Burun sohasidagi amaliyotlar eng keng tarqalgan va eng murakkab estetik aralashuv sanaladi. Plastik jarrohlik tarixi aynan rinoplastikadan boshlanganligi ma’lum.
Rinoplastika — bu plastik jarrohlikning alohida yo‘nalishi bo‘lib, burundagi tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlar va deformatsiyalarni to‘g‘rilashni qamrab oladi.
Rinoplastika ikki yo‘nalishda rivojlangan – tashqi deformatsiyalarni to‘g‘rilash va me’yoriy nafas olishni ta’minlash uchun ichki tuzilmalar (oraliq devor, chig‘anoq)ni tiklash. Bu yo‘nalishlar bir-biridan alohida taraqiy etgan va faqat bir necha o‘n yil oldingina o‘zaro bog‘liqlik va uzviylik kasb etdi. Rinoplastika rivojlanishi davomida tashqi burun nuqsonlari va deformatsiyalarini ketkazishga oid estetik amaliyotlar o‘tkazish mumkin bo‘ldi. Burun qurilishidagi qo‘pol deformatsiyalardan tashqari, me’yordan ozgina chetlanishlarni tuzatish ko‘proq uchray boshladi. Bu amaliyotlarni bajarish uchun yuksak jarrohlik san’ati talab etiladi, chunki amaliyot texnikasining nomukammalligi kutilgan samaraga erishishga imkon bermaydi.
Rinoplastikaga estetik ko‘rsatmalar quyidagilardir:
• burunning egarsimonligi;
• burun qirrasida do‘nglik borligi;
• burunning skolioz shakli;
• burun uchining ilgaksimonligi;
• burun uchining o‘ta uchli yoki semizligi;
• burunning haddan tashqari uzunligi;
• burun qanotlari asimmetriyasi;
• o‘ta keng burun kovaklari.
Tabiiyki, mijozni ko‘zdan kechirishda jarroh “burunni emas, burunli odamni” ko‘rishi va tekshirishi muhim. Oldinda turgan aralashuv bilan bog‘liq psixologik masalalarni hal etishdan tashqari, plastik jarrohning vazifalariga deformatsiya tahlilini o‘tkazish ham kiradi, u deformatsiyaning lokalizatsiyasi va kattaligini, nuqsonning amaliyotdan keyingi to‘g‘rilanishining (yakuniy natija) taxminiy baholanishini o‘tkazish, burun to‘qimalari holatini aniqlash va boshqalar kiradi. Deformatsiya tahlilini o‘tkazishning qiyinligi va e’tibortalabligi rinoplastikaning alohida xususiyati – uning bir bosqichda bajarilishi bilan izohlanadi. Not?g‘ri ?tkazilgan tahlil takroriy rinoplastikaning asosiy sababi b?ladi, ularni bajarish eng tajribali jarrohlar uchun ham qiyin sanaladi.
Ko‘pgina mijozlarni amaliyotdan keyingi burun shakli qiziqtiradi. Bunda jarrohning ishida asosiy ko‘makchi mijozning fotosurati, ko‘zgu va mijozning o‘zi yoki jarroh amalga oshiradigan suratlar sanaladi. Bemorning yuzini ko‘zgu qarshisida shunday burchak ostida burish mumkinki, yon nigohi bilan u o‘z aksini ko‘ra oladi. Shu paytda jarroh, burun uchini barmoq bilan bosish, uni yuqoriga ko‘tarish yoki burun qirrasidagi ortiqcha to‘qimalarni “kesish” orqali unga bo‘lajak “yangi” shaklni ko‘rsatadi.
Estetik ko‘rsatmalarga ko‘ra rinoplastika va voyaga yetganlarda amalga oshiriladi, chunki amaliyot o‘tkazilishi davrida organizm to‘liq shakllangan bo‘lishi, mijoz esa amaliyotning mohiyatini va uning ehtimoliy oqibatlarini to‘liq anglashi lozim. Estetik ko‘rsatmalardan tashqari, funksional ko‘rsatmalar ham bo‘ladi. Bunga nafas olish bilan bog‘liq muammolar, burundagi oraliq devorning qiyshayishi va boshqa, qulay hayot kechirishga halaqit beruvchi nuqsonlar kiradi. Amaliyot davomida ular ham bartaraf etiladi.
Rinoplastikaga qarshi ko‘rsatmalar: yurak-qon tomir tizimi, jigar va buyrak kasalliklari; qandli diabet; ruhiy va onkologik kasalliklar; qon quyilishining buzilishi, tizim kollagenozlari va sh.k.
Rinoplastikaning ko‘plab turlari mavjud, ularning har biri u yoki bu xos muammoni hal qilishga qaratilgan va turli to‘qimalarni qamrab olishi mumkin.
Hozirda burun shaklini tuzatish maqsadlarida jarrohlik aralashuvining ikkita uslubi mavjud: ochiq va yopiq.
Ochiq uslub burun kovaklari va kolumella – ular orasidagi to‘siqda keyingi manipulyasiyalarni o‘tkazish uchun burun skeletining yaxshiroq vizualizatsiyasi maqsadida kesma kesishni nazarda tutadi. Rinoplastikaning barcha bosqichlari ustidan to‘liq vizual nazorat zarur bo‘lgan murakkab amaliyotlarda qo‘llaniladi. Tog‘aylarni oson olib tashlash va boshqa joyga ko‘chirish imkonini beradi.
Yopiq uslub burun kovaklaridagi kesmalar orqali jarrohlik manipulyasiyalarini amalga oshirish imkonini beradi, ular keyinchalik ko‘rinmaydi. Yopiq rinoplastika turli, jumladan mualliflik texnikalari yordamida bajarilishi mumkin.
Estetik rinoplastika turlari:
• Burun shaklini to‘g‘rilash. Burun qirrasiga to‘g‘ri shakl berish – do‘nglikni tekislash, o‘qni to‘g‘rilash. Suyak va tog‘ay to‘qimalariga ishlov beriladi.
• Burun asosining plastikasi burun kovaklari kengligini kamaytirishga qaratilgan. Amaliyotdan keyin burun asosida unchalik sezilarli bo‘lmagan chandiqlar qolishi mumkin. Amaliyot ham estetik ko‘rsatmalar bo‘yicha, ham shu sohadagi boshqa amaliyotdan keyin burunning ehtimoliy shishishini kamaytirish maqsadida bajariladi.
• Burun uchi plastikasi. Rinoplastikaning eng murakkab turi bo‘lib, mijozning tashqi ko‘rinishini butkul o‘zgartirib yuboradi va jarrohdan katta tajriba talab qiladi. Ilgaksimonlikni, qanqayishni, o‘q o‘zgarishi va burun uchining boshqa tashqi nuqsonlarini to‘g‘rilaydi.
• Kolumellani to‘g‘rilash. Kolumella – bu burun oraliq devorining teri qismi bo‘lib, amalda kovaklar o‘rtasidagi kashak vazifasini bajaradi. U juda keng yoki juda tor, cho‘zilgan yoki bo‘rtib chiqqan bo‘lishi mumkin. Nuqsonni amaliyot yo‘li bilan to‘g‘rilash mumkin.
• Augmentatsion rinoplastika. Rinoplastikaning bu turi burun nuqsonlarini burun skeleti o‘lchamlarini kattalashtirish hisobiga tuzatishga yo‘naltirilgan (odatda ikkilamchi rinoplastika holatlarida qo‘llaniladi).
• Grafting. Mijozning o‘z tog‘aylarini burunning kerakli shaklini yaratish uchun ko‘chib o‘tqazish. Tog‘ay to‘qimasi burun oraliq devoridan, quloq chig‘anog‘i yoki qovurg‘adan olinishi mumkin.
• Rinoseptoplastika. Burundan nafas olishni yengillatish, xurrak otish muammosini hal qilish uchun burun oraliq devori qiyshayishini tuzatish.
• Konxotomiya. Burundan nafas olish muammolarida gipertrofiyalangan burun chig‘anog‘i shilliq qatlamini qisman yoki butunlay olib tashlash.
• Elektrokoagulyasiya. Burun chig‘anoqlarining kichik gipertrofiyasi holatlarida burunning shilliq qatlamiga elektr toki bilan avaylab ta’sir ko‘rsatish.
Amaliyotdan keyingi reabilitatsiya xususiyatlari. Rinoplastika o‘zidan keyin burun va ko‘z atrofida biroz shish qoldiradi, ular yettinchi kun gips yechilgandan keyin tarqalib ketadi. O‘n kungacha gipsli bog‘lam qo‘yish talab etilishi mumkin. Amaliyotdan keyin burun bo‘shliqlariga maxsus silikon splintlar qo‘yiladi, ular bir necha kundan keyin olib tashlanadi. Bu yondashuv mijozga bevosita amaliyotdan keyin nafas olish imkonini beradi. Reabilitatsiya qanday o‘tishi mijozning yoshi va organizmining individual xususiyatlariga kuchli bog‘liq. Splintlar olib tashlanib, gips yechilgach, teri bitishini nazorat qilish uchun shifokorga muntazam qatnash kerak bo‘ladi. Jismoniy zo‘riqish, basseynga qatnash va ko‘zoynak taqish amaliyotdan keyingi birinchi uch hafta davomida tavsiya etilmaydi. Birinchi uch kunda burundan qon ketib qolmasligi uchun o‘ta sovuq yoki o‘ta issiq taomdan ehtiyot bo‘lish kerak. Rinoplastikani rejalashtirganda, yaxshisi, hyech bo‘lmaganda 10-12 kunga ta’til olgan ma’qul.