Nemseva Nina Borisovna (1926–yil 12–dekabr)
Nina Borisovna Nemseva – arxeolog, mashhur Markaziy osiyolik medievist-tadqiqotchi, tarix fanlari nomzodi.
M.Ye. Masson va G.P. Pugachenkova shogirdi. 1950-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (tarix fakulteti, arxeologiya kafedrasi)ni tamomlagan. O‘rta asrlarga oid me’moriy-arxeologik osori atiqalarni o‘rgangan.
Butun ijodiy hayoti Markaziy Osiyodagi O‘rta asrlar moddiy madaniyati va san’ati yodgorliklarini o‘rganishga bag‘ishlandi. Tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishi – me’moriy-arxeologik yodgorliklar. O‘zbekistondagi yirik me’moriy majmualarda va alohida ob’ektlarda ko‘p yillik arxeologik tadqiqotlar olib bordi. Eng yirik ishlar Samarqandda (Shohi Zinda majmuasi, Afrosiyob manzilgohi), Buxoro shahri va Buxoro viloyatida (Raboti Malik, Sayfuddin Baxarziy xonaqosi), Termiz yaqinida (Ilk O‘rta asrlarga oid qo‘rg‘on va Bobotepa qal’asi).
Shuningdek, Tojikistonda (respublika janubidagi Xo‘ja Mashad maqbara-xonaqosi, O‘ratepadagi Ko‘k gumbaz masjidi, Muslihiddin maqbarasi) va Janubiy Qozog‘istonda (Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy maqbara-xonaqosi) arxeologik tadqiqotlar o‘tkazgan.
Nina Borisovna beshta kitob, bir nechta broshura, 150 ta atrofida ilmiy maqola muallifi, ular Toshkent, Samarqand, Almati, Ashxobod, Moskva, Sankt-Peterburg, London, Berlin, Parij, Rimda chop etilgan. Rossiya (Moskva, Leningrad) Ukraina (Kiev), Armaniston (Yerevan), Gruziya (Tbilisi), Fransiya (Parij, Bordo), Yaponiya (Nara, Tokio), Ispaniya (Kordoba) va Markaziy Osiyo respublikalarida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda qatnashgan.
Luvr Sharqiy bo‘limi (Parij, Fransiya – 1999 y.) taklifiga ko‘ra, Markaziy Osiyo me’moriy yodgorliklari bo‘yicha ma’ruza bilan chiqish qilgan.
Bugungi kunda Nina Borisovna Nemseva faol ijodiy mehnatni davom ettirmoqda: ilmiy loyihalar ustida ishlamoqda, konferensiyalarda qatnashmoqda, ilmiy maqolalar va kitoblar chop etmoqda.
2003-yilda N.B. Nemsevaning “Sayfiddin Baxarziyning Buxorodagi xonaqosi (me’moriy majmua tarixi)” kitobi chop etildi.
2009-yilda “Raboti Malik XI-XVIII asrlar (arxeologik tadqiqotlar)” kitobi chiqdi.
Hozirgi kunda “Shohi Zinda majmuasi: tarix–arxeologiya–arxitektura” kitobi bosmadan chiqmoqda.
Mahmudova Naima Mahmudovna (1928–yil – 2017–yil 7–iyun)
Mahmudova Naima Mahmudovna – vrach, davlat va jamoat arbobi.
Naima Mahmudovna Mahmudova 1928-yil 10-avgustda Toshkentda, o‘zbek shoiri Botu (Mahmud Xodiev) oilasida tug‘ildi.
1951-yilda Davlat Toshkent tibbiyot institutini tamomladi.
1958-yilga qadar Urgut tuman sanepidstansiyasi bosh vrachi bo‘lib ishladi. Keyin, 1958-yildan 1963-yilga qadar – Samarqand viloyati sanepidstansiyasi bosh vrachi bo‘ldi. 1963-yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keldi.
1963-1971-yillarda O‘zbekiston SSR Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 1971-1977-yillarda – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Kengashi raisining o‘rinbosari, 1977-1986-yillarda – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Kengashi raisi.
1968-yilda “O‘zbekistonda davolashning tarixiy rivojlanishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1975-yilda “O‘zbekistonda bolalar serebral falajligiga ega kasallarning tibbiy reabilitatsiyasi va ijtimoiy moslashuvini tashkil etish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1986-2000 -yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti ijtimoiy gigiyena kafedrasini (1997-yildan – “Umumiy gigiyena, ijtimoiy gigiyena va sog‘liqni saqlashni tashkil qilish” kafedrasini) boshqardi. 2000-yildan keyin ushbu kafedra professor-maslahatchisi bo‘lib ishladi.
Kostikova Galina Aleksandrovna (1938–yil – 2017–yil 2–oktabr)
Galina Aleksandrovna 1938-yilda tavallud topgan va uzoq yillar davomida “Tashkentskaya Pravda” gazetasining mas’ul kotibi bo‘lib ishladi. O‘tgan davrlarni mulohaza qilib, u eng mas’uliyatli va eng talabchan kotib bo‘lgan deb aniq aytish mumkin. Galina Aleksandrovna “Biznes-vestnik Vostoka” haftaligini tashkil etdi, uning birinchi bosh muharriri bo‘ldi. Shuningdek u bolalar uchun o‘z yo‘nalishi bo‘yicha noyob bo‘lgan “Класс” gazetasini ochdi va tahrir qildi. Keyinchalik “Tasvir” jurnalini boshqardi, keyinroq “Здравствуйте” jurnali kontentini va materiallar qoidalarini shakllantirdi.
G‘ayratli, irodali bu inson, yoshi kattaligiga qaramay, ommaviy axborot vositalari rivojlanishining tendensiyalaridagi eng kichik o‘zgarishlarni ham payqardi, har gal hamkasblarga nimadir butkul yangi va g‘ayrioddiy narsa yaratishni taklif qilardi. Yoshroq, lekin bunday g‘ayrat nasib qilmagan hamkasblar uni hurmat bilan tinglashar va… odatda ish shu bilan yakun topardi.
Galina Aleksandrovna kechirilmas darajada vaqtli tug‘ilib qolganligiga, uning qobiliyatlarini to‘laqonli ochishga imkon beruvchi yangi voqeliklar achinarli darajada kech yuzaga chiqqaniga amin edi.
2017-yil 2-oktabrda O‘zbekiston jurnalisti Galina Aleksandrovna Kostikova yo‘l harakati hodisasiga uchrab hayotdan ko‘z yumdi. Galina Aleksandrovna Kostikova salkam 80 yil umr ko‘rdi.
Ilina Tatyana Georgiyevna (1920-yil 26-iyun – 2003-yil 12-oktabr)
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” Ilina Tatyana Georgiyevna – tibbiyot fanlari doktori, professor, Toshkent davlat tibbiyot instituti ko‘z kasalliklari kafedrasi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi.
Toshkentda, keyinchalik O‘rta Osiyo davlat universiteti deb atalgan Turkiston davlat universitetining asoschilaridan biri – professor-jarroh G.A. Ilin oilasida tug‘ilgan. 1935-yilda universitetning tibbiyot fakulteti bazasida Toshkent tibbiyot instituti tashkil etildi. Bu institutni T.G. Ilina 1942-yilda tamomladi va kafedrada ordinator, assistent, dotsent, professor bo‘lib ishladi.
Ikkinchi Jahon urushi davrida Tatyana Georgiyevna Toshkentga evakuatsiya qilingan Ko‘z kasalliklari va to‘qimali terapiya institutida akademik V.P. Filatov qo‘l ostida stajirovkadan o‘tdi.
Ko‘p yillar davomida vrachlik va pedagoglik faoliyati bilan barobar ravishda respublikada traxomaga chalingan kasallarni aniqlash va davolash bo‘yicha katta profilaktika ishlarini ham amalga oshirdi. 1956-yilda u “Brutsellyozga chalingan bemorlarda so‘qir dog‘” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Keyingi yillarda uning ilmiy qiziqishlari O‘zbekistonda glaukoma diagnostikasi, profilaktikasi va uni davolash bilan bog‘liq bo‘ldi. Uning faoliyati natijasida respublikaning barcha viloyatlarida 17 ta ixtisoslashgan vrachlik glaukomatoz kabineti ochildi.
T.G. Ilina tadqiqotlari kuchli zilzilaning stressli omillarining uzoq (6 oylik) ta’siriga uchragan kasallarda glaukoma kechishining diagnostikasi va xarakterining aniqlanishiga ham bag‘ishlandi (Toshkent, 1966-yil).
Ushbu noyob tadqiqotlarda qo‘lga kiritilgan natijalar “O‘zbekistonda glaukomaga chalingan kasallarning dispanserizatsiyasi va uning patogenezining ayrim masalalari” mavzusidagi doktorlik disertatsiyasida bayon etildi, uni 1971-yilda himoya qiladi, opponenti akademik N.A. Puchkovskaya bo‘lgan.
Professor T.G. Ilina oftalmologiya sohasidagi 150 dan ziyod bosma ishlar, kashfiyotlar va ratsionalizatorlik takliflarining muallifi. Uning rahbarligi ostida 18 ta nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yoqlandi, 50 dan ortiq klinik ordinatorlari tayyorlandi. U ajoyib jarroh-oftalmolog edi.
U plastik jarrohlikning yangi uslublarini, katarakta, glaukoma, to‘r parda ko‘chishi bo‘yicha operatsiyalarning, ko‘zdagi revaskulyarizatsiyaviy aralashuvlarning yangi uslubiyotlarini ishlab chiqdi.
Uzoq yillar davomida professor T.G. Ilina Butunrossiya oftalmologlar ilmiy jamiyati boshqaruvining a’zosi, O‘zbekiston oftalmologlar ilmiy jamiyati raisining o‘rinbosari bo‘ldi, 11 yil davomida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziriligi shtatdan tashqari bosh oftalmologi lavozimini egallagan.
Vladimirova Ninel Vasilyevna (1928-yil 24-aprel – 2009-yil)
Ninel Vasilyevna Vladimirova – filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor. “O‘zbek sovet adabiyoti tarixi”ning bir jildli Moskva va besh jildli Toshkent nashrini tayyorlashda, Oybekning yigirma jildli “To‘liq asarlar to‘plami”ni tayyorlashda faol qatnashdi, buning uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘ldi.
N.V. Vladimirova 1928-yil 24-aprelda Ukraina, Nikolayev shahrida tug‘ilgan. Urush boshlanganda u 13 yoshda edi. Dahshatli urush to‘lqini Vladimirovlar oilasini uzoq va issiq Qatortol qishlog‘iga itqitib yubordi, o‘sha paytlarda u Toshkent viloyatiga qarar edi. Qishloqliklar Vladimirovlar – ona va ikki qizni mehmondo‘stlik bilan qabul qildilar. Nila (oilada uni shunday chaqirishardi) o‘zbek tili, urf-odatlar va an’analarini tezda o‘zlashtirib oldi, o‘zbek qishlog‘idagi tengdoshlari bilan birga o‘qidi, o‘ynadi, kuyladi va raqs tushdi. «Bayram kunlari, institutdagi do‘stlarimizning birortasi uyida to‘planganimizda uni raqsga taklif qilardik, shunda u “Dilxiroj”ni qo‘yishni so‘rardi, ushbu musiqa ostida ohista suza boshlardi va u o‘zi uchun qadrli hamda ramziy ma’noga ega musiqadan lazzat olayotgani ko‘rinib turardi», — deb eslashadi dugonalari.
1945-yil, G‘alaba yilida N.V. Vladimirova O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Fakultetni tamomlagach, Til va adabiyot institutiga, lug‘atlar sektoriga kichik ilmiy xodim bo‘lib ishga joylashdi. Bir jildli va uch jildli “Rus-o‘zbek lug‘ati”ni tayyorlashda qatnashdi, “Rus tilidan o‘zbek tiliga badiiy tarjima qilishning ayrim masalalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishladi.
1952-yilda Moskvada o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasi o‘tkazildi. Ushbu mas’uliyatli va qatnashchilari uchun quvonchli, nafaqat adiblar, balki tarjimonlar va adabiyotshunoslarning ham faol ishtirokini talab qiluvchi o‘zbek madaniyati bayramiga tayyorgarlik munosabati bilan N.V. Vladimirova sovet davri o‘zbek adabiyoti bo‘limiga o‘tkazildi. O‘zbek tilini ajoyib darajada bilgan holda, u “O‘zbek adabiyoti klassikasi” seriyasidan o‘nta kitobni chop etishda faol qatnashdi. Satrosti tarjimalarni tayyorlash jarayonida N.V. Vladimirova sharqona nazokatli uslub va badiiy asarlar tarjimoni o‘laroq katta tajribaga ega bo‘ldi.
1958-yilda N.V. Vladimirova nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va badiiy tarjima muammolariga bag‘ishlangan o‘zining birinchi ilmiy monografiyasini chop etdi. Yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlarkan, u nashrga tayyorlanayotgan “O‘zbek sovet adabiyoti ocherklari”da bevosita qatnashdi, “Oydin ijodi” (1953) va “Zafar Diyor ijodi” (1954) broshuralarini chop etdi. 50- yillarning ikkinchi yarmidan boshlab esa, o‘zbek hikoyanavisligi tiklanishi, shakllanishi va rivojlanishi muammolarini o‘rganishga bor kuchi va ma’naviy g‘ayratini bag‘ishlaydi. Uning “O‘zbek sovet hikoyasi”, “Qahramonning shakllanishi” (ikkalasi – M. Sultonova bilan birga), “O‘zbek hikoyalarida g‘oyalar va obrazlar”, “O‘zbek sovet adabiyotida hikoya janrining rivoji” asarlari, “Said Ahmad mahorati” monografiyasi, shuningdek “So‘zdan – kitobga” maqolalar to‘plami (1988) o‘zbek adabiyoti janrlari nazariyasi va tarixini o‘rganishda muhim hissa bo‘ldi. 1988-yilda, “O‘zbek sovet adabiyotida hikoya janrining rivojlanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, u O‘zbekistonning mashhur adabiyotshunos olimlari qatoridan munosib joy oldi.
50- yillardan boshlab N.V. Vladimirova tarjimon sifatida nafaqat katta avlod, balki yosh adiblar hikoyalariga ham e’tibor berdi. U birdek mehr bilan Cho‘lpon va Fitratni, G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhorni, Said Ahmad va O‘tkir Hoshimovni, Shukur Xolmirzaev va Olim Otaxonovni tarjima qilardi. N.V. Viladimirova tarjima qilgan o‘zbek novellistlarining eng yaxshi asarlari “Anor” nomli o‘zbek hikoyalari antologiyasini yuzaga keltirdi. Kichik prozadan tashqari, uning tomonidan Mirzakalon Ismoiliyning “Farg‘ona tong otguncha” romani, Mirmuhsinning “Me’mor”, Said Ahmadning “Ufq”, Ulug‘bek Hamdamning “Isyon va iztirob” asarlari rus tiliga tarjima qilindi. Ushbu mehnatlarning ulkanligi va tarjimalarning yuqori sifati N.V. Vladimirovaning sobiq ittifoq makonida o‘zbek adabiyotining atoqli tarjimoni va ommalashtiruvchisi bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Ra’no Axatovna Ubaydullaeva (1936 – 2020)
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi
UR Milliy Fanlar akademiyasi akademigi
“Ijtimoiy fikr” Jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori (2003 й.).
Iqtisodiyot instituti bo‘lim mudiri (2003 й.).
“Mehnat Shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan (18.12.2003).
Muallifligidagi kitob: Вклад женщин в ускорение социально-экономического развития., Ташкент, О-во “Знание” УзССР, 1987, 19 страниц.