O‘zbekistonda smart-kontraktlar. U nima va qanday qo‘llaniladi
Huquqiy voqyeligimizga smart-kontraktlar tushunchasi shiddat bilan kirib kelganiga ko‘p bo‘lmadi. Ko‘pchilik bu konsepsiyani konvensional kontraktlarning raqamli hosilasi o‘laroq qabul qildi. Aslida esa, bu kontraktni raqamli o‘lchamlarda bajarishga ko‘mak beruvchi plaftorma, xolos.
O‘zbekistonda, qonunchilikda smart-kontrakt tushunchasi mavjud bo‘lmagani sababli, uning maqomi tartibga solinmay qolmoqda, holbuki bir necha qonunosti hujjatlarida ushu vositasini qo‘llash ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda smart-kontraktlar maqomi va qo‘llanishi qay ahvolda?
Smart-kontrakt – u nima?
Smart-kontraktlar – bu tom ma’nodagi shartnoma emas, balki shartnomalarni tuzish yoki bajarish uchun plaftormadir. Shartnomalarni tuzish yoki bajarish uchun kompyuterlardan foydalanish imkoniyati haqida birinchilardan bo‘lib, uzoq 1996 yildayoq Allen T. va Widdison R. so‘z yuritgan. “Kompyuterlar kontraktlar tuza oladilarmi” degan maqolasida ular kibermakonda kontraktlar tuzish imkoniyati haqida birinchi bo‘lib e’lon qilishgan.
Ilk bor 1997 yilda Szabo N. tadqiqotida smart-kontrakt tilga olingan. Tadqiqot 1997 yilda ommaviy tarmoqlarda xavfsizlikni ta’minlashga bag‘ishlangandi. Aynan ushbu tadqiqotda Szabo “smart-kontrakt” atamasini qo‘llaydi.
Perugini M.L. & Cheo P.D., dastlabki tadqiqotlaridan birida smart-kontraktlar – bu “kontraktlarning o‘zi bo‘lmay, balki onlayn-kontraktlarni ijro etish uchun kanallar” ekanligini qayd etganlar. uuru P. smart-kontraktlar yuridik kuchga ega bo‘lmay, yuridik ijro etiladigan kontraktlarni tuzish yoki bajarish uchun vositagina ekanligini ta’kidlaydi.
Texnik jihatdan, smart-kontrakt – bu kompyuter protokoli bo‘lib, u munosabatlar elementlarini shakllantiradi va unda kodlashtirilgan shartlarni, kodlashtirilgan boshlang‘ich shartlar bajarilgani singari avtomatik ravishda bajaradi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, bu kontragent kodda qayd etilgan muayyan talablarni bajarganidan keyin, jismoniy shaxs ishtirokisiz, uning majburiyatini uning o‘rniga avtomatik bajaruvchi vositadir.
Smart-kontraktlar qo‘llanilishi
Smart kontraktlar – bu, shartli ravishda, mijoz shokolad yoki ichimlik sotib olishiga asos bo‘luvchi elektron shakldagi shartnomalar emas, balki, aeroport va vokzallardagi shokolad va yaxna ichimliklar beradigan avtomatlar ekanligi tushunish muhim. Smart-kontrakt xaridor banknotani shokolad yoki ichimlik olish uchun avtomatga kiritgan paytdan ishga tushadi. Bu smart-kontraktning eng sodda misolidir. Shokolad yoki ichimliklar beruvchi avtomatlar – bular smart-kontraktlarning prototiplaridir.
O‘z egasi o‘rniga majburiyatlarni bajarish imkonini beruvchi har qanday qurilma, avtomatik ravishda, smart-kontrakt sifatida tasniflanishi mumkin.
Blokcheyn-texnologiyalar kontekstida, smart-kontraktlar markazlashmagan tartibda ishlashlari va bitimlar xafsizligini yuqoriroq darajada ta’minlashi bilan ajralib turadi.
Agar huquqiy nuqtai nazardan yondashilsa, smart-kontraktlar – bu konvensional kontraktlarni tuzish yoki bajarishni tezlashtiruvchi dasturiy ta’minotlardir. Smart-kontraktlarni odatiy kontraktlarni tartibga soluvchi huquqiy vositalar bilan boshqarib bo‘lmaydi. Smart-kontraktda, agar kontragent o‘z majburiyatini bajarmasa, uning kontrakt bo‘yicha huquqlari to u majburiyatlarini bajara boshlaguniga qadar avtomatik to‘xtatiladi.
Hatto smart-kontraktda kontraktning barcha zaruriy elementlari: oferta, aksept va mukofot mavjud bo‘lsa-da, shunga qaramay, smart-kontrakt klassik kontraktning o‘rnini bosa olmaydi. Smart-kontrakt – bu muayyan kontraktlarni bajarishni ta’minlovchi maxsus plaftormadir.
Smart-kontrakt yakuniy mahsulot sifatida emas, balki boshqa mahsulotdan foydalanish uchun asbob yoki vosita o‘laroq qabul qilinishi lozim.
Smart-kontraktlar qo‘llanilishi va afzalliklari
Smart-kontrakt huquqiy maqomining muxtasar tahlili smart-kontraktlar huquqiy vosita bo‘lib hisoblana olmasligi, ammo plaftorma o‘laroq tasniflanishi mumkinligin yaqqol ko‘rsatdi. Plaftorma sifatida smart-kontraktlarni O‘zbekistondagi ko‘plab sohalarda qo‘llash mumkin:
Mavjudligining isboti
Brendlar, patentlar, litsenziya kodlari, internet- yoki elektron manzillar mavjudligini isbotlovchi vosita. Ular patent idoralari yoki litsenziyalovchi organlar tomonidan keng qo‘llanilishi mumkin. Smart-kontraktlar ushbu tizimdagi noyob nomlarning nafaqat butligini, balki saqlanishi va xavfsizligini ham ta’minlaydi.
Mavjud emasligining isboti
Ichki ishlar tizimida shikoyatlar, jarimalar yoki sudlanganlikning mavjud emasligini isbotlash. Tizimning markazlashmaganligi bir vaqtning o‘zida bir necha nuqtalarda bir xil axborotni o‘chirish, shu tariqa, davlat fuqarolari uchun bu kabi ta’sirchan axborotning tartibliligini ta’minlash imkonini beradi.
O‘z vaqtidagi ijro isboti
Shartnoma bo‘yicha, to‘lovlar bo‘yicha yetkazmalarning o‘z vaqtidaligini, ommaviy savdolar ochilishi va yopilishining hamda moliyaviy prognozlar boshqaruvining o‘z vaqtida bo‘lganligini isbotlash. Ular davlat xaridlari, fond va tovar birjalari va pochta xizmati sohasidagi vakolatli organlar tomonidan foydalanilishi mumkin.
Hujjatlar mavjudligining isboti
Kollej yoki universitetga kirish uchun, patent olishga topshirilgan, muallif huquqlari buzilishi bo‘yicha talablar va da’vo arizalarini taqdim etish uchun berilgan hujjatlar mavjudligini isbotlash. Bu shaklda ular patent idoralari, universitetlar va kollejlar uchun foydalidir.
Shaxs identifikatsiyasining isboti
Inson shaxsini tasdiqlash, hayvonlar yoki tovarlarni identifikatsiyalash. Boshqacha aytganda, agar shaxs ko‘chmas mulk yoki kreditga tovarlar sotib olmoqchi bo‘lsa, u smart-kontraktlardan haqiqatan shunday odam muayyan joyda yashashi yoki o‘zi taqdim etayotgan davlat fuqarosi ekanligini ko‘rsata olishi uchun foydalanishi mumkin. Agar shaxs chalg‘itayotgan yoki aldayotgan bo‘lsa, smart-kontrakt avtomatik ravishda ishga tushadi va barcha bitimlarni bekor qiladi. Bunday smart-kontraktlar ayniqsa ommaviy reestrlarda, jumladan savdo reestrlari, mehmonxonalar va shifoxonalarda foydalidir.
Asarga mualliflikning isboti
Biror-bir asar yoki intellektual mulkka mualliflik maqomi o‘zgarishini nazorat qilish. Qolaversa, smart-kontrakt muayyan hujjat yoki hujjatlarda yoxud mualliflik huquqlarini himoyalashda o‘zgarishlarni kuzatib borish uchun qo‘llanilishi mumkin. Bu holatda smart-kontraktlar ommaviy reestrlar yoki patent idoralari uchun qiziqish uyg‘otadi.
Mulkka egalikning isboti
Muayyan, ko‘char yoki ko‘chmas, ushlab bo‘ladigan yoki ushlab bo‘lmaydigan mulkka egalikni isbotlash. Masalan, mulkni, kompaniyalar aksiyalarini, obligatsiyalarini, raqamli aktivlarni va kriptovalyutani boshqarish uchun dasturiy ta’minot. Bu holatda smart-kontraktlardan bank va moliya sohasida, ayniqsa fond birjalarida foydalanish maqsadga muvofiq.
Smart-kontraktlar kamchiliklari
Smart-kontraktlar sanoqli kamchiliklarga ega:
Mutaxassis bo‘lmaganlar uchun tushunarsizligi. Smart-kontrakt kodlarini tushunishda bir qator muammolar tug‘ilishi ehtimoli mavjud. Bu foydalanishda xatolarga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, ularning obro‘lariga zarar yetkazadi.
Kontrakt shartlariga nisbatan o‘zgaruvchan emaslik. Agar vaziyatlar o‘zgarsa, smart-kontraktlarni o‘zgartirish o‘ta qiyin. Ular faqat o‘zlarida mavjud buyruqlarni bajaradilar va tomonlarga ayrim shartlarni bajarmaslik uchun ixtiyor huquqini qoldirmaydi.
Markazlashmaganligi sababli moslashuvchan emaslik. Smart-kontrakt vositasida bajarilgan hyech qanday amaliyotni ortga qaytarib bo‘lmaydi, chunki bu holatda barcha taqsimlash reestrlaridagi hamma amaliyotlarni o‘zgartirib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Xulosalar
Smart-kontraktlar – bu klassik kontraktlarni tuzish yoki ular shartlarini bajarish uchun samarali vosita. Smart-kontraktlarni ko‘p sohalarda qo‘llasa bo‘ladi, ular ko‘plab tarmoqlar uchun foydali. Shu bilan birga, smart-kontraktlardan foydalanishdagi ayrim noqulayliklarni hisobga olish zarur. Shu sababli, smart-kontraktlarning soddalashtirilgan talqini O‘zbekistondagi ko‘plab sohalarda, ayniqsa, raqamli iqtisodiyotning yanada rivojlanishi hisobga olinganda, foydali bo‘lishi mumkin. Buning uchun yaxshi infratuzilma va tayyorgarlik ko‘rgan personal kerak bo‘ladi.
Axmedov Oybek