Sentyabrda o‘quv yilining boshlanishi biz o‘tgan o‘quv yilining to‘rtinchi choragidagi muammolarga yana dus kelganimizni ko‘rsatdi: onlayn ishlansinmi yo o‘quvchilar an’anaviy ta’lim shakliga qaytsinlarmi – hozirda bu masala juda nozik bo‘lib turibdi va bunda har bir variant o‘z plyus va minuslariga ega.
Bir narsa aniq bo‘ldi: hatto offlayn formatga qaytilganda ham, internet-kommunikatsiyalar va internet-resurslardan o‘quv jarayonida foydalanish imkoniyat emas, balki, pandemiyadan keyingi sharoit taqozo qiluvchi zaruratga aylanmoqda.
Ko‘plab ota-onalar bolalarining ta’limiga Internetni joriy qilishga mutlaqo qarshi bo‘lmoqdalar. Buning o‘z sabablari bor: Internet ko‘p sonli, turli-tuman tahdidlarga ega va ularga bas kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunga qaramay, ota-onalar uchun ikkita yo‘l mavjud: yo tarmoq resurslaridan foydalanishni butulay taqiqlash, yoki bolani Internet taqdim etadigan axborot serobligida to‘g‘ri ishlay olishga o‘rgatish.
Men ikkinchi variantni ma’qul sanayman, chunki Internet shunchalik keng tarqaldi va shunchalik hammabop bo‘lib qoldiki, uni taqiqlash – bu bamisoli eshikni yopish orqali to‘fonning yo‘lini to‘sishga urinishdir. Bolalar u yoki bu shaklda Internet resurslaridan foydalanishga intiladilar, binobarin, savol tug‘iladi: ular tarmoqda mutlaqo mustaqil ishlaganlari yaxshimi yoki, har qalay, nazorat ostida bo‘lganlarimi? Qolaversa, Internetda faqat tahdidlar emas, imkoniyatlar ham mavjud va bola ulardan qachondir foydalanishiga to‘g‘ri keladi.
Agar ota-onalar yoki o‘qituvchilar ta’limga internet-resurslarni joriy etishga qaror qilgan bo‘lsalar, eng avvalo xavfsizlik haqida qayg‘urish kerak bo‘ladi. Bolaning Internetda mustaqil ishlashida yuzaga keladigan tahdid turlarini men bir necha toifaga bo‘lgan bo‘lardim: bevosita bolaning jismoniy va mental salomatligiga tahdidlar va Internetning ayrim funksiyalaridan foydalanish bilan bog‘liq tahdidlar.
Birinchi toifa ichidan bolaning tarmoqdagi muloqoti bilan bog‘liq xatarlarni ajratib ko‘rsatish mumkin: suiqasd guruhlari, bolani jamoatchilikka zid yoki jinoiy harakatlarga jalb qilish, kiber-bulling va shu kabilar. Oldini olish maqsadlarida, bolani xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirish kerak, ularning asosiysi – bu shubhali kontaktlar yoki hodisalar haqida ota-onaga darhol xabar berishdir.
Dastlab, ishlashdan oldin, himoyaning ko‘plab usullaridan foydalanish mumkin: «ota-ona nazorati» ilovasi, filtrlar, bola uchun «bola akkaunti»ni ochish va sh.k. Bunda ko‘pgina bolalar, ayniqsa o‘smirlar masalaning texnik jihatlarini o‘z ota-onalaridan ko‘ra yaxshiroq tushunishlarini va ota-ona nazoratini qanday aylanib o‘tish mumkinligini bilishlarini hisobga olish kerak va shu sababli, men o‘z xavfsizlik qoidalaringizni, avvalo, o‘zingiz va farzandingiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch asosiga qurishingizni tavsiya qilardim. Bola ota-onasiga ro‘y bergan voqyea haqida xabar berishdan qo‘rqmasligi kerak, shu sababli uni siz «uning tarafdori» ekaningizga ishontirishga urinib ko‘ring.
Agar ota-ona yoki o‘qituvchi bolaga shunchaki qoidalarni sanab o‘tish bilan kifoyalanib qolmay, tahdidlar yuzaga kelishining ehtimoliy ssenariysini namoyish etsa yana ham to‘g‘riroq bo‘lardi, chunki bolalar amaliy namoyishni osonroq eslab qoladilar. Masalan, «pop-ap», ya’ni qalqib chiquvchi reklama xabarlari nimaligi va bola havolani bossa nimalar ro‘y berishini amalda ko‘rsatish mumkin. Yoki begona odam tarmoq orqali kontakt o‘rnatishga urinsa yoki biror axborotni taqdim etishni so‘raydigan bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerakligini namoyish etish kerak. Jinoyatchi bolaga yoki boshqa odamlarga qanday zarar yetkazishi mumkinligini farzandingizga tushuntiring va doimo ta’kidlang: agar bola barcha tahdidlar haqida o‘z vaqtida xabar beradigan bo‘lsa, unga nisbatan hyech qanday salbiy oqibatlar kelib chiqmaydi.
Shuningdek, nazorat qilib borishingiz haqida bolani oldindan ogohlantirib qo‘ying, bu sizning ishonchingiz qay darajada ekanligini ko‘rsatishi barobarida, bolaga nomaqbul manbalarni qiziqqanidan ochishga yo‘l qo‘ymaydi. Agar bolaning tarmoqdagi faoliyati haqida tez-tez qiziqib tursangiz, nimalarni afzal bilishini, qaysi saytlardan foydalanishi, qanday savollarga qiziqishi haqida so‘rab-surishtirib tursangiz, yordamingizni taklif qilsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Agar avfsizlik masalalari hal qilingan bo‘lsa, keyingi masala yuzaga chiqadi – internet-resurslari bilan ishlash qanchalik samarali? Bu borada o‘quvchiga ham yordam kerak bo‘ladi.
Birinchidan, bolani tahlil qilishga va ishonchli axborot manbalarini saralab olishga o‘rgatish kerak bo‘ladi. Internet bir-biriga zid va ishonchsiz axborotga to‘lib yotibdi, ko‘pchilik ularni jiddiy qabul qilishi ham bor gap. Agar siz o‘quvchiga u o‘zini qiziqtiradigan mavzu bo‘yicha axborotni topa oladigan, sinalgan resurslarni oldindan ko‘rsatsangiz, yaxshiroq bo‘ladi.
Ikkinchidan ko‘plab ota-onalar va o‘qituvchilarda axborotni qayta ishlash masalasi tashvish uyg‘otadi – Internetdan foydalanish shunchaki tayyor referat va kurs ishlarini ko‘chirib bosishdan iborat bo‘lib qolmaydimi? Aytish kerakki, bu, ko‘p jihatdan, o‘quvchi oldiga qanday vazifa qo‘yilganiga bog‘liq. Agar topshiriq mavzuni shunchaki konspekt qilib olishdan iborat bo‘lsa, har qanday holatda o‘quvchi qaerdandir ko‘chirib yozadi va u kitobdan ko‘chirilganmi yo Internetdanmi – bunisi endi ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Ta’limning yangi uslublari o‘zlashtirilgan axborotni amalda qo‘llay olish malakasi va ko‘nikmasi shakllanishiga asoslanadi. Zamonaviy ta’lim islohotlarni talab qiladi, «qo‘lda» konspekt yozishlar yoki topshiriqlarni «yodlading-aytib berding-unutding» qabilida bajarish endi standartlarga javob kelmaydi, zero keyinchalik, OTMga kirishda yoki ishga joylashishda mutlaqo boshqa ko‘nikmalar va axborotni o‘zlashtirish uslublari talab qilinadi. Bu yo‘nalishda ham biz yana islohotlar va dars berishning yangi uslublari joriy etilishi zarur ekanligiga yo‘liqamiz.
Internet o‘quv jarayonining samarali qismi bo‘lishi mumkin, chunki unda ulkan hajmda axborot mavjud, u kitoblardan va ta’limiy resurslardan nisbatan arzon foydalanishni ta’minlashi mumkin, u o‘quvchining shaxsiy qatnashuvini talab qilmaydi va unga o‘z tahsilini mustaqil rejalashtirish imkonini beradi.
Albatta, hozircha internet-resurslar an’anaviy ta’limga qo‘shimcha sifatidagina ko‘rilmoqda, ammo, yaqin kelajakda, onlayn-ta’lim ancha kengroq tarqaladi va, balki, odatiy tus oladi. Shunday ekan, axborot resurslarini o‘zlashtirish jarayoniga hozirdanoq kirishish maqsadga muvofiqdir.
Allaberdieva U., huquqshunos, biznes-trener