Oʻzbekistonda har yili 13-15 mln tonnadan ziyod qattiq maishiy chiqindilar (QMCh) hosil boʻladi, ularning 90%dan ortigʻi poligonlarga joʻnatiladi va faqat 8% chiqindi ikkilamchi qayta ishlab chiqariladi. Har bir million tonna qattiq maishiy chiqindi (QMCh)da 360 ming tonna oziq-ovqat chiqindisi, 160 ming tonna qogʻoz va karton, 55 ming tonnagacha mato, 45 ming tonnagacha plastmassa va koʻplab boshqa qimmatli komponentlar yoʻq boʻlib ketadi.
QMChni boshqarish tizimi toʻgʻrisida
Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tushunchasi keng koʻlamdagi, jumladan QMCh toʻplash, tashish, utilizatsiyalash va qayta ishlash masalalarini qamrab oladi. 1990-yilga qadar Oʻzbekistonda chiqindilarni boshqarishning qatʼiy maʼmuriy-rejali tizimi ishlagan. Oʻshanda respublikadagi butun texnik va institutsional siyosatni Kommunal xoʻjalik vazirligi amalga oshirardi, u yil va besh yillikdagi ustuvor harakatlarni aniq belgilardi, boz ustiga, ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilarining ikkilamchi qayta ishlanishiga salmoqli urgʻu berilardi.
2002-yilda “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonun (lex.uz)ni tayyorlash va qabul qilish uchun naq oʻn yil kerak boʻldi, unga koʻra: “Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi maxsus vakolatga ega davlat organlari quyidagilardir:
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi;
- Sogʻliqni saqlash vazirligi
- Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi
- Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi
- “Sanoatkontexnazorat” agentligi
- “Oʻzkimyosanoat”
- Ichki ishlar vazirligi
- Mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar)
- Oʻzini oʻzi boshqarish organlari (mahalla qoʻmitalari, TJESH)
Idoralar soni ortishi har doim ham ish sifatining ortishiga olib kelmasligi maʼlum, zero bu tuzilmalarning har biri oʻzining tor idoraviy vazifalari va maqsadlariga ega. QMCh yigʻish, saqlash, tashish va qayta ishlash muammolari esa, bu muassasalar uchun qoʻshimcha “bosh ogʻriq” boʻladi, boz ustiga, bu funksiyani amalga oshirish koʻp ham davlat byudjetidan moliyalanavermaydi.
Shusiz ham kam boʻlgan byudjet mablagʻlarining yanada boʻlib tashlanishi respublikadagi shaharlar va tuman markazlari hududlarini sanitar tozalashni amalga oshirayotgan “Oʻzkommunxizmat” va uning boʻlinmalarining moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishini qiyinlashtiradi.
Bundan tashqari, idoralar oʻrtasida kerakli axborot almashinuvi amaliyoti yetarlicha rivojlanmaganligini qayd etish kerak. Qabul qilinadigan hujjatlar koʻp qismi takrorlanadi va, aslida aholi uchun qabul qilingan boʻlsa-da, aholigacha yetib bormaydi.
QMChni ikkilamchi qayta ishlash sohasini huquqiy tartibga solish
QMChni ikkilamchi qayta ishlash sohasini huquqiy tartibga solish quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar doirasida amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi QONUNLARI | ||
1 | “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun | 1992 y |
2 | “Davlat sanitar nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun | 1992 y |
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi | 1998 y | |
3 | “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonun | 2002 y |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmoyishlari | ||
4 | “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” | 21.04.2017 y. N PQ-2916 |
5 | „ Fransiyaning Taraqqiyot agentligi ishtirokida «Samarqand shahridagi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiyalash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida “ | 19.07.2017 y.
N PQ-3139 |
6 | Respublika shaharlarida maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish boʻyicha klasterlarni tashkil etish doirasida olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika, texnologik uskuna hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda bojxona toʻlovlaridan ozod etish roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoyish | 15.09.2017 y.
N F-5057 |
7 | „Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ | 18.05.2018 y. N PQ-3730 |
8 | „2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida“ | 17.04.2019 y. N PQ-4291 |
9 | Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida | 15.12.2020 y., № PQ-4925 |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari | ||
10 | „Tarkibida simob moddasi boʻlgan lampalar va priborlardan foydalanish va ularni foydali ravishda ishlatish korxonalari faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida“ | 23.10.2000 g. N 405 |
11 | „Simobli lampalarning ishlatilib boʻlgan resurslarini toʻplash va ularni utilizatsiya qilishni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida“ | 21.09.2011 g. N 266 |
12 | „Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida“ | 27.10.2014 g. N 295 |
13 | „Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat hisobi va nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi Qaroriga ilova | |
14 | “Toshkent viloyatidagi “OHANGARON” va “MAYDONTOL” maishiy chiqindilar poligonlarida hosil boʻladigan sassiq gazlarni qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi shlab chiqarish” investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida | 1.11,2018 g., № 895 |
Sanitar qoidalar va me’yorlar | ||
15 | Oʻzbekiston sharoitida maxsus poligonlarda qattiq maishiy chiqindilarni saqlash va zararsizlantirishga sanitar talablar | OʻzR SanQvaM N 0157-04 12.07.2004 y |
16 | Oʻzbekiston sharoitida sanoat chiqindilarini yigʻish, inventarizatsiyalash, tasniflash, zararsizlantirish, saqlash va utilizatsiyalashni tashkil qilish sanitar qoidalari va me’yorlari | OʻzR SanQvaM N 0300-11 16.11.2011 y |
Prezidentning 15.12.2020 y.dagi PQ-4925- son qarori alohida eʼtiborga molik, u QMChni ikkilamchi qayta ishlash sohasida davlat-xususiy sherikchiligini oʻrnatadi.
Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati kafolаti ostida 55 mln dollarlik “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” kredit loyihasi doirasida Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilarini yigʻish, saralash, olib chiqib ketish va qayta ishlashning zamonaviy uslublari va texnologiyalarini joriy etish maqsadlarida QMChlarni ajratib yigʻish, Toshkentda xususiy sherik tomonidan zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda tashkil topadigan qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiyalash va qayta ishlash korxonalarini tashkil etish shart-sharoitlari belgilandi.
Loyiha doirasida QMChni qayta ishlash darajasini 8%dan 30%ga oshirish va qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, saralash va olib chiqib ketish sohasida xususiy tarmoq ulushini 100%ga yetkazish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi “2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4291-son Qaroriga muvofiq, 2022-yildan boshlab respublika shaharlarining koʻpxonadonli turar joy sektorida beshta belgilangan konteynerlarni oʻrnatishga asoslangan qattiq maishiy chiqindilarni “qayta ishlanuvchi” va “qayta ishlanmaydigan” turlarga (ularning roʻyxati Toshkent shahar hokimi tomonidan belgilanadi) ajratib yigʻish tizimini joriy qilish koʻzda tutilgan.
OTBning “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasini amalga oshirishning birinchi bosqichida Toshkent shahar hokimligi va “Maxsustrans” DUK tomonidan chiqindilarni “qayta ishlanuvchi” va “qayta ishlanmaydigan” turlarga ajratib yigʻish uchun isteʼmolchilarni bepul rangli konteynerlar, paketlar bilan taʼminlash, shuningdek chiqindilarni ajratib yiqqanligi uchun isteʼmolchilarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.
Loyiha oldiga qoʻyilgan maqsadlar va vazifalar amaliyotda qanday bajarilishini vaqt koʻrsatadi, ammo loyihaning moliyaviy jihatlari koʻplab savollar uygʻotmoqda. Jumladan, “yoʻl xaritasi”da koʻrsatilishicha, “Maxsustrans” DUKda maxsus texnika marshrutini optimizatsiyalovchi elektron dasturlarni (GIS), shuningdek Yagona elektron dasturni (ERP) oʻrnatish OTB loyihasi doirasida tejab qolingan kredit mablagʻlari evaziga amalga oshiriladi. Savol tugʻiladi: loyihaning butun byudjeti OTB tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, qaysi pozitsiyalar evaziga va qanday qilib bu mablagʻlar tejab qolinishi mumkin?
- Ichki ishlar vazirligi – sanitar militsiya, amalda oʻziga yuklatilgan funksiyalarni bajarmayapti. Moratoriy eʼlon qilinganiga qaramay, amalda butun mamlakat boʻylab, jumladan respublika poytaxtida daraxtlar kesilmoqda.
- Oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakolatiga tegishli hududlarda chiqindilar bilan ishlash obyektlarini joylashtirish, aholi yashash punktlarini sanitar tozalashga va maishiy chiqindilarni yigʻish uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanishiga koʻmaklashish, chiqindilar bilan ishlash obyektlarining sanitar va ekologik holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish (12- modda).
Amalda oʻzini oʻzi boshqarish organlari QMChni ikkilamchi qayta ishlash boʻyicha salmoqli qarorlar qabul qilishga qodir emas va asosan aholi punktlarini sanitar tozalashga jalb qilinadi.
QMCh manbalari
Joʻshqin urbanizatsiya, shaharda yashovchi aholi sonining oʻsishi, ishlab chiqarish va isteʼmolning gʻayrioqilona modeli – bularning hammasi koʻp miqdorda chiqindilar yuzaga kelishiga olib keladi.
Jizzax shahri mikrotumanidagi axlatxona ahvoli.
Turar joy mavzelari, bolalar bogʻchalari yonida betartib yuzaga kelgan axlatxonalardagi chiqindilar uyumlari kundalik hayotimizning odati manzarasiga aylandi. Axlatxonalar tuproq, havo, yerosti va yerusti suvlarini ifloslantiradi, oʻz vaqtida olinmagan maishiy chiqindilar atrof-muhit va aholi salomatligi uchun yuqori ekologik xavf uygʻotadi.
Maishiy chiqindilarning asosiy hajmi uch sektordan chiqadi – turar joy-kommunal, sanoat va davlat-xususiy sektor.
Asosiy ifloslantiruvchi sektorlar
Sugʻoriladigan dehqonchilik
Sanoat
Kommunal xoʻjalik
OʻzR Davstatqoʻm maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahrida bir yilda oʻrtacha 950 ming tonnadan ziyod chiqindi hosil boʻladi. Agar u oʻz vaqtida yigʻishtirib olinmasa, shahar ekologik va sanitar ahvolining yomonlashuvigagina emas, axlatxonalarda yoʻq boʻlib ketadigan katta hajmdagi qimmatli xom ashyoning boy berilishiga ham olib keladi. Biz nafaqat oʻzimizga, balki kelgusi avlodga ham tegishli boʻlgan tabiat resurslarini hayratlanarli beeʼtiborlik bilan isrof qilamiz.
Chiqindilarning koʻplab komponentlari turli mahsulot ishlab chiqarish uchun xom ashyo vazifasini oʻtashi mumkin. Axir bugun chiqarib tashlanayotgan chiqindi kecha yer qaʼridan qazib olingan, qayta ishlangan, tayyorlangan, foydali buyum boʻlgan va keyin, keraksiz boʻlgani uchun, axlatxonaga tashlangan.
Tarix takrorlanadi
Tarixda Oʻrta asrlarda Yevropa va Osiyoda dahshatli vabo tarqalganligi aytiladi, undan millionlab kishi halok boʻlgan. Vabo jadal tarqalgan, butun boshli shahar va qishloqlar huvillab qolgan. Odamlar nimadan vafot etayotgani nomaʼlum boʻlgani sababli, aholi ommaviy jazavaga tushgan. Uzoq vaqt davomida bu gunohlar uchun ilohiy jazo degan fikr hukm surgan. Qaysidir maʼnoda bu toʻgʻri boʻlgan – keyinchalik aniqlanishicha, bu dahshatli kasallikning asosiy manbasi yashash joylarining iflos va sanitariyaga zid holda saqlanishi boʻlgan. Axir Oʻrta asrlar shahri yalpi chiqindixonaga oʻxshardi, shaharda axlatlar yoyilib yotar, shahar koʻchalarini ot tezaklari qoplagandi.
Kalamushlar, sichqonlar, pashshalar shu darajada koʻp ediki, masalan, Germaniyadagi Myunxen magistrati har bir oʻldirilgan kalamush uchun 1 pfennig toʻlar edi. Arxiv hujjatlarida kelishicha, shahar magistraturasi kalamushlarni yoʻqotish uchun har yili katta-katta mablagʻ sarflagan. Keyinchalik aynan kalamushlar va sichqonlar vaboning asosiy tarqatuvchilari boʻlganliklari, infeksiyani katta mosfalarga tashiganliklari aniqlandi.
Asrlar oʻtdi, ammo qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish muammosi avvalgidan ham koʻra dolzarbroq ahamiyat kasb etdi. Zamonaviy koʻp millionli shaharlarda maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash va utilizatsiyalash – eng murakkab masalalardan. Zamonaviy axlatxonaning assortimenti – bu oziq-ovqat chiqindilari, plastik, metall, suyak, teri, oyna, qogʻoz kabi uy xoʻjaligi ashyolarining uzundan-uzoq roʻyxatidir.
Oziq-ovqat chiqindilari 31-43%
Qogʻoz va karton 20-30%
Oyna 5-7%
Mato 5-7%
Plastmassa 2-16%
Rezina 2-4%
Ushbu aralashmada inson salomatligi uchun xavfli boʻlgan maishiy kimyo buyumlari, masalan simobli lampalar, batareykalar, maishiy erituvchilardan, boʻyoqlar, saqlagichlar, akkumulyatordan zaharli kimyoviy moddalar va h.k. lar ham koʻp uchraydi.
Chiqindilar daromad keltiradi
Shveysariyada xizmat safarida yurganimda ishlab chiqarish chiqindilari va maishiy chiqindilardan tayyorlangan arzon tovarlar doʻkoni eʼtiborimni jalb qildi. Tovarlar assortimenti juda keng edi – turli diametrdagi quvurlar, turfa oʻlcham va rangdagi konteynerlar, shifer, qadoqlash materiallaridan tortib, to mebel va ofis interyerlarigacha bor edi. Mebelning ustki qismi paxta tolasi chiqindilaridan tayyorlangandi.
Ikkilamchi qayta ishlash Yevropaning amalda barcha mamlakatlarida rivojlangan. Masalan, Angliyada konservalar alyumin idishlarining 45%dan koʻpi qayta ishlanadi, keyin yangi xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqariladi, bu uni eritishda ishlatiladigan energiyani 90%ga tejaydi.
Rossiyada plastikni ikkilamchi qayta ishlash misoli qiziqarli – u yerda qayta ishlangan plastik granulalarini qoʻshish orqali oʻta mustahkam cherepitsa ishlab chiqarish usulini ishlab chiqdilar.
Yirik shaharlar uchun eski avtomashinalar utilizatsiyasi juda dolzarb masala. Shu sababli ishlatilgan avtopokrishkalarni qayta ishlab, asfalt tayyorlashda, metropoliten jihozlari uchun elastik plitalar, avariyada neft plyonkalarini yigʻishda ishlatiladigan mayda dispers rezina uvoqlarini tayyorlash boʻyicha koʻplab kichik firmalar va kompaniyalar paydo boʻldi.
Germaniya, Angliya, AQSH, Norvegiyada baliq va goʻshtli konservalar, ichimlik va ichkiliklar bankalarini qayta ishlash boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Zero konserva bankalari oq tunukadan qilingan, bu esa qalay – sanoatning amalda barcha sohalari uchun zarur boʻlgan tanqis metallni ishlab chiqarishdagi oʻta qimmatli strategik xom ashyo sanaladi.
Bizda, Oʻzbekistonda oyna siniqlarini yigʻish va utilizatsiyalash muammosi muvaffaqiyatli hal qilinmoqda, bir nechta qudratli pech ishga tushirilgan. Oyna maydalanib, eritiladi keyin yangi idish yasaladi yoki beton va asfalt ishlab chiqarishda qum yoki graviy oʻrnida ishlatiladi.
Plastik idishlarni yigʻish va ikkilamchi qayta ishlashning ilk tajribasi Oʻzbekistonda 2010-yilda, “Armon” ayollar markazi NNT tomonidan Toshkent va Angrenda, “Chiqindilar – daromadga” loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyihani amalga oshirish davomida Toshkent va Angrenda QMChni saralab yigʻish uchun ikkita ixtisoslashtirilgan maydon qurildi. U paytlarda ajratib yigʻish amaliyoti mutlaqo boʻlmagani bois, kir yuvish vositalari toʻplami (sovun, kir yuvish kukunlari, tozalash vositalari) koʻrinishida aholini ragʻbatlantirish bonusli tizimi ishlab chiqildi. Plastik butilkalar topshirilganda bonus berish tizimi ideal darajada ish berdi. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida oʻta muhim vazifalar bajarildi. Birinchidan, aholi QMChni ikkilamchi qayta ishlashda yaxshigina pul topish mumkinligi haqida xabardor boʻldi va eng muhimi, mahalliy hamjamiyatlar vakillari oʻz muammolarini oʻz kuchlari bilan hal qilishga oʻrgatildi.
Nima qilindi va nima qilish kerak
QMChni ikkilamchi qayta ishlash respublikaning ekologik va sanitar holatini yaxshilashga xizmat qilibgina qolmay, aholi hayoti sifatini ham yaxshilaydi. Quyida Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlarida QMCh yigʻish poligonlari soni koʻrsatilgan diagramma keltirilgan.
fotoda: 14 12 10 16 6 9 10 12 9 17 15 10 1
Toshkent va respublika viloyatlaridagi poligonlar ahvolining mustaqil monitoringi amalda hech qayerda chiqindilarni toʻplash, zararsizlantirish va koʻmishda texnik, sanitariya va ekologik talablarga rioya etilmayotganligini koʻrsatdi. Maishiy chiqindilarni ajratib yigʻish va qayta ishlash yetarlicha tashkil etilmagan. Axlatxonaga tushayotgan chiqindilar zichlanadi va qisman tuproq bilan yopiladi, ularni kompostlashda texnologik reglamentga rioya qilinmaydi.
QMCh boʻyicha eng ishonchli statistik maʼlumotlar Toshkent viyalotida joylashgan Ohangaron poligoni boʻyicha – u yerda Jahon banki, Yevropa taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar amalga oshirildi. Loyihalar doirasida QMCh yigʻish, saqlash, yoʻqotish va likvidatsiyalashni tashkil etish takomillashtirildi. Respublikaning boshqa viloyatlarida QMChni yigʻish va poligonlarga olib chiqib ketish borasidagi statistikani faqat taxminiy deb hisoblash lozim.
XULOSALAR.
Tahlili koʻrsatishicha, QMChni ikkilamchi qayta ishlash borasidagi joriy vaziyat quyidagi xususiyatlarga ega:
– poligonlar va ruxsat berilmagan axlatxonalardagi QMCh nisbiy hajmi oʻsib borishi;
– QMCh tarkibidagi qayta ishlanuvchan fraksiyalar ulushi sezilarli ortgan boʻlsa-da, QMChni ikkilamchi qayta ishlashning past darajada ekanligi (8%);
– chiqindilarga egalik huquqi tizimining tartibga solinmaganligi;
– kelib tushayotgan QMChning 4 ta xavf toifasi boʻyicha miqdori va sifatini hisobga olish tizimining zaifligi;
– ikkilamchi xom ashyo yuzaga kelishi, ishlatilishi va yetkazib berilishi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarning mavjud emasligi, ular haqidagi axborot besh yilda bir marta emas, har chorakda chop etilishi lozim;
– QMChni ikkilamchi qayta ishlashga aholini ragʻbatlantirish boʻyicha real iqtisodiy mexanizmlar (imtiyozlar) mavjud emasligi;
qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasidagi investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi samaradorligi ustidan jamoatchilik nazoratining zaifligi – bu mazkur tarmoqda muammolar va korrupsiyaning kuchayishiga xizmat qiladi.
Zaynutdinova D.B. dosent, g-m.f.n.