Markaz nisbatan yaqinda ochilgan bo‘lsa ham, bugungi kunga kelib uning hisobida yetarlicha jiddiy ilmiy yutuqlar va kelgusi rivojlanish istiqbollari mavjud. Chunonchi, markaz xodimlari tomonidan chet el nashrlarida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi (bu nashrlarning 29 tasi xalqaro iqtiboslar ro‘yxatiga kiritilgan, ular sirasida Nature, Nature communications, Scientific reports kabi yetakchi ilmiy jurnallar ham mavjud), 1 ta ilmiy ishlanma, 7 ta o‘quv nashri tayyorlandi, 12 ta ilmiy loyiha yakunlandi (jumladan, 1 ta xalqaro miqyosda) va 15 tasi amalga oshirilmoqda.

Xususan, Geofizika va nanomineralogiya laboratoriyasi tomonidan O‘zR Prezidentining 2018 yil

04 dekabrdagi 4048-son «O‘zR hududida atom elektr stansiyasini qurishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi»dagi Qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida seysmologik, seysmorazvedka va elektrorazvedka dala tadqiqotlari amalga oshirildi. Laboratoriya xodimlari suv omborlari kabi yirik muhandislik inshootlarining seysmik ko‘rsatkichlarining doimiy monitoringi uchun yo‘l-yo‘riqlarni ishlab chiqdilar.

Shu bilan birga, fizik-kimyoviy tadqiqotlar laboratoriyasida golografik mikroskop ishlab chiqildi va patentlandi.

Xitoylik olimlar bilan hamkorlikda yuksak terapevtik salohiyatga ega rekombinant peptid hosil qilindi. Gibrid DNKdan foydalanib, kerakli oqsillarni turli mikroorganizmlarda ishlab chiqarish imkonini beruvchi gen injeneriyasi yordamida olingan oqsillar

va peptidlar (kamroq molekulyar massaga ega aminokislotalardan tashkil topgan molekulalar) rekombinantlar deb ataladi.

Markazning bir guruh xodimlari tomonidan, tayyorlov bosqichi doirasida, teri qoplamalarining turli nuqsonlarini davolash va tiklash uchun to‘qima injeneriyasi konstruksiyalarini ishlab chiqish maqsadida biriktiruvchi to‘qimalar (teri fibroblastlari) hujayralarini ajratish, yetishtirish va kriosaqlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilmoqda.

Geofizika va nanomineralogiya laboratoriyasida yer ostidagi tarixiy ob’ektlarni aniqlash va uch o‘lchamli tasvirini olish uslubi ishlab chiqildi. Birinchi bor ushbu uslub o‘tgan yil yozida yaqinda aniqlangan arxeologik ob’ektlardan biridagi qazilmalarda sinovdan o‘tkazildi.

Italiyalik hamkasblar bilan birgalikda vertikal integratsiyalangan fotogalvanik elementli «Smart Totem» ko‘pfunksiyali yoritish uskunasi ishlab chiqildi, uning imkoniyatlari kishini hayratga soladi – u ham WiFi manbai, ham elektr energiya akkumulyatori, ham axborot manbai bo‘lish va ko‘plab boshqa funksiyalarga ega. Markaz olimlari ushbu texnologiyani «Aqlli shahar» tizimiga integratsiyalashni rejalashtirmoqdalar.

Markaz fiziklari, qudratli lazer nuri yordamida mikron membranalarini olishlari mumkin, ular ham mashinasozlikda, ham tibbiyotda qo‘llaniladi.

Markaz biotexnologlari tomonidan genetik va klinik-biokimyoviy tahlil uchun test-to‘plamlar (20 ta genetik test va 6 ta klinik-biokimyoviy test) ishlab chiqilgan va ilk to‘plamlarni tajriba-sanoat ishlab chiqarish uchastkasi bazasida ishlab chiqarish tashkil etildi.

Kopengagen universitetidagi hamkasblar bilan birgalikda Markaz «Food Science» respublika ilmiy-ta’limiy klasterini tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda, u ta’lim, ilm-fan va oziq-ovqat sanoatini ta’lim jarayonini modernizatsiyalash va xalqaro standartlarga muvofiq yosh mutaxassislarni tayyorlash orqali birlashtiradi.

Shuningdek, markaz Tana hujayralari milliy banki, insonning turli a’zolari va to‘qimalaridan (jumladan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning kindik qonidan) ajratib olingan tana hujayralarini yetishtirish, muzlatish va uzoq, amalda cheklanmagan muddatga saqlash bo‘yicha majmua yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. U onkologik kasalliklar, BSF, diabet, ateroskleroz va boshqa kasalliklarni davolash uchun hujayraviy terapevtik preparatlarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, regenerativ tibbiyot, terini tiklash, jarrohlik ortopediyasi va stomatologiya uchun to‘qimalar injeneriyasi konstruksiyalarini yaratish uchun asos bo‘ladi.

«O‘zbekiston biotexnologiya tarmog‘ida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash» loyihasi 2019 yil oktyabrda Islom taraqqiyot banki Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar fondi tashkil etgan tanlov (IsDB-STIF) g‘olibi bo‘ldi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad ITM kadrlar salohiyatini kuchaytirish, tayyorlanayotgan mutaxassislar darajasi (jumladan, amaliy ko‘nikmasi)ni oshirish, biotexnologik startaplar akseleratsiyasi va potensial investorlarni jalb qilish orqali, O‘zbekistonda sanoatning biotexnologiya tarmog‘i rivojlanishi uchun platforma yaratish sanaladi.

Yangi COVID-19 koronavirusining xavflilik darajasini anglagan holda va mahalliy test tizimi zarurligini inobatga olib, 2020 yil fevraldayoq Innovatsion rivojlantirish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari test tizimini ishlab chiqishga kirishdilar. Natijada, bir oydan so‘ng o‘zbek olimlari tomonidan virus genomining ikkita uchastkasining PSR uslubidagi tahliliga asoslangan samarali test tizimi ishlab chiqildi. Butun taomil 5-6 soatni qamrab oladi. Test tizimi sanitariya-epidemiologiya nazoratining maxsus laboratoriyalarida qo‘llash uchun mo‘ljallangan. Test tizimlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilgan va mahalliy bozorda realizatsiya qilinmoqda, shuningdek, ularga yaqin xorijdan katta qiziqish bildirilmoqda.

Qvant tahririyati tahlil guruhi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *