Har bir avlod global o‘zgarishlar davrida yashash aynan uning chekiga tushgan, deb hisoblasa, ajabmas. Bu – tabiiy, chunki odam bevosita o‘ziga tegishli voqyea-hodisalarni yuragiga yaqinroq qabul qiladi.

Ammo 2020 yil insoniyat tarixida hyech mubolag‘asiz alohida o‘rin tutadigan yil bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi dunyoimizni butunlay o‘zgartirdi va odatiy ashyolarga o‘zgacha nazar tashlashga majbur qildi. Shu bilan birga, hozirgacha o‘xshashi kuzatilmagan hodisa ko‘plab yangi hodisalarni yuzaga keltirdi, bashariyatning o‘zgaruvchan vaziyatga tez va samarali munosabat bildira olish qobiliyatini, hayot davomida yangi voqyeliklarga moslasha olish mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Pandemiya inson faoliyatining amalda barcha tarmoqlari va sohalariga daxl qildi. Ularning eng muhimi – keng ma’nodagi ta’lim sohasi bo‘ldi.

Inson umri davomida ilm oladi. Avvalo, oilada u yurish va so‘zlashni o‘rganadi, keyin bolalar bog‘chasida tarbiyachilar uni qoshiqni to‘g‘ri ushlashga va o‘zi kabi bolalar bilan do‘stlashishga o‘rgatadilar, keyin maktab, oliy ta’lim, armiya… Har bir bosqichda ota-ona, o‘qituvchilar va ustozlar eng muhim maqsadga – bilimga chanqoqlikni singdirishga intiladilar. Yozuvchi yevgeniy Bogat: “Fikr yurituvchi inson uchun eng katta fojia – bu bilimga ishtiyoqning so‘nishidir”, – deb bejiz aytmagan.

Ko‘z oldimizda yangi ta’lim tizimi shakllanmoqda: unda ta’lim onlayn va offlayn bo‘lishi, yetti mahalla osha o‘qishga qatnash zarur bo‘lmasligi, nafaqat o‘z yurtidagi, balki butun dunyodagi eng yaxshi ta’lim muassasalarida bilim olish mumkinligi namoyon bo‘lmoqda. Bu tizim bizda hali o‘z kuchini ko‘rsatmadi, lekin ilk qadamlar tashlandi, pandemiya esa, bu jarayonni maksimal darajada tezlashtirishni talab qilmoqda.

Qadrli o‘quvchi! Qo‘lingizda bilimlarni ommalashtirishni bosh maqsad deb bilgan, binobarin,  keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan yangi jurnalning ikkinchi sonini tutib turibsiz. Materiallarimizning mavzui keng va turfa xil – eng so‘nggi ilm-fan va texnika yutuqlari, o‘z ishi ustalaridan professional sirlar, hayratga soluvchi raqamlar va faktlar – bir so‘z bilan aytganda, har birimiz uchun yangilik, foydali bilim va ko‘nikmalarni qamrab oladi.

Chunonchi, bu sonda siz O‘zbekiston maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Vasilevna Shin bilan intervyuni o‘qiysiz, unda erishilgan yutuqlar va mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimi rivojida hozircha kuzatilayotgan muammolar haqida so‘z boradi. Ma’lumki, bu soha umumiy ta’lim-tarbiya tizimining birlamchi bo‘g‘ini sanaladi, demak aynan mana shu bosqichda bilim olish uchun zarur asosiy mahorat va ko‘nikmalar shakllanadi hamda mustahkamlanadi.

Ushbu sonda pandemiya yangi ta’lim tizimi yuzaga kelishining o‘ziga xos katalizatori bo‘lganligini, nega OTMlarda o‘qish qimmatlashayotganligini, raqamli fotoapparatlar siri nimada ekanligi va boshqa ko‘plab mavzularni yorituvchi maqolalar bilan tanishasiz.

Jurnalimiz sizga yoqadi va uni o‘z do‘stlaringizga, tanishlaringiz va hamkasblaringizga tavsiya etasiz, deb umid qilamiz. Shuningdek, fikr-mulohazalaringiz yozilgan maktublar yo‘llab, keyingi maqolalarimiz mavzularini belgilab berishingizga ham umid bog‘laymiz. Bunday qayta aloqa nashrimizni bilimlarga intilishi aslo so‘nmaydiganlar uchun yanada qiziqarliroq va foydaliroq qilishga yordam beradi!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *