2020 yil mamlakatimizda «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilingan. Bu hol mamlakatimizning inson kapitalini, texnologiyalar rivojini va resurslardan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga asoslangan innovatsion iqtisodiy o‘sish yo‘lidan borayotganligining dolzarb ekanini yana bir bor ta’kidladi. Chunonchi, 2020 yilda, pandemiya ta’siriga qaramay, O‘zbekiston to‘plagan salohiyati va rivojlanish traektoriyasini saqlab qola oldi. Xalqaro tashkilotlar mamlakatimizning 2021 yildagi iqtisodiyot rivojlanishi istiqbollari to‘g‘risida ijobiy prognoz bermoqdalar.
Yaqin bir necha yilda ilm-fan va texnologiyalarga investitsiyalar davlatlar raqobatbardoshligida hal qiluvchi rol o‘ynaydi, zero voqyelik shundan dalolat qilmoqda – yuksak texnologik va insoniy salohiyatga ega mamlakatlar tashqi zarbalarni muvaffaqiyatli yengib o‘ta oladi.
Mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohasida ham shunday o‘sishga erishildi. OTMlar soni va oliy ta’lim qamrovi ortdi, olimlarimiz va kashfiyotchilarimizning ilmiy faoliyati sezilarli sur’atlarda kengaydi, kundan kunga yangi startaplar paydo bo‘lib, innovatsion g‘oyalar amalga oshirilmoqda.
«QVANT» jurnalining bu sonida biz insoniyat innovatsion taraqqiyoti tarixiga 20- asrdan boshlab nazar solishga va eng salmoqli ilmiy ixtirolarni yoritishga, mamlakatimizdagi ilmiy faoliyatni sharhlab, olimlarimiz haqida sizga so‘zlab berishga qaror qildik.
2021 yilda ham biz o‘z ilmiy va innovatsion yutuqlarimizni mustahkamlabgina qolmay, eng ilg‘or va raqobatbardosh rivojlanayotgan mamlakatlar safidan joy olish sari innovatsion taraqqiyot yo‘lidan borishimizga umid qilamiz.
