Bank tizimi likvidliligiga oid nazariy yondashuv.
Xalqaro bank amaliyotida bank tizimi likvidliligini ta’minlash milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Tijorat banklari likvidliligining pasayishi, iqtisodiyot sub’ektlari o‘rtasida to‘lovlarning vaqtida o‘tmasligiga sabab bo‘lib, bu holat iqtisodiy siklga salbiy ta’sir etadi. Hozirda butun dunyoda davom etayotgan pandemiya holatida butun jahon global iqtisodiy inqiroz ta’sirida qolmoqda. Xususan, iqtisodiyotning qon tomiri bo‘lmish bank tizimi bu global inqirozning qattiq ta’sirga tushib qolsa, bilingki o‘z-o‘zidan boshqa sektorlarda faoliyat yanayam ayanchli bo‘ladi.
Bunday holatda bank tizimi likvidliligini ta’minlash muhim masala hisoblanadi. Xususan, O‘zbekistonda banklarning aktivlari bilan passivlari muddati, hajmi va foizining nomutanosibligi, banklarda uzoq muddatli resurslar kamligi, depozit mul’tiplikatorining yaxshi ishlamayotganligi kabi omillar bank tizimi likvidliligini ta’minlashga salbiy ta’sir etishi mumkin.
Bank ishi amaliyotidan ma’lumki, tijorat banklari uchun eng muhim kapital ularga bo‘lgan ishonchdir. Bunga ular mijozlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi bilan erishadi. Tarixdan ma’lumki, tijorat banklarining moliyaviy holati yomonlashib, ularda likvidlilik muammosi vujudga kelsa, bu butun mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun jahonning hamma davlatlarida hamisha tijorat banklarining likvidliligini ta’minlash muhim masala bo‘lgan.
Likvidlilik umumlashgan ko‘rsatkich bo‘lib, bank faoliyati ishonchliligini ko‘rsatadi. Agar banklar mijozlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida va hech qanday yo‘qotishlarsiz bajara olsa, ushbu bank likvidli hisoblanadi.
Bankda likvidlililik riskini oshishi to‘lov qobiliyatini susaytirib, ularga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi. Shuning uchun ham banklar likvidlilikka alohida ahamiyat berishi va u bo‘yicha riskni doimiy ravishda boshqarib borishi kerak bo‘ladi. Banklar o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik uchun o‘z daromadidan kechib bo‘lsa ham likvidlilikni saqlab turishga majburdir.
Bank tizimi likvidligini boshqarish masalalari.
Tijorat banklari likvidliligini ta’minlash uchun uni samarali boshqarish zarur. Tijorat banklari likvidlilik holatini boshqarishda ikkita yo‘nalishni ajratishimiz mumkin:
birinchisi, zaxiralarni doimiy nazorat qilish siyosati. Ya’ni, bankda daromad keltirmaydigan aktivlarni oshishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
ikkinchisi, zaxiralarni bir xil darajada saqlab turishni qo‘llab-quvvatlash siyosati, ya’ni markaziy bankdagi majburiy zaxira siyosati, banklarning jalb qilingan depozitlardan deponentlanadigan mablag‘lar orqali qo‘llab-quvvatlash.
Tijorat banklari likvid mablag‘larga bo‘lgan talabni rejalashtirishda pul mablag‘larini boshqarish, ya’ni mijozlarning talabini qondirish maqsadida majburiy zaxiralarni bir maromda saqlashi lozimdir. Shularni inobatga olgan holda bank kassasidagi pullar kun davomida, ya’ni tushum va chiqimlarni amalga oshirish natijasida o‘zgarib boradi.
Bank amaliyotidan ma’lumki, likvidlilikning yetarli darajasini ta’minlanmasligi bank faoliyatidagi jiddiy kamchiliklarni keltirib chiqaradi. Bunday holatning yuzaga kelishi odatda bankdagi depozitlarning yo‘qotilishiga, bu esa pul mablag‘larining kamayishiga va bank aktivlaridagi likvid qimmatli qog‘ozlarning sotilishiga sabab bo‘ladi. Bank likvidliligini boshqa banklardan olingan kreditlar hisobiga ham qondirish mumkin. Ammo, boshqa banklar yuqori foiz stavkada kreditlar taqdim etadi, bu esa, bank oladigan daromadning kamayishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston bank tizimi likvidliligin ta’minlash choralari.
Respublikamizda tijorat banklarining likvidliligiga nisbatan salbiy ta’sirni yumshatish imkonini beradigan shart-sharoitlar mavjud. Bu boradagi asosiy shart-sharoitlar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
Birinchidan, banklarning likvidliligiga ijobiy ta’sir etadigan holat bu, banklarda muddati tugagan omonatlar muddatini uzaytirilganligidir. Ya’ni banklar hozirda to‘lab berishi kerak bo‘lgan majburiyatlar qisqa muddatli davrda bank ixtiyorida qoladigan bo‘ldi. Shu muddatli oraliqda tijorat banklarining likvidliligi pasaymaydi, balki aksincha, oshadi.
Ikkinchidan, Markaziy bank 2020 yil 1 apreldan boshlab tijorat banklarining Markaziy bankka depozitga o‘tkazadigan majburiy zaxira miqdoriga nisbatan o‘rtachalash koeffisientini oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Ya’ni, banklarning likvidligini qo‘llab-quvvatlash va to‘lov tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida majburiy zaxiralar miqdoriga nisbatan amaldagi 0,25 o‘rtachalash koeffisienti 0,35 koeffisientiga 2020 yil 1 iyuldan boshlab 0,35 dan 0,75 gacha, 2021 yil 1 avgustdan boshlab esa majburiy rezervlar bo‘yicha o‘rtachalash koeffisienti 0,75 dan 0,8 gacha oshirildi.
Bunda tijorat banklarining Markaziy bankka o‘tkazilishi lozim bo‘lgan majburiy zaxiralari miqdorining 80 foizini banklarning vakillik hisobvarag‘ida qoldirishga ruxsat etiladi. Bu o‘z navbatida, tijorat banklarining likvidliligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Fikrimizcha, Markaziy bank kelgusida bank tizimidagi likvidlilikning joriy holati tahlilidan kelib chiqib, o‘rtachalash koeffisientini bosqichma-bosqich oshirib borishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy bank tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar normativi 14 foizdan 18 foizgacha oshirishni reja qilgan. O‘z navbatida, xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar normativlariga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirish depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, Markaziy bank pul-kredit siyosatining asosiy instrumenti bo‘lgan qayta moliyalash siyosatidan oqilona foydalanishi va tijorat banklarining vakillik hisobraqamlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oferdraft kreditlash usuli asosida, qayta moliyalash kreditlarini taqdim etishi lozim.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining aktivlari va depozitlari o‘rtasidagi optimal nisbat shakllantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 iyul’ holatiga respublikamiz tijorat banklari aktivlari miqdori 396,1 trillion so‘mdan oshadi. Bu banklarning jami jalb qilingan depozitlari va olgan kreditlari hajmidan 1,2 barobar ko‘p demakdir .[1] https://cbu.uz/oz/statistics/bankstats/541716/
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining kapital bazasining yetarli ekanligi.
Mamlakatimiz tijorat banklari kapitalining yetarlilik darajasi 2021 yil 1 iyul’ holatiga regulyativ kapitalning yetarliligi 17,7 foizni birinchi darajali kapitalning yetarliligi esa 15,4 foizni tashkil etmoqda .
Ma’lumki, Xalqaro hisob-kitoblar bankining ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat bankida regulyativ kapitalning yetarlilik koeffisienti amalda 13%dan past bo‘lsa, u holda, ushbu bankning balansi nolikvid hisoblanadi.
Oltinchidan, 2021 yildan boshlab ko‘plab davlatlarda iqtisodiy faollikning tiklanishi hisobiga neft va moliyaviy aktivlar narxining o‘sishi hamda aksariyat davlatlarda inflyasion jarayonlarning tezlashishi fonida jahon bozorida oltin narxi 1 troya unsiya uchun 1 800 dollar atrofida shakllandi. [1] https://cbu.uz/oz/statistics/bankstats/541733/
Oltin narxining oshishi, o‘z navbatida, Markaziy bankning qimmatbaho metall ishlab chiqaruvchilarga to‘lovlarining ham oshishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2021 yilning I yarim yilligida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqaruvchilarga jami 30,7 trln. so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.
Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarni xarid qilish hisobiga shakllangan mazkur qo‘shimcha likvidlilik ichki valyuta bozoriga intervensiyalar orqali sterilizasiya qilib borilmoqda.
Bank tizimi likvidliligini ta’minlash bo‘yicha izohlar va takliflar.
Pandemiya sharoitida tijorat banklarining likvidliligini quyidagi taklif va tavsiyalar asosida oshirish tavsiya etiladi:
1. Mamlakatimiz tijorat banklarining qimmatli qog‘ozlarga qilgan investisiyalarining bank aktivlari hajmidagi salmog‘ini oshirish va investisiya portfelini diversifikasiyalash orqali Markaziy bankning ochiq bozor operatsiyalarini O‘zbekiston bank tizimi likvidliligini tartibga solishdagi rolini oshirish lozim.
Buning uchun, birinchidan, yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlar hisoblangan hukumat va Markaziy bankning obligasiyalarining emissiya hajmini hamda ikkinchidan, Markaziy bankning ochiq bozor operatsiyalari ob’ektlari sonini oshirish lozim.
2021 yilning dastlabki 6 oyligi davrida davlat qimmatli qog‘ozlarining birlamchi bozorida ham faollikning sezilarli oshishi kuzatildi, Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan obligasiyalarning muomalaga chiqarilishi bo‘yicha choraklik grafik oldindan e’lon qilindi va tijorat banklari uchun likvidlikni boshqarishda qo‘shimcha qulaylik yaratdi.
Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining umumiy likvidlikka ta’siri ilgari chiqarilgan obligasiyalarning so‘ndirilishi hisobiga likvidlikni oshirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, mazkur davrda Markaziy bank qisqa muddatli pul-kredit siyosati operatsiyalari hajmini oshirish orqali bank tizimi likvidligini hamda pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish instrumentlaridan foydalandi.
Respublikamiz tijorat banklari kapitalining o‘sish sur’atini yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atidan orqada qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari umumiy kapitalining o‘sish sur’atiga nisbatan bir yillik me’yoriy ko‘rsatkich belgilanishi lozim. Ushbu ko‘rsatkich mamlakat yalpi ichki mahsulotining yillik istiqbolli o‘sish sur’atidan kelib chiqib o‘rnatilishi lozim. Masalan, 2020 yilda YaIMning o‘sishi 5,1% qilib belgilangan . Demak, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari regulyativ kapitalining o‘sish sur’atiga nisbatan o‘rnatiladigan ko‘rsatkichning yillik darajasi 5,1 foizdan past bo‘lmasligi lozim.
Agar mamlakat tijorat banklari umumiy kapitalining o‘sish sur’ati YaIMning real o‘sish sur’atidan past bo‘lsa, bu holat, pirovard natijada, mamlakat bank tizimining to‘lov qobiliyati pasayishiga olib keladi. Ma’lumki, mamlakat bank tizimi to‘lovga qobil bo‘lishi uchun tijorat banklari umumiy kapitalining YaIMdagi salmog‘i 6 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.
[1] https://www.mf.uz/media/file/state-budget/2021/fuk_uchun/Budjet_21_uz.pdf
Buning uchun esa, tijorat banklari umumiy kapitalining o‘sish sur’ati YaIMning o‘sish sur’atiga teng bo‘lishi yoki undan yuqori bo‘lishi lozim.
3. Pandemiya tijorat banklarining likvidliligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bunday holatlarda taraqqiy etgan mamlakatlarda tijorat banklarining likvidliligini ta’minlash maqsadida asosan banklarning kapitallashish darajasini oshirish, ularga markazlashgan kreditlar berish usullaridan foydalaniladi. Hozirda respublikamiz tijorat banklarining likvidliligini ta’minlash maqsadida tijorat banklariga subordinar kreditlar berish amaliyotini keng joriy qilish maqsadga muvofiqdir.
Baxriddin Berdiyarov, iqtisodiyot fanlari doktori Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti