“The Truman Show” filmidan kadrlar, rej. Piter Uir
Nima? Qaerda? Qachon? Qanday? Nega?
Bu savollar milliardlab insonlarning xayolidan o‘tadi-yu, millionlargina ularga javob topadi. Ular o‘z oldilariga aniq maqsad qo‘yadilar, yangi vazifalarni belgilaydilar, izlanadilar, tahlil qiladilar va izlaganlariga erishadilar. Shunchaki javob emas, balki hayotimizning yangi davri, jamiyat va davlat rivoji sari hali inson qadam bosmagan yo‘l topadilar. Izlanishni xohlaymizmi yo, hyech bo‘lmasa, bizda nima, qanday ro‘y berishini bilish istagi bormi? Atrofimizdagi olam, insonlar va jamiyat rivoji yo‘lida ro‘y berayotgan jarayonlar haqida nimalarni bilishimiz mumkin? Aql imkoniyati haqida nimalarni bilamiz va nimalarga intilmoqdamiz? Agar bu savollar sizni qiziqtirayotgan bo‘lsa, demak siz QVANT ilmiy-ommabop amaliy jurnalning asosiy o‘quvchisi, tanqidchisi va, ehtimol, nashrning ajabtovur tadqiqotlari muallifidirsiz.
QVANT sahifalarini varaqlar ekan, har bir o‘quvchi ilmfan va amaliyotning turli-tuman sohalaridagi olimlar qarashlari va izlanishlari o‘zi uchun tanish va tushunarli ekanligini ko‘radi. Zero, bayon uslubi va tilning ravonligi o‘quvchi qalb eshiklarini ochuvchi kalit bo‘ladi. QVANTni o‘qir ekansiz, ko‘p qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lasiz, jumladan, o‘z hayotini ilm-fanga bag‘ishlagan insonlar, ilm-fan tarixi, borliqdagi g‘aroyibotlar va ajabtovur joylar, ilmiy kashfiyotlar, texnologiyalar va innovatsiyalar, jamiyat, biznes va davlat hayotidagi tadqiqotlar to‘g‘risida xabar topasiz. QVANT ummoniga sho‘ng‘ir ekansiz, mamlakatimiz hayratlanarli ilmiy salohiyatga, buyuk aqllar xazinasiga, oltinga teng g‘oyalarga va iqtidorlar ganjinasiga ega ekanligiga amin bo‘lasiz.
O‘zbekistonda QVANT ilmiy-ommabop amaliy jurnalini yaratish uchun g‘oya, aql, zakovat va, eng muhimi, ilm-fan rivojiga o‘zini bag‘ishlash hamda olimlar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash istagi birlashdi. QVANT jamoasi – bu sizu-biz, ehtimol murakkab, ammo jamiyatimiz uchun o‘ta muhim ishning uddasidan chiqish uchun birlashgan, shuni istagan va ro‘yobga chiqarishga bel bog‘lagan barcha insonlardir.
Duyoga mashhur «Thye Eonomist», «Popular Mechanis», «National Geographi» va «MIT TechnologyReview» nashrlar tajribasidan foydalanib, «eRGO ReSeARCh AND ADVISORY» kompaniyasi ilmiy-ommabop jurnal rivojlanishining noyob konsepsiyasini ishlab chiqdi va O‘zbekistonda ilm-fanni ommaviylashtirish uchun turfa sohalar hamda faoliyat yo‘nalishlariga oid dolzarb maqolalar va materiallarni rasmiy qvant.uz saytida o‘zbek va rus tillarida yoritib boradi.
QVANT o‘zi nima, degan savol tug‘ildimi? Bu – «question», «version», «analytis», «news», «technologies» so‘zlarining bosh harflaridan yasalgan abbreviaturadir. Uning «quant» so‘zi bilan ohangdoshligi jurnalning mohiyati va mazmunini ochib beradi, ilm bilan bog‘laydi va barchamizga bolaligimizdan tanish bo‘lgan «Fan va turmush» jurnalining zamonaviy aks sadosi o‘laroq namoyon bo‘ladi.
Ko‘plab insonlar va tashkilotlarning ilmiy va amaliy faoliyati mahsullari jurnalda yoritish uchun munosib va dolzarb mavzulardagi maqolalar jamiyatimizning rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi, yurtdoshlarimizda muhim ijtimoiy va ilmiy masalalarni tushunishning o‘sishiga xizmat qiladi, mamlakatimizning jamiyatni har tomonlama rivojlantirishga intilayotgan davlat sifatida obro‘sini oshiradi. Shu o‘rinda yurtimizdagi ilmiy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishga davlat tomonidan berilayotgan e’tiborni qayd etib o‘tish zarur. Binobarin, QVANT xalqaro hamjamiyat, xorijiy mamlakatlar yutuqlarini ommaviylashtirishgina emas, balki O‘zbekistonning ilmiy, ijtimoiy va biznes-rivojlanishda erishgan muvaffaqiyatlarini ham yoritishni o‘z vazifasi deb biladi.
QVANT jurnali rivojlanib boradi. U mamlakatimiz Prezidenti Sh. M. Mirziyoev tomonidan «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilingan 2020 yilning ruhiyatiga hamohang ish yuritadi. Tashabbusimizni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi, vazir I. Yu. Abdurahmonov va vazir o‘rinbosari A. S. Nazarov shaxsida, ma’rifat va ilm-fanni rivojlantirish g‘oyasining munosib ro‘yobi o‘laroq qo‘llab-quvvatladi. Jurnal mualliflari, obunachilari va hamfikrlari orasida davlat idoralari, biznes vakillari, OTMlar, shuningdek ilm-fan va yangi texnologiyalarning harakatga keltiruvchi kuchiga qiziquvchi va uni tushunuvchi fuqarolar mavjud.
Biz olimlar va tahlilchilarni o‘z tadqiqotlari va maqolalarini chop etishga, o‘quvchilarimizni esa, real fantastika olamiga oshno bo‘lishga va QVANTda sodda hamda qiziqarli qilib bayon etilgan eng g‘aroyib va murakkab mavzularning mag‘zini chaqishga taklif etamiz.
QVANT startaplar va tadbirkorlarga o‘z g‘oyalari haqida QVANT jurnalida e’lon qilish, tajribali biznes vakillariga esa, investitsiyalar uchun yangi loyihalarni topish imkonini beradi.
Jamoamiz jasur, ijodkor va o‘tkir aql sohiblari bo‘lmish mualliflar, jurnalistlar, olimlar hamda biznesmenlarni kutib qoladi. QVANT siz haqingizda, g‘oyalaringiz va ilmiy izlanishlaringiz haqida hikoya qiladi.
QVANT – bu aqlli va ilg‘or bo‘lish ajoyib, daromadli va jamiyat uchun foydali ekanligining isbotidir.
Qvant tahririyati tahlil guruhi