoqning yo‘qotishlari 35%ga yetdi.

 

 

Keyingi epitsentr yevropa bo‘ldi. yeI turizm industriyasida 13 million kishi band. U COVID-19 avj olishi oqibatida har oyda taxminan 1 mlrd € yo‘qotadi.[6]  2020 yilning birinchi uch oyida yevropa mamlakatlari sayyohlik tarmog‘i asosiy – Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, AQSh, shuningdek yeI mamlakatlaridan xalqaro kelishlarda sezilarli pasayishga uchradi (19%). Bundan tashqari, eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlariga kiruvchi Italiya, Ispaniya va Fransiyaga koronavirus epidemiyasi ayniqsa og‘ir sinov bo‘ldi.

Amerika qit’asi ham turizm sohasida sezilarli zararlar ko‘rdi – xorijiy sayyohlar soni kamayishi 15%ni tashkil qildi. Pandemiya hammadan ham ko‘ra ko‘proq ziyon yetkazgan Amerika Qo‘shma Shtatlari[7], sayyohlik yo‘nalishlarining top-o‘ntaligiga kirsa-da, sezilarli zarar ko‘radi.[8]

Jahon turizm va sayohatlar bo‘yicha kengashi, beshta havo transporti va turizm xalqaro tashkiloti xalqaro moliyaviy muassasalarga, mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha sheriklar va xalqaro donorlarga Afrikada 24,6 million inson va barcha kichik hamda o‘rta korxonalarning 80%i band bo‘lgan sayohatlar va turizm tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashni so‘rab murojaat qildilar. Tezkor moliyalashtirishsiz, COVID-19 epidemiyasi Afrika iqtisodiyotiga 169 million dollar (qit’a YaIMning 7,1% foizi)ni keltiruvchi ushbu tarmoqni halokatga uchratishi mumkin. Koronavirus epidemiyasi natijasida Afrikaga keluvchi xorijiy sayyohlarning soni qisqarishi allaqachon 13%ga yetdi. Eng mashhur turistik mamlakatlar – Marokash, Misr, Janubiy Afrika va Tunis (2018 yilda ularga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni, tegishlicha, 12,3, 11,5, 10,5 va 8,3 million nafarni tashkil qilgan) koronavirusning tarqalishini kamaytirishga qaratilgan choralar qabul qilmoqdalar, vaholanki uning ta’siri hali boshqa mamlakatlardagi darajaga chiqqani yo‘q.[9] Misrda COVID-19ning eng salbiy oqibati turizmda kuzatiladi, chunki 2018-2019 yilda bu tarmoq mamlakatga 12,5 milliard AQSh dollarini keltirgandi, bu mamlakat YaIMning taxminan 20%ni tashkil qiladi.[10] Yaqin Sharqda sayyohlik faolligining susayishi 2020 yil birinchi chorakda 11%ga yetdi. 2018 yilda qariyb 16 million sayyoh ro‘yxatga olingan BAAda Abu Dabi va Dubay kabi sayyohlik shaharlari yopilib bo‘ldi. Saudiya Arabistoni va Qatar G20da rahbarlikni olgach, 65 ta milliy, mintaqaviy va xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qiluvchi ushbu mamlakatlarda 2020 yil sezilarli iqtisodiy o‘sish bo‘lishi kutilayotgandi.[11] Biroq, Yaqin Sharq mamlakatlari uchun, boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, barcha o‘sish taxminlari iqtisodiy yo‘qotishlar hisob-kitobiga aylanib ketdi.

Bandlik

Jahon turizm va sayohatlar kengashi (WTTC) hisob-kitobiga ko‘ra, koronavirus turizm va sayohatlar sohasida 50 millionta ish o‘rnini xatar ostiga qo‘ydi, bu ish o‘rinlarini 12-14%ga kamayishi deganidir. Yo‘qotilishi mumkin bo‘lgan 50 million ish o‘rnidan taxminan 30 millioni Osiyoda, yetti millioni yevropada, besh millioni Amerikada va qolganlari boshqa qit’alarda kuzatiladi.[12] Turizm aholining zaif qatlamlari – past malakali migrantlar, xotin-qizlar va talabalar uchun ish o‘rinlari yaratishda yetakchi soha ekanligi inobatga olinsa, bu raqamlar ayniqsa achinarli ko‘rinadi.

Turizm va sayohatlar sohasida faoliyat yuritadigan ko‘plab kichik va o‘rta korxonalar tirik qolish uchun kurashishlariga to‘g‘ri keladi. Cheklovchi va profilaktika choralari, ihotalash rejimi, ish jarayonidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq xarajatlar ular uchun haddan tashqari yuqori bo‘lishi mumkin. Ko‘plab kompaniyalar, amaliyot xarajatlarini kamaytirish uchun, allaqachon o‘z faoliyatlarini vaqtincha to‘xtatib turishga qaror qildilar, boshqalar esa, ko‘plab davlatlar birlamchi ahamiyatga ega bo‘lmagan barcha korxonalarning yopilishini belgilagandan keyin, bunday qilishga majbur bo‘ldilar. Chunonchi, ihotalash rejimi joriy etilishi natijasida Fransiyada 75 mingta restoran, 40 mingta qahvaxona va 3 mingta klub yopildi, bu 1 million ish o‘rni yo‘qotilishiga olib keldi.[13] Umumiy ovqatlanish muassasalaridan tashqari, ishdan bo‘shatish va ishsizlik mehmonxona biznesini, sayyohlik operatorlari va xalqaro aviakompaniyalarni ham qamrab oladi. Misrda koronavirus epidemiyasi turizm sohasida band bo‘lgan taxminan 3 million xodimni ishsiz qoldirdi.[14] AQShda koronavirus sabab bo‘lgan inqiroz ishdan bo‘shatishlar to‘lqinini yuzaga keltirdi, bu ishsizlik nafaqasiga so‘rovlar keskin ortishiga olib keldi – ular soni 21-28 mart ichida bir haftada 3,3 millionga yetdi.[15]

Bundan tashqari, turizm va sayohatlar sohasidagi bandlikning mavsumiylik; beqaror bandlik; ish haqining pastligi; tartibga solish, huquq qo‘llash va mehnatni tashkil etishning zaifligi kabi xususiyatlari COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini faqat murakkablashtiradi, xolos. Jahon turizm va sayohatlar kengashi ekspertlarining prognozlariga ko‘ra, COVID-19 avjlanishi nazorat ostiga olinganidan keyin, sayyohlik tarmog‘iga odatiy faoliyatga qaytish uchun 10 oygacha vaqt talab qilinadi.

Ishlab chiqarish

COVID-19 koronavirusining jadal tarqalishi va u yuzaga keltirgan pandemiya dunyo bo‘ylab minglab korxonalar faoliyatining susayishi yoki butkul to‘xtashiga olib keldi. Turizm va umumiy ovqatlanish kabi sohalar pandemiyadan eng ko‘p aziyat chekkan deyilsa-da, koronavirus, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishning ko‘plab sohalariga ham salmoqli zarba berdi.

Avtomobil sanoati

Xitoy yangi koronavirusning epitsentri va uning iqtisodiy ta’sirini o‘zida his qilgan birinchi mamlakat bo‘ldi va bu ham Xitoy avtomobil sanoatiga, ham boshqa mamlakatlarga Xitoy avtomobil butlovchi qismlarini yetkazib berish zanjiri ishlashiga sezilarli zarar yetkazdi. Birinchi chorak oxiriga avtomobil tarmog‘idagi sotuvlar 36%ga tushib ketdi va umuman olganda, 2020 yilda bozorning qisqarishi 12%ni tashkil qilishi kutilmoqda. yevropa avtoishlab chiqaruvchilarining yo‘qotishlari taxminan 20-30% atrofida bo‘ladi, tayyor mahsulot chiqarish esa, 5-6 mln. donaga qisqaradi. Bozorda eng kuchli zarar ko‘rgan ishtirokchilar qatorida Italiyadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi – Fiat, yevropadagi ishlab chiqarishining 40 foizi Ispaniyada jamlangan Ford, Renault-Nissan va PSA tilga olinadi. Shimoliy Amerikada avtomobil sanoatining ehtimoliy yo‘qotishlari bozorning 25-30%ini tashkil qiladi, bu ishlab chiqarishning yiliga 4 mln.dan 5 mln.gacha avtomobilga qisqarishiga olib keladi.[16]


Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i

Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsiziligi aholi uchun nihoyatda muhim shart sanaladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoradagi ochlikda yashayotgan aholi soni 80,3 mln. kishiga ortishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda yevropa Ittifoqi ishchi kuchi taqchilligiga duch kelmoqda. Italiya va Ispaniyada mavsumiy ishchi kuchi qishloq xo‘jaligida band jami ishchi kuchining 20%ini tashkil qiladi. Germaniya zaruriy ishchi kuchi miqdorini 100 000 ta deb hisobladi.

yetkazib berish zanjirining buzilishi butun dunyodagi fermerlar uchun salmoqli qiyinchilik tug‘dirdi, chunki tashish jarayonlari anchayin murakkablashdi. Fermerlar tayyor mahsulotni uzoq vaqt davomida saqlashlariga to‘g‘ri kelmoqda, bu tovar sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.[17] Baliq yetishtirish ham, baliqchilik xo‘jaliklari uchun yemlar yetishmasligi tufayli, murakkablikka duch keldi. Global miqyosda urug‘ va yemlar yetishmasligi, birinchi navbatda, Xitoyda ishlab chiqarish hajmlarining qisqarishi bilan bog‘liq.

Tog‘-kon sanoati

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan ishlab chiqarishning chegaralangani tog‘-kon sanoatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiyotning umumiy tanazzuli va cheklovchi choralar nikel ishlab chiqarish umumiy hajmining 30%i yo‘qotilishiga olib keldi. Bugungi kunda tog‘-kon sanoati mahsuloti narxlari o‘zgarishining ehtimoliy trendlarini oldindan aytish imkonsizdir. Bir tomondan, talabning umumiy tushishi narxlar pasayishiga olib keladi, biroq, sanoat faolligi davlatning cheklovchi choralariga bevosita bog‘liq bo‘lgan Peru kabi mamlakatlarda ishlab chiqarishning keskin qisqarishi[18] narxlarning to‘satdan ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Shunday vaziyat uran bozorida yuzaga keldi. Apreldagi narxlarning 20%ga ko‘tarilishi yetkazib berishning ehtimoliy taqchilligidan xavfsirash tufayli ro‘y berdi. Financial Timesga ko‘ra, uran ishlab chiqarishning umumiy hajmi 30-35%ga qisqargan.[19] Qimmatbaho metallar bozorida kredit-pul ekspansiyasi oqibatida, narxlarning yuqori o‘sishi kutilmoqda. Stagflyasiya ehtimoli kutilmoqda, unda inflyasiya kuchsiz iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashadi. Bunday sharoit qimmatbaho metallar, birinchi navbatda oltinni investitsiya kiritish uchun jozibaliroq qiladi va, pirovardida, ular narxining o‘sishiga turtki bo‘ladi.[20]

Metallurgiya sanoati

Pandemiya metallurgiya sanoatini ham chetda qoldirgani yo‘q. 2020 yilning keyingi ikki choragida talabning 50%dan ko‘proqqa pasayishi kutilmoqda.[21] Ushbu sohada, boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi, ham talab, ham takifning bir vaqtda qulashi kuzatilmoqda. Masalan, jahon po‘lat ishlab chiqarishi 2020 yilning birinchi choragida 2019 yilning birinchi uch oyligiga nisbatan 1,4% foizga kamayib ketdi.[22] Xitoy birinchi chorakda po‘lat mahsuloti zaxirasini 8,88 mln. tonnadan 24,72 mln. tonnagacha kengaytirgan bir vaqtda yevropalik ishlab chiqaruvchilar o‘z bozorlarida talab va taklifning mutanosiblashuvida murakkabliklarni kutmoqdalar.[23] Avtomobil mahsulotiga talabning keskin tushib ketishi ham metallurgiya tarmog‘ida talabning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Neft bozori

Yaqinda ro‘y bergan neft bozorlari tushib ketishi – bu ham pandemiyaga oid karantin choralarining natijalaridan biridir. Biroq, bor aybni pandemiyaga to‘nkash ham adolatdan bo‘lmaydi, chunki neft narxlarining tebranishi, odatda, yashirin geosiyosiy ma’noga ega bo‘ladi.

Hammasi fevralda, OPEC+ mamlakatlari COVID-19 talabga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavfsirab, neft ishlab chiqarishni qisqartirish yuzasidan kelishib olishga uringanlarida boshlandi.[24] Rossiya bu muzokaralarda qatnashishdan bosh tortdi[25], bunga Saudiya Arabistoni neft narxini tushirish bilan javob berdi.[26] COVID-19 tarqalishi bilan energiyaga talab kamaydi, neft bo‘yicha kelishmovchiliklar esa hali ham hal etilmagandi. Va nihoyat, COVID-19 pandemiya deb e’lon qilinganidan bir oy o‘tgach, 9 aprelda Rossiya va Saudiya Arabistoni axiyri bir fikrga keldilar, biroq bu paytga kelib neft narxi qulab bo‘lgandi.

 

Yuqoridagi grafik neft narxlarining 2019 yilda, pandemiyaga qadar va hozirdagi o‘zgarishini yaqqol namoyish etadi. Chunonchi, 2020 yilda neft narxi 54%ga tushib ketdi, holbuki, 2019 yilda narx 5%ga ko‘tarilgandi. COVID-19 sababli yoppasiga karantin oqibatida talabning tushib ketishi tufayli narxlarning bunday qulashi yetakchi neft qazib chiqaruvchi mamlakatlarga, ularning «qora oltin»ga o‘ta bog‘liqliklari sababli qattiq zarba berdi.

Alal-oqibat, aprel neft qazib chiqaruvchi tarmoq uchun eng og‘ir oy bo‘ldi – 23 aprel kuni neft narxi noldan pastga tushdi.[27] «Qora oltin» tom ma’noda bepul bo‘lgach, vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li – imkon qadar ko‘proq saqlab qolish va keyinroq biroz yuqoriroq narxga sotish bo‘lib qoladi. Natijada, mart oyida, dunyo neft omborlarining 76%i liq to‘lgan edi.[28] Reutersga ko‘ra, aprelda dengiz tankerlarida saqlanayotgan neft hajmi 160 million barrellik rekord ko‘rsatkichga yetdi.[29] Xalqaro energetika agentligi (IEA)ga muvofiq, avvalda hyech qachon neft tarmog‘i o‘z moddiy-texnik ta’minoti imkoniyatlari chegarasiga bunchalik yaqin kelmagandi.

Aftidan, AQSh, Saudiya Arabistoni va Rossiya kabi neft gigantlari (2019 yilda ularning umumjahon neft qazib chiqarishdagi ulushlari, tegishlicha, 19, 12 va 11 foizni tashkil qilgan[30]) ulkan zararlar ko‘radilar va ikki tomonlama shokka tushadilar: bir yoqdan pandemiya, ikkinchi tomondan neft narxlarining pasayib ketishi. Afrikalik neft ishlab chiqaruvchilar – OPECning 13 a’zo-mamlakatidan 7 tasi ham iqtisodiyot va sog‘liqni saqlash tizimining zaifligi muammolariga duch keladilar.

COVID-19 tarqalishini cheklash bo‘yicha choralar neftga bo‘lgan xalqaro talab uchun beqiyos shokka aylandi. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro safarlarga bo‘lgan cheklov yilning ikkinchi yarmida yumshatilganda ham, 2020 yilda neftga bo‘lgan xalqaro talab rekord darajada – sutkasiga 9,3 mln. barrelga qisqaradi, bu bilan qariyb o‘n yillik o‘sishni yo‘qqa chiqaradi[31]. Bu esa, dunyoni 1990yillardagi neftga bo‘lgan talab darajasiga tushiradi.

Moliyaviy bozor

Virus epidemiyasi 2019 yil dekabrida jadal tarqala boshlagan bo‘lsa-da, bu vaziyatga jahon moliya bozorlari darhol munosabat bildirmadilar, chunki infeksiyaning haqiqiy tahdidlari hamda Xitoy vaziyatni qanchalik muvaffaqiyatli nazorat qila olishi to‘liq anglab yetilmagandi. Biroq fevralning oxirgi haftasi nafaqat Amerika, balki jahon moliya maydonchalari uchun ham shokka to‘ldi. Amerika aksiyalari va Dou-Jons sanoat indeksi 12%ga tushdi va umumiy yo‘qotishlar $3,5 trln. ga baholandi. Buning ketidan yevropada MSCI umumjahon indeksi qariyb 10%ga tushdi va yevropa aksiyalarining umumiy yo‘qotishlari $1,5 trln.ni tashkil qildi. Bu hol 2008 yil inqirozidan keyin birinchi bor ro‘y berdi. Osiyodagi Hang Seng va Nikkei 225 indekslari, tegishlicha, 2,42% va 3,67%ga tushib ketdi.[32]

 

Deloitte kompaniyasi tuzgan grafikdan ko‘rinadiki, yevropa bozorlari fevral oxiridan to mart oxirigacha eng kuchli qulashga duch kelgan, so‘ngra o‘sish va vaziyat barqarorlashuvi tendensiyasi yuzaga kelgan.

ING Groupga ko‘ra, may boshiga kelib bozorlardagi vaziyat nisbiy optimizm uchun zamin yaratdi. COVID-19 pandemiyasi cho‘qqisi davrida yo‘qotilgan bozor qiymatining qariyb yarmi qoplandi. MSCI World All Country indeksi mart oxiriga nisbatan 27%ga o‘sdi va endi bozor ishtirokchilarini narx tubiga yetildimi yoki bozorlarning yangi qulashining ehtimoli bormi, degan savol qiynamoqda. Indeksning prognozlanayotgan foydasi 28%dan 20%ga tushdi. 2008 yil inqirozidan olingan tajribani inobatga olib (bozor o‘shanda qator falstartlar ko‘rsatgandi), qat’iy asosga ega optimistik prognozlar haqida gapirish qiyin. Tahlilichilar bir narsaga amindirlar: kompaniyalar dadil prognozlar qila olmasliklari tufayli, joriy moliya yili daromad, pul oqimi va sof foyda kabi ko‘rsatkichlarga kamroq ta’sir va qarz majburiyatlarini so‘ndirish muddatlariga hamda foizlarni qoplash koeffitsientlariga yuqori qiziqish bilan taniladi.[33]

2020 yil 1 yanvardan 3 maygacha bo‘lgan davrda Amerika kompaniyalari korporativ obligatsiyalari rekord miqdorda chiqarildi. Bir hisobda bu AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va pandemiya ta’sirini yumshatish uchun ishlab chiqqan chora-tadbirlar paketi bilan rag‘batlantirilgan. FZT aprel boshida korporativ qarz majburiyatlarini, jumladan «aybsiz aybdorlar» (mart inqirozi oqibatida investitsion reytingning quyi pozitsiyalariga tushib qolgan kompaniyalar)dan sotib olishi haqida e’lon qildi.[34] Shu tariqa, Apple, $8 mlrd. lik qarzlarini yopish uchun $8,5 mlrd.lik obligatsiyalarni sotdi. Starbucks qarz majburiyatlarini sotish hajmi esa, $3 mlrd.ni tashkil qildi.[35] Bu vaqtda Boeing, taxminan $25 mlrd.ga teng summadagi obligatsiyalarini sotib, unga AQSh hukumati yordami boshqa kerak emasligini e’lon qildi.[36] FZTning strategiyasi bozor likvidligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa-da (masalan, iShares iBoxx USD Investment Grade Corporate Bond kabi obligatsiyalar FZT harakatlari oqibatida investorlar uchun ko‘proq jozibali ko‘rina boshladi), kompaniyalar qarz mablag‘lari ulushining kattalashishi evaziga o‘smoqdalar, chunki qarzlari oshmoqda, foyda esa kamaymoqda. Investorlarning korporativ obligatsiyalarga nisbatan ehtiyotkorona yondashuvi shu bilan izohlanadi, ularning o‘sishi, g‘aznachilik obligatsiyalarining 8,9%ga o‘sishi barobarida, 1,4%ni tashkil qildi.[37]

Pandemiyaning teskari tomoni

 Ishsizlik o‘sishi, qashshoqlik ortishi, sanoat qisqarishi va turizmning «koma»ga tushishi barobarida, COVID-19 bilan bog‘liq yangi voqyelik ayrim ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Inqirozdan ancha oldin ko‘plab mamlakatlar va kompaniyalar raqamli transformatsiya dasturlari bilan shug‘ullangandilar. O‘shanda diskretsion, alohida olingandek ko‘ringan o‘zgarishlar endi ortga qoldirib bo‘lmaydigan ustuvorlikka aylandi. Natijada, koronavirus epidemiyasi sharoitida hukumatlar shoshilinch ravishda raqamli texnologiyalarga o‘tmoqdalar. Chunonchi, 8 aprelga kelib BMTning 193 ta a’zo-mamlakatining 86%i o‘z hukumatlari veb-saytlarida COVID-19 to‘g‘risidagi axborot va tavsiyalarni joyladilar.[38] 154 ta mamlakat hukumatlari COVID-19 pandemiyasi tarqalishini cheklashga urinib o‘quv muassasalarini vaqtinchalik yopganlari sababli, ko‘plab o‘quv muassasalari ta’limni masofadan davom ettirmoqdalar va bunda ham sodda, ham ilg‘or texnologiyalardan, jumladan radio, televidenie, matnli xabarlar, mobil ilovalar, onlan-platformalar, mobil botlar, bulutli texnologiyalar va hatto, sun’iy intellektdan foydalanmoqdalar. Chunonchi, qo‘shni Qirg‘izistonda boshlang‘ich va o‘rta sinflar o‘quvchilari asosiy fanlarni ikkita televizion kanal hamda mobil ilova orqali o‘rganishda davom etmoqdalar.[39] Xitoyda aksariyati sun’iy intellekt yordamida yaratilgan 22 ta onlayn-kurs platformasi boshlang‘ich va o‘rta ta’lim muassasalarining bepul onlayn-kurslaridan foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Rossiyada, masofadan o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalar foydalanishi uchun ochiq bir necha onlayn-platforma ishga tushirilgan – Rus onlayn-maktabi, Yandex.textbook, Teach.ru, Yaklass. Rossiya IT-kompaniyalari ham ta’limning masofaviy tizimini qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Masalan, Mail. ru onlayn-o‘qitish uchun o‘z platformasidan foydalanishni ochdi. Yandeks 5-11sinflar o‘quvchilari uchun video-darslar taqdim etmoqda, GeekBrains esa, o‘z dasturlash kurslarini bepul ochiq qilib qo‘ydi. Ilm-fan va oliy ta’lim vazirligi YouTube kanalida muntazam ravishda onlayn-translyasiyalar o‘tkazmoqda va universitetlar uchun vebinarlar tashkil qilmoqda.

Butun dunyodagi biznes-rahbarlar o‘z biznes-modellarini o‘zgartirmoqdalar, ularni o‘zini ihotalash va ijtimoiy masofalanish talablariga moslashtirmoqdalar. Ihotalash mandatiga muvofiq, birlamchi ahamiyatga ega bo‘lmagan mahsulotni bozorga olib chiquvchi ko‘plab chakana savdo korxonalari do‘konlarini yopishga majbur bo‘lganliklari sababli, elektron tijoratga talab ortdi. Elektron tijorat har doim unumdorlikda oddiy do‘konlar va savdo maydonchalaridan orqada qolardi, ammo epidemiya davrida tamomila aks holat kuzatildi.

Navbatdagi xarita Emarsys tashabbusiga ko‘ra, GoodData bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan COVID-19 Commerce Insight xaritasi bo‘lib, u onlayn-tranzaksiyalarning yillik o‘sish sur’atini, aynan olganda, oxirgi 7 kun ichida chakana savdoning onlayn-faolligini bir yil oldingi, COVID-19 avj olishidan oldingi ushbu davrga nisbatida namoyish etadi.

 

Chunonchi, epidemiya natijasida, chakana savdo korxonalarining onlayn-faolligidan tushum o‘sishi AQShda 92%, Kanadada 176%, Buyuk Britaniyada 93%, Rossiyada 152%, Qozog‘istonda 8%ni tashkil qildi. Xitoy, aksincha, chakana savdo korxonalarining onlayn-faolligidan daromadning kamayishiga duch keldi – u o‘tgan yildagi shunday ko‘rsatkichga nisbatan 18%ga past bo‘ldi.

Virtual uchrashuvlardan boshlab, avtomatizatsiyalangan fabrikalar va dronlarda yetkazib berishgacha, onlayn-xizmatlar tobora ko‘proq tarmoqlar va faoliyat yo‘nalishlarini qamrab olib, yanada katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.[40] Natijada, xodimlarning salmoqli qismi virtual xususiy tarmoqlar (VPN), Internet orqali ovozli aloqa protokollari (VoIP), virtual uchrashuvlar, bulutli texnologiyalar, birgalikda ishlash vositalari va hatto, shaxsni tanish texnologiyalari (ular uyning maxfiyligini saqlab qolish uchun virtual fon oldida namoyon bo‘lish imkonini beradi) orqali yordamida masofadan ishlamoqda.[41]

COVID-19 epidemiyasi ko‘plab korxonalar, sport klublari, teatrlar, muzeylar va ko‘ngil ochish muassasalari faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, insoniyat o‘z hayotini onlayn-rejimga o‘tkazish uchun o‘zida ishtiyoq va ijodkorlik topa oldi. Chunonchi, Buyuk Britaniyada sport zallari eshiklarini yopishga majbur bo‘lganlariga qaramay, bu Pure Gym sport klublari tarmog‘iga o‘z mijozlariga onlayn-mashg‘ulotlarni taklif etishiga halaqit bermadi.[42]

Koronavirus epidemiyasi tufayli madaniy dasturni chetga surib qo‘yish yaramaydi. Muzeylar va teatr tomoshalariga tashriflarni onlayn-rejimda amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Chunonchi, siz Metropoliten muzeyiga, Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyiga, Florensiyadagi Uffitsi galereyasiga, Amsterdamdagi Van-Gog va Kalust Gyulbenkyan muzeyi va Lissabondagi muzeyga Google’s Arts & Culture plaftormasi yordamida bora olasiz.[43] Toj Mahal, Versal saroyi, Giza piramidalari va Kolizeyni Google’s Arts & Culturening Street View xizmatidan foydalanib o‘rganishingiz mumkin.[44] Davlat Ermitaji ham virtual tashrif imkoniyatini taqdim etmoqda.[45]

Tungi hayot ham chetda qolmadi. Xitoydagi klublar ishtiyoqmandlari «TikTok»da «bulutli oqshom»larda yig‘iladilar, chunki karantin ularga real hayotda klublarda to‘planishga imkon bermaydi.[46] Xitoydagi tungi klublar dijey-setlarni translyasiya qiladi, tinglovchilar esa, uyda o‘tirib o‘zlarini klubda deb his qilishlari, sharhlashlari va musiqa ostida raqs tushishlari mumkin. Bu onlayn-translyasiyalar nihoyatda mashhur bo‘lib, ko‘plab klublarga minglab dollar ishlab topish imkonini beradi.

Hatto to‘ylar onlayn-makonga ko‘chib o‘tdi. Chunonchi, Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo, koronavirus tarqalishidan chetlanish uchun, kelin-kuyovlarga onlayn-to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berdi.[47] Avvallari, nikoh haqida guvohnoma olish uchun kelin-kuyovlarning ishtiroki majburiy edi. Hindistonda to‘ylar koronavirus epidemiyasi sababli tadbirda qatnasha olmaydigan mehmonlarga onlayn-translyasiya qilingan holda o‘tkazilmoqda.[48]

Va nihoyat, global iqtisodiyotni «dam olish»ga chiqarib yuborgan ommaviy karantin, endi ma’lum bo‘lishicha, ayrim mamlakatlarda havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatibdi. Reuters xalqaro yangiliklar agentligi NASA global modellashtirish va assimilyasiya guruhi ma’lumotlariga asoslangan vizualizatsiyani taqdim qildi.49 Unda ihotalash natijasida Xitoy, Koreya Respublikasi, Italiya va Hindistonda havodagi ayrim zararli moddalar konsentratsiyasi keskin kamayganligi namoyon bo‘lmoqda. Shu tariqa, jadallashgan raqamli transformatsiya, elektron tijorat va biz oldinlari o‘ylab ham ko‘rmaganimiz onlayn-xizmatlar o‘sishidan tashqari, COVID-19 ba’zi mamlakatlarga ular yillar davomida mahrum bo‘lganlari – toza havoni olib keldi.

 

«2008 yildagi moliyaviy inqiroz avtomobil to‘qnashuvining sekinlashtirilgan kadrlariga o‘xshagandi. Bu inqiroz esa chaqmoq singari ro‘y berdi. Qars – va tamom!» Adam Lollos, Citigroup Inc qisqa muddatli kreditlar bo‘limi boshlig‘i

 

[1]  Бу кўрсаткичлар катта ноаниқликка эга: биринчи чорак учун ишчи кучини ўрганиш айрим мамлакатларда тўлиқ бўлса, бошқа мамлакатларда чала бўлади, кўпчилик мамлакатларда эса, умуман бўлмайди.

[2]  Жаҳон туризм ва саёҳатлар кенгаши (WCTT), 2020

[3]  BBC, 2020 https://www.bbc.com/news/ business-51706225

[4]  Жаҳон туризм ташкилоти (UNWTO), 2020 https:// www.unwto.org/news/covid-19-international-touristnumberscould-fall-60-80-in-2020

[5]  Жаҳон туризми барометри 2020, Жаҳон туризм ташкилоти (UNWTO)

[6]  Европа парламент тадқиқот хизмати, 2020 https://www.europarl.europa.eu

[7]  Жон Хопкинс университети

[8]  Жаҳон Туризми барометри 2020, Жаҳон туризм ташкилоти (UNWTO)

[9]   Халқаро меҳнат ташкилоти, 2020 https://www.ilo.org

[10]  https://www.middleeastmonitor.com

[11]  Халқаро меҳнат ташкилоти, 2020 https://www.ilo.org

[12] Жаҳон иқтисодий форуми, 2020 https://www.weforum.org

[13] Халқаро меҳнат ташкилоти, 2020 https://www.ilo.org

[14] https://www.middleeastmonitor.com

[15] BBC, 2020 https://www.bbc.com

[16]  Sneci.com, 2020 https://www.sneci.com/coronavirus-and-the-automotive-marketwhat-

are-the-implications/

[17]  Journal of Biology and Today’s World, 2020 https://www.lexispublisher.com/articles/

covid19-and-its-global-impact-on-food-and-agriculture.pdf

[18]  Mining Weekly, 2020 https://www.miningweekly.com/article/miners-shut-perumines-

to-comply-with-15-day-national-quarantine-2020-03-17

[19] The Conversation, 2020 https://theconversation.com

[20] Mining.com, 2020 https://www.mining.com

[21] GMK, 2020, https://gmk.center

[22] MetalMiner.com, 2020 https://agmetalminer.com

[23] Reuters, 2020 https://www.reuters.com

[24] https://www.visualcapitalist.com

[25] https://www.reuters.com

[26] https://oilprice.com

[27] https://www.cnbc.com

[28] https://www.rystadenergy.com

[29] https://www.reuters.com

[30] Халқаро энергетика агентлиги, 2019 https://www.eia.gov

[31] Нефть бозори ҳисоботи: апрель 2020, Халқаро энергетика агентлиги https://www.iea.org/reports/oil-marketreportapril-2020

[32] The Conversation, 2020 https://theconversation. com/the-impact-of-coronavirus-on-the-financialmarkets-133183

[33] ING, 2020 https://www.ing.be/en/retail/my-news/ economy/impact-coronavirus-on-stockmarkets

[34] US news, 2020 https://money.usnews.com

[35] Market Watch, 2020 https://www.marketwatch.com

[36] MSN, 2020 https://www.msn.com

[37] MSN, 2020 https://www.msn.com

[38] БМТ Иқтисодий ва ижтимоий масалалар департаментининг таҳлилий хабарномаси №61, 2020 https://www.un.org

[39] Мамлакатлар COVID-19 пандемияси даврида таълимда масофавий ўқишнинг ҳаммабоплигини қўллаб-қувватлаш учун технологиялардан қандай фойдаланадилар (жумладан онлайн-таълим, радио, телевидение, матнли хабарлар) Жаҳон банки, 2020 https://www.worldbank.org

[40] https://theprint.in

[41] Жаҳон иқтисодий форуми, 2020 https://www.weforum.org

[42] https://www.mobihealthnews.com

[43] https://artsandculture.google.com/

[44] https://artsandculture.google.com/project/street-view

[45] https://hermitagemuseum.org

[46] https://www.businessinsider.com

[47] https://www.governor.ny.gov

[48] https://www.thehindu.com 49 Reuters,2020 https://graphics.reuters.com

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *